Iqtisodiyot
Muddatli to‘lov operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
«Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident qarori (PQ–294-son, 14.08.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs (banklar va mikromoliya tashkilotlari bundan mustasno) muddatli to‘lov xizmati operatori deb e’tirof etiladi.
Yuridik shaxslarning muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqi Markaziy bank tomonidan shakllantiriladigan Muddatli to‘lov xizmati operatori faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilgandan so‘ng vujudga keladi.
Yuridik shaxslar quyidagi tartibda Reyestrga kiritiladi:
– banklar, mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish orqali;
– boshqa yuridik shaxslar Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali.
Ko‘chmas mulk, shuningdek, qonunchilikka muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan boshqa mulk muddatli to‘lov xizmati obyekti bo‘lishi mumkin emas.
Muddatli to‘lov xizmati operatoriga:
– moliyaviy iste’mol kreditlarini ajratish hamda jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi;
– muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha talab qilish huquqidan faqat boshqa muddatli to‘lov xizmati operatori, mikromoliya tashkiloti va banklar foydasiga voz kechish huquqi beriladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti 245,5 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati 245,5 trillion so‘mni tashkil etgan.
Ushbu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotning 22,9 foiziga to‘g‘ri keladi. Ya’ni mamlakatda yaratilgan har 100 so‘mlik yalpi ichki mahsulotning qariyb 23 so‘mi kuzatilmaydigan iqtisodiyot hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning 165,5 trillion so‘mi uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyatiga to‘g‘ri kelgan. Bu yalpi ichki mahsulotning 15,4 foizini tashkil etadi. Yashirin iqtisodiyot hajmi esa 80 trillion so‘m yoki 7,5 foiz bo‘lgan.
Uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati hamda yashirin iqtisodiyot tarkibida eng katta ulush qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga to‘g‘ri kelgan — 60,5 foiz.
Xizmatlar sohasining ulushi 23 foizni tashkil etgan. Qurilish sohasi 17,8 foiz bilan keyingi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, sanoatning ulushi 6,7 foiz bo‘lgan.
Bu ko‘rsatkich nimani anglatadi?
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati rasmiy statistika va hisobotlarda to‘liq aks etmaydigan iqtisodiy faoliyat natijasida yaratilgan qiymatni anglatadi. Oddiy qilib aytganda, mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishdan olingan daromadning bir qismi rasmiy hisobda aks etmasligi mumkin.
Masalan, norasmiy ishlayotgan usta xizmat ko‘rsatib, haq oladi va materiallar sotib oladi. Materiallarga sarflangan xarajatlar chiqarib tashlangandan keyin qolgan qiymat qo‘shilgan qiymat hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich iqtisodiyotning real ko‘lamini baholashda muhim bo‘lib, qaysi sohalarda kuzatilmaydigan faoliyat ulushi yuqoriligini aniqlashga yordam beradi.
Iqtisodiyot
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, mavjud suv resurslarining energetik salohiyatidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kichik va mikro GESlar olis hududlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va xususiy investitsiyalarni jalb etishda muhim o‘rin tutadi.
O‘tgan yili qabul qilingan alohida qarorga muvofiq, xususiy sektor ishtirokida jami 164 megavatt quvvatli qariyb 3 mingta kichik va mikro GES qurish belgilangan.
Bugungi kunda 64 ta loyiha ishga tushirilib, ularning jami quvvati 41,6 megavattga yetgan. Ammo bu belgilangan quvvatning atigi to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Rejadagi qariyb 3 mingta loyihadan 932 tasi bo‘yicha tashabbuskor aniqlangan. Jahon banki ishtirokida ajratilgan 150 million dollarlik imtiyozli resurslardan foydalanish ham sust ketayotgani qayd etildi.
