Mahalliy
Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etiladi
«Buxoro davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-22-son, 24.01.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Muhandislik, ishlab chiqarish, oziq-ovqat texnologiyasi, yengil sanoat, neft va gaz, yashil energetika, arxitektura va qurilish, transport va logistika, agrotexnologiya, axborot texnologiyalari va dasturlash sohalari bo‘yicha, shuningdek, hududning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq oliy ma’lumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash Universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Universitetda neft va gaz muhandisligi sohasida Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan:
Universitet talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi joriy etiladi;
Universitet professor-o‘qituvchilari va doktorantlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuboriladi;
Yirik ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarni Universitetga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi;
2026 yil 1 yanvardan Universitetga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Mahalliy
1-fevraldan «Davlat ta’minotidagi oila»lar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi
Prezidentning «Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-258-son farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan «Davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritilgan oilalar uchun quyidagilarni o‘z ichiga olgan ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi:
ushbu oilalar xonadoniga quvvati 7-10 kVtlik quyosh panellarini o‘rnatish uchun BHMning 100 baravarigacha subsidiya ajratiladi;
ushbu oilalarga tijorat banklari orqali 4 yilgacha BHMning 75 baravarigacha quyidagi maqsad va shartlarda kredit ajratiladi:
kredit oilaning mehnatga layoqatli a’zolarining bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish, shu jumladan, chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyasi, ko‘chma do‘konlar, motoroller, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish yoki issiqxona qurish uchun ajratiladi;
kredit 1 yillik imtiyozli davr bilan «davlat ta’minotidagi oila» toifasidagi oila a’zosining ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi;
kredit foiz stavkasi Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasidagi foiz stavkasida hisoblanadi.
Mahalliy
O‘tgan bir yildagi uy oldi-sotdilarining 30 foizi poytaxtga to‘g‘ri keladi
2025-yil yakunlari bo‘yicha respublikada uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 295 mingtani tashkil etib, 15 foizdan ziyod o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori dinamikasiga oid yangilangan tahlilida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, yil davomida faollikning eng sezilarli o‘sishi Buxoro (25,7 foiz), Sirdaryo (23,3 foiz) va Samarqand (19,7 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
2025-yilda respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining taxminan 30 foizi poytaxt bozori hissasiga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahrida savdo hajmi 18,2 foizga oshib, taxminan 84 ming bitimni tashkil etdi.
Ko‘chmas mulk ikkilamchi bozorida esa narxlar dinamikasining mo‘’tadil tezlashishi kuzatildi. Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 8 foizni tashkil etdi, 2024 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 6,2 foiz darajasida bo‘lgan edi.
Yil davomida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, ushbu hududlarda uy-joy narxining o‘rtacha yillik o‘sishi taxminan 17 foiz ni tashkil etdi.
Yil yakuniga ko‘ra, ikkilamchi uy-joy uchun eng yuqori narxlar poytaxtda saqlanib qoldi. Shuningdek, nisbatan yuqori narxlar Samarqand viloyatida — bir kvadrat metr uchun 834 dollar, Toshkent viloyatida esa — bir kvadrat metr uchun 682 dollarni tashkil etdi.
Uy-joy uchun eng past narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi — bir kvadrat metr uchun 378 dollar. Shuningdek, nisbatan past narx darajasi Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, u yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati taxminan 454 dollarni tashkil etdi.
Mahalliy
Sun’iy intellektdan noto‘g‘ri foydalanish qimmatga tushadi
O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanishga oid qonunchilik yanada kuchaytirildi. 2026 yil 21 yanvar kuni qabul qilingan O‘RQ–1115-sonli Qonun bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunga asosan, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonun sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy huquqiy asoslari hamda ushbu sohadagi vakolatli davlat organining vazifalarini aniq belgilab berdi.
Qayd etilishicha, sun’iy intellekt — insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil o‘rganish, yechimlarni izlash va aniq vazifalarni bajarish orqali inson aqliy faoliyatiga yaqin natijalarni ta’minlay oladigan texnologik yechimlar majmuidir.
Shu bilan birga, insonning huquq va erkinliklariga daxldor bo‘lgan, yuridik ahamiyatga ega qarorlar qabul qilishda faqat sun’iy intellekt xulosalariga tayanishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Qonunga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, shuningdek, ularni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet orqali tarqatish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bunday huquqbuzarliklar uchun:
— huquqbuzarlik sodir etilgan vositalar musodara qilinadi;
— bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobaridan 100 barobarigacha, ya’ni 41 million 200 ming so‘mgacha jarima solinadi.
Mazkur Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Mahalliy
yoshlar sun’iy intellekt orqali jamiyat muammolariga yechim izlamoqda
O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga qaratilgan yirik tashabbuslardan biri — Umummilliy “AI Hackathon”ning ikkinchi bosqichiga start berildi.
Joriy yilning 20-yanvar kuni Samarqand shahrida ushbu xalqaro ahamiyatga ega tanlovning mintaqaviy bosqichi tantanali ravishda ochildi. Tadbir yosh mutaxassislar, startapchilar va IT sohasiga qiziquvchi iqtidorli yoshlarni bir maydonga jamladi.
