Mahalliy
Investorlar uchun keng ko‘lamli tanlov e’lon qilindi
O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim o‘rin tutuvchi IT Park direksiyasi mamlakatimizning texnologik salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida majmuaning keyingi bosqichini amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy investorlar o‘rtasida oshkora va shaffof tanlov boshlanganini e’lon qiladi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-dekabrdagi 965-sonli qarori hamda amaldagi qonunchilik hujjatlariga asoslangan bo‘lib, innovatsion muhitni kengaytirishga qaratilgan.
Tanlovning bosh g‘oyasi IT Park hududida zamonaviy, xalqaro talablarga javob beradigan yuqori samarali infratuzilma obyektlarini bunyod etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishdan iboratdir.
Tanlovda development, muhandislik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yaratishga bel bog‘lagan mahalliy va xalqaro yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Ishtirokchilar O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq faoliyat yurituvchi, moliyaviy barqaror, bankrotlik jarayonida bo‘lmagan hamda soliq va budjet oldidagi majburiyatlarni to‘liq bajargan bo‘lishlari shart. Shuningdek, talabgorlar korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga oid cheklovlarga rioya qilishlari zarur.
Ishtirok etish istagida bo‘lganlar belgilangan tartibda ariza, anketa, loyiha taklifi hamda moliyaviy barqarorlikni tasdiqlovchi ma’lumotnomalardan iborat hujjatlar paketini tayyorlashlari lozim.
Barcha hujjatlar bir nusxada, muhrlangan konvertda taqdim etilishi kerak bo‘lib, konvert sirtida ishtirokchi nomi, loyiha nomi, aloqa ma’lumotlari va «Investorlarni saralash bo‘yicha tanlov uchun» degan yozuv bo‘lishi shart.
Hujjatlar ish kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Tepamasjid ko‘chasi, 4-uy manzilida qabul qilinadi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun: +998 71 209 11 99 (ichki raqam: 1046) telefon raqami yoki info@it-park.uz elektron pochtasi orqali bog‘lanish mumkin.
IT Park direksiyasi taqdim etilgan takliflarni o‘rganish jarayonida qo‘shimcha muzokaralar olib borish, aniqlashtiruvchi hujjatlar so‘rash va yakuniy qarorni Ma’muriy kengash orqali tasdiqlash huquqini o‘zida saqlab qoladi. Bu O‘zbekistonning raqamli kelajagiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan investorlar uchun keng imkoniyatlar eshigidir.
Mahalliy
MyGov nima uchun millionlar tanloviga aylandi?
Toshkentning serqatnov ko‘chalaridan birida, ertalabki tirbandlikda Zafar mashina rulida o‘tirib, xayolan bugungi rejalarini sarhisob qilardi. Uning oldida bir nechta davlat idorasiga kirib chiqish, hujjatlarni rasmiylashtirish va eng muhimi, soatlab navbat kutishdek odatiy yumushlar turardi. U bu ishlar butun kunini olib qo‘yishini bilar, ammo boshqa chorasi yo‘qligiga allaqachon ko‘nikib qolgandi.
Aynan o‘sha paytda do‘stining maslahati bilan telefoniga o‘rnatib qo‘ygan MyGov ilovasi haqida eslab qoldi. Ikkilanibgina bo‘lsa-da, smartfonni qo‘liga oldi va ilovaga kirdi. Bir necha daqiqa ichida hech qayoqqa bormasdan, qog‘ozbozliklarsiz va eng muhimi uzundan-uzun navbatlarsiz o‘z ishlarini hal qildi. O‘sha kuni Zafar nafaqat vaqtini, balki asablarini ham asrab qoldi.
Bugungi kunda millionlab hamyurtlarimiz Zafar kabi aynan shunday tanlovni amalga oshirmoqdalar. Bu shunchaki statistika emas, bu jamiyatimizning raqamli kelajakka bo‘lgan ishonchining isbotidir. May oyi yakunlariga ko‘ra, MyGov ilovasi Google Play va App Store platformalarida eng ko‘p yuklab olingan mahalliy ilovalar orasida birinchi o‘rinni egalladi.
Xo‘sh, bu ilova nimasi bilan odamlarni o‘ziga tortmoqda?
