Connect with us

Mahalliy

Sakson yoshimda men…(Hajviya)

Published

on


Sakson yoshingizni tasavvur eta olasizmi? Yo‘qmi? Taqdir peshona, umr masalasi deysiz-da?! Menga esa baribir, nima bo‘lmasin tasavvur eta olaman. Tasavvurlarim bilan birgalikda istalgan zamon, istalgan vaqtda, istagan joyimizga qanot qoqaveramiz. Xullas, men sakson yoshimda ham hozirgidek kuchli, o‘ziga ishongan, xushchaqchaq va go‘zal xonim bo‘laman. Nega kechagina men bilan janjallashib bugun ishi tushib kelgan qo‘shnimga o‘xshab maza-matrasiz, bezbetona chalatabassum qilyapsiz? Qarib munkillab qolgan ezma kampir bo‘lasan deysiz-da?!

Yo‘q, zinhor siz aytgandek bo‘lmaydi! Tasavvurlarim hech qachon adashmagan axir; Hozirgi zamon zayliga qaraydigan bo‘lsak, u vaqtda farzandlarimning farzandlari juda ko‘p bo‘ladi deyolmayman-u, lekin mehmonga kelishsa «Bo‘ldi yetarli, bolalaringni yig‘ishtirlaringda uy-uylaringa jo‘nalaring!» — deydigan darajada o‘zlariga yetgulik bo‘ladi. Rostiyam shuda, axir ular birorta bolasini qoldirib ketadigan bo‘lsa, bu gap uqmas va bijildoq to‘polonchilar dastidan biror hikoya yozish tugul kitob ham o‘qiy olmayman-ku! Yo‘o‘q, nima desangiz deng-u, bu menga to‘g‘ri kelmaydi. Albatta, albatta, ishonchim komil, siz mehribon va nihoyatda jonfido buvisiz: uyingiz doim nabiralar bilan to‘la, to‘y-xasham, mehmondirchilikka borsangiz ham birortasini yetaklab yurmasangiz yarmingiz kemtilib qoladi. Men esa siz kabi superbuvi bo‘lolmayman. Birinchidan, odamlar ko‘p to‘planadigan shovqinli joylarga borsam, gap-gashtaklarda yurib xotinlarning g‘iybatlarini eshitsam boshim og‘rib mazam qochib qoladi. Ikkinchidan, bola kimniki bo‘lsa o‘sha yetaklab yursin, o‘zingiz zo‘rg‘a yo‘lingizni topib yurasiz-u, nabira yetaklab olishga balo bormi?

Qolaversa, bundayin bekorchi yurishlarga vaqtim ham bo‘lmaydi, qolgan-qutgan to‘rttagina kunimniyam sandiroqlab o‘tkazsam katta-katta asarlarni mushugim yozadimi? Keyin, uyimda doim meni nazoratda ushlab turadigan, ozodalik, mazali taomlar, ajib suhbatlarni jon dilidan sevadigan, bir kun qonimni ichmasa mazasi qochib qoladigan cholimni (yigitim demoqchiman, cholni yozish osonroq ekan) yolg‘iz qoldirib ketsam boshimda yong‘oq emas, tosh chaqadi-ku! «Sakson yoshingda uy ishlariga yararmiding?!» — deysizmi? Bekor aytasiz, uy ishlari tugul har kuni sport bilan shug‘ullanaman: ertalabki yugurish va badantarbiyani keng-mo‘l hovlimda bajarib olaman. Uy-eshiklarni tozalab (albatta cholim bilan birga, tartib va ozodalik uni hobbisi) shirin quymoq bilan qahva ichib olamiz.

So‘ngra har kim o‘z ishiga, cholim bemorlarini ko‘radi (chunki uni bemorlari bir umr tinch qo‘ymaydi), men esa ijodxonamga kirib olib yozaman. Bilaman, xonamda ko‘p o‘tirolmayman, bir-ikki soat yozgach, velosipedimni olib mahalla guzariga aylanib, do‘kondan ul-bul olib qaytaman. Ham sport, ham ehtiyoj deganlaridek, qonim yurishadi, muskullarning chigali yoziladi, ham kechki mazali ovqatim uchun masalliq tayyor bo‘ladi. Taomni cholim bilan gurunglashiib tayyorlaymiz deb tasavvur qilib turaman, mobodo butun hayotim bo‘yi menga atalgan vaqtlarni o‘g‘irlagan yaramas bemorlari yanayam tinch qo‘yishmay kelib olishsa nachora, doimgidek bir o‘zim musiqamni qo‘yib olib, raqsga tushib ijodni oshxonada davom ettiraveraman-da!

