Mahalliy
Sakson yoshimda men…(Hajviya)
Sakson yoshingizni tasavvur eta olasizmi? Yo‘qmi? Taqdir peshona, umr masalasi deysiz-da?! Menga esa baribir, nima bo‘lmasin tasavvur eta olaman. Tasavvurlarim bilan birgalikda istalgan zamon, istalgan vaqtda, istagan joyimizga qanot qoqaveramiz. Xullas, men sakson yoshimda ham hozirgidek kuchli, o‘ziga ishongan, xushchaqchaq va go‘zal xonim bo‘laman. Nega kechagina men bilan janjallashib bugun ishi tushib kelgan qo‘shnimga o‘xshab maza-matrasiz, bezbetona chalatabassum qilyapsiz? Qarib munkillab qolgan ezma kampir bo‘lasan deysiz-da?!
Yo‘q, zinhor siz aytgandek bo‘lmaydi! Tasavvurlarim hech qachon adashmagan axir; Hozirgi zamon zayliga qaraydigan bo‘lsak, u vaqtda farzandlarimning farzandlari juda ko‘p bo‘ladi deyolmayman-u, lekin mehmonga kelishsa «Bo‘ldi yetarli, bolalaringni yig‘ishtirlaringda uy-uylaringa jo‘nalaring!» — deydigan darajada o‘zlariga yetgulik bo‘ladi. Rostiyam shuda, axir ular birorta bolasini qoldirib ketadigan bo‘lsa, bu gap uqmas va bijildoq to‘polonchilar dastidan biror hikoya yozish tugul kitob ham o‘qiy olmayman-ku! Yo‘o‘q, nima desangiz deng-u, bu menga to‘g‘ri kelmaydi. Albatta, albatta, ishonchim komil, siz mehribon va nihoyatda jonfido buvisiz: uyingiz doim nabiralar bilan to‘la, to‘y-xasham, mehmondirchilikka borsangiz ham birortasini yetaklab yurmasangiz yarmingiz kemtilib qoladi. Men esa siz kabi superbuvi bo‘lolmayman. Birinchidan, odamlar ko‘p to‘planadigan shovqinli joylarga borsam, gap-gashtaklarda yurib xotinlarning g‘iybatlarini eshitsam boshim og‘rib mazam qochib qoladi. Ikkinchidan, bola kimniki bo‘lsa o‘sha yetaklab yursin, o‘zingiz zo‘rg‘a yo‘lingizni topib yurasiz-u, nabira yetaklab olishga balo bormi?
Qolaversa, bundayin bekorchi yurishlarga vaqtim ham bo‘lmaydi, qolgan-qutgan to‘rttagina kunimniyam sandiroqlab o‘tkazsam katta-katta asarlarni mushugim yozadimi? Keyin, uyimda doim meni nazoratda ushlab turadigan, ozodalik, mazali taomlar, ajib suhbatlarni jon dilidan sevadigan, bir kun qonimni ichmasa mazasi qochib qoladigan cholimni (yigitim demoqchiman, cholni yozish osonroq ekan) yolg‘iz qoldirib ketsam boshimda yong‘oq emas, tosh chaqadi-ku! «Sakson yoshingda uy ishlariga yararmiding?!» — deysizmi? Bekor aytasiz, uy ishlari tugul har kuni sport bilan shug‘ullanaman: ertalabki yugurish va badantarbiyani keng-mo‘l hovlimda bajarib olaman. Uy-eshiklarni tozalab (albatta cholim bilan birga, tartib va ozodalik uni hobbisi) shirin quymoq bilan qahva ichib olamiz.
So‘ngra har kim o‘z ishiga, cholim bemorlarini ko‘radi (chunki uni bemorlari bir umr tinch qo‘ymaydi), men esa ijodxonamga kirib olib yozaman. Bilaman, xonamda ko‘p o‘tirolmayman, bir-ikki soat yozgach, velosipedimni olib mahalla guzariga aylanib, do‘kondan ul-bul olib qaytaman. Ham sport, ham ehtiyoj deganlaridek, qonim yurishadi, muskullarning chigali yoziladi, ham kechki mazali ovqatim uchun masalliq tayyor bo‘ladi. Taomni cholim bilan gurunglashiib tayyorlaymiz deb tasavvur qilib turaman, mobodo butun hayotim bo‘yi menga atalgan vaqtlarni o‘g‘irlagan yaramas bemorlari yanayam tinch qo‘yishmay kelib olishsa nachora, doimgidek bir o‘zim musiqamni qo‘yib olib, raqsga tushib ijodni oshxonada davom ettiraveraman-da!
