Iqtisodiyot
2025 yilda eng katta davlat qarziga ega mamlakatlar
2025 yilda jahonda davlat qarzi hajmi 110,9 trln dollarga yetdi. Lekin uning asosiy qismi aynan qaysi mamlakatlarga to‘g‘ri keladi?
Ushbu infografikada 2025 yilda eng yuqori umumiy davlat qarziga ega davlatlar ko‘rsatilgan. Ma’lumotlar Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning 2025 yil oktyabr oyidagi “Jahon iqtisodiyoti rivojlanish istiqbollari”ning so‘nggi nashridan olingan.
Yetakchi beshlik — AQSh, Xitoy, Yaponiya, Buyuk Britaniya va Fransiya — jahon davlat qarzining uchdan ikki qismini to‘plagan, bu jami 74,8 trln dollarni tashkil etadi.
AQSh hanuz birinchi o‘rinda bo‘lib, 38,3 trln dollarlik davlat qarziga ega — bu global qarz massasining salkam uchdan bir qismidan ko‘prog‘iga to‘g‘ri keladi. Undan keyin Xitoy va Yaponiya 18,7 trln va 9,8 trln dollar miqdoridagi qarzlar bilan joylashgan. Bu uch yetakchi mamlakat ulushi jami jahon qarzining 60 foizini tashkil etishini anglatadi.
Keyingi o‘rinlarda Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya 4,1 trln, 3,9 trln va 3,5 trln dollarlik davlat qarzi bilan bormoqda. Bu rivojlangan iqtisodiyotlar odatda absolyut ko‘rsatkichda ham, YaIMga nisbatan ham yuqori qarz yukiga ega — keng ko‘lamli fiskal dasturlar va aholining qarishi bilan izohlanadi.
Foto: Visualcapitalist
Garchi AQShning davlat qarzi Xitoynikidan ikki baravardan ko‘proq bo‘lsa-da, 2025 yilda uning yillik o‘sishi foiz ifodasida unchalik katta bo‘lmadi.
2025 yilda AQSh davlat qarzi 2,9 trln dollarga oshgan bo‘lsa, Xitoy qarzi 2,2 trln dollarga ko‘paydi. Absolyut raqam kichikroq bo‘lsa-da, Xitoy qarzi foizda tezroq o‘sdi — yillik o‘sish sur’ati 13,6 foizni tashkil etdi, AQShda esa 8,4 foiz.
Yaponiyaning davlat qarzi/YaIM koeffitsiyenti (230 foiz) yuqoriligi bilan mashhur, ammo 2025 yilda bu ko‘rsatkich pasaydi, chunki mamlakat davlat qarzi taxminan 200 mlrd dollarga, ya’ni foiz ifodasida 2 foiz atrofidagina oshdi.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlik imtiyozlarini qo‘llamagan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortildi
Namangan viloyatida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasi tadbirkorlariga berilgan imtiyozlarning qo‘llanilishi yuzasidan Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi PF-2-sonli Farmoniga muvofiq, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha bir oylik oldindan to‘lov talabi bekor qilinganligi va bu tartib qo‘llanilishi Namangan viloyati misolida tahlil qilinganda 140 ta korxonaga nisbatan mazkur imtiyoz qo‘llanilmasdan, ulardan elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov undirib kelinganligini ko‘rsatdi.
Ko‘rilgan choralar natijasida 140 ta tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan imtiyoz qo‘llanilishi ta’minlandi. Oldindan to‘lov undirish amaliyoti to‘liq to‘xtatildi.
Shu bilan birga, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar sub’yektlariga qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan imtiyozlarni qo‘llamagan 5 nafar mansabdor shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 241-6-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston tashqi savdosi o‘sdi. Qaysi davlatlar asosiy hamkorlar?
2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 18 mlrd AQSh dollariga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 471 mln dollarga yoki 2,7 foizga ko‘pdir.
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, eksport hajmi 5,8 mlrd dollarga tushib, 29,3 foizga qisqargan. Import esa aksincha, 12,2 mlrd dollarga yetib, 30,8 foizga oshgan. Natijada tashqi savdo balansi 6,4 mlrd dollar manfiy saldo bilan shakllangan.
Maxsus eksport hisobga olinmaganda, tovarlar eksporti 26,2 foizga o‘sib, 3,48 mlrd dollarga yetgan.
O‘zbekiston hozirda jahonning 170 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini olib bormoqda. Tashqi savdoda asosiy ulush Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi — 25,6 foiz. 2026 yilning uch oyida bu mamlakat bilan savdo hajmi 4,6 mlrd dollarga yetdi.