Hammasi bir joyda: Ilova 650 dan ortiq davlat xizmatlarini 24/7 rejimida taqdim etadi. Endi turli idoralar eshigida sarg‘ayadigan vaqtlar o‘tmishda qoldi;
Qulaylik va tejamkorlik: MyGov orqali davlat xizmatlaridan foydalanganda 10 foiz chegirma taqdim etiladi. Bu esa oila budjeti uchun ham, vaqt uchun ham foydali;
Keng qamrovli imkoniyatlar: Raqamli hujjatlardan foydalanish, xarid cheklaridan keshbek olish, abituriyentlar uchun oliygohlarga onlayn hujjat topshirish yoki kundalik hayotda kerak bo‘ladigan turli elektron xabarlarni olish — bularning bari birgina smartfonda jamlangan.
Raqamli xizmatlarning ommalashuvi mamlakatimizda hukumat va xalq o‘rtasidagi masofa yanada qisqarayotganining yorqin ifodasidir.
Siz ham MyGov ilovasini smartfoningizga o‘rnating va vaqtingizni qadrlang. Chunki raqamli qulaylik bugungi hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.
Mahalliy
Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxati e’lon qilindi
Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxati belgilandi.
Adliya vazirligi Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3849, 09.06.2026-y.)
Xususan, ushbu ro‘yxatda maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 465 ta pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar belgilandi.
Shu jumladan, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, kichik o‘qituvchi, metodist, tarbiyachi, yo‘riqchi, uslubchi va boshqalar pedagogik lavozimlar hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, «Pedagogning maqomi to‘g‘risida» gi Qonunning 3-moddasiga muvofiq ta’lim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs pedagogdir.
Avvalroq Pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarning bilimlari tashqi diagnostikadan o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.
Mahalliy
Abituriyentlar uchun muhim yangilik e’lon qilindi
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga onlayn hujjat topshirish jarayoni davom etmoqda.
Abituriyentlar o‘z arizalarini uydan chiqmasdan, my.gov.uz portali orqali yuborishlari mumkin.
Joriy yilda qabul jarayonlari ikki bosqichda tashkil etiladi:
1-BOSQICh: 5-iyundan 25-iyungacha (shu kuni ham)
Test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tish;
Topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini belgilash;
Ijodiy (kasbiy) imtihon mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar uchun tegishli OTMni tanlash.
Muhim: 25-iyunga qadar kiritilgan ma’lumotlarni bepul tahrirlash imkoniyati mavjud.
2-BOSQICh: Test sinovlari to‘liq yakunlangach (15 kun ichida)
Oliy ta’lim muassasasini tanlash;
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishini belgilash;
Ta’lim shakli va tanlov ustuvorligi (grant yoki shartnoma)ni tanlash.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lov miqdori — BHMning 50 foizi (206 000 so‘m)ni tashkil etadi.
Kimlar to‘lovdan ozod etiladi?
Joriy o‘quv yilida (2026-yilda) ta’lim muassasalarini bitirganlar;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olinganlar va ularning farzandlari;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar;
To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan shaxslar (yetim bolalar va h.k.).
Natijalar qachon chiqadi?
Test natijalari imtihon topshirilgan kunning ertasigayoq e’lon qilinadi. Yakuniy mandat ikkinchi bosqich (OTM va yo‘nalish tanlovi) yakunlanganidan keyin bir hafta ichida ma’lum bo‘ladi.
Mahalliy
O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar Erasmus Mundus stipendiyasi sohibi bo‘ldi
2026-yilda 9 nafar o‘zbekistonlik iqtidorli talaba Yevropa Ittifoqi (YI)ning Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturiga qabul qilindi. Shu tariqa ular Yevropaning yetakchi universitetlarida tahsil olib, xalqaro akademik tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Joriy yilgi tanlov natijalariga ko‘ra, 4 nafar talaba Erasmus Mundus stipendiyasi sohibiga aylangan bo‘lsa, 5 nafar talaba self-funded tartibida o‘qishni boshlaydi. Ular O‘zbekistonning 9 ta oliy ta’lim muassasasini tamsil etmoqda.
Dastur g‘oliblari Fransiya, Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Irlandiya, Polsha, Serbiya va Buyuk Britaniyadagi universitetlarda tahsil oladi.
«Ushbu natijalar O‘zbekiston yoshlarining xalqaro ta’limdagi faolligi ortib borayotgani va Erasmus Mundus dasturining akademik mobillik hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etadi», — deyiladi YIning yurtimizdagi delegatsiyasi xabarnomasida.
