Jamiyat
Qurilish inspeksiyasi ob’yektlarda 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqladi
O‘tgan yili qurilish ob’yektlarida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari 42 mingta kamchilik qayd etgan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlagan. Sabab – loyihachi hamda buyurtmachilarda mualliflik va texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yo‘q.
Shu bois, joriy yil 1-iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPIga bog‘lanishi, xodimlarning oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi. Loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun ob’yekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ beriladi, mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida to‘lov qilinadi.
Shu bilan birga, endi texnik nazorat yoki mualliflik nazoratchisi mas’ul bo‘lgan ob’yektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘rish zarurligi qayd etildi. Loyihachining «Shaffof qurilish»dagi reytingi ham pasaytiriladi.
O‘tgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi yonkamera bilan ta’minlandi, 1 ming 221 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’yektiga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Endilikda budjetdan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha ob’yektlari, ko‘p qavatli uy, yirik savdo va sanoat korxonasi, mehmonxona, turizm ob’yektlari qurilishi ham onlayn nazorat kameralari bilan qamrab olinadi.
Urbanizatsiya qo‘mitasiga shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik bo‘yicha moliyaviy sanksiya joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan 20 milliard dollardan ortiq infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.
Lekin kichik va o‘rta quruvchilar uyoqda tursin, hatto yuqori reyting, yetarli mablag‘ va texnikaga ega bo‘lgan mahalliy korxonalarimiz ham ushbu bozorga to‘liq kira olmayotgani, kirgani ham subpudratchi bo‘lib ishlayotgani qayd etildi.
Mutasaddilar, buyurtmachi vazirlik va idoralar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda quruvchilarimiz imkoniyatlarini ko‘rsatib bera olmayotgani, shartnoma shartlarini belgilashda mahalliy pudratchilar manfaatlarini himoya qilmayotgani, xalqaro tenderlar shartlarini o‘rgatmagani uchun eng arzon narx bergan korxonalarimiz ham tenderda raqobat qila olmayotgani tanqid qilindi.
Shu bois, mahalliy loyihachi, quruvchi va konsultantlarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishga o‘qitish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Qolaversa, quruvchilarimiz qo‘shni davlatlardagi xalqaro loyihalarda bosh pudratchi bo‘lib qatnasha boshlagani yuqori baholandi.
Aholini uy-joyga bo‘lgan talabini ta’minlash doimiy diqqat markazida bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda 56 ta «Yangi O‘zbekiston» massivining infratuzilmasi uchun 4 trillion 100 milliard so‘m mablag‘ berildi. Joriy yil ushbu maqsadlarga yana 1 trillion 400 milliard so‘m ajratilmoqda.
Lekin 2025-yilda Toshkent viloyatida 2,1 mingta, Samarqandda 1,5 mingta, Farg‘onada 1,3 mingta, Toshkent shahrida 1 mingta, Jizzaxda 380 ta xonadon foydalanishga topshirilmagan.
Soha mutasaddilari va hokimlar bu yil «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 34 ming xonadonni qurib bitkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qurilishi davom etayotgan massivni kengaytirishga o‘sha hududdagi 85 foiz kvartirani egasiga topshirganidan keyingina ruxsat berilishi belgilandi.
Poytaxt va Samarqand tajribalari asosida investitsiya kompaniyalari tashkil qilindi. Bu kompaniyalar 1 oktyabrdan boshlab, ko‘p qavatli uylar qurish uchun yerlarni qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi bilan birga tayyor holda auksionga chiqaradi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat5 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport5 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat4 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
