Iqtisodiyot
Eron urushi ta’siri va naqdsiz to‘lov mantiqsizliklari
“Yirik summalardagi oldi-sotdilarni naqdsiz shaklga o‘tkazishni tushunish mumkindir, lekin ayrim maishiy tovarlarni naqd pulga sotib olib bo‘lmasligi mantig‘ini tushuna olmadim. Bu cheklov – iqtisodiyot uchun ulkan xarajat degani, bu xarajat evaziga jamiyat nima oladi?”
Eron urushi fonidagi iqtisodiy beqarorlik va narxlarning tebranishi, O‘zbekistonda naqdsiz to‘lov tizimiga o‘tilishi va aholi daromadlari.
Kun.uz muxbiri ushbu iqtisodiy mavzularni Abu Dabidagi Nyu York universiteti professori Behzod Hoshimov bilan muhokama qildi.
Suhbatni to‘liq shaklda video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Quyida iqtisodchining 1 apreldan kuchga kirgan naqdsiz to‘lov talablari yuzasidan bildirgan oid fikrlari keltirib o‘tiladi.
“Evaziga nima olamiz?”
— Men bu choraning mantig‘ini tushunmayapman. Odamlar yoqilg‘i sotib olish uchun naqd pulini majburan bank hisoblariga qo‘yishi kerak bo‘lyapti. Bu – vaqt oladigan narsa. Ya’ni siz naqd pulingizni kartaga tushirish uchun nafaqat komissiya to‘lash orqali, balki vaqt sarflash orqali ham xarajat qilasiz.
Naqd pulni bankomatga solgani uchun pul olish – menimcha, unikal, o‘zbekcha eksperiment bo‘lsa kerak. Men kamdan kam ko‘rganman bu narsani. Besh-oltita mamlakatda bankomatga naqd pul kiritganman, lekin O‘zbekistondan boshqa joyda buning uchun komissiya olishganini ko‘rmaganman.
Asosiy masala shundaki, biz bu xarajat evaziga nima olamiz, foydasi nimada degan savolga men javob topa olmayapman. Millionlab odam yoqilg‘i shoxobchasiga borishdan oldin qo‘lidagi pulini kartaga tushirib olishi kerak bo‘lyapti. Bu – jamiyat uchun ham, insonlar uchun ham, iqtisodiyot uchun ham vaqt nuqtayi nazaridan katta xarajat. Ya’ni odamning qimmatli vaqti ketadi, bu vaqtning ham narxi mavjud. Bu – juda katta iqtisodiy shikast. Lekin shunga yarasha biror foyda bo‘lsa, buni tushunish mumkin. Biz jamiyat sifatida ko‘plab qoidalar kiritishimiz, natijada iqtisodiy shikast bo‘lishi mumkin, lekin o‘sha qoidadan keladigan foyda va yo‘qotish tarosiga qo‘yilsa, foyda ancha ustun keladi. Ayrim maishiy tovarlarga nisbatan naqdsiz to‘lov qoidasiga kelganda esa, biz shuncha yo‘qotishlar evaziga nima olishimizga tushuna olmayapman.
Davlat kartaga pul kiritishdagi komissiyaga aralasha olmasligi, banklarni nol komissiya o‘rnatishga majburlamasligi to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, chunki bu – bozor. Lekin insonlarning imkoniyatlarini cheklashda mantiq qanaqa? Inson qo‘lidagi naqd puliga maishiy narsalar sotib ololmaydigan qilib qo‘yildi.
Jinoiy manbalardan topilgan pulni legallashtirishga qarshi chora degan argument mavjud. Masalan, qaysidir byurokrat 50 ming dollar pora oldi. Endi u o‘sha pulga borib uy sotib olish imkoni bo‘lmasligi to‘g‘ridir. U olgan porasini legallashtirishini qiyinlashtirish kerak, to‘g‘ri. Lekin maishiy, masalan benzin sotib olishda naqd to‘lovni cheklashga mantiqni ko‘rmayapman.
