Connect with us

Jamiyat

O‘gay onaning ko‘z yoshlari

Published

on


1. Arqon uzildi

Bahor… Yonoqlarni mayin shabada silaydi. Daraxtlarning yosh surxlari qiyg‘os gullar ichida – oq zarga botirib olinganday…

Huv anovi do‘nglikdagi maysazorga bir qo‘y bilan echki bog‘lab qo‘yilibdi. Echkining ikki uloqchasi dikir-dikir sakraydi. Qo‘yning ham qo‘zichasi bor. Uloqchalar bilan yayrab, yugurishib yuribdi. Shunchayam do‘mboqki… Sakrashgani, yayrashganini ko‘rib, ular bilan birga o‘ynagisi keladi kishining… Bir mahal nimayam bo‘ldi-yu, o‘ynashibmi yo talashibmi, qo‘zichoq uloqcha bilan kalla qo‘yisha ketdi. Ona qo‘y «bo‘ldi, sho‘xlik qilma», deganday ma’rab qo‘ydi. Qo‘zichoq esa parvo qilmadi. Ona echki ham maysadan boshini ko‘tarmay me-meladi. Bolachalar yana hazillarini qo‘yishmadi. Shunda qo‘y cho‘zib ma’radi. Bolasiga intildi. Lekin bo‘ynida arqon – qo‘ymas edi. Qo‘zichoqni ikki uloq o‘rtaga olib, goh unisi, goh bunisi turtar, uni ranjitardi. Ona qo‘y chidab turolmadi. U yer depsinib bolasini «odobsizlar» ozoridan qutqarishga intildi…

Uloqchaning biri qo‘zichoqning biqiniga bexosdan kalla urdi. Qo‘zichoq «onajon, qutqaring!» degandek qattiq ma’rab yubordi. Shunda qo‘y arqonni yana zarb bilan siltadi…

Ona mehri arqonni uzdi…

2. Buvijonim

– Kenja nabiralari siz emasmisiz? – deb so‘radi hamshira Sarvarning qo‘lidagi tugunchani ola turib.

– Ha, men… – dedi Sarvar bu savoldan taajjublanganini yashirmay.

– Unda bir oz kutib turing.

U shunday dedi-da, ildam yurib, yuqori qavatga ko‘tarildi. Hamshiraning bu buyrug‘i Sarvarning ko‘ngliga g‘ashlik soldi. Har xil xayollarga borib, bemorlar ro‘yxatidan buvisining nomini izlay boshladi. Ro‘yxatdagi belgiga qaraganda buvisining isitmasi tushibdi, ahvoli bir muncha yaxshilanibdi. Bundan ko‘ngli taskin topgan bo‘lsa-da, hamshira chiqqunicha diqqat bo‘lib ketdi. Nihoyat zinada hamshira ko‘rindi. Xuddi Sarvarga kutib turishni buyurmaganday bamaylixotir tushib keldi. Bu ham yetmaganday Sarvarga qarab kulimsirab qo‘ydi. Yigitchaga yaqin kelgach, bir parcha qog‘oz uzatdi.

– Buvingiz berib yubordilar. Kecha sizni menga tasvirlab berib, kelsa ketib qolmasin, degandilar.

Sarvar «shu gapni avvalroq aytsangiz bo‘lmasmidi!» degisi keldi-yu, ortiqcha gapdan o‘zini tiyib, qog‘ozni shoshilib ochdi. Buvisining o‘sha ravon-ravon tanish harflari:

«Jonim bolam. Buni qara-ya, bugun sening tug‘ilgan kuning-u, men bo‘lsam, xotirjam shifoxonada yotibman. Xafa bo‘lmaysan-da, a? Sovg‘a ham qilolmadim… Agar uyda bo‘lganimda tandirda mazali qovoq somsa, piyozli non yopib berardim. Esingdami, bolaligingda men tandirga o‘t yoqsam juda-juda quvonib ketarding. Oying somsani menchalik yopolmaydi, to‘g‘rimi? Hozir ham shu odating bor… Endi taqdir, keksalik ekan, bu yerda yotibman. Toychog‘im, tug‘ilgan kuning muborak bo‘lsin! Baxtimizga ilohim o‘z panohida asrasin seni!

Duo bilan: buving.

Ha, aytmoqchi, oyinglarga tayinlab qo‘y: yerto‘ladagi qovoqni ishlatmay tursin. O‘zim chiqay, yaxshilab somsa yopamiz…»

Xatni o‘qiyotganida tomog‘iga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Yoshligida buvisining har xil shirinliklarni yenglarining uchiga yashirib, «akalaring ko‘rishmasin», deb berkitib berishlari, dadasidan so‘kish eshitganda esa, boshini silab, erkalab uyiga olib kirib ketishlari, nasihat qilishlari ko‘z oldiga keldi. O‘zini tutishga harchand urinmasin, baribir ko‘ziga yosh kelaverdi.