Rossiya Federatsiyasi bilan savdo 3,28 mlrd dollar, Qozog‘iston bilan 1,3 mlrd dollar, Turkiya bilan 653 mln dollar va Afg‘oniston bilan 508 mln dollarga yetgan.
Shuningdek, Fransiya (488,9 mln), Koreya Respublikasi (463,6 mln), BAA (458,7 mln) kabi davlatlar bilan ham savdo hajmi o‘sgan. Turkmaniston bilan savdo 357,5 mln, Germaniya bilan 304,8 mln dollarga yetgan.
Hindiston (299,8 mln), Belarus (259,7 mln), AQSh (258,4 mln), Qirg‘iziston (221,7 mln) va Tojikiston (188,8 mln) bilan ham faol aloqalar saqlanib qolmoqda. Gonkong bilan savdo 155,7 mln, Eron — 151,4 mln, Italiya — 116,5 mln, Irlandiya — 102,7 mln va Ukraina — 94,4 mln dollarga yetgan.
Iqtisodiyot
Mart oyida qaysi hududlarda iste’molchilar eng ko‘p keshbek olgan?
2026-yil mart oyida O‘zbekistonda iste’molchilarga 216,8 mln chek uchun 168 mlrd so‘mdan ortiq keshbek to‘langan. Bu Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilgan.
Umuman olganda, 2026-yilning yanvar–mart oylarida 611,7 mln chek rasmiylashtirilib, ular bo‘yicha 447,3 mlrd so‘m keshbek qaytarilgan. Mart oyining o‘zida esa 6,1 mln nafardan ortiq foydalanuvchi ushbu tizimdan foydalangan.
Qayd etilishicha, mart oyida eng katta keshbek Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi — 49,7 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (22,9 mlrd so‘m), Andijon (20,2 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (17,1 mlrd so‘m) qayd etildi.
Shuningdek, Samarqand viloyatida 9,3 mlrd so‘m keshbek qaytarilgan. Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 8,5 mlrd, Xorazmda 8,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Navoiyda 3,5 mlrd, Jizzaxda 2,4 mlrd, Sirdaryoda 2,2 mlrd so‘m keshbek to‘langan. Qashqadaryoda 6,0 mlrd, Buxoroda 5,5 mlrd, Surxondaryoda 4,3 mlrd so‘m qaytarilgan. Namanganda 6,9 mlrd so‘mlik keshbek qayd etilgan.
Iqtisodiyot
Aholi daromadlarining oshishi sekinlashdi. Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi tafovut yanada kattalashgan
2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda aholi umumiy daromadlarining real o‘sishi 7,8 foizni, jon boshiga daromadlarning real o‘sishi esa 5,8 foizni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi – 10,3 foiz. Natijada poytaxt va eng past ko‘rsatkich kuzatilgan Namangan viloyati o‘rtasidagi daromadlar farqi 4 barobardan oshdi.
2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 263,2 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirib o‘tilgan.
Yanvar-mart oylarida aholi daromadlarining nominal ko‘rinishdagi o‘sishi 15,5 foizni, real o‘sish sur’ati esa 7,8 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich mos ravishda 20,9 va 9,8 foiz bo‘lgandi.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlar esa nominal qiymatda 13,5 foizga (2025 yilning mos davrida – 18,5 foiz), real ko‘rinishda 5,8 foizga (7,6 foiz) ko‘paydi. Natijada hisobot davrida aholi jon boshiga o‘rtacha daromad 6,9 mln so‘mni (5,9 mln so‘m) tashkil etdi.
Hududlar kesimida daromadlarning eng yuqori o‘sishi Toshkent shahri (+10,3 foiz), Navoiy viloyati (+8,9 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+6,9 foiz) qayd etilgan. Poytaxt va 3 ta viloyatda (Navoiy, Buxoro, Toshkent) aholi jon boshiga umumiy daromadlar respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan baland bo‘lgan.
Bu boradagi eng quyi ko‘rsatkichlar Namangan (4 mln 617 ming so‘m), Surxondaryo (4 mln 706 ming so‘m) va Qashqadaryo (4 mln 896 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan.
