Mahalliy
Xalqaro integratsiya va global raqobat uchun til bilishning ahamiyati
Hozirgi zamon – chegaralar deyarli sezilmaydigan, ma’lumotlar bir lahzada butun dunyoga yetib boradigan va kecha yangilik bo‘lgan bilimlar esa bugun eskiga aylanib ketadigan tezkor davr hisoblanadi. Millatning taraqqiyoti, davlatning xalqaro sahnadagi obro‘si va jamiyatning intellektual salohiyati endilikda faqat ichki resurslar bilan emas, balki dunyo jarayonlarida faol qatnashish qobiliyati bilan baholanmoqda. Shu sababli chet tillari, ayniqsa ingliz tili, qo‘shimcha ko‘nikma bo‘lib qolmay, XXI asrdagi eng muhim “kalit”, global imkoniyatlar eshigini ochuvchi strategik vositaga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda chet tillarini o‘rganish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanayotgani bekorga emas. Prezident tashabbuslari tufayli maktabdan to oliy ta’limgacha, davlat xizmatidan to xususiy sektorgacha – butun tizimda til o‘rganishning yangi, zamonaviy ekotizimi yaratilmoqda. Bu jarayon nafaqat ta’lim sifatini o‘zgartirayapti, balki mamlakatning global dunyoga integratsiyasini ham tezlashtirib, yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochayapti.
So‘nggi bir necha yilda O‘zbekistonda til o‘rganish haqiqiy umummilliy harakatga aylandi. Eng katta o‘zgarish esa xorijiy tillarga bo‘lgan jamiyatning talab va ehtiyoji keskin oshib bormoqda Bu esa kelajakning o‘zgarishlarga ochiq, global fikrlaydigan avlodni shakllanayotganligini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda qabul qilingan qarorlar chet tillarini o‘qitishni butunlay yangi tizimga aylantirdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda nafaqat ingliz tili, balki boshqa xorijiy tillarni o‘rganish keng qo‘llab-quvvatlanmoqda:
– xorijiy til bo‘yicha A2 va undan yuqori sertifikati bo‘lgan maktab bitiruvchilari texnikum, kollej va litseylarga o‘qishga kirishda chet tili fani bo‘yicha testdan ozod qilinadi va maksimal ball beriladi.
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xorijiy til o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga 6 oygacha kursga qatnashi har oyda BHMning 4 baravarigacha pul beriladi.
– xorijiy tillar bo‘yicha kamida S1 sertifikatini olgan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning testga kirish uchun to‘lagan pullari davlat hisobidan qaytarib beriladi.
– xorijiy tillar bo‘yicha B2 yoki undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar testdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.
– ta’lim muassasalarining kamida S1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega xorijiy tillar o‘qituvchilariga har oylik 50 foiz qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Kamida S1 sertifikatini olgan o‘qituvchilarning testga kirish uchun to‘lagan pullari davlat hisobidan qaytarib beriladi va ular attestatsiyadan ozod qilinadi.
– milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat xizmatchilari lavozim maoshiga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
– ommaviy axborot vositalarida kamida 1 yil asosiy ishi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlari xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori natijani olsa ularga ikki turdagi imtiyoz: xorijiy tilni o‘rganish xarajatlari uchun BHMning 15 baravarigacha pul beriladi va imtihon topshirish uchun to‘langan pullar to‘liq qoplab beriladi.
– qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitishni tashkil etish uchun tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha mahalliy budjetdan bir martalik subsidiya beriladi.
Bugungi kunga qadar xalqaro imtihon tizimlaridan yuqori ball to‘plagan yoshlarga 80 mlrd 42 mln so‘m mablag‘ ajratish orqali 42 779 nafar yoshlarning imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab berilgan. Albatta, bu kabi yaratilgan imkoniyatlar va berilgan imtiyozlar o‘z natijasini bermay qolmaydi.
Xususan, 2024-yilda birgina IELTS imtihonidan 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 2020-yilga nisbatan 5 baravarga, 7–8 ball (C1 daraja)ni qo‘lga kiritganlar 7,4 baravarga, 8,5–9 ball (C2 daraja) ga erishganlar esa 23,7 baravarga oshganligi kuzatilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganish shunchaki ta’lim sohasidagi islohot emas, balki jamiyat miqyosidagi katta ijtimoiy harakatga aylandi. Til o‘rganishga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi mamlakatning global maydonga chiqish istagi va yangi avlodning dunyo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishga bo‘lgan intilishi bilan uyg‘unlashdi.
