Jamiyat
Toshkent va boshqa ayrim hududlarda havo sifati yomonlashishi kutilmoqda
12 mart kuni O‘zbekistonning ko‘p hududlarida havo sifati vaqtincha yomonlashishi kutilmoqda. Ayni paytda havoda mayda dispers zarrachalar — PM2.5 va PM10 miqdori oshishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun respublika hududining katta qismida, jumladan, Toshkent shahrida ham g‘ubor va tuman kuzatilishi ehtimol qilinmoqda.
Bunday meteorologik holat shamolning sustligi, havo namligining yuqoriligi va tungi haroratning pasayishi ta’sirida yuzaga keladi. Shu sharoitda atmosferaning yerga yaqin qatlamida harorat inversiyasi paydo bo‘lishi mumkin.
Natijada havoning vertikal aralashuvi susayadi va ifloslantiruvchi moddalar, jumladan, chang hamda PM2.5 va PM10 kabi mayda zarrachalarning to‘planishi uchun sharoit yuzaga keladi. Oqibatda ularning havodagi konsentratsiyasi vaqtincha ortishi mumkin.
Mutaxassislarga ko‘ra, shamol kuchayishi yoki yog‘ingarchilik kuzatilishi bilan havo sifati yaxshilanadi. Chunki bunday sharoit atmosferaning tabiiy tozalanishiga yordam beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun kunduzi respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, ayrim joylarda tuman tushishi mumkin. Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi, havo harorati 3–8 daraja iliq bo‘ladi. Toshkent shahrida ham yog‘ingarchilik kutilmaydi, shamol 3–8 m/s tezlikda esadi, harorat esa 6–8 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Jamiyat
Radarga tushganlik haqidagi jarima qarori qachon o‘z kuchini yo‘qotadi?
Agar ma’muriy jazo qo‘llanish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab uch oy mobaynida ijroga qaratilmagan bo‘lsa, bunday qaror ijro etilmaydi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilgani qayd etilgan hollarda jarima solish va uni to‘lash tartibi xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev ma’lumot berdi.
– Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilgani qayd etilgan hollarda jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, elektron hujjatni qog‘ozdagi hujjatga aylantirish yo‘li bilan tayyorlanadi hamda mazkur qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch kun ichida buyurtma pochta jo‘natmasi tarzida huquqbuzarga yuboriladi, dedi u.
Lekin, agar ma’muriy jazo qo‘llanish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab uch oy mobaynida ijroga qaratilmagan bo‘lsa (qaror nusxasi huquqbuzarga topshirilmagan, huquqbuzarning ishlash, yashash joyiga yoki davlat ijrochisiga yuborilmagan bo‘lsa va h. k.), u holda bunday qaror ijro etilmaydi.
Ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va aybdor mansabdor shaxsga nisbatan tegishli intizomiy chora ko‘rilib, u haqidagi ma’lumot ma’muriy ish hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi.
Huquqshunosning ta’kidlashicha, agar 3 oy ichida jarima solish to‘g‘risidagi qaror yetkazib berilmasa, ushbu jarimani to‘lamasa bo‘ladi. Ammo 3 oygacha qaror yetkazib berilsa, ushbu jarimani to‘lash majburiy.
Jamiyat
YPX xodimini «sotib olmoqchi bo‘lgan» shaxs jazoga tortildi
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimiga pora berishga uringan fuqaro sud hukmi bilan jazoga tortildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan ushbu ishda ayblanuvchi I.J.ga nisbatan 2,5 yil muddatga ozodlikni cheklash hukmi e’lon qilingan.
Sud materiallariga ko‘ra, Qorako‘l tumani «Yangibozor» mahallasi, «Sayot» qishlog‘ida yashovchi 62 yoshli yoshli I.J. o‘zining boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashinada Qorako‘l-Olot yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan paytda YHXB inspektori tomonidan to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida haydovchi avtomashinani boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda rulga o‘tirgani aniqlangan. Shu sababli inspektor tomonidan unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, u 2024 yilda ham mast holda avtomashina boshqargani uchun sud qarori bilan 1 yil 6 oyga haydovchilik huquqidan mahrum etilgan bo‘lgan.
Sudda aniqlanishicha, haydovchi ma’muriy javobgarlikdan qutilish maqsadida inspektorga avval 1 million so‘m, keyin esa 2 million so‘m miqdorida pul taklif qilgan. YHXB inspektori bu harakat jinoyat ekanini tushuntirganiga qaramasdan, I.J. o‘z taklifini qayta-qayta takrorlagan. Holat yuzasidan inspektor tegishli organlarga murojaat qilgan va tezkor tadbir tashkil etilgan.
Tezkor tadbir davomida Qorako‘l tumani «Do‘stlik» mahallasidagi avtomashinalar jarima maydonchasida I.J. inspektorga 2 million so‘m pulni pora sifatida bermoqchi bo‘lgan paytida qo‘lga olingan. Pullar xolislar ishtirokida sanab chiqilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan. Sud xulosasiga ko‘ra, inspektor pora olishdan bosh tortgani sababli jinoyat to‘liq sodir etilmagan. Shuning uchun Jo‘raqulovning harakatlari Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) emas, balki, 25-modda va 211-modda 1-qismi – pora berishga suiqasd sifatida qayta malakalangan.
