Jamiyat
Oltin qoida: ishonch kuchining mo‘’jizasi
Ishonch – eng oddiy so‘zlar bilan aytganda, harakatni anglatadi. Bu o‘zimizning ishonchimizga ham tegishli. U tevarak-atrofimizni o‘rab turadi. Ishonch mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, Amerikada hayotni, Xudo uchun esa barcha vaziyatlarni tashkil etadi.
Agar siz yanada qulayroq maqsad sari izlanib boshlasangiz, muvaffaqiyat tamoyillarini qo‘lga kiritishga osongina erishasiz. Maqsadga sodiqlik va sobitqadamlik, unga chin yurakdan berilish g‘ayrat-shijoatdan mahrum qilishi mumkin emas.
Kamina buni faraz qilayotganim yo‘q, balki uning haqiqat ekanligini yaxshi bilaman. Zero, mazkur haqiqatni men kashf qilmadim, ammo uzoq yillik kuzatishlarim shunday hukm chiqarishimga huquq beradi.
Agar siz muvaffaqiyat qonunlarining to‘g‘riligiga isbot talab qilsangiz, men yagona dalil sifatida faqat bitta guvohni taqdim etishim mumkin. Bu kishi esa… o‘zingiz bo‘lasiz! Siz mazkur qonunlarni shunchaki o‘zingizda sinovdan o‘tkazib, uni tasdiqlashingiz mumkin.
Agar yanada muhim ahamiyatga molik bo‘lgan obro‘li manbalarni talab qilsangiz, men sizga Aflotun, Suqrot, Epiktet, Konfutsiy, Emerson, Jeyms va Myunsterberglarning falsafiy ta’limotini tavsiya qilgan bo‘lardim. Ularning asarlaridagi asosiy qoidalar mening ishlarimning poydevorini tashkil etadi.
Kundalik hayotingizga faol ishonchning qo‘shilganiga asosiy dalil shundan iboratki, siz oltin qoidaga rioya qilib yashayapsiz. To‘rt ming yildan buyon odamlar bu qoidalarga amal qilib, xulq-atvorlariga tatbiq etishni o‘rgatib keldilar, ammo afsuski, dunyo uning ruhini diqqat chegarasidan chetlashtirib, bu universal yo‘l-yo‘riqning faqat harfini qabul qilib oldi, xolos. Biz oltin qoidani axloqiy xulq-atvorga butunlay rahbarlik uchun qabul qildik, ammo uning asosini tashkil etuvchi qonunni o‘zlashtirishning ilojini topa olmadik.
Ushbu qonunning asosiy mohiyati: nimani eksang, shuni o‘rib olasan. Siz boshqalar bilan munosabat o‘rnatishda rahbarlikni asos qilib olgan xulq-atvor qoidalarini tanlar ekansiz, buni to‘la-to‘kis harakatga keltirasiz, bu borada o‘zingizga to‘liq hisob berishingiz mumkin. Agar maqsad yaxshilik yoki yomonlik sari yo‘naltirilsa, ya’ni kimningdir tabiatiga mos ravishda yordam ko‘rsatish yoki xalaqit berish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bu ularning hayotiga ta’sir qiladi va alal oqibat, albatta sizga qaytadi.
Sizning odamlar bilan qanday munosabatda bo‘lishni tanlashga haqqingiz bor. Ammo Oltin qoidaning negizini bilsangiz, shuni anglashingiz kerakki, nohaq ishlaringiz muqarrar ravishda o‘zining sarchashmasiga qaytib keladi. Bu qonunning amal qilishi boshqa odamlarga nisbatan sizning yomonlikdan iborat hamda nohaq xatti-harakatlaringiz o‘zingizga qaytib kelishida namoyon bo‘libgina qolmay, balki yanada ko‘proq, uzoqroq saqlanadi va o‘zingiz bildirgan har qanday fikr qaytib kelishi aniq.
Agar siz ushbu buyuk umumiy qonun imtiyozlaridan foydalanishni xohlasangiz, to‘la-to‘kis ravishda yuqoridagidek maslahat berish mumkin. Boshqalarning sizga qay darajada munosabatda bo‘lishiga qarab ularga ham shunday munosabat qurishni istasangiz, shuning o‘zi kifoya qilmaydi. Ular siz haqingizda qanday o‘ylasa, siz ham xuddi ular to‘g‘risida shunday tarzda o‘ylamog‘ingiz lozim.
Fikr-o‘ylaringiz va xatti-harakatlaringizning umumiy natijasi sizning fe’l-atvoringiz hisoblanadi. Agar bu qonunning kuchini to‘lasincha anglab olgan bo‘lsangiz, o‘zingizga o‘zingiz yordam bermasangiz, boshqalarga ham ko‘maklasha olmaysiz yoki o‘zingizni tegishli miqdordan mahrum etish bilan jazolamagan bo‘lsangiz, kimgadir nisbatan yomon narsani o‘ylamaysiz.