Davlat tomonidan joriy etilgan keng qamrovli imtiyozlar tilni milliy rivojlanishning strategik drayveri sifatida ko‘rilayotganini namoyon qiladi.
Bu choralar natijasida til o‘rganish faqat shaxsiy rivojlanish emas, balki iqtisodiy foyda, ta’limga yo‘l, kasbiy o‘sish va global raqobatda ishonchli poydevorga aylandi.
Dunyo iqtisodiyoti, ayniqsa raqamli iqtisod, autsorsing xizmatlari, IT, ilmiy-tadqiqot, startaplar, xalqaro biznes munosabatlarida xorijiy tillarni ayniqsa ingliz tilini bilishni talab qilmoqda.
O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan strategik yo‘nalishlarida tashqi bozorlarga chiqish, investitsiya va texnologiya jalb etish, xalqaro kooperatsiyani kuchaytirish kabi vazifalar bor. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun:
– chet el manbalari bilan bevosita ishlaydigan mutaxassislar,
– xalqaro tadqiqotlarda ishtirok eta oladigan olimlar,
– dunyo bozoriga chiqishni maqsad qilgan tadbirkorlar,
– global muomaladan qo‘rqmaydigan yoshlarga ehtiyoj bor. Buning asosiy sharti esa chet tillarini egallash hisoblanadi.
Zamonaviy dunyoda xorijiy tillar xorijiy manbalar va axborotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkonini beradigan va ma’lumotlar eshigini ochadigan “kalit” sifatida tariflanmoqda.
Ilmiy maqolalarning 80 foizi ingliz tilida e’lon qilinadi. Innovatsiya, fan va texnika sohasidagi global bilimlar asosan ingliz tilida tarqaladi. Toshkentda o‘tirgan va ingliz tilini o‘zlashtirgan bir talaba MIT, Harvard, Oxford, Seoul National University yoki Tokyo University’ning ochiq darslaridan bevosita foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Til bilish talaba va olimni tarjimalarga bog‘liqlikdan xalos qiladi va mustaqil fikrlash madaniyatini mustahkamlaydi.
Shuningdek, maktablarning metodik bazasini yanada kuchaytirib borish, xalqaro imtihon markazlarini kengaytirish hamda fanlar bo‘yicha ingliz tilida seminarlar, xalqaro onlayn kurslar bilan integratsiya qilinadigan darslarni ko‘paytirish yoshlarning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda chet tillarini, ayniqsa ingliz tilini o‘rganish jarayoni so‘nggi yillarda milliy rivojlanishning asosiy strategik yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Statistik ko‘rsatkichlar ham bu siyosatning natijasini ravshan ko‘rsatmoqda: so‘nggi 3–4 yil ichida IELTSda yuqori ball olgan yoshlar soni bir necha barobarga ortdi, ayniqsa C1 va C2 darajasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar keskin o‘sdi. Bu esa mamlakatda til o‘rganish madaniyati chuqurlashib, yangi avlodning global raqobatga tayyorlik darajasi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Hozirgi davrda xorijiy tillar bilim olish, texnologiya, fan va innovatsiyalarga olib boruvchi asosiy ko‘prikka aylandi. Ilmiy tadqiqotlar, startap ekotizimi, raqamli xizmatlar va xalqaro biznes sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatish uchun til bilish shart bo‘lib qolmoqda. Shu sharoitda O‘zbekistonning chet tillarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan davlat siyosati mamlakatning 2030-yilgacha belgilangan strategik maqsadlari bilan uyg‘unlikda rivojlanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bu islohotlar mamlakatning intellektual salohiyatini oshirish, global bozorda ishtirokini kuchaytirish va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buranova Lobar,
Toshkent shahridagi 50-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi
Mahalliy
Maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi belgilandi.
Adliya vazirligi Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3819, 16.04.2026-y.).
Nizomga ko‘ra, maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi.
Xususan, ular korreksion pedagogika va defektologiya yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi hamda o‘quvchilarning ehtiyojiga mos maxsus metodikalarni (imo-ishora tili, Brayl alifbosi, nutq nuqsonlarini bartaraf etish usullari) bilishi shart.
Hujjatda dars soatlarini taqsimlashning ustuvor tartibi ham belgilandi.
Unga ko‘ra, dars yuklamalari avvalo malaka toifasi yuqori bo‘lgan, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglarga beriladi.