Mintaqaviy bosqichda 400 nafardan ortiq ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tdi. Ular uch kun davomida mamlakatning yetakchi IT-kompaniyalari va tajribali mutaxassislari rahbarligida jamoaviy tarzda ish olib bordilar.
Xakaton doirasida tibbiyot, ta’lim, kiberxavfsizlik, tadbirkorlik, shuningdek taqiqlangan moddalar aylanmasiga qarshi kurash kabi muhim yo‘nalishlarda sun’iy intellektga asoslangan innovatsion yechimlar ishlab chiqildi.
Tadbirning eng e’tiborli loyihalaridan biri — Umummilliy AI Hackathonda ishtirok etayotgan «iX» jamoasi tomonidan taqdim etildi. Jamoa messenjer platformalarida giyohvandlik vositalari savdosini aniqlash va cheklashga qaratilgan maxsus algoritmni ishlab chiqdi. Loyihaning asosiy maqsadi — yashirin “qora bozor” faoliyatini aniqlash, noqonuniy tarmoqlarni fosh etish va jamiyat uchun xavfli bo‘lgan narkotiklar savdosiga chek qo‘yishdan iborat.
Shu bilan birga, xakaton doirasida ishtirokchilar uchun yetakchi mutaxassislar tomonidan mahorat darslari, amaliy seminarlar va tajriba almashish sessiyalari ham tashkil etildi. Bu esa yoshlar uchun nafaqat raqobat, balki bilim va ko‘nikmalarni oshirish imkoniyatini ham yaratdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Umummilliy “AI Hackathon”ning final bosqichi 2026-yil dekabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Finalda eng ilg‘or, amaliy ahamiyatga ega va ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalar saralab olinadi.
Ushbu xakaton mamlakatda sun’iy intellekt sohasida yosh kadrlar salohiyatini oshirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli kelajakni shakllantirish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mahalliy
yashil iqtisodiyotga doir hujjat imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida “Markaziy Osiyoda yashil iqtisodiyot uchun yashil ko‘nikmalar” yangi mintaqaviy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Mazkur hujjat 2025–2028-yillar davomida kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish, dual ta’limni kengaytirish hamda “yashil iqtisodiyot” sohalari uchun zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Yangi loyiha Germaniya federal hukumati topshirig‘iga binoan GIZ tomonidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda amalga oshiriladi.
Shartnomani imzolash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekiston Respublikasi Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistondagi direktori Yoaxim Frits hamda “Markaziy Osiyoda yashil iqtisodiyot uchun yashil ko‘nikmalar” loyihasi maslahatchisi Jahongir Jo‘rayev ishtirok etdi.
Uchrashuvda loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, uning ustuvor yo‘nalishlari va kelgusidagi amaliy qadamlar muhokama qilindi. Tomonlar GIZ’ning O‘zbekistonda institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi muhim rolini ta’kidlab, kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, dual ta’limni rivojlantirish hamda “yashil ko‘nikmalar”ni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Loyiha doirasida mehnat bozori haqiqiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda ta’lim dasturlari va kurslarga “yashil” ko‘nikmalarni integratsiya qilishga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mintaqaviy tajriba almashuvini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Germaniya “yashil” sanoat, ekologiya, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 2023 yil dekabr oyida Dubay shahrida, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida 9 million yevrolik bitim imzolangandi.
2024 yilda imzolangan hujjatga binoan, Germaniya “yashil” sanoatlashtirishda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida O‘zbekistonga qo‘shimcha 3 mln yevro miqdorida grant ajratadi.
Ikki davlat turli sohalar qatori ta’lim bo‘yicha ham hamkorlikni kuchaytirmoqda.
O‘tgan yili Toshkent shahridagi 1-sonli Abu Ali ibn Sino nomidagi Respublika Jamoat salomatligi texnikumi bazasida Germaniya tibbiyot akademiyasi tashkil etildi.
2024 yilda esa Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida O‘zbek–nemis fakulteti ochildi.
O‘zbekistonda Germaniya universitetini tashkil etilish bo‘yicha muzokaralar ham davom etmoqda. Bu tashabbus O‘zbekistonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, Yevropa standartlari asosida bilim berish va Germaniyaning ilg‘or akademik an’analarini joriy etish borasida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
-
Dunyodan2 days agoPrezident Tramp Grenlandiya vaziriga: “Biz amerikalik boʻlishni xohlamaymiz” dedi va dunyo yetakchilari bilan uchrashishni rejalashtirmoqda
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiya Suriyada oʻt ochishni toʻxtatishni olqishlaydi, birlik va hududiy yaxlitlikni qoʻllab-quvvatlaydi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev “Davlat tili” haqidagi qonunni oʻzgartirish uchun parlamentga qaytarib yubordi
-
Iqtisodiyot3 days agoAyrim xomashyo import boji “nol” stavkada 2027 yilgacha uzaytirildi
-
Dunyodan4 days agoPrezident Tramp Tinchlik kengashiga aʼzolik uchun pul toʻlamoqchi.
-
Iqtisodiyot5 days agoMasdar kompaniyasi Qashqadaryoda quyosh stansiyasi va energiya saqlash tizimi quradi
-
Jamiyat3 days agoToshkent shahri hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
-
Mahalliy5 days agoSanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish boshlandi