Har narsani bir hikmati bor deganlaridek, bilasizmi, endi nimadan g‘am chekmas ekanman? Sochlarimdan! Ha, endi oq tolalarini yashirish uchun ularni qiynab bo‘yatib ovora bo‘lmayman. Sababi, endilikda barchasi oqqa bo‘yalib bir tekis, tabiiy tusga kirib qoladi va ayni zamonasiga mos bo‘lgan «trend» rangga aylanadi. Qarabsizki, mos turmak bilan yoshimni kamida 20 yilga qisqartirib beradi. Ajoyib turmak, pardoz-andozni qilib olib, cholimni spektaklga taklif etaman. Zamona shu yerga kelganida teskari aylanadi aylanaylar, bir vaqtlar men bergan rad javobini u o‘zimga qaytaradi. «Bormayman, kuni bilan bemor ko‘rdim, charchadim!» — deydi g‘o‘ddayib. Men ham anoyi xonim emasman bilasiz, labimni burib ensa qotiraman va «Bormasangiz uyda biqiniib o‘tiravering, o‘zim ham ketaveraman!» — deyman-da, o‘g‘lim sovg‘a qilgan skuterimni shaylab (uzoqroq yo‘lga yaxshida) hayohut deb shaharni qoralab jo‘nayman. Jo‘nay turib cholimga har doimgi qitmir hazilimni aytib ketmasam ko‘nglim ko‘nchimaydi. «Yaxshi qoling mijg‘ov chol, qaytgunimcha yorilib ketmang!» — deyman.

«Aytgan vaqtimda qaytmasang darvozadan hatlatmayman!» — deydi u qiltillab. Nimasini aytasiz, axir moshinasida yonginasiga olib muzeylar, teatr va kutubxonalarga tashrif buyursak, «Marhamat xonim» deb tavoze’ bilan eshiklarni ochib bersa asakasi ketmaydi-ku, to‘g‘rimi?! Yo‘q, bu kishimga o‘sha tugamas ishi-yu, noshukr bemorlari kerak. Xullas, quruq ming‘irlashdan foyda yo‘q, urush-janjalni-ku aytmay qo‘yaqolay: Turmush qurganimizdan keyingi bir yilni hisobga olmasak (bir-birini tushunib, tabiatlarini bilib olgunlaricha barcha oilada bo‘ladigan tabiiy moslashish jarayoni) yuz yildan buyon biror marta bo‘lsin arazlashib gaplashmay yurishni xayolimizga ham keltirmabmiz. To‘g‘ri oilada janjallar bo‘lib turadi, biz ham bu holatdan mustasno emasmiz albatta. Ammo, «Er-xotin urushi doka ro‘molning qurishi» maqoli aynan biz uchun aytilganini hisobga olib janjaldan keyin uzog‘i bilan besh daqiqacha gaplashmay tura olamiz xolos. Mabodo, meni nozik qalbim judayam o‘ksinib qolsa o‘n daqiqaga cho‘zilish ehtimoli ham yo‘q emas. Alaloqibat, «doka ro‘mol» qurib ulgurib-ulgurmay yana suhbatlashib o‘tiribmiz-da. Shu yerda mavzuga oid bir sirimizni aytib ketmasam, keyin o‘zimni qizg‘anchiqlikda ayblab yurishim tayin. Turmush qurganimizga sal kam 30 yil bo‘lgan bo‘lsa, biror marta bo‘lsin arazlab Ota uyimga ketib qolmabman. Ishonmaysizmi? Ishonavering, axir hozir sizga xuddi o‘sha mo‘’jizakor sirimizni aytib ketmoqchiman-da! Bizni sehrli tolqonimiz bor. Ha, to‘g‘ri eshitdingiz, tolqon. O‘sha odatiy, qotgan non, ta’bga qarab yong‘oq-mag‘iz, shirin danak yoki asal qo‘shib tayyorlanadigan talqon koptokchalarimiz doim tayyor. Turmush o‘rtog‘imning tabiati tuproq unsuriga oid: aqlli, mehribon, mehnatsevar va oilaparvar inson. Ammo, nazoratni juda yaxshi ko‘radi. Qayerdasan, nima qilyapsan, tez kel, kechikma, bu zarar, mana bu foydali va hakozo aytib tugatolmaydigan buyruqlari bilan meni adoi tamom qiladi. Ming yilda birvarakay sabr-toqati toshib g‘azabi qaynaydiki, oldingi sokin va mehribon odamni arvohi ham qolmaydi. Tez hamda  olovli injiq tabiatimga qaramasdan xuddi shu paytda kurk tovuqday pusib qolaman va shu zahoti haligi sehrli talqonimizdan og‘zimga solib olaman. Olam guliston! Otaxonimiz tutab o‘chgunicha mazali talqonimni shimib birato‘la katta janjalni oldini olib, kuch ham yig‘ib olaman. Yoki aksincha, men qo‘qqisdan yonib chirsillay boshlasam, u talqondan shimib oladi. Ana sizga tep-tekin maslahat hamda baxtli oila siri, qo‘llang va baxtli bo‘lib keting, aylanaylar! Ko‘ngilginalaringiz baxtdan quyoshday charaqlab ketsin!