100 ming dollardan oshiq tranzaksiyalar hammasi bank orqali bo‘lsin, xavfsizlik uchun, o‘sha noqonuniy topilgan pullarni legallashtirish masalasi borligi uchun, bu to‘g‘ri. Lekin 55 ming so‘mga benzin quyayotgan amakini borib, bankka borib pulini soldirish bilan nima yutamiz?
O‘zi aslida, naqdsiz to‘lov naqd to‘lashdan ko‘ra qulayroq: uni ko‘tarib yurish, har safar sanash, sotuvchidan qaytim olish kabi noqulayliklari yo‘q. Lekin millionlab odam ana shu noqulayliklarga qaramay naqd pulda to‘lov qilayotgan ekan, buning obektiv sabablari bor.
Masalan, O‘zbekistonda hozir daromad solig‘i to‘laydigan insonlarning jami mehnat resurslariga nisbatini olsangiz, 30 foiz ham emas-da. Taxminan 70 foiz mehnatga layoqatli insonning daromadlari rasmiy emas. Ko‘pchilik naqdga ishlaydi: kimdir kunbay nimadir ishlaydi, kimdir repetitorlik qilib naqd pul oladi va hokazo.
Yoki ikkinchi narsa: unutmaslik kerak, O‘zbekiston chet eldan kelayotgan pullarga juda ham bog‘liq mamlakat. 2025 yilda xorijdagi vatandoshlar O‘zbekistonga 19 milliard dollar pul yuborishdi. Buni budjetimiz yoki yalpi ichki mahsulotimiz taqqoslaganda ham, juda katta raqam. 19 milliard dollarning asosiy qismi – naqd shaklda kelgan. Masalan, o‘g‘li Rossiyada yoki Koreyada ishlaydigan ota: u jo‘natilgan pulni olib, dollarni so‘mga almashtirib, mashinasiga benzin quymoqchi… Ya’ni bunday odamlar ko‘pligi uchun bizda hali ham keng miqyosda naqd pul ishlatilyapti.
Lekin deylik, O‘zbekistonda oylik oladigan inson, oyligi kartasiga tushadi, u shundoq ham bundan oldin naqdsiz to‘lov qilardi. Ya’ni unga naqdsiz to‘lov o‘zi qulay edi. Uni unga da’vat qilish kerak emasdi naqdsiz to‘lovga o‘tgin deb. Masalan, men ko‘pincha naqdsiz to‘lovni yaxshi ko‘raman. Kamdan kam o‘zimda naqd pul olib yuraman. Lekin boshqa ko‘pchilik ham mavjud.
Davlat ishida ishlaydiganlar o‘zidan boshqacha hayot kechirayotgan millionlab insonlar mavjudligi haqida ham fikrlashlari kerak deb o‘ylayman-da shu narsada. Ya’ni ular o‘ylashadiki: “ha, hamma bizga o‘xshagan, oyligi tushadi kartaga, nimasi noqulay, shunday QR-kodni qilib to‘laysiz”, deb o‘ylashadi-da. Lekin qarashsa, AYoQShlarda ko‘p naqd tranzaksiyalar bo‘lyapti. Va ular aytishyaptiki, nimaga unaqa, kelinglar, majburan ularni naqdsiz tizimga o‘tkazamiz, deb.
Qarang, mana biz bilamiz: QR-kod orqali naqdsiz to‘lov qulayroq, to‘g‘rimi? Sanab o‘tirmaysiz, ko‘tarib yurmaysiz, qaytim degan narsa yo‘q va hokazo… Ammo bizda juda ko‘p tranzaksiyalar naqd bo‘lyaptimi, bu qo‘ng‘iroq bo‘lishi kerak: nima bo‘lyaptiki, odamlar naqd pul ishlatyapti? Ya’ni nimaga noqulay instrumentni ishlatishyapti? Buning ildiziga qarash o‘rniga biz chopib tashlayapmiz-da, o‘shani ko‘rmaylik ham, kuymaylik ham deb…
O‘zbekistondagi katta foiz insonlarda bu qulayliklar borligiga qaramasdan, qo‘lida naqd pul bor. Nima qilsak bo‘ladi, degan savolning o‘rniga, kelinglar, ularga naqd pulni ishlatishni taqiqlab qo‘yamiz, deyishyapti. Va yana qaytaraman, men yaqqol foydasini ko‘rmayapman. Zarari ko‘p – bu tushunarli, foydasi nima degan savolga men hali ham javob topa olmadim.