Har narsani bir hikmati bor deganlaridek, bilasizmi, endi nimadan g‘am chekmas ekanman? Sochlarimdan! Ha, endi oq tolalarini yashirish uchun ularni qiynab bo‘yatib ovora bo‘lmayman. Sababi, endilikda barchasi oqqa bo‘yalib bir tekis, tabiiy tusga kirib qoladi va ayni zamonasiga mos bo‘lgan «trend» rangga aylanadi. Qarabsizki, mos turmak bilan yoshimni kamida 20 yilga qisqartirib beradi. Ajoyib turmak, pardoz-andozni qilib olib, cholimni spektaklga taklif etaman. Zamona shu yerga kelganida teskari aylanadi aylanaylar, bir vaqtlar men bergan rad javobini u o‘zimga qaytaradi. «Bormayman, kuni bilan bemor ko‘rdim, charchadim!» — deydi g‘o‘ddayib. Men ham anoyi xonim emasman bilasiz, labimni burib ensa qotiraman va «Bormasangiz uyda biqiniib o‘tiravering, o‘zim ham ketaveraman!» — deyman-da, o‘g‘lim sovg‘a qilgan skuterimni shaylab (uzoqroq yo‘lga yaxshida) hayohut deb shaharni qoralab jo‘nayman. Jo‘nay turib cholimga har doimgi qitmir hazilimni aytib ketmasam ko‘nglim ko‘nchimaydi. «Yaxshi qoling mijg‘ov chol, qaytgunimcha yorilib ketmang!» — deyman.
«Aytgan vaqtimda qaytmasang darvozadan hatlatmayman!» — deydi u qiltillab. Nimasini aytasiz, axir moshinasida yonginasiga olib muzeylar, teatr va kutubxonalarga tashrif buyursak, «Marhamat xonim» deb tavoze’ bilan eshiklarni ochib bersa asakasi ketmaydi-ku, to‘g‘rimi?! Yo‘q, bu kishimga o‘sha tugamas ishi-yu, noshukr bemorlari kerak. Xullas, quruq ming‘irlashdan foyda yo‘q, urush-janjalni-ku aytmay qo‘yaqolay: Turmush qurganimizdan keyingi bir yilni hisobga olmasak (bir-birini tushunib, tabiatlarini bilib olgunlaricha barcha oilada bo‘ladigan tabiiy moslashish jarayoni) yuz yildan buyon biror marta bo‘lsin arazlashib gaplashmay yurishni xayolimizga ham keltirmabmiz. To‘g‘ri oilada janjallar bo‘lib turadi, biz ham bu holatdan mustasno emasmiz albatta. Ammo, «Er-xotin urushi doka ro‘molning qurishi» maqoli aynan biz uchun aytilganini hisobga olib janjaldan keyin uzog‘i bilan besh daqiqacha gaplashmay tura olamiz xolos. Mabodo, meni nozik qalbim judayam o‘ksinib qolsa o‘n daqiqaga cho‘zilish ehtimoli ham yo‘q emas. Alaloqibat, «doka ro‘mol» qurib ulgurib-ulgurmay yana suhbatlashib o‘tiribmiz-da. Shu yerda mavzuga oid bir sirimizni aytib ketmasam, keyin o‘zimni qizg‘anchiqlikda ayblab yurishim tayin. Turmush qurganimizga sal kam 30 yil bo‘lgan bo‘lsa, biror marta bo‘lsin arazlab Ota uyimga ketib qolmabman. Ishonmaysizmi? Ishonavering, axir hozir sizga xuddi o‘sha mo‘’jizakor sirimizni aytib ketmoqchiman-da! Bizni sehrli tolqonimiz bor. Ha, to‘g‘ri eshitdingiz, tolqon. O‘sha odatiy, qotgan non, ta’bga qarab yong‘oq-mag‘iz, shirin danak yoki asal qo‘shib tayyorlanadigan talqon koptokchalarimiz doim tayyor. Turmush o‘rtog‘imning tabiati tuproq unsuriga oid: aqlli, mehribon, mehnatsevar va oilaparvar inson. Ammo, nazoratni juda yaxshi ko‘radi. Qayerdasan, nima qilyapsan, tez kel, kechikma, bu zarar, mana bu foydali va hakozo aytib tugatolmaydigan buyruqlari bilan meni adoi tamom qiladi. Ming yilda birvarakay sabr-toqati toshib g‘azabi qaynaydiki, oldingi sokin va mehribon odamni arvohi ham qolmaydi. Tez hamda olovli injiq tabiatimga qaramasdan xuddi shu paytda kurk tovuqday pusib qolaman va shu zahoti haligi sehrli talqonimizdan og‘zimga solib olaman. Olam guliston! Otaxonimiz tutab o‘chgunicha mazali talqonimni shimib birato‘la katta janjalni oldini olib, kuch ham yig‘ib olaman. Yoki aksincha, men qo‘qqisdan yonib chirsillay boshlasam, u talqondan shimib oladi. Ana sizga tep-tekin maslahat hamda baxtli oila siri, qo‘llang va baxtli bo‘lib keting, aylanaylar! Ko‘ngilginalaringiz baxtdan quyoshday charaqlab ketsin!