Eeh, nimasini aytay, ko‘ngil deganlari shundayin xudbin va o‘jar hilqat ekanki, o‘z bilganidan qolmay bezrayib turaverarkan. Bo‘lmasa, biz ayyorgina ayol zoti ko‘ngildagi qadrli insonimiz uchun hayot zarbalariga chidab, bor orzu-havaslarimiz, go‘zalligimiz, yoshlik hamda kuch-quvvatimizni garovga qo‘yib tavakkal qila olarmidik? Suv kelsa simirib, tosh chiqsa kemirib hayotning tikanakli so‘qmoqlaridan omon chiqa olardik deb o‘ylaysizmi? Qayoqda deysiz, avvaliga ko‘nglimiz shohanshohi bo‘lmish juftimiz va uning oila a’zolari, keyiniga shohzodalar xizmatini qilib ko‘ngillariga yo‘l topamiz degunimizcha butun umrimiz yaponlarning supertezyurar poyezdi kabi «ship» etib o‘tib ketganini sezmay ham qolamiz. «Nimanidir o‘tkazib yubordimmi?!» — deganimizcha og‘zimiz ochilib ko‘zguga qarasak tiniq yuzini ajinlar talashgan, timqora sunbul sochlari oqarib pataklashgan, sarviqomati ilk yaralmishi qovurg‘adek egilganicha, qahrli ko‘zlari baqrayib turgan kampirshoni ko‘ramiz va «Arpangizni xom o‘rdimmi momojon, bunchalar nafrat bilan tikilib turibsiz?» — deb yuborishimizga bir bahya qoladi.

Ko‘p qarab turolmaysan: shartta o‘grilasan-da, bu haqiqatlar ko‘zgusiga qayta biror marta bo‘lsin ko‘z tashlamaysan. Chunki, uning qa’ridan behuda o‘tib ketgan umr zavoli, dardu-hasrat, afsus-nadomat, biz ayollar baxt deb o‘ylagan saroblar chiqib kelaveradi. Ha, vaqti kelib xuddi shu toshqin hislar har bir ayol zoti qalbining tub-tubida isyon qiladi. «Umrimni nimalar yoki kimlar uchun sarflab yubordim?!» — deydi ayol. Ammo, ichidagi minglab javoblarni tashqariga chiqarolmaydi. Ular ozodlikka qo‘yib yuborilgudek bo‘lsa bormi, dahshatli bir to‘fonga yoki uyqudan yangi uyg‘ongan vulqonga aylanib butun olamni kulini ko‘kka sovurardi.

Ha, ayol itoati go‘zaldur, sabr-toqati oltindur, lekin, o‘sha hayot ko‘zgusiga boqqan lahzalardan boshlab itoat, sabr-toqat, jonfidolik, o‘zligini qurbon etish kabi, shu vaqtga qadar atrofingdagi odamlar tomonidan olqishlanib fazilating sifatida talqin etilib kelgan «oliy sifatlar» qisqagina umr uchun juda uzunlik qilishini anglab qolasan. Ayniqsa, ushbu paradoksni anglab, o‘z umringda o‘zing yashashni boshlagan kuningdan 40 yildan buyon «yaxshi odam» maqomini berib kelgan manfaatdor kimsalar nazdida 4 kundayoq (balki 4 soniya dermiz) bir yumalab «dunyodagi eng razil maxluqot»ga aylanib qolishing Garri Potterning sehrli tayog‘i kimgadir meros qolgan-u, senda sinab ko‘rgandek tuyulib ketadi. Juda og‘riqli, huddi tavqi la’natdek keskin sehrgarlik shunday emasmi?! Mana shu og‘riq butun umrga yetib ortadi: yo‘qotilgan, hayotingni eng go‘zal damlarini havoga sovurgan, o‘ylaganingdek kerakli emas, qadringni hech qachon bilmaydigan odamlar uchun qulay, oson va foydali o‘tish yo‘li yoki bop buyum kabi bo‘lganingni anglab qolasan. Ana endi yoshing nechada bo‘lmasin o‘sha yo‘qotilgan yillarni qaytadan o‘zing istaganingdek yashab o‘tishni istaysan…

Xayoldan tezkor narsani topolmaysan kishi, shaharga yetib kelgunimcha ongimda aylangan o‘ylarni qarang! Yolg‘iz qolgach shundayin kulrang va ezgin xotiralar domiga tortib ketishi tayin-da axir. Juft kabutarlardek cholim bilan birga kelsak yoshlik damlarimizni baxtli onlarini eslashib yosharib ketarmidik deyman? Mayli, yozg‘irmoq emas tushunmoq darkor. Yig‘lash emas, kulib yengmoq kerak! Agar bir birlarini tushuna olishmasa sevgi-muhabbat deganlarini haschalik qadri qolmaydi.