Siz jonli magnit (ohanrabo)ga o‘xshaysiz. Fe’l-atforingizga uyg‘un bo‘lgan kishilarni o‘zingizga jalb etasiz, boshqalarni esa nari surasiz. Agar siz nodir, yaxshilikni qadrlovchi, ko‘ngli keng va muvaffaqiyat qozongan kishilarni o‘zingizga jalb qilishni istasangiz, o‘zingiz ham aynan shunday odam bo‘lishingiz kerak. Qay birini tanlash faqat o‘zingizga bog‘liq.
(Napoleon Xill kitobidan)
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
Jamiyat
Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi
Hukumatning 18-avgustdagi 443-son qarori bilan turistik startaplarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi.
Reglamentga ko‘ra, subsidiya Turizm qo‘mitasi tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.
Startapni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda qoplanadi. Mablag‘ har yili eng yaxshi 10 tagacha turistik startap uchun ajratiladi.
Subsidiya olish uchun loyihalar maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Komissiya tarkibi Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan shakllantiriladi.
Talabgorning arizasi kelib tushganidan keyin komissiya unga 5 ish kuni ichida suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboradi.
Suhbatdan so‘ng komissiya 10 ish kuni davomida talabgorning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi. Bu jarayonda startapning turizm sohasi uchun ahamiyatiga alohida e’tibor beriladi.
Xususan, loyihaning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, bu xizmatga turistlar ehtiyoji va talabining dolzarbligi baholanadi.
Shuningdek, startap avval mavjud bo‘lmagan yoki mavjud yechimni sezilarli darajada takomillashtirgan yangi xizmatni taklif etayotgani ham hisobga olinadi.
Xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng Turizm qo‘mitasi mablag‘ni talabgorning xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga o‘tkazadi. Mablag‘lar qaror qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kuni ichida ajratiladi.
Jamiyat
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Turkiyaning yetakchi media tuzilmalari bilan memorandum imzoladi
Turkiyaning tarixiy va go‘zal shaharlaridan biri — Balikesirda «Madaniyat yo‘nalishidan raqamli kelajakka: madaniyatlar, media va sun’iy intellekt» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro mediaforum doirasida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi va Turkiya media tuzilmalari vakillari ishtirokida mazmunli muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda ikki mamlakat jurnalistika sohasining bugungi holati, zamonaviy media muhitida yuzaga kelayotgan yangi imkoniyat va chaqiriqlar, jurnalistlar o‘rtasida professional aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlarning muhim natijasi — O‘zbekiston va Turkiya media tuzilmalari o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanganidir. O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi raisi Shuhrat Oripov, Turkiya jurnalistlar federatsiyasi raisi Yilmaz Karaja va Turkiya Internet Media Birligi boshqaruvi raisi Sulaymon Basa tomonidan imzolangan hujjatlar ikki mamlakat jurnalistlari va media tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli va amaliy asosda rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi bilan hamkorlik jurnalistlar delegatsiyalari almashinuvi, mahalliy matbuotni rivojlantirish tajribasini o‘rganish, raqamli jurnalistika, sun’iy intellekt va media savodxonlik bo‘yicha qo‘shma seminarlar tashkil etish, jurnalistlar malakasini oshirish hamda xalqaro media forumlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya jurnalistlari o‘rtasida professional tarmoqni kengaytirish masalasi ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi 1996 yilda tashkil etilgan bo‘lib, jurnalistlarning kasbiy manfaatlarini himoya qilish, matbuot va so‘z erkinligi masalalarida jurnalistik hamjamiyatning umumiy pozitsiyasini ifoda etish, mahalliy va mintaqaviy matbuotni qo‘llab-quvvatlash hamda professional hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Federatsiya Turkiyaning 81 viloyatidagi jurnalistlar uyushmalarini o‘zida birlashtiradi.
Turkiya Internet Media Birligi (TİMBİR) bilan imzolangan hamkorlik memorandumi esa ushbu jarayonning raqamli media yo‘nalishini yanada boyitadi. Mazkur tashkilot internet jurnalistikasi, raqamli media va onlayn axborot platformalarini birlashtiruvchi xalqaro maqomdagi professional media tashkilot bo‘lib, uning tarmog‘i Turkiyaning 81 viloyati va dunyoning 25 mamlakatidagi hamkorlik aloqalarini qamrab oladi. Tashkilot tarmog‘iga 800 dan ortiq media tashkiloti va 1000 dan ziyod axborot platformalari kiradi.
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi TİMBİR bilan hamkorlik doirasida raqamli jurnalistika, internet media, jurnalistlar malakasini oshirish, media savodxonlik, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ta’lim dasturlari, seminar va treninglar orqali media xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli muhitda axborot ishonchliligi va jurnalistik etika masalalarida tajriba almashishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Balikesirdagi hamkorlik kelishuvlarini ikki mamlakat jurnalistlari o‘rtasida yangi muloqot maydonini shakllantiruvchi muhim tashabbus, yangi tajriba va yangi qo‘shma loyihalar uchun muhim qadam sifatida baholash mumkin. Bu hamkorlik O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni axborot makonida yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
-
Mahalliy4 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Jamiyat4 days ago
Mirakida ekologik bilim va sport uyg‘unlashgan kun
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Mahalliy1 day ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
-
Iqtisodiyot7 hours ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