Eeh, nimasini aytay, ko‘ngil deganlari shundayin xudbin va o‘jar hilqat ekanki, o‘z bilganidan qolmay bezrayib turaverarkan. Bo‘lmasa, biz ayyorgina ayol zoti ko‘ngildagi qadrli insonimiz uchun hayot zarbalariga chidab, bor orzu-havaslarimiz, go‘zalligimiz, yoshlik hamda kuch-quvvatimizni garovga qo‘yib tavakkal qila olarmidik? Suv kelsa simirib, tosh chiqsa kemirib hayotning tikanakli so‘qmoqlaridan omon chiqa olardik deb o‘ylaysizmi? Qayoqda deysiz, avvaliga ko‘nglimiz shohanshohi bo‘lmish juftimiz va uning oila a’zolari, keyiniga shohzodalar xizmatini qilib ko‘ngillariga yo‘l topamiz degunimizcha butun umrimiz yaponlarning supertezyurar poyezdi kabi «ship» etib o‘tib ketganini sezmay ham qolamiz. «Nimanidir o‘tkazib yubordimmi?!» — deganimizcha og‘zimiz ochilib ko‘zguga qarasak tiniq yuzini ajinlar talashgan, timqora sunbul sochlari oqarib pataklashgan, sarviqomati ilk yaralmishi qovurg‘adek egilganicha, qahrli ko‘zlari baqrayib turgan kampirshoni ko‘ramiz va «Arpangizni xom o‘rdimmi momojon, bunchalar nafrat bilan tikilib turibsiz?» — deb yuborishimizga bir bahya qoladi.
Ko‘p qarab turolmaysan: shartta o‘grilasan-da, bu haqiqatlar ko‘zgusiga qayta biror marta bo‘lsin ko‘z tashlamaysan. Chunki, uning qa’ridan behuda o‘tib ketgan umr zavoli, dardu-hasrat, afsus-nadomat, biz ayollar baxt deb o‘ylagan saroblar chiqib kelaveradi. Ha, vaqti kelib xuddi shu toshqin hislar har bir ayol zoti qalbining tub-tubida isyon qiladi. «Umrimni nimalar yoki kimlar uchun sarflab yubordim?!» — deydi ayol. Ammo, ichidagi minglab javoblarni tashqariga chiqarolmaydi. Ular ozodlikka qo‘yib yuborilgudek bo‘lsa bormi, dahshatli bir to‘fonga yoki uyqudan yangi uyg‘ongan vulqonga aylanib butun olamni kulini ko‘kka sovurardi.