Turmushning mushti bir zarbi bilanoq hayolot olamimizda uchib yurgan barcha beg‘ubor va oppoq tug‘yonlarimizni baxtdan yonib turgan ko‘zlarini ko‘kartiradi. Ana endi buyuk muhabbatimiz yurak yutib turmushning biror ishiga burnini suqib ko‘rsinchi! Xullas aylanaylar, gap bilan bo‘lib ertaroq kelibmiz. Spektaklimgacha — asr va shom orasida o‘g‘limni uyiga kirib o‘tsammikin degan o‘y kelib qoldi. Vaqtni suvday oqishini qarang, huddi yaqindagina uylab alohida chiqargandekmiz-u, bungayam o‘ttiz yilcha bo‘lib qolibdi. O‘shanda o‘g‘lim bizdan xafa bo‘lgandi. Albatta, tushunish mumkin, o‘zbekona an’anamizga binonan oilada o‘g‘illar ko‘p bo‘lsa — eng kichik o‘g‘il, yagona bo‘lsa — o‘sha birgina o‘g‘il ota-ona bilan qolishga mahkum. Hech qanday sabab, vaj hamda istisnolar qabul qilinmaydi. Mavzu huddi shu manzilga kelganida yuzimga beixtiyor ayyorona tabassum yoyiladi. O‘ylab qaralsa, odamzotining har bir harakatida xudbinlik yashirin bo‘ladi. Mana nima sababli xudoyimdan o‘g‘il farzand tilanamiz?! O‘zimizni o‘ylaymiz: qarib kuchdan qolganimizda yolg‘iz, qarovsiz qolib ketmasligimizni kafolatlab qo‘ymoqchi bo‘lamiz.

Menga bundayin ma’noli qarashingizni qilmang urgilay, to‘g‘ri avliyo emasman, ammo boshdan — bosh mazkur an’anaga qarshi bo‘lganman va xudoyimdan qarib to dorulbaqoga rixlat etgunimga qadar kuch-quvvat berishini, hech kimga muhtoj bo‘lmay, cholim ikkimiz suyanishib yashashimizni chin dildan niyat qilib so‘raganman. Axir to‘g‘risi ham shu emasmi, qaysidir farzandingizni siz bilan qolishga, nima bo‘lmasin bir umr chizib qo‘ygan chegarangiz, xohish-istaklaringizdan chetga chiqmay, o‘zini emas, sizni hayotingizda yashashga majbur etishni nima deb atash mumkin? Ayniqsa, hozirgi zamonasida yoshlarning anchayin erkin, o‘z xohish-istaklari asosida hayot qurish, shaxsiy fikr, biznikidan farqlanuvchi dunyoqarashini hisobga oladigan bo‘lsak, ayni hozirgi oilaviy muammolarning «ariqboshi»si mana shu o‘zimiz majburiyatga aylantirib, farzandimizdan burch ta’ma qiladigan joydan boshlanadi.

Kuzatuvlarimga qaraganda, hozirgi qizlarning yuz foizi qaynona-qaynota bilan bir tom ostida yashashni yoqtirishmaydi. Oradagi bir foiz farqni hisobga olmasak, o‘z navbati bilan qaynonalarimiz ham o‘g‘ilginalari, to‘g‘rirog‘i kelinni osongina qo‘yib yuborishni istashmaydi. Ular xashamatli oq ko‘ylak hamda malikalik toji ostida bo‘lajak uy xizmatkorini ko‘rishsa, kelinlar esa soxta mulozamat bilan mehmonlarni qarshi olayotgan farishta niqobi ostidagi zaharli olma tutgan o‘gay onani payqab oladilar. Bu ikki ayol to‘y kuni ilk bor ko‘zlari to‘qnashgandayoq azaliy dushman ekanliklarini chin yurakdan his etadilar. Komil ishonch bilan ta’kidlay olamanki, kelin salomni qaynonalar, boshqa ro‘zg‘or qilib chiqib ketishni kelinlar o‘ylab topishgan va ular orasidagi o‘zaro ziddiyat hamda kelishmovchiliklar mudom davom etib kelaveradi. Axir ikki ayol, ya’ni ikki tamoman teskari tabiatli olamlar bir nuqtada birlashishlari mumkinmi? Aslo!

