Iqtisodiyot
O‘zbekistonda pensiya miqdori qanday hisoblanadi?
Yoshi o‘tib borayotgan insonlarning xayolidan «Xo‘sh, davlat menga qancha pensiya to‘larkan?» degan xayol o‘tishi tabiiy. Pensiya hisob-kitobi haqida gap ketganda, ko‘pincha murakkab foizlar, turli xil atamalar va hisoblash formulalari kishini chalg‘itib qo‘yadi. Quyida yoshga doir va nogironlik pensiyalarining tayinlanish tartibi hamda mablag‘ qanday hisoblab chiqilishini murakkab qoidalarsiz, oddiy tilda hamda hayotiy misollar yordamida tushuntiramiz.
Yoshga doir pensiya qanday hisoblanadi?
Yoshga doir pensiya erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda tayinlanadi. Shuningdek, kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lsa, bor stajga mutanosib miqdorda to‘liqsiz yoshga doir pensiya beriladi. Agar 7 yillik staj ham bo‘lmasa, fuqaroga yoshga doir nafaqa ajratiladi (erkaklarga 65 yoshda, ayollarga 60 yoshda).
O‘zbekistonda pensiya miqdori quyidagi formula asosida hisoblanadi: P = PTM+OS+PU.
Bunda PTM – pensiyaning tayanch miqdori (o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi), OS – ortiqcha ish staji uchun pensiyaning oshirilishi, PU – qo‘shimcha ustama haqlari.
Eslatma: o‘rtacha oylik ish haqini aniqlashda fuqaroning so‘nggi 10 yillik mehnat faoliyatidagi eng yaxshi ketma-ket 5 yillik ish haqi inobatga olinadi. Bunda pensiya hisoblash bazaviy miqdorining (2025 yil 1 iyuldan boshlab – 471 ming so‘m) 12 karrasidan (5 mln 652 ming so‘mdan) yuqori ish haqi inobatga olinmaydi. Avvalgi yillardagi ish haqi oyliklarning oshish koeffitsiyentini inobatga olgan holda indeksatsiyalanadi, ya’ni bugungi kundagi qiymati hisoblanadi.
Masalan, shartli Dilmurod Davlatov 32 yildan beri Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi maktabda o‘qituvchilik qiladi. U 1 may kuni pensiya yoshiga to‘ladi. O‘tgan davrdagi eng yaxshi qatorasiga 5 yillik o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln so‘mga teng. Bu maosh maksimal chegara bo‘lgan 5 mln 652 ming so‘mdan oshmaydi, shuning uchun hisoblashda to‘liq olinadi.
Pensiyaning tayanch miqdori – 4 mln so‘mning 55 foizi = 2 mln 200 ming so‘m;
Talab qilingandan ortiqcha ish staji – 7 yil (umumiy 32 yil – talab qilingan 25 yil)ning har bir yili uchun 1 foizdan 7 foiz ish staji uchun pensiya miqdori oshiriladi: 4 mln so‘mning 7 foizi = 280 ming so‘m.
Jami pensiya miqdori: 2 mln 200 ming so‘m + 280 ming so‘m = 2 mln 480 ming so‘m.
Shartli Mavluda Aliyeva ham 35 yildan beri maktabda ishlaydi. Dars soatlari ko‘pligi va qo‘shimcha ustama pullari borligi uchun uning oyligi balandroq. Eng yuqori maoshga ishlagan ketma-ket 5 yillikdagi o‘rtacha oylik daromadi 8 mln so‘mni tashkil etadi. Ammo pensiya hisoblashda 8 mln so‘m emas, balki bazaviy maksimal miqdor – 5 mln 652 ming so‘m chegara sifatida olinadi.
Mavluda Aliyeva 20 yil emas, 35 yil ishlagan. Ya’ni unda talab qilinganidan 15 yil ortiqcha ish staji bor. Shuningdek, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» faxriy unvoniga ega. Bunda pensiya miqdori quyidagicha hisoblanadi:
Pensiyaning tayanch miqdori va qo‘shimcha ish staji – 5 mln 652 so‘mning 70 foizi = 3 mln 956 ming 400 so‘m;
«O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan…» faxriy unvonlari egalariga har oylik pensiya ustiga bazaviy hisoblash miqdorining 1,6 barobari miqdorida kafolatlangan ustama to‘lanadi. Ayni paytda BHM 412 000 so‘mni tashkil etadi va ustama miqdori 659 ming 200 so‘mga teng bo‘ladi.
Mavluda Aliyevaning jami pensiya miqdori: 3 mln 956,4 ming so‘m + 659,2 ming so‘m = 4 mln 615,6 ming so‘m.
Nogironlik pensiyasi qanday tayinlanadi?
Nogironlik pensiyasi qonunchilikda belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi belgilangan shaxslarga beriladi. Bunda nogironlik belgilangan vaqtda quyidagicha ish stajiga ega bo‘lish talab etiladi:
23 yoshga qadar – 2 yil;
23 yoshdan 26 yoshga qadar – 3 yil;
26 yoshdan 31 yoshga qadar – 5 yil;
31 yoshdan 36 yoshga qadar – 7 yil;
36 yoshdan 41 yoshga qadar – 9 yil;
41 yoshdan 46 yoshga qadar – 11 yil;
46 yoshdan 51 yoshga qadar – 14 yil;
51 yoshdan 56 yoshga qadar – 17 yil;
56 yosh va undan oshganda – 20 yil.
Ish staji umuman bo‘lmasa, pensiya o‘rniga nogironlik nafaqasi tayinlanadi. Nogironlik pensiyasi ham o‘rtacha ish haqiga qarab hisoblanadi va 55 foizi miqdorida belgilanadi. Agar fuqaroning haqiqiy staji uning yoshiga doir talab qilingan minimal stajdan ko‘p bo‘lsa, oshgan yillar uchun 1 foizdan qo‘shib boriladi. Muhim qoida shuki, agar hisob-kitob natijasida chiqqan summa qonunchilikdagi eng kam chegaradan past bo‘lib qolsa, davlat minimal summani kafolatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 martdan boshlab, pensiya yoshiga to‘lgan shaxslarga ularning arizasisiz, proaktiv tarzda pensiya tayinlash tizimi yo‘lga qo‘yilgandi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