«Buvijonim! Axir bujmayib qolgan qadoq qo‘llaringiz bilan boshimni silashingiz, yuzimni mehr to‘la siynangizga qo‘yib tin olishim, oppoq sochingizdan o‘pib, ko‘zimga surtishimning o‘zi menga katta sovg‘a emasmi?» degan xitob yuragini larzaga keltirdi. Hamshiraning hay-haylashiga qaramay, qoziqda ilig‘lik turgan oq xalatlardan birini olib, yelkasiga tashladi-yu, yuqoriga yugurdi.

Buvijonining ko‘ksiga boshini qo‘ydi.

3. O‘gay ona

– O‘qimas emishman, – dedi Oqil yana o‘jarlik bilan.

– Axir kim senga shunday dedi, bizga aytgin, – kuyundi direktor.

– Menga baribir endi… Hech kimning yordami kerakmas. Agar o‘zimning oyim bo‘lganlarida…

Oqilning lablari titradi, ko‘zlari yoshlandi. Burnini tortib qo‘ydi-da, o‘zini tutib olish uchun shiftga qaradi. Direktor gap nimada ekanini taxminan angladi. Biror xulosaga kelish uchun bu taxmin yetarli emasdi, shu sababli boladan yana so‘radi:

– Oqiljon o‘g‘lim, o‘jarlik qilma. Uyingda nima gap bo‘lganini menga ochiq aytaver. Biz seni xafa qildirib qo‘ymaymiz.

Oqil direktorga «rost aytyapsizmi?» deganday bir qarab oldi-da, nigohini derazaga qadab gap boshladi:

– O‘zim eshitdim, – dedi u yana burnini tortib qo‘yib. – Anovi… yangi oyim dadamga «o‘g‘lingiz katta yigit bo‘lib qoldi-ya, endi yoningizga olsangiz ham bo‘ladi», – dedi. Tag‘in men uni…

Oqil gapini tugata olmadi. Eshik ochilib, bir yoshlar chamasidagi shiringina bolani ko‘tarib olgan ko‘hlikkina juvon kirib keldi.

– Mumkinmi, voy, xayriyat-yey! – dedi u ostona hatlab ichkariga kirgach. – «Oqiljonni maktablariga chaqirib olib ketishdi», deyishsa, nima gap ekan, deb jonimni hovuchlab yugurib kelaveribman. Tinchlikmi o‘zi?

Juvonning salomlashishni ham unutib kirib kelishi uning g‘oyat xavotirda ekanidan darak berib turardi. Direktor buni tushundi. Uning kim ekanligini ham hayajonli so‘zlaridan angladi. Shu sababli gapni aylantirmay muddaoga o‘tishni ma’qul ko‘rdi.

– Tinchlik, – dedi u xotirjam ohangda so‘ng bolaga yuzlandi: – Oqiljon o‘g‘lim, sen tashqariga chiqib tur-chi!

Oqil qovog‘ini uyganicha «xo‘p», dedi. Chiqayotganida ayolning qo‘lidagi bola «atta!» deb unga osildi…

Direktor Oqilning bir necha kundan beri maktabga kelmayotgani, bugun darsdan keyin uyidan toptirib chaqirtirgani va nihoyat, bolaning oxirgi gaplarini aytib berdi.

Ayol ko‘ylagining yengi bilan ko‘z yoshlarini artib, piq-piq yig‘ladi. Keyin «Voy, gapirmaygina men o‘layin», dedi-da, tashqariga chiqib Oqilni olib kirdi.

– Voy, gapirmaygina men o‘layin, bolajonim. Men seni katta bo‘lib qolganingni aytib erkalatmoqchiydim-a! Sen o‘qib olim bo‘lsang, ukang ham izingdan boradi, deb doim duo qilaman-ku? Gapga no‘noq onangni kechir, bolajonim… – Ayol shu gaplarni takror-takror aytib, Oqilni quchoqlab olganicha yuz-ko‘zlaridan o‘paverdi…

Oqilning qo‘lidagi ukasi bu holatdan ajablanib hayron bo‘lb turdi Avvaliga sal qo‘rqdi ham. Keyin bir akasini, bir onasini o‘pa ketdi…

4. Ko‘zlari ochiq edi

Bo‘yniga chekich urilganday «cho‘tir» bo‘lib qolgan musicha qayerdandir ovqat topib, iniga uchib keldi. U har galgidek bolalarining inlaridan bosh chiqarib, og‘izlarini katta-katta ochib, chiyillashlarini kutgan edi. Biroq, inda bolalari ko‘rinmadi. Onaning ko‘zlari olazarak bo‘ldi. O‘zini har tomon urib, jigargo‘shalarini axtardi. Topdi! Hali parvozga yaxshi shaylanmagan jajji musichalar sho‘xlik qilib pastga tushishgan ekan. Ular hovli ro‘yasida bir-birlari bilan quvalashib, bamaylixotir o‘ynab yurishardi. Ona musicha ularni ko‘rib quvonganday bir-ikki qanot qoqib qo‘ydi. Pastak bir shoxga qo‘nib, bo‘ynini xiyol qiyshaytirib, ularning o‘yinini kuzatdi…

Birdan ona bezovtalandi. Bolalarining oldiga tushib, qanotini patillata ketdi: u burchakda pusib yotgan mushukni ko‘rib qolgan edi. Mushuk musichaning payqab qolganini sezib, o‘ljasiga sapchidi. Qushchalar qanot qoqishib pana tomonga o‘tishdi. Lekin yuqoriga, bexavotir inlariga uchib chiqishga qanotlari zaiflik qildi. Mushuk qushchalarni quva boshladi. Ular qancha urinishmasin, qanot qoqishmasin, yuqoriga ko‘tarilishga qurbilari yetmasdi. Onalari atrofida aylanishdan o‘zga choralari yo‘q edi.