Shuningdek, 1 pedagog uchun yuklama odatda 0,5 stavkadan kam va 1 stavkadan ortiq bo‘lmasligi, ayrim holatlarda esa 1,5 stavkagacha ruxsat etilishi nazarda tutilgan.
Nizom bilan tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirish, ko‘rib chiqish va tasdiqlashning aniq muddatlari belgilandi.
Jumladan, dars soatlari 17-sentabrga qadar elektron tizimga kiritiladi, 25-sentabrga qadar esa vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Mahalliy
Rektor lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha dastur yo‘lga qo‘yiladi – Hukumat qarori
Vazirlar Mahkamasining joriy iyl 16-apreldagi «Yangi O‘zbekiston» universitetida «Rektorlar maktabi» dasturini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 177-son qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha «Rektorlar maktabi» dasturi (Dastur) yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
Dastur doirasida quyidagi mezonlarga mos keluvchi shaxslar ochiq tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi:
30 yoshga to‘lgan;
kamida magistr akademik darajasiga ega;
oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega, shu jumladan, 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan .
Dastur tinglovchilarida quyidagi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar rivojlantiriladi:
akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv;
sun’iy intellekt va raqamlashtirish;
strategik boshqaruv va transformatsiya .
Dasturning o‘quv jarayonlari masofaviy (onlayn) va ishlab chiqarishdan ajralgan holda (offlayn) 6 oygacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi.
Dasturga har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinadi.
Dastur yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafargacha tinglovchi Garvard universiteti (AQSh) va (yoki) boshqa xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuboriladi.
Mahalliy
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari sanasi e’lon qilindi
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
2025–2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Imtihonlar jadvali quyidagicha:
9-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 1- iyun
Matematika — 4-iyun
O‘zbekiston tarixi — 8-iyun
Jismoniy tarbiya — 1–6-may
11-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 2-iyun
Matematika (asosiy / chuqurlashtirilgan) — 5-iyun
O‘zbekiston tarixi — 9-iyun
11-sinf — tanlov fanlar (barcha bitiruvchilar uchun majburiy):
Fizika, kimyo, biologiya, geografiya, davlat huquq asoslari, ona tili va adabiyoti (qardosh tillar), tet tili — 12-iyun va 15-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
(O‘quvchi 2 ta tanlov fan tanlaydi: 1-fan 12-iyunda, 2-fan 15-iyunda o‘tkaziladi)
Mahalliy
Agrar universitetda 3 yillik ta’lim joriy etiladi
Prezidentning 2026-yil 11-apreldagi qaroriga muvofiq, Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab agrar oliy ta’lim muassasalarida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha 3 yillik ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Hujjatda 2030-yilga qadar universitetni xalqaro reytinglarning top-500 taligiga kiritish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hajmini 3 baravarga oshirish va akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlar sonini 4 baravar ko‘paytirish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, yangi ta’lim modeli nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, talabalarni bozor talablariga mos kadr sifatida tayyorlash maqsad qilingan.
Yangi tizimga ko‘ra, o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich amaliyotga yo‘naltiriladi. Birinchi kursda darslarning 60 foizi nazariy, 40 foizi amaliy bo‘ladi.
Ikkinchi kursda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tenglashtirilib, har biri 50 foizni tashkil etadi. Uchinchi kursda esa asosiy e’tibor amaliyotga qaratilgan bo‘lib, 70 foiz amaliy, 30 foiz nazariy darslardan iborat bo‘ladi.
Bundan tashqari, yuqori kurs talabalari uchun o‘qish jarayonidan ajralgan holda 4 oylik uzluksiz dual ta’lim joriy etiladi.
Qarorda universitetning xalqaro nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, xalqaro reyting tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va ta’lim sifatini global standartlarga moslashtirish rejalashtirilgan.
Ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish orqali universitetning moliyaviy barqarorligini oshirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Mahalliy
Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tuziladi
Ilm-fan salohiyati yanada oshiriladi. «Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni (PF–58-son, 10.04.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muayyan o‘quv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha tariqasida «Study in Uzbekistan» platformasi orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar ta’limning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Quyidagilar tashkil etiladi:
– Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi;
– Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi.
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Hormuz blokadasi bilan bog‘liq tahdidli so‘zlarni aytdi
-
Sport5 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
-
Sport3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar, yevro va funt-sterling pasaydi
-
Jamiyat5 days agoDunyoga «dahshatli darajada» ish o‘rni yetishmovchiligi xavf solmoqda