Shunday qilib, o‘g‘limning to‘yini tugatib, yoshlarni o‘z uylariga kuzatib qo‘ygandik. Uzoq-yaqin ayollar nima sababli tayyor «cho‘ri»mni osongina qo‘yib yuborayotganimni so‘rashdi. «Xizmatingizni qilmaydimi, o‘g‘lingiz ham yolg‘iz farzand bo‘lsa, kelajakda siz chol-kampirga kim g‘amxo‘rlik qiladi?» — deyishdi. «Rahmat, xizmatni ham g‘amxo‘rlikni ham o‘z-o‘zimga qila olaman!» — degandim va mana ko‘rib turganingizdek barchasi niyatlarimizga yarasha: sakson yoshimda bardam baquvvatman, yozaman, oshxonamda taom tayyorlayman, cholim bilan janjallashishga ham kuchim yetib turibdi. Eng muhimi doimiy harakatdaman. Agar yuz ko‘rishib qolsak 50 yoshdan ortig‘ini berolmaysiz. O‘ylaymanki, beriladigan bir tutamgina umrimizda har kim o‘z hayotini yashasin. O‘zi uchun, yonidagi suyukli insoni uchun yashab o‘tsin. Farzandlar — uchirma polaponlar! Ularga parvoz qilishni o‘rgating-da o‘z osmoniga qo‘yib yuboring! Qanchalik erta uchirma bo‘lsa, shuncha tez yo‘lini topib olishadi. Oliy maqsadlar, farzandlari kamoloti sari erkin qanot qoqishadi. Qarabsizki, oilaviy ziddiyatlar, o‘zaro nizolar, ko‘ngilqorachiliklarga o‘rin qolmaydi va har bir inson o‘z olamida o‘zlaricha baxtli yashashadi.

Ana, suhbat bilan o‘g‘limning uyiga ham yetib kelibman. O‘g‘lim bilan kelinim ishdan qaytishmagan bo‘lishsa kerak. Yo‘q, qo‘ng‘iroq qilib, «Qayerdasan, boryapman?!» — deyishni unchalik yoqtirmayman. Tavakkal, uyda kimdur bo‘lsa eshik ochishar, yo‘qsa, spektakl boshlangunicha muzeylarni aylanib turaman. Ko‘ngilginam sezib turibdi, bugun uyga yolg‘iz qaytmayman. Cholim allaqachon ortimdan yo‘lga chiqqan. Bugun bolalarimizni birrov ko‘rib diydoriga to‘ysak, sog‘-salomat ekanini bilsak bizdan baxtli ota-ona topilmaydi.

Muhimi bugun, indin — sakson qoralab kelgunicha o‘z hayotimizda ozod va baxtli yashashga ulgurib qolaylik!

Ertaga xudo-poshsho, ertaga bir gap bo‘lar!

Mastura Abduraimova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

“Media haftalik”ning oddiy ishtirokchilari media liderga aylanishmoqda!

Published

on


Navoiyda bo‘lib o‘tayotgan “Media haftalik” loyihasi media sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun haqiqiy tajriba va imkoniyatlar maydoniga aylandi. Bir necha kun davom etgan intensiv treninglar, mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Loyiha davomida qatnashchilarga shunchaki kontent yaratish emas, balki auditoriyani jalb qiladigan, katta muhokamalarga sabab bo‘ladigan va jamiyat fikriga ta’sir qila oladigan zamonaviy media mahsulot tayyorlash sirlari o‘rgatildi.

Ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan darslarda ishtirokchilar virusli kontent tayyorlash, trend shakllantirish, auditoriya psixologiyasi, kreativ storytelling, shaxsiy brend qurish, media orqali daromad qilish kabi yo‘nalishlarda muhim bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Eng ahamiyatlisi, “Media haftalik” ishtirokchilarni tayyor axborotni kutadigan emas, balki axborot yaratadigan va media muhitini boshqara oladigan yangi avlod vakillariga aylantirishga xizmat qildi.

Kecha bo‘lib o‘tgan mahorat darslari ayniqsa katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar zamonaviy media olamining yopiq sirlari, auditoriyani ushlab qolish mexanizmlari hamda katta ko‘rishlar yig‘adigan kontent formulalari haqida eksklyuziv ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Bugun esa loyihaning yakuniy qismi — “Media forum” ham yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida media sohasidagi yangi tendensiyalar, innovatsion g‘oyalar va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Mutaxassislar fikricha, “Media haftalik” bugun shunchaki trening emas, balki media sohasi uchun yangi iste’dodlar va kuchli kadrlar tayyorlaydigan yirik platformaga aylanib bormoqda.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Axborot urushi davrida g‘alaba xotirasini asrash: ekspertlar nima deydi?

