Jamiyat
Afg‘onistondan olib kelingan qariyb 600 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi
Surxondaryodagi “Termiz-avto” chegara bojxona postida ekskavator ko‘targichi ichiga 593 kg gashish va 3 kg opiy yashirib, olib o‘tishiga urinib ko‘rishdi. Ekskavator esa yuk mashinasiga ortilgan bo‘lgan. Jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy xizmatchilar sergaklikni yo‘qotishiga umid qilgan.
Afg‘onistondan olib kelingan katta miqdordagi narkotik fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning tezkor bo‘linmalari va Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona qo‘mitasi hamkorligida tezkor qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda qo‘shni davlatdan olib kelingan katta miqdordagi narkotik modda to‘xtatib qolingan. Jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy xizmatchilar sergaklikni yo‘qotishiga umid qilib, narkotikni olib o‘tishni rejalashtirishgan.
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz-avto” chegara bojxona postiga Afg‘onistondan kirib kelgan yuk mashina o‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Transport vositasi Afg‘oniston fuqarosi boshqaruvida bo‘lgan.
Yuk mashina tirkamasiga ortilgan ekskavator inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skaner qilinganida, uning ko‘targich qismi ichida konstruksiyada ko‘rsatilmagan shubhali predmetlar borligi kuzatilgan.
Shundan so‘ng, ekskavator tuynuklari endoskop maxsus texnik vositasi orqali ko‘zdan kechirilgan. Jarayonda ekskavatorning ko‘targich qismiga 593 kg gashish va 3 kg opiy yashirilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ushbu narkotik modda egalarini qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada yuk mashinasi g‘ildiraklaridan qariyb 20 kg narkotik topilgandi.
Jamiyat
Ekologiya qo‘mitasi matbuot anjumani o‘tkazdi – tafsilotlar
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) ” Eco Expo Central Asia 2026″ xalqaro ekologik ko‘rgazmasi, Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi, shuningdek, “Green University” va “yashil” texnikumlar faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Ekologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Javohir Abduxoliqov, qo‘mita departament rahbari Bahrom Xolxo‘jayev, “Green University” rektori, professor Baxtiyor Pulatov, qo‘mita va tizim tashkilotlari xodimlari, hududiy boshqarmalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jusipbek Kazbekov O‘zbekiston yana muhim xalqaro ekologik tadbirlar o‘tkaziladigan maydonga aylanayotganini ta’kidladi. Ushbu tadbirlar doirasida atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi. Jumladan, iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga bardoshlilikni oshirish, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish hamda atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, u Markaziy Osiyodagi yagona ixtisoslashgan ekologik universitet — “Green University” hamda uning huzurida tashkil etilayotgan «yashil» texnikumlar faoliyatiga alohida to‘xtaldi. Ushbu texnikumlarda ekologiya sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi, bu esa nafaqat O‘zbekistonda, balki butun mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Javohir Abduxoliqov Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi haqida ma’lumot berdi. Assambleya doirasida yuqori darajadagi 9 ta davra suhbati, 50 dan ortiq sayd-iventlar o‘tkazilishi, qator xalqaro tashabbuslar e’lon qilinishi va yangi ekologik loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Assambleya yakunlari bo‘yicha «yashil» loyihalarga grant va investitsiyalar jalb etilishi, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik kengaytirilishi, iqlim o‘zgarishiga moslashuv loyihalari qo‘llab-quvvatlanishi, Orolbo‘yi ekotizimini tiklash dasturlari ilgari surilishi, bioxilma-xillikni saqlash, qayta tiklanuvchi energetika va barqaror qishloq xo‘jaligi loyihalari rivojlantirilishi, shuningdek, qo‘shma transchegaraviy tashabbuslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadbir xorijiy delegatsiyalar va ekspertlar oqimini oshirish, biznes turizmini rivojlantirish hamda xizmat ko‘rsatish va logistika sohalarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Bahrom Xolxo‘jayev ” Eco Expo Central Asia 2026″ xalqaro ekologik ko‘rgazmasiga alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tadbir dunyoning 100 dan ortiq davlatidan vakillar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus, investorlar, ekologik mahsulot ishlab chiqaruvchilar, ekoinnovatorlar, davlat organlari va ekspertlar hamjamiyatini birlashtiradi. Ko‘rgazma doirasida ekologik mahsulot va xizmatlarga bag‘ishlangan 68 dan ortiq pavilon tashkil etiladi.
Jamiyat
Piskentda yuk mashina tirkamasi yonib ketdi
Tirkamaga konditsioner ortilgan bo‘lgan. Qutqaruv bo‘linmalari hodisa joyiga yetib borib, 8 daqiqada yong‘inni o‘chirgan.
Toshkent viloyati Piskent tumani hududida yuk mashinasi tirkamasi yonib ketdi. Toshkent viloyati FVBB axborot xizmati hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 16 may kuni A-373 avtomobil yo‘lining Piskent tumani Guliston mahallasi hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan. Soat 14:26 da viloyat FVBBga yuk mashinasi tirkamasida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga yetib borgan va 8 daqiqada yong‘inni o‘chirgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘qligi, hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanayotgani bildirilgan.