Tadbirkor va investorlarda stansiyalarni qurish hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish shartlari bo‘yicha savollar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan auksionlarda loyihaning boshlang‘ich narxi bilan birga elektr energiyasini xarid qilish tarifining eng quyi chegarasini belgilash, tariflarni stansiya quvvatiga qarab tabaqalashtirish taklif qilindi. Bu “nol” qiymatda yutib olingan, ammo amalga oshirilmay qolgan loyihalar muammosini hal etib, investorlar uchun aniq va barqaror shart-sharoit yaratadi.
Shuningdek, 100 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlarni loyihalash va qurish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan loyihalar shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod etiladi.
Qo‘shimcha suv bosimini hosil qilish uchun kanal, daryo va o‘zanlar konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi. Suv xo‘jaligi obyektlarida o‘z ehtiyojlari uchun kichik va mikro GESlarni auksionsiz qurish imkoniyati ham yaratiladi.
Loyihalar uchun munosib joylarni aniqlashdan tortib, ularni ishga tushirish va ekspluatatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi raqamli platforma joriy etiladi. Shu bilan birga, loyihalash, qurish va foydalanish bo‘yicha yagona uslubiy qo‘llanma hamda xususiy sektor ishtirokida loyihalarni amalga oshirish tartibi ishlab chiqiladi.
Sohadagi yana bir dolzarb masala – importga yuqori darajada qaramlik. Hozirda kichik va mikro GESlar uchun zarur gidroagregat va butlovchi qismlarning 90 foizi chetdan olib kelinmoqda.
Bu borada 46 ta kichik va mikro GES qurgan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining tajribasidan foydalanish, tadbirkorlarga loyihalash, qurilish-montaj ishlari va uskunalar yetkazib berish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Mahalliylashtirish mumkin bo‘lgan agregat va butlovchi qismlarning aniq ro‘yxatini shakllantirib, ularni mamlakatimizda ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkor va investorlarga takliflar beriladi.
Mamlakatimizda daryo va kanallar tarmog‘ining umumiy uzunligi 173 ming kilometrdan ziyod. Taqdimotda betonlashtirilgan kanallarda kichik va mikro GESlar qurish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Mutasaddilarga bunday obyektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, qo‘shimcha loyihalar zaxirasini aniqlash vazifasi qo‘yildi.
Umuman, 2030-yilga qadar bunday stansiyalar quvvatini 204,8 megavattga yetkazib, yiliga 620 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Bu 350 mingta xonadonni “yashil” energiya bilan ta’minlash, yiliga 187 million kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga 311 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldini olish imkonini beradi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan kichik quvvatli “yashil” energetika yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Energetika korxonalari, jumladan, kichik gidroenergetika obyektlari talabalar uchun amaliyot bazasi sifatida belgilanadi.
Davlatimiz rahbari belgilangan loyihalarni jadallashtirish, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, uskunalarni mahalliylashtirish va malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd dollarga yetdi
2026 yilning yanvar-iyun oylarida xorijdan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga yoki 1,1 mlrd dollarga ko‘p. Bu haqda Markaziy bankning sharhida ma’lum qilindi.
Pul o‘tkazmalari hajmining oshishiga mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan an’anaviy mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolayotgani, shuningdek, milliy valyutalar kursining yil boshiga nisbatan umumiy mustahkamlanishi ta’sir ko‘rsatgan.
Xususan, Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga yuborilgan mablag‘lar 62 foizga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 27 foizga, AQShdan esa 19 foizga oshgan. Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida Irlandiyadan o‘tkazmalar 86 foiz, Litvadan 18 foiz va Niderlandiyadan 7 foizga ko‘paygan.
Hisobot davrida jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning:
4,3 mlrd dollari — an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali;
4,8 mlrd dollari — xorijdan bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri P2P o‘tkazmalar orqali;
142 mln dollari — SWIFT bank o‘tkazmalari orqali amalga oshirilgan.
