Iqtisodiyot

Uch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?

Published

on


O‘zbekistonda yer uchastkasidan hujjatsiz foydalangan shaxslardan 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyungacha undirilgan uch karra yer solig‘i bekor qilindi. Yangi qonunga ko‘ra, ortiqcha soliq summalari qayta hisob-kitob qilinib, fuqarolarga qaytariladi. Xo‘sh, bu jarayon qanday ishlaydi? Fuqarolar nima qilishi kerak? Kun.uz shu kabi savollarga Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Salohiddin Nishonovdan javob oldi.

Uch karra soliq: joriy etilishi va bekor qilinishi sabablari

– Jismoniy shaxslarga yer uchastkalaridan hujjatsiz foydalanganligi uchun hisoblangan uch karra yer solig‘i nega bekor qilindi?

– Birinchi navbatda, bu aholiga yengillik yaratish maqsadida qilindi. Bugungi kunda 6 million 800 ta yer uchastkasining qariyb 60-70 foizining hujjati yo‘q. Ko‘plab holatlarda yer maydonlari o‘zboshimcha egallab olinmagan, balki asrlar davomida meros bo‘lib o‘tgan. Asosan, fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida ushbu qonun qabul qilindi.

– Unda nima uchun bu uch karra soliq normasi dastlab qonunchilikka kiritilgan edi?

– Bu norma fuqarolar o‘zboshimchalik bilan yer egallab olmasligi uchun va ushbu yer maydonlarini rasmiylashtirishga undash maqsadida ta’sir chorasi sifatida qo‘llanilgan. Bu norma 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi Soliq kodeksida mavjud edi.

– Nega aynan 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyungacha bo‘lgan davr uchun soliq bekor qilinyapti?

– Prezidentning 192-sonli qarorida aynan shu davr belgilangan edi. 2024 yil 5 avgustda qabul qilingan 937-sonli qonun bilan hujjatsiz yer uchastkalarini e’tirof etish tartibi belgilandi. Shu sababli, faqatgina 2024 yil 1 iyungacha qadar uch karra soliqni kechish masalasi ko‘rib chiqildi.

– Demak, 2024 yil 1 iyundan keyingi davr uchun uch karra soliq undirishda davom etiladimi?

– Ha, davom etiladi. Yangi qonun faqatgina 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyungacha bo‘lgan munosabatlarga tatbiq etiladi. Hozirgi amalda ishlab turgan tartib ishlayveradi. 2025 va 2026 yillarda hisoblangan uch karra soliqlar bekor qilinmaydi va kimdir yer uchastkasidan hujjatsiz foydalansa, uch karra yer solig‘ini to‘laydi.

Ortiqcha to‘langan soliqlarni qaytarish tartibi

– Fuqarolar o‘zlariga uch karra soliq hisoblanganini qayerdan bilishlari mumkin?

– Har yilning boshida jismoniy shaxslarga yuboriladigan to‘lov xabarnomasida hujjat bo‘yicha va hujjatsiz yer maydoniga qancha to‘lash kerakligi ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, “Soliq” mobil ilovasi orqali ham ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bugungi kunda 6 million 900 ta yer uchastkasidan 4 million 300 tasi hujjatsiz yerlarga to‘g‘ri keladi.

– Agar fuqaro allaqachon uch karra soliqni to‘lab bo‘lgan bo‘lsa, bu summa qaytariladimi?

– Ha, barcha fuqarolarniki qaytadan hisob-kitob qilinadi. Agar fuqaroning boshqa soliqlardan, masalan mol-mulk solig‘idan qarzdorligi bo‘lsa, birinchi navbatda o‘sha qarzga o‘tkaziladi. Agar qarzdorlik bo‘lmasa, ortiqcha to‘lov soliq to‘lovchining xohishiga ko‘ra keyingi soliq davrlariga o‘tkazilishi yoki qaytarib berilishi mumkin.

– Ortgan soliq summasini qaytarib olish uchun fuqarolar nima qilishi, qayerga murojaat qilishi kerak?

– Qaytarib olish uchun ariza berish kifoya. Arizani “Soliq” mobil ilovasi orqali berishlari kerak bo‘ladi. Smartfoni yo‘qlar yoki mobil ilovadan foydalanmaydiganlar o‘zi yashaydigan tuman (shahar) soliq inspeksiyalariga murojaat qilishlari mumkin.