Ha, ayol itoati go‘zaldur, sabr-toqati oltindur, lekin, o‘sha hayot ko‘zgusiga boqqan lahzalardan boshlab itoat, sabr-toqat, jonfidolik, o‘zligini qurbon etish kabi, shu vaqtga qadar atrofingdagi odamlar tomonidan olqishlanib fazilating sifatida talqin etilib kelgan «oliy sifatlar» qisqagina umr uchun juda uzunlik qilishini anglab qolasan. Ayniqsa, ushbu paradoksni anglab, o‘z umringda o‘zing yashashni boshlagan kuningdan 40 yildan buyon «yaxshi odam» maqomini berib kelgan manfaatdor kimsalar nazdida 4 kundayoq (balki 4 soniya dermiz) bir yumalab «dunyodagi eng razil maxluqot»ga aylanib qolishing Garri Potterning sehrli tayog‘i kimgadir meros qolgan-u, senda sinab ko‘rgandek tuyulib ketadi. Juda og‘riqli, huddi tavqi la’natdek keskin sehrgarlik shunday emasmi?! Mana shu og‘riq butun umrga yetib ortadi: yo‘qotilgan, hayotingni eng go‘zal damlarini havoga sovurgan, o‘ylaganingdek kerakli emas, qadringni hech qachon bilmaydigan odamlar uchun qulay, oson va foydali o‘tish yo‘li yoki bop buyum kabi bo‘lganingni anglab qolasan. Ana endi yoshing nechada bo‘lmasin o‘sha yo‘qotilgan yillarni qaytadan o‘zing istaganingdek yashab o‘tishni istaysan…
Xayoldan tezkor narsani topolmaysan kishi, shaharga yetib kelgunimcha ongimda aylangan o‘ylarni qarang! Yolg‘iz qolgach shundayin kulrang va ezgin xotiralar domiga tortib ketishi tayin-da axir. Juft kabutarlardek cholim bilan birga kelsak yoshlik damlarimizni baxtli onlarini eslashib yosharib ketarmidik deyman? Mayli, yozg‘irmoq emas tushunmoq darkor. Yig‘lash emas, kulib yengmoq kerak! Agar bir birlarini tushuna olishmasa sevgi-muhabbat deganlarini haschalik qadri qolmaydi.
Turmushning mushti bir zarbi bilanoq hayolot olamimizda uchib yurgan barcha beg‘ubor va oppoq tug‘yonlarimizni baxtdan yonib turgan ko‘zlarini ko‘kartiradi. Ana endi buyuk muhabbatimiz yurak yutib turmushning biror ishiga burnini suqib ko‘rsinchi! Xullas aylanaylar, gap bilan bo‘lib ertaroq kelibmiz. Spektaklimgacha — asr va shom orasida o‘g‘limni uyiga kirib o‘tsammikin degan o‘y kelib qoldi. Vaqtni suvday oqishini qarang, huddi yaqindagina uylab alohida chiqargandekmiz-u, bungayam o‘ttiz yilcha bo‘lib qolibdi. O‘shanda o‘g‘lim bizdan xafa bo‘lgandi. Albatta, tushunish mumkin, o‘zbekona an’anamizga binonan oilada o‘g‘illar ko‘p bo‘lsa — eng kichik o‘g‘il, yagona bo‘lsa — o‘sha birgina o‘g‘il ota-ona bilan qolishga mahkum. Hech qanday sabab, vaj hamda istisnolar qabul qilinmaydi. Mavzu huddi shu manzilga kelganida yuzimga beixtiyor ayyorona tabassum yoyiladi. O‘ylab qaralsa, odamzotining har bir harakatida xudbinlik yashirin bo‘ladi. Mana nima sababli xudoyimdan o‘g‘il farzand tilanamiz?! O‘zimizni o‘ylaymiz: qarib kuchdan qolganimizda yolg‘iz, qarovsiz qolib ketmasligimizni kafolatlab qo‘ymoqchi bo‘lamiz.
Menga bundayin ma’noli qarashingizni qilmang urgilay, to‘g‘ri avliyo emasman, ammo boshdan — bosh mazkur an’anaga qarshi bo‘lganman va xudoyimdan qarib to dorulbaqoga rixlat etgunimga qadar kuch-quvvat berishini, hech kimga muhtoj bo‘lmay, cholim ikkimiz suyanishib yashashimizni chin dildan niyat qilib so‘raganman. Axir to‘g‘risi ham shu emasmi, qaysidir farzandingizni siz bilan qolishga, nima bo‘lmasin bir umr chizib qo‘ygan chegarangiz, xohish-istaklaringizdan chetga chiqmay, o‘zini emas, sizni hayotingizda yashashga majbur etishni nima deb atash mumkin? Ayniqsa, hozirgi zamonasida yoshlarning anchayin erkin, o‘z xohish-istaklari asosida hayot qurish, shaxsiy fikr, biznikidan farqlanuvchi dunyoqarashini hisobga oladigan bo‘lsak, ayni hozirgi oilaviy muammolarning «ariqboshi»si mana shu o‘zimiz majburiyatga aylantirib, farzandimizdan burch ta’ma qiladigan joydan boshlanadi.