Ona bezovta. Ona ilojsiz! Bolalari ucholmaydi… Shunda u allaqanday ovoz chiqarib yuqoriga ko‘tarildi-yu, so‘ng birdan qanotlari singanday yerga gup etib tushdi. U «siniq» qanotlarini yerga shap-shap urgancha parvozga uringanday bo‘lib mushukning atrofida aylana boshladi. Mushuk qushchalarni quvib yurishdan ko‘ra tayyor turgan o‘ljani yeyishni ma’qul ko‘rib, uni tappa bosdi.

Musicha esa hamon qanotlarini patillatadi. G‘alati ovoz bilan faryod chekib, bolalarini uchishga undaydi…

Mushuk uning hiqildog‘ini tishlab, chekkaga sudradi. Onaning so‘niq ko‘zlari yarim ochiq: «bolalarim qochdimi?» deganday ularni izlaydi. Qanotlarini ahyon-ahyonda majolsiz silkitadi. Go‘yo ochqab qolgan bolalari oldiga uchib borib, hozirgina topib kelgan ovqatini bermoqchi bo‘ladi…

Pastak butoqqa uchib chiqib qo‘nib olgan musichalar esa qo‘rquvdan dir-dir titrashadi…

5. Yovvoyi mushuk

Yana o‘sha yovvoyi mushuk paydo bo‘ldi. Avvallari odam sharpasini eshitib, junini hurpaytirganicha baqrayib turadigan, keyin qochib qoladigan mushuk negadir oldimizda bemalol yurishga odatlandi. Bu juda qiziq hodisa edi.

Men mushukning sirini bilishga oshiqdim. Unga bir bo‘lak go‘sht tashladim. U saxiyligimga ishonqiramaganday bir menga, bir go‘shtga qarab qo‘ydi. Keyin chaqqonlik bilan go‘shtni tishlab olib, uydan chiqib ketdi. Har gal yemish topsa yemay, olib chiqib ketishi ham ajablanarli hol edi. Mushukning izidan chiqdim. U hovli burchagidagi o‘tin turadigan bostirmaga kirib ketdi. Cho‘chitib yubormaslik uchun tirqishdan mo‘raladim: mushuk chalqancha yotib olgan, to‘rt mushukcha esa uni emardi… Mushukning birdan ko‘rinmay qolgani-yu, keyin begonasiramay qo‘ygani sababini endi angladim.

«Bitta bolasini jiyanlarimga olib bersammikin?» degan fikrda eshikni ochib, ichkari kirdim. Mushuk sapchib o‘rnidan turdi. Junini hurpaytirdi. Ko‘zlari yondi. Xunuk ovoz chiqardi. Yana bir qadam qo‘ysam menga tashlanishi turgan gap edi. Bunday holatda u o‘zini boqayotgan odamni ham tanishni istamasdi. Chunki yonida o‘z jonidan ham aziz bo‘lgan bolalari bor edi!

Izimga qaytdim. Shu-shu, mushuk meni ko‘rsa bostirma tomon qochadigan bo‘lib qoldi. Mushukning bolalaganini eshitgan jiyanlarim bugun uning bostirmadan nari ketishini poylab turib, oladan kelgan chiroyli bolasini olib chiqishibdi.

Qosh qorayganda mushuk bostirmadan o‘qday otilib chiqdi. Nimanidir axtara boshladi. Keyin eshigimiz tagiga kelib, mendan ham hayiqmay zorlanib, cho‘zib-cho‘zib miyovlay boshladi. Eshikni ochdim. U uyga otilib kirdi. Dam o‘tmay bolasini tishlab olib chiqdi. Bostirma tomon ketdi.

Mushuk bizga o‘rganib qolgan bo‘lsa ham bolalarini ishonmas edi…

Tohir Malik

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Published

on


Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi. 

Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

​Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.

​Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

​Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi

Published

on


«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.

Mukofotlanganlar ro‘yxati:

“Do‘stlik” ordeni bilan

Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari

Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi

Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori

Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori

Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri

II darajali “Salomatlik” ordeni bilan

Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri 

Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari 

“Shuhrat” medali bilan

Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi

Published

on


Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.

Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.

Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.

Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi

Published

on


Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.

Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.

Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.

Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?

Published

on


Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.

Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.

Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.

Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.

Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.

Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.

Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.

Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.

Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.