Siyosat
Putin Yevropa bilan muzokaraga kirishish shartini aytdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Yevropa Ittifoqi bilan muzokara olib borishga rozi ekani, ammo buning uchun Yevropadan Rossiyaga qarshi «turli bo‘lmag‘ur gaplar»ni aytmagan shaxs muzokarachi sifatida yuborilishi kerakligini aytdi.
«Shaxsan men (muzokarachi sifatida) Germaniya Federativ Respublikasi sobiq kansleri janob Shryoderni afzal ko‘rgan bo‘lardim», – degan Putin.
Moskva muzokarachi sifatida nemis siyosatchisi Gerhard Shryoderni ma’qul ko‘rgani Yevropada xavotir bilan qarshilandi.
Xususan, Germaniya tomoni Putinning bu tashabbusini «soxta takliflar turkumi»ning bir qismi deb baholamoqda.
Nemis hukumati bu taklifga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirgan va Putinning so‘zlarini «ma’lumot uchun qabul qilgani» ni aytish bilan cheklangan.
Germaniya matbuoti esa Shryoderning vositachi bo‘lishi haqidagi taklifni ochiq-oshkora tanqid qilgan.
«Germaniyaning sobiq kansleri uzoq vaqt mobaynida Rossiya qaramog‘ida bo‘lgan (Shryoder kanslerlikdan ketgach, uzoq yillar mobaynida Rossiya shirkatlarida ishlab, rus hukumatidan maosh olgani nazarda tutilmoqda – tahr.). Demak, u Kiyev va Moskva, shuningdek, Yevropa va Moskva o‘rtasida betaraf vositachi bo‘la olmaydi. Shryoder – Putinning odami. Lavozimdan ketgach, u katta pul evaziga Rossiya foydasiga ishlagani uni bugun diplomat bo‘lish huquqidan mahrum etadi», – deb yozgan Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasi.
Süddeutsche Zeitung nashri ham Shryoder haqidagi taklifni Putinning Yevropada sarosima va notinchlik uyg‘otishga qaratilgan manipulyasiyasi deb atagan. Bu hol Moskva bilan muzokaralar murakkab va mushkul kechishini ham anglatadi.
Sotsial-demokratlar partiyasi vakili bo‘lgan G.Shryoder 1998-2005-yillarda kansler vazifasida faoliyat yuritgan. Hukumat boshlig‘i kursisidan ketganidan buyon Rossiyaning yirik energetika shirkati ؘ– «Rosneft» direktorlar kengashi rahbari lavozimida faoliyat yuritib keladi. Ukrainaga bosqin ortidan Shryoderning Kreml manfaatlariga qaratilgan faoliyatiga nisbatan norozilik kuchaygan.
Olmon matbuoti ko‘pdan buyon Shryoderni kremlparastligi bilan amaldagi hukumatni o‘ng‘aysiz holatga solayotgani, faqat shaxsiy manfaatlarini ko‘zlayotganini tanqid qilmoqda.
Olmon jamoatchiligi ham sobiq hukumat rahbarining Ukrainani xonavayron qilayotgan siyosatchi bilan do‘stligidan xursand emas. Hatto Germaniyadagi ayrim qahvaxonalar Shryoder va rafiqasining kirishini taqiqlagan.
2014-yilda Shryoder Sankt-Peterburgda 70 yillik yubileyini nishonlagan va tantanada shaxsan Putin qatnashgan edi. Rossiya–Ukraina ziddiyati avjiga chiqqan kunlar sobiq kanslerning G‘arb raqib o‘laroq ko‘radigan davlatda bayram qilishi Germaniya jamoatchiligining keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.
2018-yili Putinning navbatdagi inauguratsiya lavozimida Shryoder ishtirok etgan va Rossiya prezidentining xos a’yonlari qatorida – patriarx Kirill va Dmitriy Medvedev bilan yonma-yon turgan edi. O‘shanda ham olmon matbuoti o‘zini xorijiy davlat rahbarining mulozimi kabi tutayotgan sobiq kanslerni keskin qoralagandi.
2022-yilda sobiq kansler Shryoder Putin bilan do‘stona munosabatlar hamda Rossiya shirkatlaridagi mo‘may daromadli lavozimdan voz kechmayotgani sababli ayrim rasmiy imtiyozlardan mahrum etilgan.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