Published

on


Ertaga 9-may, Xotira va qadrlash kuni.  Shu munosabat bilan Toshkentda “Umumiy g‘alaba — kelajakka nazar” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. “Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi hamda Markaziy Osiyo Yosh siyosatshunoslar maktabi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda Markaziy osiyo mamlakatlari va rossiyalik tarixchilar, ziyolilar, taniqli siyosatshunoslar bir nuqtaga e’tibor qaratdilar: bugun g‘alaba bilan shunchaki faxrlanish kifoya emas, uni axborot xurujlaridan va tarixni soxtalashtirish urinishlaridan himoya qilish davr talabiga aylandi.

Ishtirok etgan ma’ruzachilar taqdim etgan urush yillarining suronli xotiralari, arxiv hujjatlari va raqamlardan bilish mumkinki, O‘zbekiston uchun bu urush hech qachon begona bo‘lmagan. Bu qariyb jang maydoniga otlangan ikki millionga yaqin vatandoshimizning, evakuatsiya qilinganlarga bag‘rini ochgan O‘zbekistonning front ortidagi mislsiz matonat hikoyasidir.

Tarix fanlari doktori, professor Zamira Eshonxo‘jayeva keltirgan ma’lumotlar o‘zbek xalqining naqadar saxovatli va fidoyi ekanini yana bir bor isbotladi: “E’tibor bering, birgina 1941-1943-yillar davomida respublika aholisi mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ to‘plab bergani, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g‘alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

Urush olovi ichida qolgan hududlardan ko‘chirib kelingan 170 tadan ortiq zavod va fabrikalar O‘zbekiston tuprog‘ida qisqa muddatda qayta oyoqqa turg‘izilib, harbiy texnika va qurol-yarog‘ ishlab chiqaradigan qudratli bazaga aylandi, evakuatsiya qilingan bolalar uchun 98 ta bolalar uyi tashkil qilingan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolalarga mehr-oqibat ko‘rsatilgan, urush hududlaridan jo‘natilgan 1 million 500 mingga yaqin insonga boshpana berilgan.”

O‘zbek xalqining g‘alabaga qo‘shgan hissasi beqiyos ekan, tabiiy bir savol tug‘iladi: biz bugun ushbu tarixiy voqeaning asl mohiyatini yosh avlodga haqqoniy yetkaza olayapmizmi?

“Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashevning ta’kidlashicha, bugungi kunda shunchaki g‘alaba bilan faxrlanish davri o‘tdi, endi uni himoya qilish davri keldi. Chunki hozirgi dunyoda tarix shunchaki o‘tmish emas, balki katta axborot urushining bosh poligoniga aylangan.

Ekspertning fikricha, hozirda Ikkinchi jahon urushi haqidagi haqiqatni buzib ko‘rsatishga qaratilgan harakatlarga qarshi faqat va faqat xolis tarix va jonli faktlar bilan javob berish mumkin.

“Agar biz bugun yoshlarimizga bobolarimizning nega jang qilganini tushuntirib bermasak, ertaga boshqalar ularga butunlay o‘zgacha, soxta tarixni singdiradi, — deydi Baxtiyor Ergashev. — Bizning bobolarimiz nima uchun jang qilayotganini juda yaxshi bilishgan. Ular farzandlarining kelajagi, ijtimoiy adolatli yurti va tinchlik  uchun kurashganlar. Shu bois, Berlin ostonasigacha mardonavor borgan ajdodlarimizni xoinlar bilan bir qatorga qo‘yish nafaqat adolatsizlik, balki tarixiy xiyonatdir.

G‘alaba bizning umumiy va buyuk merosimiz. Uni asrab-avaylash esa shunchaki vazifa emas, balki jang maydonida jon fido qilgan millionlab ajdodlarimiz oldidagi ma’naviy burchimiz”.

Tarixchi Svetlana Asanova o‘z nutqida tarixga faqat jangnoma sifatida emas, balki insoniy qadriyatlar va mehr-oqibat ko‘zgusi sifatida qarash zarurligiga ham alohida to‘xtalarkan, bugungi kunda yurtimizda Xotira va qadrlash kuniga bo‘lgan yondashuv qanday evolyusiyani boshdan kechirganiga e’tibor qaratdi.

Uning fikricha, bayramning nomlanishi tarixdan voz kechish emas, balki xotirani yanada insoniyroq va teranroq mazmun bilan boyitishga xizmat qilmoqda. Asanova 2020-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” majmuasini misol keltirdi: “Bu maskan shunchaki harbiy yodgorlik emas, balki xalqimizning urush yillaridagi ulkan gumanizmi, bag‘rikengligi va jasoratiga qo‘yilgan haykaldir. Bugungi kunda  gumanizm ruhidagi tarixiy xotira, ya’ni halok bo‘lganlarning nomini avaylash va hayot bo‘lgan faxriylarga yuksak ehtirom ko‘rsatish bayramning bosh g‘oyasiga aylandi”.

