Iqtisodiyot
«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga ko‘ra, oltin narxidagi o‘zgarishlarni bevosita inflatsiya bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. «Nima bo‘lgan taqdirda ham biz kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz. Erkin suzib yurishiga qo‘yib beramiz. Hozirgi noaniqliklar sharoitida erkin kurs bizga ko‘proq yordam beradi deb hisoblaymiz», dedi regulyator rahbari.
29 aprel kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri regulyator raisiga «Valuta bozoridagi taklif barqarorligi bevosita oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolishi bilan chambarchas bog‘liq. Agar yaqin oylarda jahon bozorida oltin narxi keskin korreksiyaga uchrab, pastlasa, Markaziy bankda so‘mning qadrsizlanishi va bu orqali keladigan import inflatsiyasini ushlab qolish uchun zaxira rejalar bormi?» degan savol bilan yuzlandi. MB rahbari Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, regulyatorning qat’iy pozitsiyasi kursning erkin suzib yurishini ta’minlash. Shu jihatdan kursga sun’iy ta’sir qilish siyosati bo‘lmaydi.
«Bizning iqtisodiyotga, budjetga, valuta tushumlariga oltin narxining ta’siri kichik emas. Lekin to‘g‘ridan to‘g‘ri inflatsiyani oltin narxi bilan bog‘lash, menimcha, noto‘g‘ri bo‘ladi. Valuta siyosatida qat’iy pozitsiyamiz kursning erkin suzib yurishini ta’minlash. O‘tgan yili ham tushumlar ko‘proq bo‘lgani uchun milliy valuta qadri oshdi. Bu yil dastlabki ikki oyda qadrsizlandi, mart oyida yana tiklandi, to‘rt oylik kursning o‘zgarishi mana nol foiz darajaga keldi. Nima bo‘lgan taqdirda ham biz kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz. Erkin suzib yurishiga qo‘yib beramiz. Hozirgi noaniqliklar sharoitida erkin kurs bizga ko‘proq yordam beradi deb hisoblaymiz.
Oltin narxi o‘zgarishining ta’siri bo‘ladi. Birinchi navbatda, ishlab chiqaruvchilardan oltinni jahon bozori narxlari bo‘yicha sotib olamiz va milliy valutada hisob-kitob qilamiz. Shuning uchun ham kurs balandroq bo‘lsa, ishlab chiqaruvchilarda qo‘shimcha daromad bo‘ladi, budjetga ko‘proq soliqlar tushadi. Biz esa valuta bozoridagi ishtirokimizni aynan shu oltinni sotib olgan miqdorga yaqinroq miqdor bilan shakllantiramiz, undan ortiq oshirish yoki pasaytirish hisobiga kursga sun’iy ta’sir qilish siyosatimiz yo‘q, bo‘lmaydi ham», dedi Ishmetov.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