Soliq kodeksiga binoan, ortiqcha to‘lov 15 kun ichida qaytarib beriladi.

– Agar hujjatsiz yer uchastkasi sotilgan bo‘lsa, to‘langan uch karra soliq kimga qaytariladi: oldingi egasigami yoki hozirgisiga?

– Bizda soliqlar obekt kesimida hisoblanadi. Sizning obektingiz menga o‘tgandan keyin menda bo‘ladigan jarayonlar uchun men javob beraman. Shu sababli, biz hozirgi foydalanib turuvchiga, ya’ni hozirgi egasiga qaytarib beramiz.

Hujjatsiz yer uchastkalarini rasmiylashtirish va yengilliklar

– Ushbu o‘zgarishlar bilan birga, fuqarolar hujjatsiz yer uchastkasiga egalik huquqini rasmiylashtirishi mumkinmi?

– Ha, 937-sonli qonunga muvofiq, hujjatsiz foydalanib turilgan yerlarni rasmiylashtirish imkoniyati bor. Biroq, bu 2018 yil 1 maygacha qurilgan bino-inshootlarga taalluqli. Agar bino shu sanagacha qurilgan bo‘lsa, unga egalik huquqini e’tirof etish mumkin.

– Agar bino 2018 yildan keyin qurilgan bo‘lsa, fuqarolar nima qilishi kerak?

– Hozirgi holatda 2018 yildan keyin qurilganlar bo‘yicha hujjat olish qonunchilikda nazarda tutilmagan. Hozircha ular uch karra soliqni to‘lab yurishga majbur.

Soliq qarzining yangi me’yori

– Qonunda huquqlarni e’tirof etish jarayonini jadallashtirish vazifasi qo‘yilgan. Bu amalda qanday yengillik beradi?

– Avvalgi tartibda 1000 so‘m soliq qarzi bo‘lsa ham, huquqni e’tirof etish bo‘yicha ijobiy xulosa berilmas edi. Endi fuqarolarga imkoniyat berilyapti: bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (12 360 000 so‘m)gacha yer va mol-mulk solig‘idan qarzi bo‘lsa ham, ularga xulosa beriladi. Bu esa yerini e’tirof etish ishlarini tezlashtiradi.

– Bu byurokratik to‘siqlarning olib tashlanishi aynan soliq qarzdorligiga bog‘liqmi?

– Ha, soliq nuqtayi nazaridan asosiy byurokratik to‘siq shu edi. Fuqaroning soliqni to‘lashga imkoniyati bo‘lmasligi sababli jarayon to‘xtab qolardi. Endi 12 360 000 so‘mgacha qarzdorlik bo‘lsa ham, mexanizm to‘xtab qolmaydi va fuqarolar huquqlarini tasarruf etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi mumkin.

– Demak, 12 million so‘mdan kam bo‘lgan qarz soliq qarzdorligi hisoblanmaydimi?

– Yo‘q, u soliq qarzi hisoblanadi, faqat hujjatlarni rasmiylashtirishda va huquqlarni e’tirof etishda to‘sqinlik qilmaydi.

To‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati

– Fuqarolar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qanday yangi yengillik joriy etilmoqda?

– Huquqlarni e’tirof etish uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda.

– Bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi qanday ishlaydi?

– Misol uchun, agar fuqaroning bir martalik yig‘imni, masalan, bir baravar miqdordagi 412 000 so‘mni birato‘la to‘lashga imkoniyati bo‘lmasa, unga bu summani bir yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilyapti.

– Ilgari birato‘la to‘lov uchun qanday imtiyoz mavjud edi?

– Agar fuqaro yig‘imni birato‘la to‘laydigan bo‘lsa, unga 50 foiz imtiyoz berilgan edi. Endi, agar fuqaroning imkoniyati yo‘q bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha yig‘imni ham bir yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashiga imkon berilyapti.

– Ortiqcha to‘langan mablag‘larni qaytarish masalasida fuqarolarga yana nima degan bo‘lardingiz?

– Birinchi navbatda fuqarolardan iltimos qilinadi: bu jarayonga ozgina vaqt kerak bo‘ladi, chunki texnik masalalar va hisob-kitob jarayonlari bor.

Fuqarolardan, agar bir-ikki hafta vaqt o‘tib qolsa, “qonun ijrosi ta’minlanmayapti, menga qaytarib bermayapti” degan xulosaga shoshilmaslik so‘raladi, chunki bu jarayon ozgina vaqt oladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version