Yuk mashinasi tirkamadan ajratib olingani sabab shikastlanmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda tirkamaga ortilgan konditsionerlar ham yonib ketib, yaroqsiz holga kelganini ko‘rish mumkin.
Avvalroq Samarqanddagi YTHda ikkita yuk mashinasi yonib ketgandi.
Jamiyat
O‘zbekistonda «yashil» energiya ishlab chiqarish 4 mlrd kVt/soatga yetdi
O‘zbekistonda 2026-yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 4 milliard kVt/soatga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizga ko‘pdir.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 14-may kuni soat 18:00 holatiga:
quyosh fotoelektr stansiyalari 2 mlrd 315 mln kVt/soat;
shamol elektr stansiyalari 1 mlrd 685 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.
Ma’lum qilinishicha, bundan 24 kun avval — 20-aprel kuni mazkur ko‘rsatkich 3 milliard kVt/soatni tashkil etgan edi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yil boshidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali 1 mlrd 66 mln kub metr tabiiy gaz tejalgan. Atmosferaga 2,3 mln tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olingan.
Shuningdek, gidroelektr stansiyalar ham qo‘shilganda, O‘zbekistonda yil boshidan buyon «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi 6 mlrd 160 mln kVt/soatga yetgan.
Bu orqali 1,6 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalgan hamda atmosferaga 3,4 mln tonnadan ortiq zararli moddalar chiqarilishining oldi olingan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 4,4 mln xonadonning 4,5 oylik yoki 1,6 mln xonadonning bir yillik ehtiyojini qoplashga yetadi.
Jamiyat
Jizzaxda 23 yoshli ona tug‘uruqdan so‘ng vafot etdi
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yosh kelinning vafoti bilan bog‘liq holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Vazirlikka ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «shifokor xatosi tufayli kelin vafot etgani» haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro M.J. 2026-yil 30-aprel kuni G‘allaorol tumanlararo perinatal markaziga tug‘uruq uchun qabul qilingan. 1-may kuni u sog‘lom qiz farzandni dunyoga keltirgan.
Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, tug‘uruqdan keyin ona va bola doimiy kuzatuvda bo‘lgan hamda 4-may kuni ahvoli qoniqarli deb topilib, uyiga javob berilgan.
Bildirilishicha, fuqaro uyiga qaytgach, internetdagi ma’lumotlarga asoslanib, shifokor tavsiyasisiz ona sutini ko‘paytiruvchi dori vositasini qabul qilgan. Shundan keyin unda allergik reaksiya kuzatilgan.
6-may kuni u G‘allaorol tuman markaziy shifoxonasiga olib kelingan va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shifokorlar bemorni statsionarda davolash zarurligini aytgan, ammo yaqinlari uni uyiga olib ketgani ma’lum qilindi.
Oradan bir necha soat o‘tib, bemorning ahvoli yana og‘irlashgan va u qayta shifoxonaga olib kelingan. Reanimatsiya choralariga qaramasdan, 6-may kuni soat 15:30 da bemor vafot etgan.
Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ayni paytda G‘allaorol tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgaradi
Hukumatning o‘tgan yilgi qarorida har yili 1 maydan elektr va tabiiy gaz narxlari 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilangan edi.
Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini belgilash to‘g‘risida»gi qarori bilan 2026 yil 1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, I va II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘m etib belgilandi. IV guruh iste’molchilari uchun ham elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘mni tashkil etadi.
III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.
Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun:
— oyiga 200 kVt soatgacha — 325 so‘m;
— 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 450 so‘m;
— 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 550 so‘m etib belgilandi.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa:
— oyiga 200 kVt soatgacha — 650 so‘m;
— 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 900 so‘m;
— 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 1 100 so‘m bo‘ladi.
Yuqori hajmdagi iste’mol uchun oshirilgan koeffitsiyentli tariflar saqlanib qoladi.
Tabiiy gaz bo‘yicha barcha iste’molchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gaz narxi 2 000 so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif 1 kub metr uchun 2 750 so‘mni tashkil etadi.
Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilgan tartibda saqlanib, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1 100 so‘mdan hisoblanadi.
Qaror bilan energiya resurslarini yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni qisqartirish, energiya samaradorligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar ham belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Hukumatning 2025 yil 31 martdagi qaroriga muvofiq, elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir marotaba 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib boriladi.
-
Iqtisodiyot5 days agoChorvachilik va yaylov xo‘jaligi agentligi rahbari o‘zgardi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Toshkent metropolitenini 2035 yilgacha kengaytirishni maʼqulladi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekistonda 800 ga yaqin davlat xizmatlarini tartibga solish ko‘zda tutilgan
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston ko‘proq nimalarni import qilmoqda?
-
Siyosat5 days ago
Putin Yevropa bilan muzokaraga kirishish shartini aytdi
-
Iqtisodiyot4 days agoSoliq organlari plastik karta orqali tushumlarni o‘rganmoqda
-
Siyosat5 days ago
Trampga 80 kunlik muddat nima berdi? (video)
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Trump Eronga yangi harbiy bosimni ko’rib chiqmoqda – Axios