Urushning shiddatli lahzalari va jangovar mahorati haqida gap ketganda, falsafa fanlari nomzodi Ravshan Nazarovning o‘zbek generallari haqidagi ma’lumotlari ikkinchi jahon urushi g‘alabasiga harbiylarimizning hissasi beqiyos bo‘lganini ko‘rsatib berdi.

Ravshan Nazarov o‘z chiqishida nafaqat afsonaviy general Sobir Rahimov, balki ismlari tarix sahifalarida zarhal harflar bilan muhrlangan boshqa sarkardalarimizni ham xotirladi, masalan Berlin ostonalarigacha borgan, mardlik va strategik aql-zakovati bilan tanilgan Fayzulla Narxo‘jayev, o‘z hayotini vatan ozodligiga bag‘ishlagan zabardast harbiy rahbar Sobir Oxunjonovlar o‘zbek xalqining nafaqat askar, balki katta qo‘shinlarni boshqarishga qodir bo‘lgan strategik salohiyatini ham ifodalaydi. Ularning jasorati yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi bo‘la oladi.

Darhaqiqat, urush maydonida qon kechgan generallar, askarlar, front ortida zahmat chekkan onalar, yoshlar va Toshkentning bag‘ridan panoh topgan yaradorlar, yetim bolalar taqdiri bizning umumiy tariximizdir.

Mudofaa vazirligining so‘nggi ma’lumotlari qalbimizda ham mahzunlik, ham cheksiz ehtirom uyg‘otadi: ayni paytda O‘zbekistonda o‘sha suronli yillarning jonli guvohi bo‘lgan atigi 60 nafar urush faxriysi va ularga tenglashtirilgan shaxslar qolgan. Ularning 28 nafari poytaxtimiz Toshkentda, qolganlari esa viloyatlarda istiqomat qilmoqda. Mamlakatimizda, shuningdek, 19 nafar sobiq konslager mahbusi va Leningrad qamalidan omon qolgan 13 nafar faxriy ham g‘alabaning 81 yilligini munosib kutib olish taraddudida. Har bir faxriy biz uchun tirik tarix, jasorat timsolidir. Ularning safi yildan-yilga siyraklashib borayotgani bizga bir muhim haqiqatni eslatadi: vaqt g‘animat, ulardan borini o‘rganish, xotirasini e’zozlash va eng muhimi — ular himoya qilgan tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrash bizning oliy burchimizdir.

 

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading

Mahalliy

11-may kuni maktablarda dars bo‘ladi, bog‘chalar esa dam oladi

Published

on


O‘zbekistonda 9-may — Xotira va qadrlash kuni besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli ushbu dam olish kuni 11-may — dushanba kuniga ko‘chirilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 11-may kuni mamlakat maktab va bog‘chalari qay tartibda ishlashini ma’lum qildi.

2026 yil 11-may kuni — umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun (shu kun uchun belgilangan) dars soatlari tashkil etiladi. Biroq boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ushbu kun dam olish kuni hisoblanadi.

Shuningdek, davlat bog‘chalari xodimlari ham shu kuni dam oladi.

Nodavlat ta’lim muassasalarida dam olish kunlarini belgilash mazkur ta’lim muassasalarining o‘z ichki tartib-qoidalariga ko‘ra amalga oshiriladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

60 nafar urush faxriylarining aksariyati Toshkentda yashamoqda

Published

on


Urush tugaganiga deyarli 80 yil bo‘ldi. Ammo o‘sha qonli yillarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan insonlar hamon oramizda.

2026-yil 6-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 60 nafar Ikkinchi jahon urushi faxriylar istiqomat qilishmoqda.

Ulardan 28 nafari poytaxtimizda, 5 nafari Samarqandda, 11 nafarga yaqini esa boshqa viloyatlarda istiqomat qilishmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining farmoniga binoan, 2026-yilda urush qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.

Urush faxriylariga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga esa 25 million so‘mdan mablag‘ ajratilgan. Bu hali hammasi emac, O‘zbekistonda doimiy ravishda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari uchun keng ko‘lamli moddiy va ijtimoiy imtiyozlar tizimi joriy etilgan.


