Siyosat

O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi

Published

on


Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi («DFC») bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida amerikalik mehmonlar davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Tomonlar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Muzokaralarda AQShning yetakchi moliyaviy institutlari ishtirokida infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish sohalaridagi strategik loyihalarni moliyalashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda «Eksimbank» bilan energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eksport kreditlari mexanizmlarini yanada kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

«DFC» korporatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish, energetika tizimi va infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha takliflari ham qo‘llab-quvvatlandi.

Tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun investitsiya va texnologiyalarga asoslangan loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, Toshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlar barpo etish loyihalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish maqsadida qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version