Hududlar kesimida daromadlarning o‘sishi
2018 yildan 2025 yilgacha – 7 yil ichida Toshkent shahrida aholi jon boshiga umumiy daromadlar nominal hisobda 4,5 barobarga yoki 16,2 mln so‘mdan 73,9 mln so‘mgacha ko‘paygan. Bu davrda respublikaning boshqa hech bir hududida 4 barobar o‘sish kuzatilmagan. Poytaxtdan keyingi eng yaxshi ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan – 3,6 barobar. Eng kichik o‘sish Jizzax viloyatida kuzatilgan – 2,9 barobar. 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, poytaxt va Namangandagi daromadlar farqi 4,13 barobarni tashkil etyapti.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yil birinchi choragi bilan taqqoslaganda poytaxtga nisbatan eng yuqori nisbiy kambag‘allashgan hudud Navoiy viloyati bo‘lgan. 2021 yilda o‘rtacha navoiylikning umumiy daromadi o‘rtacha toshkentlik umumiy daromadining 68,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich 55,1 foizgacha pasaygan (13,6 foiz band qisqarish).
Shuningdek, Toshkent (daromad ulushining qisqarishi 11,5 foiz band), Jizzax (-8,9 foiz), Sirdaryo (-8,6 foiz) hamda Buxoro viloyatlarida (-8,5 foiz) daromadlar poytaxt bilan taqqoslaganda nisbiy eng yuqori qisqargan.
«Qiziq jihati bu davrda hech qaysi hudud Toshkentga nisbatan nisbiy boyimagan (ya’ni daromad ulushi oshmagan). Ya’ni poytaxtda daromadlar boshqa hududlarga nisbatan doimiy yuqori o‘smoqda. Bu holat xizmatlar sohasidagi yuqori o‘sish bilan izohlanishi mumkin», deya qayd etgan iqtisodchi.
Aholining umumiy daromadlari tarkibi
Hisobot davrida aholi umumiy daromadlarining katta qismini yollanma ishchilarning daromadlari tashkil qilgan – 30,9 foiz. Shuningdek, mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar (29,8 foiz) hamda transfertlardan olingan daromadlar (27,5 foiz) ham salmoqli ulushni egallaydi.
Transfertlardan olingan daromadlarning ulushi Farg‘ona (35,9 foiz), Samarqand (36,6 foiz) va Andijon viloyatlarida (41 foiz) aholi umumiy daromadlariga nisbatan 35 foizdan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiy viloyatida mazkur daromad turining ulushi eng past – 14 foiz bo‘lgan.
Xususan, aholining umumiy daromadlarida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi 17,5 foiz bo‘lgan.
Pul o‘tkazmalariga eng katta bog‘liqlik Andijon (31,2 foiz), Samarqand (25,9 foiz) hamda Farg‘ona viloyatlarida (24 foiz) kuzatilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning ertangi farovonligi bugungi sarmoyalarga bog‘liq
Iqtisodchilar orasida «Xekman grafigi» degan tushuncha bor. Uning mazmuni oddiy: inson hayotining eng erta bosqichida kiritilgan 1 dollar sarmoya, keyinchalik oliy ta’lim yoki malaka oshirishga tikilgan 100 dollardan ko‘proq foyda keltiradi. Bolalikka sarmoya kiritish oddiy ijtimoiy xarajat emas, bu dunyodagi eng yuqori dividend beradigan strategik loyihadir.
Bu nazariy qarashlar Toshkentda bo‘lib o‘tgan YuNISEF, Jahon banki va rivojlanish bo‘yicha asosiy hamkorlarning muloqotida o‘zining amaliy tasdig‘ini topdi. Tadbirda taqdim etilgan «Markaziy Osiyoda 2050-yil avlodi» hisoboti O‘zbekiston uchun naqadar muhim demografik palla kelganini ko‘rsatmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatimiz aholisi 36 milliondan oshdi, 2050-yilga borib esa bu raqam 50 milliondan o‘tishi kutilmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilgan bolalar o‘zlarining to‘liq salohiyatining atigi 60 foizini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga egalar. Qolgan 40 foizlik boy berilgan imkoniyat — bu sog‘liqni saqlash, ovqatlanish va erta ta’lim tizimidagi bo‘shliqlardir.
Hisob-kitoblariga ko‘ra, erta yoshdagi ta’limga tikilgan har bir dollar kelgusida mamlakat iqtisodiyotiga 13 dollar bo‘lib qaytadi. Bu degani, bugun 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaratilgan e’tibor 2050 yilda O‘zbekiston Yalpi ichki mahsulotining (YaIM) qo‘shimcha 6 foizga o‘sishini ta’minlaydigan asosiy omildir.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin bugungi bolalar mamlakatning bo‘lajak mehnat resurslari ekanini alohida ta’kidladi: «Bolalarning yoshligidan qanday sharoitda voyaga yetgani keyingi hayotidagi imkoniyatlarini belgilaydi. O‘zbekiston inson kapitalini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarga ega: o‘sib borayotgan aholi soni, hukumatning kuchli siyosiy irodasi va zarur resurslar, hamda xalqaro hamkorlarning qo‘llab-quvvatlovi bilan mustahkamlanmoqda. Ushbu sohadagi kelgusidagi yutuqlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya va moliya sektorlarida davlatning muvofiqlashtiriligan yondoshuviga bog‘liq bo‘ladi. Jahon banki guruhi boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda hukumatni bolalarning erta rivojlanishi bo‘yicha kelajakdagi Milliy strategiyani amalga oshirishda qo‘llab quvvatlovga tayyor».