Shu tariqa, P2P o‘tkazmalari jami pul tushumlarining 51,7 foizini tashkil etgan. Ushbu turdagi o‘tkazmalar hajmi bir yil ichida 32 foizga oshgan. Bu raqamli to‘lov xizmatlarining ommalashuvi, mablag‘larning tezkor yetib borishi va tranzaksiya xarajatlarining nisbatan pastligi bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistondan xorijga yuborilgan pul o‘tkazmalari ham 8 foizga yoki 100 million dollarga oshib, 1,3 mlrd dollarni tashkil etdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda qaysi xizmat turlariga talab ortmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda 664,9 trln so‘mlik bozor xizmatlari ko‘rsatilgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 16,9 foizga ko‘p.
Xizmat turlari orasida eng yuqori o‘sish moliyaviy xizmatlarda qayd etilgan. Ushbu yo‘nalishda o‘sish sur’ati 126,3 foizni tashkil qildi.
Shuningdek, me’morlik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar 24,6 foizga, ta’lim xizmatlari 22,7 foizga, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari esa 22,1 foizga o‘sdi.
Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar o‘sish sur’ati 118,3 foizni tashkil etgan. Sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar ham yuqori natija qayd etib, 116,8 foizga yetgan.
Savdo xizmatlari 114,9 foiz, transport xizmatlari 114,7 foiz, shaxsiy xizmatlar esa 114,2 foiz o‘sgan.
Yashash va ovqatlanish xizmatlarida o‘sish 111,6 foizni tashkil etgan. Kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar 111,4 foiz, ijara xizmatlari 107,4 foiz o‘sgan.
Iqtisodiyot
yangi va oldingi kadastr qiymati keskin farq qildi
14-avgust kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholashning dastlabki natijalari muhokama qilindi. Unda OAV vakillari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi a’zolari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Baholash jarayonida poytaxtda 600 mingdan ortiq kvartira qamrab olindi. Ularning amaldagi kadastr qiymati 57,8 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasidagi qiymat 426,7 trln so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, 213 mingdan ortiq hovli-joy qayta baholandi. Ularning amaldagi kadastr qiymati 39,1 trln so‘mdan, ommaviy baholash natijasidagi qiymati esa 548,4 trln so‘mdan iborat bo‘ldi.
Baholash natijalari Toshkent shahrida ko‘chmas mulk qiymati hududlar kesimida sezilarli farq qilishini ko‘rsatdi. Xususan, kvartiralarning bir kvadrat metri qiymati 4,6 mln so‘mdan 35,8 mln so‘mgacha bo‘lgan.
Bir sotix yer uchastkasining qiymati esa hududga qarab 115 mln so‘mdan 890 mln so‘mgacha aniqlangan. Bu ko‘rsatkichlar poytaxtda ko‘chmas mulk narxlaridagi hududiy farqni yaqqol namoyon etmoqda.
Ommaviy baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish 2025-yil 5-martdagi Prezident farmoni bilan belgilangan. Birinchi bosqich 2025–2026-yillarda Toshkent shahrida tajriba tariqasida amalga oshirilmoqda.
Ommaviy baholashning dastlabki natijalari 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bu davrda mulkdorlar baholash natijalari va hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bilan tanishishi mumkin.
-
Iqtisodiyot5 days agoDushanbadan dollar yana tushadi: so‘nggi ma’lumotlar
-
Mahalliy5 days ago
Qo‘ng‘irotboy Sharipov yangi talabalarga tabrik yo‘lladi
-
Iqtisodiyot3 days agoХоразмда бугуннинг ўзида 176 млн долларлик лойиҳалар ишга туширилди
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston iqtisodiyotida xizmatlar sohasining ulushi 50 foizdan oshdi
-
Jamiyat4 days ago
Bugun O‘zbekistonda harorat 43 darajagacha ko‘tariladi
-
Jamiyat3 days ago
Surxondaryo viloyatining elektr ta’minoti to‘liq tiklandi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston avtomobil bozorida pasayish kuzatilmoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago
Banklar va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdisi 19,1 mlrd dollar bo‘ldi
