Mahalliy
Issiqdan saqlanishning 11 usuli
Issiq kunlar inson organizmi uchun jiddiy sinov hisoblanadi. Tana o‘zini sovitish uchun terlaydi, qon aylanishini tezlashtiradi va ko‘proq suv sarflaydi. Agar tana harorati oshib ketsa, bu holat charchoq, suvsizlanish, qon bosimining buzilishi, hatto issiq urishiga olib kelishi mumkin.
Quyidagi usullar nafaqat xalqona tajriba, balki tibbiy va ilmiy tavsiyalarga ham asoslangan.
Chanqashni kutmay suv iching
Inson tanasining 55–70 foizi suvdan iborat. Issiqda terlash orqali organizm soatiga 1–3 litrgacha suv yo‘qotishi mumkin. Suv kamaysa, tana o‘zini sovita olmay qoladi. Shuning uchun har 20–30 daqiqada oz-ozdan suv ichish, muzdek emas, salqin suv tanlash kerak.
Kunning eng qizigan vaqtida tashqariga chiqmang
Soat 11:00–17:00 oralig‘ida ultrabinafsha nurlar va havo harorati eng yuqori bo‘ladi. Bu vaqtda organizm juda tez qizib ketadi. Agar tashqariga chiqish shart bo‘lsa, soyada yuring, tez-tez dam oling. Bosh kiyim kiying, og‘ir yuk ko‘tarmang.
Och rangli va yengil kiyim kiying
Qora kiyim quyosh nurini ko‘proq yutadi. Paxta, zig‘ir yoki nafas oluvchi matolar esa terning bug‘lanishini yengillashtiradi. Shifokorlar keng kiyim, och rang, tabiiy mato issiqda eng yaxshi himoya vositalaridan biri ekanini ta’kidlaydi.
Xonani to‘g‘ri soviting
Issiq havoda beton va asfalt kechasi ham issiqlikni saqlab qoladi. Shuning uchun kunduzi parda va jalyuzilarni yopish, kechqurun va ertalab shamollatish, ventilyator yoki konditsionerdan foydalanish muhimdir.
Ammo mutaxassislar bir jihatni eslatadi: xona harorati juda yuqori bo‘lsa, ventilyator ham ba’zida zarar keltirishi mumkin.
Sovuq dush yoki nam sochiqdan foydalaning
Salqin suv teridagi qon tomirlarini sovitadi va tana haroratini pasaytiradi. Eng samarali joylar: peshona, bo‘yin, qo‘ltiq osti, tizza orqasi. Chunki bu yerlarda qon tomirlari yuzaga yaqin joylashgan.
Ovqatlanishni yengillashtiring
Yog‘li va og‘ir ovqat hazm bo‘lishi uchun organizm ko‘proq energiya sarflaydi. Bu esa tana haroratini yana oshiradi. Issiq kunlarda tarvuz, bodring, qovun, ko‘katlar, yogurt, yengil salatlar ancha foydali hisoblanadi.
Elektrolitlar haqida unutmang
Ter bilan faqat suv emas, natriy, kaliy va magniy ham chiqib ketadi. Shu sababli ba’zi odamlarda mushak tortishishi, kuchsizlik, bosh aylanishi va ko‘ngil aynishi kuzatiladi. Shu holatda ma’danli suv, ayron, elektrolitli ichimliklar, meva yordam beradi.
Jismoniy harakatni to‘g‘ri vaqtga ko‘chiring
Sport yoki og‘ir mehnat vaqtida organizm yanada ko‘proq qiziydi. Shuning uchun ertalab, kechqurun salqinda mashq qilish xavfsizroq.
Mashinada qolmang
Quyosh ostida turgan avtomobil ichi bir necha daqiqada o‘ta xavfli darajada qizib ketadi. Hatto oyna yarim ochiq bo‘lib, mashina soyada tursa ham ichkarisi juda tez qizishi mumkin. Bolalar va keksalar uchun bu ayniqsa xavfli.
Issiq urishining belgilariga e’tibor bering
Quyidagi belgilar xavfli signal hisoblanadi: kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, haddan tashqari terlash, keyinchalik terlashning to‘xtashi, hushdan ketish. Bu issiq urishi boshlanayotganidan darak berishi mumkin. Bunday paytda holsiz odamni soyaga olib o‘tish, nam sochiq bosish va “tez yordam” chaqirish kerak.
Bir-biringizni kuzatib turing
Issiqdan eng ko‘p jabr ko‘radiganlar keksalar, bolalar, yurak-qon tomir kasalligi borlar, homilador ayollar hamda tashqi mehnat bilan shug‘ullanuvchilardir. Shuning uchun yaqinlar, qo‘shnilar va yolg‘iz yashaydigan odamlardan xabar olib turish juda muhim.
Qiziqarli ilmiy fakt
Inson organizmi normal holatda 36.5–37°C atrofida ishlaydi. Agar tana harorati 40°C ga yaqinlashsa, miya va ichki a’zolar faoliyati izdan chiqishi mumkin. Shu sababli issiq urishi tibbiyotda favqulodda holat deb hisoblanadi.
Akbar Fathullayev
Mahalliy
Bolangizga qanday meros qoladi?
Hammasini o‘zingizdan boshlang. Bolangizga ming o‘git bermang, agar siz ishonmasangiz, o‘zingizni sevmasangiz, o‘rnak bo‘la olmasangiz, u gaplaringizga quloq solmaydi. Siz bolaga ichki holatingizni hadya etasiz.
Moddiy boylikdan ko‘ra ma’naviy boylikni meros qilib qoldiring. Inson dunyodan o‘tib ketganida, ota-onasidan qolgan pullarni tezda yo‘qotadi, ma’naviy boylikni esa butun umr ishlatadi, shu bilan birga moddiy boyligini ko‘paytiradi. Farzand uchun o‘qituvchilar, murabbiylar, ustozlarning ahamiyati katta, ammo uning tarbiyasidagi poydevorni siz qo‘yasiz. Shu sababli ota-onalar hayotining oxirigacha o‘z ustida ishlashlari lozim.
Afsuski, oxirgi paytlarda aksariyat ota-onalar ma’nan o‘smay qolishyapti, farzandlari ulardan o‘zib ketib, o‘rtada nizolar yuzaga kelmoqda.
Kezi kelganda, farzandingizdan uzr so‘rashdan uyalmang. Agar sizga noto‘g‘ri muomala qilsa, xafa bo‘lasiz-ku, nima uchun bola sizdan ranjimasligi kerak?! Uning tarbiyasi yo‘lida «Bolajonim, mana bu joyda xatoga yo‘l qo‘yibman, mendan o‘tibdi, xafa bo‘lmagin», deb qo‘ying. Shunda farzandingiz sizga, jamiyatga kerak ekanligini ko‘proq his etadi.
(«Go‘zal hayot tilsimi» kitobidan).
Mahalliy
Buxoroni yondirgan «Media haftalik» endi Farg‘onani portlatadi!
Sharq gavhari Buxoroda haqiqiy media-inqilob yuz berdi! Uchinchi kunning o‘zidayoq ishtirokchilar shunchaki bilim olishmadi, balki zamonaviy medianing haqiqiy drayverlariga aylanishdi.
Oddiy voqeadan ham trend darajasidagi kontent yaratish, kutilmagan rakurslar va yangi qahramonlar kashf etildi!
Jurnalistika, SMM, mobilografiya, mediaxavfsizlik va eng asosiysi, sun’iy intellekt (AI) bo‘yicha eng sara mahorat darslari yakunlandi.
Qatnashchilar media maydonida o‘z ovozi va shaxsiy brendiga ega bo‘lgan chinakam ijodkor sifatida shakllanishdi!
Buxoro marafonni yuqori notada yakunladi, lekin to‘xtash yo‘q! Energiya va shiddat endi vodiyga ko‘chmoqda!
18–22-may kunlari Farg‘ona viloyati raqamli kontent va media olamining markaziga aylanadi! Agar siz trendda bo‘lishni va sohani ichidan portlatishni xohlasangiz, bu imkoniyatni o‘tkazib yubormasligingiz kerak.
Matbuot kotiblari, jurnalistlar, blogerlar, SMM mutaxassislari, mobilograflar va kontent yaratishga qiziquvchi barcha farg‘onalik kreativ yoshlarni navbatdagi «Media haftalik»ka chorlaymiz.
«Farg‘ona ekspo» markazida bo‘lib o‘tuvchi «Media haftalik»da ishtirok etish uchun viloyat hokimligi axborot xizmati, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi yoki 91-730-45-69 telefoniga zudlik bilan bog‘laning!
Mahalliy
O‘zbekistonda o‘qituvchilarga farzandlarining kontrakt to‘lovlari uchun chegirma berilishi mumkin
O‘zbekistonda pedagoglar farzandlarining kontrakt to‘lovlariga chegirma berish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.