Bunday strategik ko‘mak va investitsiyalarning samaradorligi esa, eng avvalo, vaqt omiliga borib taqaladi. Zero, iqtisodiy resurslar va siyosiy irodani aynan inson hayotining qaysi bosqichida safarbar etish kerak degan savol eng muhim nuqta hisoblanadi. YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio bu borada vaziyatning naqadar kechiktirib bo‘lmas ekanini alohida ta’kidlab, asosiy e’tiborni tibbiy va biologik zaruratga qaratadi: «Besh yoshgacha bo‘lgan davrda inson miyasining 90 foizi shakllanib bo‘lishini hisobga olsak, keyingi 10-20 yil ichida qabul qilinadigan qarorlar mamlakat farovonligini yo tezlashtiruvchi, yoki boy berilgan imkoniyat sifatida tarixda qoladigan omil bo‘ladi».
Shu bilan birga, tadbir davomida faqat kelajakdagi maqsadlar emas, balki bugungi kunda to‘siq bo‘lib turgan jiddiy muammolar ham ochiq muhokama qilindi. YuNISEFning O‘zbekistondagi konsultanti Kristian Morabito o‘z taqdimotida O‘zbekistonda bolalar rivojlanishi yo‘lida zudlik bilan isloh qilinishi lozim bo‘lgan tizimli muammolarga to‘xtaldi:
«Biz kelgusida takomillashtirishimiz lozim bo‘lgan bir nechta strategik sohalar mavjud. Birinchi navbatda, bu — salomatlik va oziqlanish. Bugungi kunda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining 57 foizi aynan perinatal davrga to‘g‘ri kelayotgani bizni sergak torttirishi kerak. Shuningdek, onalar salomatligidagi kamchiliklar, xususan, tug‘ruqlar orasidagi vaqtning ikki yildan kamligi bolaning ilk rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Ikkinchi muhim yo‘nalish — maktabgacha ta’lim sifati. Biz nafaqat qamrovni kengaytirishimiz, balki ta’lim mazmuniga ham e’tibor qaratishimiz shart. Hozirda malakali pedagoglarning yetishmovchiligi va inklyuziv yondashuvlarning cheklangani eng zaif qatlamdagi bolalarning jamiyatdan uzilib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Eng asosiy vazifamiz — bolalar himoyasi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash. 2024-yilgi hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, 2,7 milliondan ortiq bola ko‘p o‘lchamli kambag‘allik sharoitida yashamoqda. Bundan tashqari, 3-4 yoshdagi bolalarning 60 foizidan ortig‘i oilada psixologik zo‘ravonlikka duch kelayotgani afsuslanarli holdir. Biz ijtimoiy ish xodimlarining salohiyatini oshirishimiz va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun xizmatlarni muvofiqlashtirilgan holda kengaytirishimiz lozim».
Tadbir yakunida O‘zbekiston hukumati va xalqaro hamkorlar investitsiyalarni aniq natijalarga aylantirish uchun bir qator strategik vazifalarni belgilab oldilar. Bunda asosiy e’tibor sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya tizimlarini uch yoshgacha bo‘lgan bolalar manfaati yo‘lida muvofiqlashtirish hamda oilalarga yo‘naltirilgan keng qamrovli xizmatlar paketiga o‘tishga qaratiladi. Shuningdek, ajratilayotgan mablag‘larning inson kapitalida aks etadigan real daromad keltirishini ta’minlash va bu jarayonda hukumat, xalqaro institutlar hamda xususiy sektor o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash choralari ko‘riladi.
B.Sultonova
-
Siyosat3 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat5 days agoToshkentda yirik hududlarda issiq suv taʼminoti 5 kunga toʻxtatilganini maʼlum qildi
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Siyosat5 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Jamiyat3 days agoMashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
-
Mahalliy4 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
-
Iqtisodiyot3 days ago«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
-
Dunyodan3 days ago
Ukraina va Yevropa Ittifoqi Isroilga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi
