Mahalliy

Xalqaro integratsiya va global raqobat uchun til bilishning ahamiyati

Published

on


Hozirgi zamon – chegaralar deyarli sezilmaydigan, ma’lumotlar bir lahzada butun dunyoga yetib boradigan va kecha yangilik bo‘lgan bilimlar esa bugun eskiga aylanib ketadigan tezkor davr hisoblanadi. Millatning taraqqiyoti, davlatning xalqaro sahnadagi obro‘si va jamiyatning intellektual salohiyati endilikda faqat ichki resurslar bilan emas, balki dunyo jarayonlarida faol qatnashish qobiliyati bilan baholanmoqda. Shu sababli chet tillari, ayniqsa ingliz tili, qo‘shimcha ko‘nikma bo‘lib qolmay, XXI asrdagi eng muhim “kalit”, global imkoniyatlar eshigini ochuvchi strategik vositaga aylandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda chet tillarini o‘rganish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanayotgani bekorga emas. Prezident tashabbuslari tufayli maktabdan to oliy ta’limgacha, davlat xizmatidan to xususiy sektorgacha – butun tizimda til o‘rganishning yangi, zamonaviy ekotizimi yaratilmoqda. Bu jarayon nafaqat ta’lim sifatini o‘zgartirayapti, balki mamlakatning global dunyoga integratsiyasini ham tezlashtirib, yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochayapti.

So‘nggi bir necha yilda O‘zbekistonda til o‘rganish haqiqiy umummilliy harakatga aylandi. Eng katta o‘zgarish esa xorijiy tillarga bo‘lgan jamiyatning talab va ehtiyoji keskin oshib bormoqda Bu esa kelajakning o‘zgarishlarga ochiq, global fikrlaydigan avlodni shakllanayotganligini ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yillarda qabul qilingan qarorlar chet tillarini o‘qitishni butunlay yangi tizimga aylantirdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda nafaqat ingliz tili, balki boshqa xorijiy tillarni o‘rganish keng qo‘llab-quvvatlanmoqda:

– xorijiy til bo‘yicha A2 va undan yuqori sertifikati bo‘lgan maktab bitiruvchilari texnikum, kollej va litseylarga o‘qishga kirishda chet tili fani bo‘yicha testdan ozod qilinadi va maksimal ball beriladi.

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xorijiy til o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga 6 oygacha kursga qatnashi har oyda BHMning 4 baravarigacha pul beriladi.

– xorijiy tillar bo‘yicha kamida S1 sertifikatini olgan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning testga kirish uchun to‘lagan pullari davlat hisobidan qaytarib beriladi.

– xorijiy tillar bo‘yicha B2 yoki undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar testdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.

– ta’lim muassasalarining kamida S1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega xorijiy tillar o‘qituvchilariga har oylik 50 foiz qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Kamida S1 sertifikatini olgan o‘qituvchilarning testga kirish uchun to‘lagan pullari davlat hisobidan qaytarib beriladi va ular attestatsiyadan ozod qilinadi.

– milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat xizmatchilari lavozim maoshiga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

– ommaviy axborot vositalarida kamida 1 yil asosiy ishi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlari xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori natijani olsa ularga ikki turdagi imtiyoz: xorijiy tilni o‘rganish xarajatlari uchun BHMning 15 baravarigacha pul beriladi va imtihon topshirish uchun to‘langan pullar to‘liq qoplab beriladi.

– qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitishni tashkil etish uchun tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha mahalliy budjetdan bir martalik subsidiya beriladi.

Bugungi kunga qadar xalqaro imtihon tizimlaridan yuqori ball to‘plagan yoshlarga 80 mlrd 42 mln so‘m mablag‘ ajratish orqali 42 779 nafar yoshlarning imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab berilgan. Albatta, bu kabi yaratilgan imkoniyatlar va berilgan imtiyozlar o‘z natijasini bermay qolmaydi.

Xususan, 2024-yilda birgina IELTS imtihonidan 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 2020-yilga nisbatan 5 baravarga, 7–8 ball (C1 daraja)ni qo‘lga kiritganlar 7,4 baravarga, 8,5–9 ball (C2 daraja) ga erishganlar esa 23,7 baravarga oshganligi kuzatilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganish shunchaki ta’lim sohasidagi islohot emas, balki jamiyat miqyosidagi katta ijtimoiy harakatga aylandi. Til o‘rganishga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi mamlakatning global maydonga chiqish istagi va yangi avlodning dunyo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishga bo‘lgan intilishi bilan uyg‘unlashdi.

Davlat tomonidan joriy etilgan keng qamrovli imtiyozlar tilni milliy rivojlanishning strategik drayveri sifatida ko‘rilayotganini namoyon qiladi.

Bu choralar natijasida til o‘rganish faqat shaxsiy rivojlanish emas, balki iqtisodiy foyda, ta’limga yo‘l, kasbiy o‘sish va global raqobatda ishonchli poydevorga aylandi.

Dunyo iqtisodiyoti, ayniqsa raqamli iqtisod, autsorsing xizmatlari, IT, ilmiy-tadqiqot, startaplar, xalqaro biznes munosabatlarida xorijiy tillarni ayniqsa ingliz tilini bilishni talab qilmoqda.

O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan strategik yo‘nalishlarida tashqi bozorlarga chiqish, investitsiya va texnologiya jalb etish, xalqaro kooperatsiyani kuchaytirish kabi vazifalar bor. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun:

– chet el manbalari bilan bevosita ishlaydigan mutaxassislar,

– xalqaro tadqiqotlarda ishtirok eta oladigan olimlar,

– dunyo bozoriga chiqishni maqsad qilgan tadbirkorlar,

– global muomaladan qo‘rqmaydigan yoshlarga ehtiyoj bor. Buning asosiy sharti esa chet tillarini egallash hisoblanadi.

Zamonaviy dunyoda xorijiy tillar xorijiy manbalar va axborotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkonini beradigan  va ma’lumotlar eshigini ochadigan “kalit” sifatida tariflanmoqda.

Ilmiy maqolalarning 80 foizi ingliz tilida e’lon qilinadi. Innovatsiya, fan va texnika sohasidagi global bilimlar asosan ingliz tilida tarqaladi. Toshkentda o‘tirgan va ingliz tilini o‘zlashtirgan bir talaba MIT, Harvard, Oxford, Seoul National University yoki Tokyo University’ning ochiq darslaridan bevosita foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Til bilish talaba va olimni tarjimalarga bog‘liqlikdan xalos qiladi va mustaqil fikrlash madaniyatini mustahkamlaydi.

Shuningdek, maktablarning metodik bazasini yanada kuchaytirib borish, xalqaro imtihon markazlarini kengaytirish hamda fanlar bo‘yicha ingliz tilida seminarlar, xalqaro onlayn kurslar bilan integratsiya qilinadigan darslarni ko‘paytirish  yoshlarning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda chet tillarini, ayniqsa ingliz tilini o‘rganish jarayoni so‘nggi yillarda milliy rivojlanishning asosiy strategik yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Statistik ko‘rsatkichlar ham bu siyosatning natijasini ravshan ko‘rsatmoqda: so‘nggi 3–4 yil ichida IELTSda yuqori ball olgan yoshlar soni bir necha barobarga ortdi, ayniqsa C1 va C2 darajasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar keskin o‘sdi. Bu esa mamlakatda til o‘rganish madaniyati chuqurlashib, yangi avlodning global raqobatga tayyorlik darajasi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Hozirgi davrda xorijiy tillar bilim olish, texnologiya, fan va innovatsiyalarga olib boruvchi asosiy ko‘prikka aylandi. Ilmiy tadqiqotlar, startap ekotizimi, raqamli xizmatlar va xalqaro biznes sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatish uchun til bilish shart bo‘lib qolmoqda. Shu sharoitda O‘zbekistonning chet tillarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan davlat siyosati mamlakatning 2030-yilgacha belgilangan strategik maqsadlari bilan uyg‘unlikda rivojlanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, bu islohotlar mamlakatning intellektual salohiyatini oshirish, global bozorda ishtirokini kuchaytirish va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Buranova Lobar,
Toshkent shahridagi 50-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version