Jamiyat
1-may sanasidan O‘zbekistonda kutilayotgan o‘zgarishlar e’lon qilindi
2026-yil 1-maydan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar ro‘yxati taqdim etildi.
Har qanday darajadagi standartlardan foydalanishga ixtiyoriy tus beriladi, xalqaro (mintaqaviy, xorijiy) standartlarni respublika hududida qabul qilishning xalqaro amaliyoti joriy etiladi hamda standartlaring rasmiy ro‘yxati milliy standartlar darajasida shakllantiriladi.
Yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning loyiha hujjatlarida har bir pod’yezdga, liftlarga va tutash hududga kuzatuv kameralari, shuningdek, kirish eshiklariga domofon komplekslari o‘rnatish nazarda tutiladi.
«Umra» tadbiriga olib borish «Haj va Umra» yagona portalida majburiy ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.
Eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman (shahar) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan, sun’iy intellekt asosida faoliyat yuritadigan «Aqlli» migratsiya shoxobchalari (Smart migration stations) tashkil etiladi.
Xalqaro dasturlar («Stent for Life» va «Action Plan for Stroke») asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning quyidagi shaffof mexanizmi joriy etiladi:
– taqiq va cheklovlar reyestri yuritiladi, ularni o‘rnatishdan kamida 3 oy oldin «Yagona darcha» bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi;
– vakolatli davlat idoralari, ularning quyi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan har bir turdagi xizmatlar uchun yig‘imlar (to‘lovlar) miqdori va kalkulyasiyasi «Yagona darcha» bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi.
Arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda quyidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi:
– talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazishda tegishli arxiv muassasasi yoki tashkilot rahbarining tavsiya xati;
– mavzuli so‘rovlar to‘g‘risida ma’lumotnoma berishda so‘ralayotgan hujjatning nusxasi;
– davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini, shuningdek, Milliy arxiv fondining nodavlat qismiga kiritilgan arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berishda arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish yoki bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazish shaklini tasdiqlovchi hujjatlar;
– tijorat tashkiloti hujjatlarining belgilangan tartibda davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma. Bunda mazkur hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan Arxiv axborot tizimi orqali mustaqil ravishda olinadi.
Nogironlikni belgilash (bolalikdan nogironligi bo‘lgan, I va II guruh nogironlari) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yo‘llanmani shakllantirish va elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi.
Belgilanishicha, barcha turdagi litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi hamda faqat «Litsenziya» axborot tizimi yoki Yagona portal orqali amalga oshiriladi (bundan Markaziy bank hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining vakolatlariga taalluqli bo‘lgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari mustasno).
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat5 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport4 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