Bu haqda muhokamaga qo‘yilgan «Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi hujjat loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab har yili davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan hamda tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari to‘lov-kontrakt summasi uchun 30 foiz miqdorida chegirma joriy etish taklif etilmoqda.
Chegirma bilan bog‘liq xarajatlar 2026 yilda davlat budjeti hisobidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi. 2027 yildan boshlab esa ushbu xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishi rejalashtirilgan.
Mahalliy
Oila: Birgalikdagi yolg‘izlik…
Uy ichi jim-jit. Mehmonxonada ota o‘tiribdi, qo‘lida telefon, barmoqlari tinimsiz ekran yuzida sirg‘aladi, “Shorts” va “Reels”ning cheksiz olami uni rom qilgan. U yerda kimlardir raqsga tushadi, kimdir hazil qiladi, yana kimdir baqiradi. Ota shu yerda, oilada, lekin aslida u yo‘qdek.
Ro‘paradagi divanda onaning nigohi televizorga qadalgan, u ekrandagi ayolning taqdiri uchun kuymoqda. U serialdagi begona ayolning ichidagi g‘am-g‘ussasini o‘z jigarining dardidan ko‘ra yaxshiroq biladi.
Farzandlardan biri o‘z burchagida – virtual o‘yinlar ichiga sho‘ng‘igan, eng kichkina mittivoy esa planshetni bemalol “boshqarib”, multfilmdan multfilmga “sakramoqda”…
Tashqaridan qaraganda ideal oila, lekin mazmunan to‘rtta alohida orolcha. Bu zamonamiz oilalar haqidagi eng mahzun tashxis: birgalikdagi yolg‘izlik.
Gapi tugab qolgan er-xotinlar…
Ayollar guruhlaridagi ba’zan anonim ayollar yozib qoladi: “Turmush o‘rtog‘im bilan faqat ro‘zg‘or va bolalar haqida suhbatlashamiz, xolos, boshqa gapimiz yo‘q”. Ko‘pchilik ayollar izohlarda “bizda ham shu ahvol” deydi, lekin ba’zida “men turmush o‘rtog‘im bilan soatlab gaplashsam ham gapimiz tugamaydi, hamma narsa biz uchun mavzu”, deganlar ham uchrab turadi. Gap bir biri bilan soatlab gaplashsa ham zerikmaydiganlar haqida emas, gap oilada birga yashayotgan yolg‘izlar haqida. Bir yostiqqa bosh qo‘ygan, bir dasturxonda ovqatlanadigan, lekin qalban, ruhan bir-biriga begonalar haqida. Tadqiqotchilar bu holatni shunchaki zamona zayli deb emas, balki ruhiyat uchun xavfli jarayon deb baholashmoqda.
Buyuk Britaniyaning Kent universiteti mutaxassislari “Fabbing” (“Phubbing” — (suhbatdoshni telefonga qarab mensimaslik) va oilaviy baxt o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, qaysi oilada fabbing, ya’ni suhbatdoshi qolib telefonga tikilish odati kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda depressiya va ichki nizolar darajasi yuqori bo‘ladi. Fabbing bu sherigingizga “sen men uchun ekrandagi mazmunsiz rasmlardan ko‘ra ahamiyatsizsan”, degan og‘riqli signalni yuborishdir. Bu signal yillar davomida to‘planib, oxiri oilaviy yolg‘izlikni keltirib chiqaradi.
Hatto stol ustida shunchaki yotgan smartfon ham odamlar o‘rtasidagi ishonch va mehr darajasini 30 foizgacha pasaytirar ekan. Bu ilm-fanda “raqamli sovuqlik” deb ataladi. Telefonning borligi inson miyasida “hozir meni chalg‘itishadi” degan signalni uyg‘otadi. Natijada, er yoki xotin yonidagi yaqiniga emas, ekrandan keladigan navbatdagi xabarga emotsional shay bo‘lib o‘tiradi.
Insoniyat tarixidagi eng davomli oilalar haqidagi (85 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘tkazilgan) Garvard tadqiqoti shuni isbotladiki, insonni baxtli va sog‘lom qiladigan narsa pul, shon-shuhrat yoki ijtimoiy mavqe emas, balki yaqin munosabatlarning sifatidir. Ya’ni oilali bo‘la turib o‘zini yolg‘iz his qilish, chin yolg‘izlikdan ko‘ra ijtimoiy va ruhiy jihatdan xavfliroq ekan. Oiladagi “birgalikdagi yolg‘izlik” yurak-qon tomir kasalliklari va ruhiy toliqishning asosiy sababchilaridan biriga aylanmoqda ekan.
Tadqiqot rahbari Robert Uoldinger shunday deydi: “Yolg‘izlik o‘ldiradi. Ijtimoiy aloqalar biz uchun foydali, yolg‘izlik esa zaharlidir. Bir uyda yashab, doimiy nizoda yoki sovuq munosabatda bo‘lish, ajrashib ketishdan ko‘ra salomatlik uchun zararliroqdir. Yolg‘izlikning eng og‘ir shakli, bu odamlar yo‘qligi emas, balki “sizni eshitishni xohlamaydigan odamlar davrasida qolishdir”.
Yana bir guruh oilaviy psixologlarning ta’kidlashicha, ko‘p oilalarda muloqot faqat funksional darajaga tushib qolgan: “Non oldingizmi?”, “Bugun bolani bog‘chadan kim oladi?”, “Svetga yoki gazga pul to‘lash kerak”, bo‘ldi, er-xotinning gaplashadigan boshqa biror bir mavzusi yo‘q. Ya’ni ko‘pgina oilalarda er-xotin bir-biriga juftlik, inson sifatida emas, funksiya sifatida qarashga o‘tib qolishgan. Masalan, xotin oshpaz, uy tozalovchi, er pul topuvchi, bola baho olib keluvchi, aytilgan topshiriqlarni bajaruvchi. Ularning ichida nima bo‘layotgani, nima qiynayotgani, nimadan qo‘rqayotgani, nimani orzu qilayotgani bilan hech kimning ishi yo‘q.
“Mukammal notanishlar” filmidan kadr
Italiyalik rejissyor Paolo Jenovezening “Mukammal notanishlar” filmida aytilganidek: “Bizning hayotimiz smartfonlarga shunchalik bog‘langanki, ular bizning eng yaqin sirdoshimizga aylanib bo‘lgan, yonimizdagi inson esa shunchaki qo‘shni.
Bu telefonlar hayotimizning qora qutisi bo‘lib qoldi. Agar bir-birimizning telefonlarimizga qaraganimizda edi, qancha juftliklar ajrashib ketgan bo‘lardi?”
Bu oilada bolalar o‘zini qanday his qiladi?
Massachusets Texnologiya instituti professori Sherri Tyorkl o‘zining “Birgalikdagi yolg‘izlik” (Alone Together) kitobida zamonaviy bolalarni “raqamli yetimlar” deb ataydi.
U bunday oilalarni bir joyda to‘plangan, lekin har biri o‘z dunyosiga qamalgan atomlarga o‘xshatadi: “Bu bolalarning ota-onasi bor, lekin ularning nigohi doimo ekranda. Ota-onasi ekranga bog‘lanib qolgan oilalarda o‘sayotgan bolalar “suhbat san’ati”ni yo‘qotishmoqda. Bola uyda gapirishni emas, jim o‘tirishni o‘rganyapti. Chunki u gapirsa, otasi yoki onasi telefonidan bosh ko‘tarmay ha, ha, deb qo‘ya qoladi. Biz oilaviy yolg‘izlikni shunchaki zamon shunaqa, deb oqlaymiz. Lekin bolalikda ota-onasining mehrini emas, balki ularning telefonga tikilgan nigohini ko‘rib o‘sgan bolalarda kelajakda muloqot qilish va his-tuyg‘ularini ifodalashda jiddiy to‘siqlar paydo bo‘ladi. Natijada, bola ham o‘z olamining ichiga kirib ketadi.”
Uning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadi: ota-onasi smartfonga bog‘lanib qolgan bolalar o‘zlarini ikkinchi darajali mehmondek his qila boshlaydilar. Bolalar ota-onasining ko‘ziga qarab gapirish uchun ularning telefondan boshini ko‘tarishini soatlab kutishga, ularning diqqatini tortish uchun smartfon bilan raqobatlashishga majbur. Bu raqobatda bola yutqazgan sayin, uning ichida “men qiziq emasman, men kerak emasman”, degan ulkan yolg‘izlik hissi ildiz otadi.
Statistika shuni ko‘rsatadi: zamonaviy oila a’zolari sutka davomida bir-birlari bilan yuzma-yuz, ko‘zga qarab atigi 15-20 daqiqa suhbatlashar ekan. Qolgan vaqt ekranlarga, maishiy yumushlarga yoki sukunatga sarflanadi.
Aytilishicha, inson miyasi ekrandan kelayotgan tezkor dofaminga o‘rganib qolganidan yonidagi yaqinining oddiy, ba’zan esa muammoli gaplari unga zerikarli tuyula boshlaydi.
Ha, oilaviy yolg‘izlik sekin ta’sir qiluvchi zahar. U bir kunda oilani buzmaydi, lekin yillar davomida mehr rishtalarini zaiflashtiradi va oxir-oqibat odamlarni faqat umumiy kredit, ipoteka yoki farzandlar oldidagi majburiyatgina birlashtirib turadi. Qalblar esa allaqachon alohida manzillarda yashaydi. Ikki inson bitta qayiqda bo‘lishi mumkin, lekin har biri boshqa-boshqa yo‘nalishga eshkak eshayotgan bo‘lsa, bu qayiq manzilga yetib bormaydi.
Hammasi shundan boshlanadi: avval gaplar kamayadi, keyin nigohlar to‘qnashishdan qochadi. Va nihoyat, uy ichi jimjit. Lekin bu tinchlik, xotirjamlik, rohat-farog‘at belgisi emas.
Barno Sultonova
Mahalliy
Noyob tarixiy xazinalar O‘zbekistonga qaytdi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarix yana bir bor «tilga kirdi». Markazda tashkil etilgan ilmiy kengash yig‘ilishida nafaqat noyob artefaktlar, balki asrlar qa’rida yo‘qolib ketgan madaniy xotiraning o‘zi jamoatchilikka taqdim etildi.
Ilk bor keng ilmiy doiralarga namoyish etilgan ushbu osori atiqalar xalqaro darajadagi murakkab qidiruv va hamkorliklar natijasida O‘zbekistonga qaytarildi. Ularning ortida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshidagi Heritage Crime Task Force, London politsiyasining san’at va antikvar jinoyatlarga qarshi bo‘limi, Art Loss Register hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va WOSCU ishtirok etgan yirik xalqaro amaliyot — Operation Inherent Vice turadi.
Taqdim etilgan artefaktlar Markaziy Osiyoning ming yillik sivilizatsion qatlamlarini o‘zida mujassam etgan. Kushonlar davriga oid haykal boshlari, buddaviy devoriy suratlar, sug‘diy madaniyati izlari, Fayaztepa va Qoratepadan topilgan noyob osori atiqalar — bularning har biri tarixning tirik guvohidek taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, II–VIII asrlarga mansub devoriy suratlar va Gandhara uslubidagi terrakota hamda shtuko haykallar yig‘ilish ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar fikricha, bu topilmalar nafaqat diniy yoki madaniy meros, balki qadim sivilizatsiyalar o‘rtasidagi badiiy va ma’naviy uyg‘unlikning noyob dalili hisoblanadi.
Tadbirda XV asrga oid temuriylar davri kenotafi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Murakkab naqshlar, nozik bitiklar va she’riy yozuvlar bilan bezatilgan ushbu yodgorlik Markaziy Osiyo memorial san’atining eng noyob namunalaridan biri sifatida baholandi.
Yig‘ilish davomida ushbu artefaktlarni restavratsiya qilish, ilmiy tadqiq etish, xalqaro kataloglarga kiritish va muzey ekspozitsiyalariga tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU raisi Firdavs Abduxoliqov bu jarayonni mamlakat madaniy siyosatidagi muhim burilish sifatida baholadi:
«Bu noyob artefaktlarning yurtimizga qaytarilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida madaniy merosni asrash va uni dunyo miqyosida himoya qilish borasida olib borilayotgan izchil siyosatning amaliy natijasidir».
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan ushbu taqdimot nafaqat tarixiy voqea, balki millat xotirasi, madaniy o‘zlik va sivilizatsion merosni qayta tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston ko‘proq nimalarni import qilmoqda?
-
Iqtisodiyot5 days agoChorvachilik va yaylov xo‘jaligi agentligi rahbari o‘zgardi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Toshkent metropolitenini 2035 yilgacha kengaytirishni maʼqulladi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekistonda 800 ga yaqin davlat xizmatlarini tartibga solish ko‘zda tutilgan
-
Siyosat4 days ago
Putin Yevropa bilan muzokaraga kirishish shartini aytdi
-
Iqtisodiyot4 days agoSoliq organlari plastik karta orqali tushumlarni o‘rganmoqda
-
Siyosat5 days ago
Trampga 80 kunlik muddat nima berdi? (video)
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Trump Eronga yangi harbiy bosimni ko’rib chiqmoqda – Axios
