Jamiyat
Toshkent va boshqa ayrim hududlarda havo sifati yomonlashishi kutilmoqda
12 mart kuni O‘zbekistonning ko‘p hududlarida havo sifati vaqtincha yomonlashishi kutilmoqda. Ayni paytda havoda mayda dispers zarrachalar — PM2.5 va PM10 miqdori oshishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun respublika hududining katta qismida, jumladan, Toshkent shahrida ham g‘ubor va tuman kuzatilishi ehtimol qilinmoqda.
Bunday meteorologik holat shamolning sustligi, havo namligining yuqoriligi va tungi haroratning pasayishi ta’sirida yuzaga keladi. Shu sharoitda atmosferaning yerga yaqin qatlamida harorat inversiyasi paydo bo‘lishi mumkin.
Natijada havoning vertikal aralashuvi susayadi va ifloslantiruvchi moddalar, jumladan, chang hamda PM2.5 va PM10 kabi mayda zarrachalarning to‘planishi uchun sharoit yuzaga keladi. Oqibatda ularning havodagi konsentratsiyasi vaqtincha ortishi mumkin.
Mutaxassislarga ko‘ra, shamol kuchayishi yoki yog‘ingarchilik kuzatilishi bilan havo sifati yaxshilanadi. Chunki bunday sharoit atmosferaning tabiiy tozalanishiga yordam beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun kunduzi respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, ayrim joylarda tuman tushishi mumkin. Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi, havo harorati 3–8 daraja iliq bo‘ladi. Toshkent shahrida ham yog‘ingarchilik kutilmaydi, shamol 3–8 m/s tezlikda esadi, harorat esa 6–8 daraja iliq atrofida bo‘ladi.