Jamiyat
Jizzaxda 23 yoshli ona tug‘uruqdan so‘ng vafot etdi
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yosh kelinning vafoti bilan bog‘liq holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Vazirlikka ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «shifokor xatosi tufayli kelin vafot etgani» haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro M.J. 2026-yil 30-aprel kuni G‘allaorol tumanlararo perinatal markaziga tug‘uruq uchun qabul qilingan. 1-may kuni u sog‘lom qiz farzandni dunyoga keltirgan.
Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, tug‘uruqdan keyin ona va bola doimiy kuzatuvda bo‘lgan hamda 4-may kuni ahvoli qoniqarli deb topilib, uyiga javob berilgan.
Bildirilishicha, fuqaro uyiga qaytgach, internetdagi ma’lumotlarga asoslanib, shifokor tavsiyasisiz ona sutini ko‘paytiruvchi dori vositasini qabul qilgan. Shundan keyin unda allergik reaksiya kuzatilgan.
6-may kuni u G‘allaorol tuman markaziy shifoxonasiga olib kelingan va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shifokorlar bemorni statsionarda davolash zarurligini aytgan, ammo yaqinlari uni uyiga olib ketgani ma’lum qilindi.
Oradan bir necha soat o‘tib, bemorning ahvoli yana og‘irlashgan va u qayta shifoxonaga olib kelingan. Reanimatsiya choralariga qaramasdan, 6-may kuni soat 15:30 da bemor vafot etgan.
Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ayni paytda G‘allaorol tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgaradi
Hukumatning o‘tgan yilgi qarorida har yili 1 maydan elektr va tabiiy gaz narxlari 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilangan edi.
Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini belgilash to‘g‘risida»gi qarori bilan 2026 yil 1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, I va II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘m etib belgilandi. IV guruh iste’molchilari uchun ham elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘mni tashkil etadi.
III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.
Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun:
— oyiga 200 kVt soatgacha — 325 so‘m;
— 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 450 so‘m;
— 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 550 so‘m etib belgilandi.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa:
— oyiga 200 kVt soatgacha — 650 so‘m;
— 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 900 so‘m;
— 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 1 100 so‘m bo‘ladi.
Yuqori hajmdagi iste’mol uchun oshirilgan koeffitsiyentli tariflar saqlanib qoladi.
Tabiiy gaz bo‘yicha barcha iste’molchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gaz narxi 2 000 so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif 1 kub metr uchun 2 750 so‘mni tashkil etadi.
Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilgan tartibda saqlanib, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1 100 so‘mdan hisoblanadi.
Qaror bilan energiya resurslarini yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni qisqartirish, energiya samaradorligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar ham belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Hukumatning 2025 yil 31 martdagi qaroriga muvofiq, elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir marotaba 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib boriladi.
Jamiyat
“2 kishiga 165 mln so‘m” – Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh qilindi
Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida pul evaziga Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan shaxslar tezkor tadbirda ushlandi. Ishchi viza rasmiylashtirib berish va ishga jo‘natish uchun ularning biri 8 ming dollar, ikkinchisi esa 2 kishi uchun 165 mln so‘m so‘ragan.
Hududlarda Koreya davlatiga ishga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Jizzax viloyati. Fuqaro Q.Z. 8 ming dollar evaziga Koreyaga yuborish uchun ishchi vizasi rasmiylashtirib berish va ushbu davlatda ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan. U bu ishni go‘yoki Migratsiya agentligida yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali amalga oshirishini bildirgan. Q.Z. aytilgan puldan oldindan 3 ming dollar olganda departament xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda ushlangan.
Qashqadaryo viloyati. Fuqaro X.S. 165 mln so‘m evaziga 2 nafar fuqaroni Koreyaga yuborish uchun ishchi vizasini rasmiylashtirib berishini va’da qilgan. U ushbu pullar hisobidan 7 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion sxema fosh etilgandi.