Sud Jo‘raqulovning ilgari sudlanmagani, aybiga iqror bo‘lgani, yoshi va pensiyada ekanini inobatga olib unga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Jamiyat
«Nexia-3»dan salkam 5 kilo sintetik narkotik chiqdi
Xorijdan olib kelingan sintetik narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari to‘xtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan 21 yoshli fuqaro boshqaruvidagi «Nexia-3» avtomobili poytaxtning Chilonzor tumanidagi «Erkin» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada mashina salonida sof og‘irligi 4 kg 811 gr bo‘lgan «Alfa-PVP» sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
DXX tergov boshqarmasi tomonidan ushbu shaxsga nisbatan JK 246 va 273-moddalari tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Boshqa bir holatda esa, DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Andijon viloyatining Marhamat tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tumanning Boboxuroson MFY hududida qirg‘izistonlik shaxs chegara to‘siqlari ustidan uloqtirgan qutini qabul qilib olgan ikki nafar mahalliy fuqaro qo‘lga olindi.
Quti ichida 9 988 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. «Qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda BRT yo‘lagida avtobus va yengil avtomobil to‘qnashdi
Toshkent shahrining Mirobod tumanida avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘lakda King Long rusumli avtobus va yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan, avtobus texnik shikastlangan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, voqea 2026 yil 11 mart kuni soat 19:17 da Mirobod tumani Shahrisabz ko‘chasida yuz bergan. «4-Avtobus saroyi» filiali tasarrufida bo‘lgan King Long rusumli avtobus avtobuslar uchun tashkil etilgan maxsus yo‘lak — BRT bo‘ylab Oybek metro bekati tomon harakatlanib kelayotgan bo‘lgan.
Qayd etilishicha, shu yo‘nalish bo‘ylab ketib borayotgan Polestar 2 Long Range rusumli yengil avtomobil haydovchisi yo‘l harakati qoidalarining 4.1.1-bandi, ya’ni “Harakatlanish to‘g‘riga” buyuruvchi yo‘l belgisi talabiga amal qilmasdan chapga, Mirobod ko‘chasi tomon burilgan. Oqibatda u avtobus bilan to‘qnashgan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasida tan jarohati olganlar yo‘q. Biroq avtobus texnik shikastlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa yengil avtomobil haydovchisi aybi bilan sodir bo‘lgan.
Ushbu holat belgilangan tartibda IIBB YPX inspektorlari tomonidan rasmiylashtirilgan. Mas’ullar haydovchilardan yo‘llarda harakatlanish chog‘ida yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, doim hushyor va e’tiborli bo‘lishni so‘ramoqda.
Jamiyat
Yo‘l bezoriligiga qarshi reydlarda yuzlab haydovchilarga chora ko‘rildi
Respublika bo‘ylab yo‘l bezoriligi va qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish maqsadida o‘tkazilayotgan kuchaytirilgan reydlar davomida yuzlab haydovchilarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining maxsus guruhlari tomonidan 10 kun davomida olib borilgan monitoring natijalari ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, 26 fevraldan boshlab respublika hududlarida yo‘l bezoriligi va yo‘l harakati qoidalarining qo‘pol buzilishlarini oldini olishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Monitoring guruhlari tomonidan xavfli va agressiv tarzda avtomobil boshqarayotgan 31 nafar haydovchi aniqlangan, shuningdek ular to‘planadigan 33 ta ko‘cha va joy belgilangan. Internet tarmoqlarida esa yo‘l bezoriligi holatlarini aks ettiruvchi 391 ta videorolik aniqlangan.
Tahlillar natijasida 338 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 296 ta avtomobil esa jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Shuningdek, xavfli haydovchilik va noqonuniy poygalarni targ‘ib qiluvchi 19 ta akkaunt faoliyati to‘xtatilgan.
Reyd tadbirlari davomida jami 16 845 ta qo‘pol qoidabuzarlik aniqlangan. Qoidabuzarlar orasida 101 ta holatda voyaga yetmagan shaxslar ishtirok etgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, avtomobillarga tyuning ishlarini amalga oshiruvchi avtoservis va ustaxonalar rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.
Kechasi o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 75 ta holatda narkotik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq holatlar, shuningdek 1 024 ta holatda o‘tkir kesuvchi buyumlarni noqonuniy olib yurish holatlari aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, yo‘llarda xavfli harakatlarning oldini olish va tartibni ta’minlashga qaratilgan bunday tadbirlar izchil davom ettiriladi.
-
Dunyodan5 days ago
Hormuz boʻgʻozi orqali neft tashish toʻxtatildi
-
Jamiyat4 days ago
Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan ushlandi
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 90 tup tol noqonuniy kesildi
-
Dunyodan5 days ago
Naxichevan aeroportida dron hujumi kuzatildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda pomidor, kartoshka va olma qimmatlashdi
-
Dunyodan2 days ago
2015 yilgi Suriya stsenariysi Eronda takrorlanishini istamaymiz.
-
Dunyodan2 days ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
-
Dunyodan3 days ago
Indoneziyada bolalarga qaratilgan ijtimoiy tarmoqlar taqiqlandi.