Kuzatuvlarimga qaraganda, hozirgi qizlarning yuz foizi qaynona-qaynota bilan bir tom ostida yashashni yoqtirishmaydi. Oradagi bir foiz farqni hisobga olmasak, o‘z navbati bilan qaynonalarimiz ham o‘g‘ilginalari, to‘g‘rirog‘i kelinni osongina qo‘yib yuborishni istashmaydi. Ular xashamatli oq ko‘ylak hamda malikalik toji ostida bo‘lajak uy xizmatkorini ko‘rishsa, kelinlar esa soxta mulozamat bilan mehmonlarni qarshi olayotgan farishta niqobi ostidagi zaharli olma tutgan o‘gay onani payqab oladilar. Bu ikki ayol to‘y kuni ilk bor ko‘zlari to‘qnashgandayoq azaliy dushman ekanliklarini chin yurakdan his etadilar. Komil ishonch bilan ta’kidlay olamanki, kelin salomni qaynonalar, boshqa ro‘zg‘or qilib chiqib ketishni kelinlar o‘ylab topishgan va ular orasidagi o‘zaro ziddiyat hamda kelishmovchiliklar mudom davom etib kelaveradi. Axir ikki ayol, ya’ni ikki tamoman teskari tabiatli olamlar bir nuqtada birlashishlari mumkinmi? Aslo!
Shunday qilib, o‘g‘limning to‘yini tugatib, yoshlarni o‘z uylariga kuzatib qo‘ygandik. Uzoq-yaqin ayollar nima sababli tayyor «cho‘ri»mni osongina qo‘yib yuborayotganimni so‘rashdi. «Xizmatingizni qilmaydimi, o‘g‘lingiz ham yolg‘iz farzand bo‘lsa, kelajakda siz chol-kampirga kim g‘amxo‘rlik qiladi?» — deyishdi. «Rahmat, xizmatni ham g‘amxo‘rlikni ham o‘z-o‘zimga qila olaman!» — degandim va mana ko‘rib turganingizdek barchasi niyatlarimizga yarasha: sakson yoshimda bardam baquvvatman, yozaman, oshxonamda taom tayyorlayman, cholim bilan janjallashishga ham kuchim yetib turibdi. Eng muhimi doimiy harakatdaman. Agar yuz ko‘rishib qolsak 50 yoshdan ortig‘ini berolmaysiz. O‘ylaymanki, beriladigan bir tutamgina umrimizda har kim o‘z hayotini yashasin. O‘zi uchun, yonidagi suyukli insoni uchun yashab o‘tsin. Farzandlar — uchirma polaponlar! Ularga parvoz qilishni o‘rgating-da o‘z osmoniga qo‘yib yuboring! Qanchalik erta uchirma bo‘lsa, shuncha tez yo‘lini topib olishadi. Oliy maqsadlar, farzandlari kamoloti sari erkin qanot qoqishadi. Qarabsizki, oilaviy ziddiyatlar, o‘zaro nizolar, ko‘ngilqorachiliklarga o‘rin qolmaydi va har bir inson o‘z olamida o‘zlaricha baxtli yashashadi.
Ana, suhbat bilan o‘g‘limning uyiga ham yetib kelibman. O‘g‘lim bilan kelinim ishdan qaytishmagan bo‘lishsa kerak. Yo‘q, qo‘ng‘iroq qilib, «Qayerdasan, boryapman?!» — deyishni unchalik yoqtirmayman. Tavakkal, uyda kimdur bo‘lsa eshik ochishar, yo‘qsa, spektakl boshlangunicha muzeylarni aylanib turaman. Ko‘ngilginam sezib turibdi, bugun uyga yolg‘iz qaytmayman. Cholim allaqachon ortimdan yo‘lga chiqqan. Bugun bolalarimizni birrov ko‘rib diydoriga to‘ysak, sog‘-salomat ekanini bilsak bizdan baxtli ota-ona topilmaydi.
Muhimi bugun, indin — sakson qoralab kelgunicha o‘z hayotimizda ozod va baxtli yashashga ulgurib qolaylik!
Ertaga xudo-poshsho, ertaga bir gap bo‘lar!
Mastura Abduraimova