Agar yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsad bo‘lsa, bu – yashirin iqtisodiyotni kamroq ko‘raylik, degan narsa. Bilasizmi, mana, kambag‘allik haqida ham O‘zbekistonda shunaqa-da. Misol uchun, O‘zbekistonda kambag‘allik ko‘p, lekin u bizga ko‘rinmaydi, masalan Toshkentda. Mana, bizdan ancha boyroq mamlakatlarga borsangiz, ko‘chada tilanchilar ko‘p, uysizlar ko‘p… Toshkentda esa, misol uchun, sal odamning kiyimi yaxshi bo‘lmasa, militsiya olib ketib qoladi. Lekin dunyoning yetakchi mamlakatlari poytaxtlarida uysiz qolgan odam o‘sha shahar hokimiyati tagida palatkada yashayveradi.
Biz ko‘rmaslikka harakat qilamiz. Bizda muammo bor: kambag‘al odamlar mavjud. Lekin uni ko‘rmaymiz biz. Qanaqa ko‘rmaymiz? Ularni o‘sha ko‘zimizdan yo‘qotamiz. Masalan, bizdan 50 barobar boy mamlakatlarda ham ko‘chada qanaqadir kambag‘al odamlarni ko‘rasiz. Toshkentda ko‘rmaysiz. Ko‘zimizdan yiroq qilamiz. Bu muammo yo‘q degani emas.
Aytaylik, uyingizda muammo bor: uyni yig‘ishtirish kerak, supurish kerak. Lekin agar gilamni ko‘tarib, supurindini uning tagiga supurib, gilamni yopib qo‘ysangiz, o‘sha narsa ko‘rinmaydi. Ha, ko‘rinmaydi, aslida esa muammo yo‘qolgani yo‘q: supurindi gilamning tagida chirib ketadi… Lekin to‘g‘ri, masalan, kimdir uyga kirganida qarasa, ko‘rinmasligi mumkin, chunki muammoni gilamning tagiga supurib, ko‘zga ko‘rinmaydigan qilib qo‘yganmiz.
Men ko‘p narsada shunaqa deb o‘ylayman. Rus tilida bir gap bor: “S glaz doloy – iz serdsa von” (ko‘zdan nari – ko‘ngildan nari) degan. Ya’ni ko‘zimga ko‘rinmasa, yuragimga ham ta’sir qilmaydi, degan bir xato fikr-da bu. “Ko‘rmay ham, kuymay ham”, deydi-yu o‘zbekchada. Shunaqaroq narsa qilyapmiz. Benzinda bo‘layotgan o‘sha naqd tranzaksiyalarni ko‘rmasak, go‘yoki shu bilan bizda yashirin iqtisodiyot masalasi hal bo‘lgandek…
Axir yashirin iqtisodiyotda manbasi bor odam bu choradan endi aytmaydi-ku: “Ha bo‘ldi, endi benzinda kartadan to‘lashim kerak, endi men borib hozir soliqni to‘layman”, demaydi-ku. Unaqa ishlamaydi-ku bu instrument. Yoki naqd shaklda repetitorlik qiladigan o‘qituvchi: “Bo‘ldi endi, kartada pulim bo‘lmasa, benzin quyolmas ekanman, shuning uchun 1 apreldan firma ochib rasman ishlayman, odamlar menga naqdsiz to‘lasin” demaydi-ku.
Biz “ko‘zdan nari – ko‘ngildan nari” deya, yashirin iqtisodiyotni o‘lchash vositalaridan birini yo‘qotib qo‘yamiz. Yashirin iqtisodiyot qanaqa o‘lchaydi? Mana, misol uchun benzin xaridida tranzaksiyalarning necha foizi naqd bo‘lyapti. Demak, odamlarning qo‘lida hali ham naqd bor. O‘sha AYoQShlardagi tranzaksiyalar qanaqadir ma’noda sizga barometr edi, qancha foiz odamlarning daromadi naqdligi borasida.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