Jamiyat
Dam olish kunlari ba’zi joylarda 39-41 daraja issiq kuzatiladi
Dam olish kunlari O‘zbekistonda quruq ob-havo kutiladi.
Bugun kunduzi O‘zbekiston bo‘yicha quruq va asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 30-35 daraja atrofida, janubida va cho‘l hududlarda 37-39 darajagacha bo‘ladi.
Dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi. Shanba kuni faqat Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ayrim joylarda kunning ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Yakshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.
Havo harorati asosan kechalari 17-22 daraja, kunduz kunlari 32-37 daraja, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 39-41 darajagacha bo‘ladi.
15-16-mayda shimolda va cho‘l hududlarda, 17-mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida esa 20-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 15-17-may kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda 15-16-may kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 16-mayda kechga tomon biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 32-34 daraja bo‘ladi. 17-may – yakshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 34-36 daraja bo‘ladi.
Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 16 mayda 10-12 m/s gacha kuchayishi, shaharning ayrim joylarida chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Jamiyat
Saida Mirziyoyeva Buxorodagi bog‘cha va poliklinikani ko‘zdan kechirdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buxorodagi ta’mirtalab bog‘cha va poliklinikani ko‘zdan kechirdi.
«Hududlarga safarlarimiz – Prezident topshiriqlari ijrosining qat’iy nazorati va joylardagi har bir muammoga qaratilgan e’tibordir. Biz Buxoroda ko‘zdan kechirgan bog‘cha va poliklinikalarning ahvoli nihoyatda achinarli, ularni zudlik bilan ta’mirlash talab etiladi. Bu bolalarimizning kelajagi uchun zarur», deya ta’kidlaydi Saida Mirziyoyeva.
1977-yilda ochilgan 21-sonli bolalar bog‘chasi qaytadan quriladi, 46 ming nafar odamga xizmat ko‘rsatadigan 9-sonli poliklinika uchun esa yangi bino barpo etiladi. Hozirda mazkur muassasa 1972-yilda qurilgan, tibbiy standartlarga javob bermaydigan binoda – kam ta’minlangan fuqarolar uchun mo‘ljallangan yotoqxonada joylashgan. Ushbu bino ham to‘liq ta’mirlanadi va u yerda yashovchilarning sharoitlari yaxshilanadi.
Bundan tashqari, ikki yil ichida viloyatning chekka tumanlarida joylashgan yana 36 ta poliklinikani rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Jamiyat
15 may – Xalqaro iqlim kuni. Bu qanday kun?
15 may butun dunyoda Xalqaro iqlim kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sanada insoniyat e’tibori zamonamizning eng jiddiy tahdidlaridan biri – global iqlim o‘zgarishi muammosiga qaratiladi. Bugungi kunda ekologik muvozanatni saqlash, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish hamda barqaror rivojlanishga o‘tish masalalari xalqaro kun tartibining ustuvor yo‘nalishlariga aylanmoqda.
Ko‘plab mamlakatlarda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, o‘rmonlarning kesilishini kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda.
Bizning hissamiz
O‘zbekiston ham global iqlim kun tartibida faol ishtirok etib, barqaror rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirib kelmoqda. Joriy yilning 22 aprel kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ekologik barqarorlikni shakllantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi” rezolyusiyasi qabul qilindi. Bu esa mamlakatning ekologiya sohasidagi sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda e’tirof etilganining muhim tasdig‘iga aylandi.
Davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri «yashil» energetikani rivojlantirish bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda quyosh va shamol energetikasi jadal rivojlanmoqda, xalqaro investorlar ishtirokida yirik infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilmoqda hamda an’anaviy uglerod talab qiluvchi energiya manbalariga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda mamlakat generatsiya quvvatlarida «yashil» energetikaning ulushi 30 foizga yetdi, 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkichni 50 foizdan oshirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, mamlakatda energiya samaradorligini oshirish va sanoatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish energiya iste’molini kamaytirish, issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish va barqaror iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Metan chiqindilarini kamaytirish, «yashil» moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda uglerod tartibga solish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Iqlim siyosati
Iqlim siyosatining muhim tarkibiy qismlaridan biri chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirishdir. Yaqin yillarda aholining qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish xizmatlari bilan qamrovi 95 foizga yetishi, chiqindilarning bir qismidan esa energiya ishlab chiqarishda foydalanilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda ekologik toza transport faol rivojlantirilmoqda, elektrotransportdan foydalanish kengaymoqda hamda zararli chiqindilarni kamaytirish va shahar muhiti sifatini yaxshilashga qaratilgan «yashil» shahar koridorlari yaratilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi sohasidagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonda issiqxona gazlari tashlamalarini hisobga olish, monitoring qilish va hisobot yuritishning zamonaviy tizimi shakllantirilmoqda, milliy iqlim infratuzilmasi rivojlantirilmoqda hamda xalqaro ekologik boshqaruv standartlari joriy etilmoqda.
Ekotizim
Ekotizimlarni tiklash va Orolbo‘yi ekologik inqirozi oqibatlariga qarshi kurashish alohida yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Hududda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va Orol dengizi qurishi oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan yirik o‘rmon-melioratsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” tashabbusi doirasida 6,1 million gektar maydonda, jumladan, Orolbo‘yining 2,3 million gektar hududida o‘rmonlarni tiklash ishlari olib borilmoqda, shuningdek, 1 milliard daraxt ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar allaqachon mintaqadagi eng yirik ekologik tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etilgan.
Toza energetika hajmining ortishi va «yashil» sanoatning rivojlanishi nafaqat atrof-muhitga tushadigan yuklamani kamaytirmoqda, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush sifatini yaxshilash va yanada qulay shahar muhitini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Ayniqsa, iqlim xavflariga moyil hududlar aholisi uchun olib borilayotgan islohotlar muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va boshqa iqlim xatarlariga bardoshlilikni oshirishga yordam bermoqda.
E’tirof
Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning iqlim siyosati borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholamoqda. Jahon banki BMT Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro tashkilotlar mamlakatning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va ekologik investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratishdagi barqaror taraqqiyotini e’tirof etmoqda. O‘zbekistonning Parij kelishuvi doirasida yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissasi (HDC 3.0)ni taqdim etgani munosabati bilan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ijrochi kotibi Simon Stiyell tomonidan yo‘llangan minnatdorlik maktubi xalqaro e’tirofning yana bir muhim tasdig‘i bo‘ldi.
Yangi majburiyatlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2035 yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010 yil darajasiga nisbatan 50 foizga qisqartirish va 2055 yilga qadar uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan. Ushbu maqsadlar mamlakatning nafaqat xalqaro majburiyatlarni bajarishga, balki uzoq muddatli barqaror va past uglerodli rivojlanish modelini shakllantirishga intilayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalarida faol va mas’uliyatli pozitsiyani namoyon etmoqda. Izchil ekologik siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va xalqaro hamkorlik mamlakatning ekologik xavfsizlik hamda kelajak avlodlar uchun barqaror kelajakni ta’minlashga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini tasdiqlamoqda.
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston ko‘proq nimalarni import qilmoqda?
-
Iqtisodiyot5 days agoChorvachilik va yaylov xo‘jaligi agentligi rahbari o‘zgardi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekistonda 800 ga yaqin davlat xizmatlarini tartibga solish ko‘zda tutilgan
-
Siyosat4 days ago
Putin Yevropa bilan muzokaraga kirishish shartini aytdi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Toshkent metropolitenini 2035 yilgacha kengaytirishni maʼqulladi
-
Siyosat4 days ago
Trampga 80 kunlik muddat nima berdi? (video)
-
Iqtisodiyot4 days ago
13-maydan dollar yana ko‘tariladi
-
Iqtisodiyot3 days ago«Bunyodkor» – Rivaldo mojarosi. Vaziyat jiddiylashdi