Ma’lumot o‘rnida: Erasmus Mundus — iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan YI dasturidir. Qo‘shma magistrlik tahsili doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi.
Yevropa universitetlari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan noyob magistrlik kurslari doirasida talabalar bilim olibgina qolmay, mezbon davlatlar bilan tanishib, yangi madaniyatlarni ham kashf etadilar.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Tomash Zdexovskiy 2025-yil aprel oyida yurtimizga tashrifi chog‘i YI tomonidan o‘zbekistonlik talabalar uchun ajratilgan grant ko‘rsatkichi bosqichma-bosqich oshirib borilishini aytgandi.
Yurtdoshlarimiz avvalgi yillarda ham Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturida ijobiy natijalarni qayd etgan.
Mahalliy
Kitob mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga ta’sir ko‘rsatadi
Janubiy Koreya tajribasiga e’tibor qaratsak, butun dunyoni mahv etayotgan K-culture (Janubiy Koreyaning madaniy kontenti) eksporti 2025-yil yakunlariga ko‘ra 14.9 milliard dollarni tashkil etdi.
Koreyaning 2010-2021 yillardagi madaniy kontent dinamikasini ko‘rsatuvchi jadvallari orqali ushbu ulkan eksport oqimi ichida nashriyot sohasi ham juda salmoqli ulushga ega ekanini ko‘ramiz. Ya’ni, bir mamlakatning iqtisodiy va eksport salohiyatini yuksaltirishga nafaqat avtomobillar yoki texnologiyalar, balki yaxshi yozilgan kitoblar ham beqiyos ulush qo‘sha oladi.
Janubiy Koreya adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga ega bo‘lganidan keyin bu ko‘rsatkich yanada oshgan bo‘lsa kerak. Nashriyot va kitoblar rivojlanishi uchun eng muhimi sifatdir. Lekin sifatli kitoblarning soni ham ko‘p bo‘lishi kerak. Misol uchun Koreyada birgina rasmli kitob janrida minglab yozuvchilar ijod qiladi. Fantastika, fentezi, komiks — har bir janrda minglab ijodkorlar asarlar yozadilar. Ichki tanlovlar ular orasidan yaxshilarini aniqlaydilar, bunda juda katta ijobiy ma’nodagi kurash ketadi va eng zo‘r asarlar jamiyat uchun har tomonlama xizmat qiladigan kitoblar bo‘ladi. Shundan so‘ng mamlakat ichida katta muvaffaqiyat qozongan, nechi yuz minglab adad bilan sotilgan kitoblar jahon arenasiga chiqadi va dunyoni zabt etishni boshlaydi.
Bizda bugun bolalar adabiyoti yozuvchilarini sanasak, har bir janrda 3-4 tadan ko‘p ijodkor topa olmaymiz. Vaholanki 38 million xalq uchun minglab yozuvchilar bo‘lishi kerak, bolalar yozuvchilari esa balki undan-da ko‘proq. Qachonki bolalar yozuvchilari ko‘paysa, janrlar xilma xilligi oshsa, kitoblar texnik jihatdan yaxshilansa, kitob bozori shakllanadi, kitobxonning didi rivojlanadi, saviyasi oshadi. Keyin biz ham bemalol jahon bozoriga chiqa olamiz. Shunda ehtimol dunyo arenasida nafaqat koreys kontentini kuzatamiz, balki raqamli o‘yin, kino, serial, musiqa va albatta, kitob shaklidagi o‘zbek kontentini («Uz-culture» brendini) eksport qila boshlaymiz.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi
-
Jamiyat5 days agoQo‘g‘irchoq teatri san’ati an’analarini asrab qolish alohida ahamiyatga ega – Saida Mirziyoyeva
-
Mahalliy4 days ago
So‘z mulkining so‘nmas chirog‘i Ibrohim G‘afurov vafot etdi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda avtobus orqaga yurayotgan payti piyodani bosib ketdi
-
Mahalliy4 days ago
Media haftalik yangi ufqlarni ochmoqda
-
Jamiyat4 days agoOlti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
-
Iqtisodiyot3 days ago«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
-
Jamiyat4 days agoMurojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzgan 19 nafar xodim ishdan olindi
-
Dunyodan4 days ago
Aktyor Jeyms Handi qotillik qurboniga aylandi