Jumladan, ular olayotgan nafaqaga asosiy miqdorning 150 foizi miqdorida oylik qo‘shimcha to‘lovlar qo‘shiladi.
Har oyda oziq-ovqat va gigiyena vositalari uchun qo‘shimcha mablag‘, yiliga bir marta esa kiyim-kechak va poyabzal uchun kompensatsiya to‘lanadi
Shuningdek, faxriylarimiz respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida va viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonalarida bepul tibbiy yordam olish huquqiga egalar.
Bundan tashqari, yiliga bir marta o‘zlari xohlagan vaqtda sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirish kursida davolanishlari mumkin. 1-guruh nogironi bo‘lgan faxriylarni parvarishlovchi farzandi yoki nabirasi uchun ham bepul yo‘llanma ajratiladi.
Yolg‘iz yashayotgan va uy-joyga muhtoj faxriylarning xonadonlari davlat hisobidan ta’mirlab beriladi.
Temir yo‘l transportida bepul yurish va havo transportida imtiyozli uchish huquqi ham mavjud.
Muzey, teatrlar va boshqa madaniy tadbirlarga kirish ham ular uchun mutlaqo bepul.
Qolaversa, kommunal xizmatlar to‘lovi uchun har oylik kompensatsiya pullari to‘lab beriladi.
Urush faxriylari jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘idan ham to‘liq ozod qilingan.
Yolg‘iz yashayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan faxriylarning xonadonlari davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq ta’mirlab berilmoqda.
Shuningdek, yurtimizda urush faxriylarining kundalik turmushi va salomatligini nazorat qilish uchun maxsus patronaj tizimi va hududiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan.
Ular har kuni faxriylarning xonadoniga borib, uning salomatligini (qon bosimi, qand miqdori va umumiy holati) tekshirib turishadi va zaruriy dori-darmonlarni bepul yetkazib berishadi.

Quvonarlisi, bunday imkoniyatdan aksariyati Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining oila a’zolari, ayniqsa, ular bilan birga yashayotgan yoki ularga g‘amxo‘rlik qilayotgan farzandlari va nabiralariga ham taqdim etiladi. Faxriyga biriktirilgan patronaj xizmati hamshiralari uning oila a’zolarining sog‘lig‘idan ham muntazam xabardor bo‘lib turishadi.

Bundan tashqari, yurtimizda urush faxriyalarining farzandlari hamda nevaralari uchun oliy ta’lim muassasalariga (OTM) kirishda davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar va imtiyozli ballar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, bunday oila farzandlari harbiy yo‘nalishdagi o‘quv yurtlariga kirishda ham imtiyozlarga ega bo‘lishadi.

Shuni ta’kidlash lozimki, bu imtiyozlarning aksariyati faxriyning ijtimoiy himoyasini ta’minlash va unga qarashayotgan yaqinlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan.

Yolg‘iz yashaydigan faxriylarga esa kundalik yumushlarida (ovqat pishirish, tozalik) yordam berish uchun maxsus ijtimoiy xodimlar ajratilgan.

Ushbu imtiyozlarning aksariyati nafaqat bevosita urush qatnashchilariga, balki ularga tenglashtirilgan shaxslarga ham tegishli tartibda qo‘llanilib kelinmoqda.

Har yili mamlakatimizda 9-may arafasida hokimliklar tomonidan faxriylarga qimmatbaho maishiy texnikalar (muzlatgich, televizor va h.k.) yoki avtomobillar sovg‘a qilinishi an’anaga aylangan.

9-may — bu shunchaki sana emas. Bu — hurmat, xotira va qarzdorlik kuni. Biz urushni faqat kitoblarda o‘qiganmiz. Ular esa uni yuragi bilan his qilib, hayoti bilan yozgan.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekiston Rossiyada talabalari eng ko‘p 4 mamlakat qatoriga kirdi

Published

on


Joriy o‘quv yilida Rossiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 2024-yilga nisbatan 7 ming nafarga ko‘payib, jami 402 ming nafarni tashkil etdi. Bu haqda RF Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Konstantin Mogilevskiy ma’lum qildi.

Bugungi kunda Rossiyada dunyoning 179 mamlakatidan kelgan yoshlar o‘qimoqda. Eng katta ko‘rsatkichlar Qozog‘iston (60 818), Turkmaniston (57 060) va Xitoy (56 766) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya OTMlarida 46 598 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Bu ko‘rsatkich jami chet ellik talabalarning 11,5 foizi demakdir.

Rossiyada tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni (top-10):
(Jami xorijlik talabalarning qariyb 82 foizi 10 mamlakatga to‘g‘ri keladi)


Qozog‘iston — 60 818;
Turkmaniston — 57 060;
Xitoy — 56 766;
O‘zbekiston — 46 598;
Hindiston — 38 831;
Tojikiston — 24 640;
Belorussiya — 16 048;
Qirg‘iziston — 9 643;
Ozarbayjon — 9 633;
Eron — 9 495 kishi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.