Iqtisodiyot

Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi

Published

on


Yevropa investitsiya banki (YIB) Toshkent shahrida Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini ochdi.

Ochilish marosimida qatnashgan YIB vitse-prezidenti Marek Mora bankning Markaziy Osiyoda investitsiya loyihalari portfeli kengayib borayotgani, mintaqaviy vakolatxona ham mazkur moliya institutining mintaqa bo‘ylab faoliyatini yanada mustahkamlashini ta’kidladi.

«Hududda bevosita faoliyat yuritish bizga tezroq harakat qilish, hamkorlarimiz bilan yaqindan ishlash va g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirish imkonini beradi. Biz transport va energetikadan tortib suv va raqamli infratuzilmagacha bo‘lgan sohalarda katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz», — dedi YIB vitse-prezidenti Marek Mora.

YIB Markaziy Osiyoda 2009-yildan buyon faoliyat yuritib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekistonda operatsiyalarni amalga oshirib kelmoqda.

2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo sammitida EIB Global Yevropa Ittifoqi va «Yevropa jamoasi» (Team Europe) bilan yaqin hamkorlikda mintaqa bo‘ylab «Global darvoza» ustuvor yo‘nalishlariga mos loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni e’lon qildi.

EIB Global — Yevropa investitsiya bankining rivojlanish bo‘yicha faoliyat yurituvchi bo‘linmasi sifatida Markaziy Osiyo bo‘ylab barqaror transport aloqalari, energetika, suv ta’minoti, raqamli infratuzilma va iqlimga chidamlilik sohalaridagi investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

2017-yilda asosiy bitim imzolanganidan buyon O‘zbekiston EIB Global uchun Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlardan biriga aylandi.

Moliya muassasasi Markaziy Osiyo bo‘ylab loyiha portfeli qariyb 3 milliard yevroga yetayotgan bir paytda, jumladan, Transkaspiy transport yo‘lagini qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonda transport, iqlim bo‘yicha chora-tadbirlar, energetika, raqamli o‘zaro bog‘lanish va muhim xomashyo resurslari sohalarida taxminan 1 milliard yevrogacha loyihalarni amalga oshirmoqda.

EIB Global O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda «O‘zbekiston–2030» strategiyasi va Yevropa Ittifoqining «Global darvoza» tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydigan istiqbolli operatsiyalar portfelini ishlab chiqmoqda.

Ma’lumot o‘rnida:   YIB guruhi Yevropa Ittifoqining moliyalashtirish instituti bo‘lib, u dunyodagi eng yirik ko‘p tomonlama taraqqiyot banklaridan biridir. 2025-yilda YIB guruhi Yevropa Ittifoqi siyosiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlovchi sakkizta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 870 dan ziyod loyiha uchun 100 milliard yevro miqdorida yangi moliyalashtirish va maslahat xizmatlari bo‘yicha bitimlar imzoladi. Ushbu ustuvor yo‘nalishlar qatoriga iqlim va atrof-muhit, raqamlashtirish va texnologik innovatsiyalar, xavfsizlik va mudofaa, hududiy birdamlik, qishloq xo‘jaligi va bioiqtisodiyot, ijtimoiy infratuzilma, kuchli global hamkorliklar hamda jamg‘arma va investitsiyalar ittifoqi kiradi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version