Jamiyat
O‘gay onaning ko‘z yoshlari
1. Arqon uzildi
Bahor… Yonoqlarni mayin shabada silaydi. Daraxtlarning yosh surxlari qiyg‘os gullar ichida – oq zarga botirib olinganday…
Huv anovi do‘nglikdagi maysazorga bir qo‘y bilan echki bog‘lab qo‘yilibdi. Echkining ikki uloqchasi dikir-dikir sakraydi. Qo‘yning ham qo‘zichasi bor. Uloqchalar bilan yayrab, yugurishib yuribdi. Shunchayam do‘mboqki… Sakrashgani, yayrashganini ko‘rib, ular bilan birga o‘ynagisi keladi kishining… Bir mahal nimayam bo‘ldi-yu, o‘ynashibmi yo talashibmi, qo‘zichoq uloqcha bilan kalla qo‘yisha ketdi. Ona qo‘y «bo‘ldi, sho‘xlik qilma», deganday ma’rab qo‘ydi. Qo‘zichoq esa parvo qilmadi. Ona echki ham maysadan boshini ko‘tarmay me-meladi. Bolachalar yana hazillarini qo‘yishmadi. Shunda qo‘y cho‘zib ma’radi. Bolasiga intildi. Lekin bo‘ynida arqon – qo‘ymas edi. Qo‘zichoqni ikki uloq o‘rtaga olib, goh unisi, goh bunisi turtar, uni ranjitardi. Ona qo‘y chidab turolmadi. U yer depsinib bolasini «odobsizlar» ozoridan qutqarishga intildi…
Uloqchaning biri qo‘zichoqning biqiniga bexosdan kalla urdi. Qo‘zichoq «onajon, qutqaring!» degandek qattiq ma’rab yubordi. Shunda qo‘y arqonni yana zarb bilan siltadi…
Ona mehri arqonni uzdi…
2. Buvijonim
– Kenja nabiralari siz emasmisiz? – deb so‘radi hamshira Sarvarning qo‘lidagi tugunchani ola turib.
– Ha, men… – dedi Sarvar bu savoldan taajjublanganini yashirmay.
– Unda bir oz kutib turing.
U shunday dedi-da, ildam yurib, yuqori qavatga ko‘tarildi. Hamshiraning bu buyrug‘i Sarvarning ko‘ngliga g‘ashlik soldi. Har xil xayollarga borib, bemorlar ro‘yxatidan buvisining nomini izlay boshladi. Ro‘yxatdagi belgiga qaraganda buvisining isitmasi tushibdi, ahvoli bir muncha yaxshilanibdi. Bundan ko‘ngli taskin topgan bo‘lsa-da, hamshira chiqqunicha diqqat bo‘lib ketdi. Nihoyat zinada hamshira ko‘rindi. Xuddi Sarvarga kutib turishni buyurmaganday bamaylixotir tushib keldi. Bu ham yetmaganday Sarvarga qarab kulimsirab qo‘ydi. Yigitchaga yaqin kelgach, bir parcha qog‘oz uzatdi.
– Buvingiz berib yubordilar. Kecha sizni menga tasvirlab berib, kelsa ketib qolmasin, degandilar.
Sarvar «shu gapni avvalroq aytsangiz bo‘lmasmidi!» degisi keldi-yu, ortiqcha gapdan o‘zini tiyib, qog‘ozni shoshilib ochdi. Buvisining o‘sha ravon-ravon tanish harflari:
«Jonim bolam. Buni qara-ya, bugun sening tug‘ilgan kuning-u, men bo‘lsam, xotirjam shifoxonada yotibman. Xafa bo‘lmaysan-da, a? Sovg‘a ham qilolmadim… Agar uyda bo‘lganimda tandirda mazali qovoq somsa, piyozli non yopib berardim. Esingdami, bolaligingda men tandirga o‘t yoqsam juda-juda quvonib ketarding. Oying somsani menchalik yopolmaydi, to‘g‘rimi? Hozir ham shu odating bor… Endi taqdir, keksalik ekan, bu yerda yotibman. Toychog‘im, tug‘ilgan kuning muborak bo‘lsin! Baxtimizga ilohim o‘z panohida asrasin seni!
Duo bilan: buving.
Ha, aytmoqchi, oyinglarga tayinlab qo‘y: yerto‘ladagi qovoqni ishlatmay tursin. O‘zim chiqay, yaxshilab somsa yopamiz…»
Xatni o‘qiyotganida tomog‘iga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Yoshligida buvisining har xil shirinliklarni yenglarining uchiga yashirib, «akalaring ko‘rishmasin», deb berkitib berishlari, dadasidan so‘kish eshitganda esa, boshini silab, erkalab uyiga olib kirib ketishlari, nasihat qilishlari ko‘z oldiga keldi. O‘zini tutishga harchand urinmasin, baribir ko‘ziga yosh kelaverdi.
«Buvijonim! Axir bujmayib qolgan qadoq qo‘llaringiz bilan boshimni silashingiz, yuzimni mehr to‘la siynangizga qo‘yib tin olishim, oppoq sochingizdan o‘pib, ko‘zimga surtishimning o‘zi menga katta sovg‘a emasmi?» degan xitob yuragini larzaga keltirdi. Hamshiraning hay-haylashiga qaramay, qoziqda ilig‘lik turgan oq xalatlardan birini olib, yelkasiga tashladi-yu, yuqoriga yugurdi.
Buvijonining ko‘ksiga boshini qo‘ydi.
3. O‘gay ona
– O‘qimas emishman, – dedi Oqil yana o‘jarlik bilan.
– Axir kim senga shunday dedi, bizga aytgin, – kuyundi direktor.
– Menga baribir endi… Hech kimning yordami kerakmas. Agar o‘zimning oyim bo‘lganlarida…
Oqilning lablari titradi, ko‘zlari yoshlandi. Burnini tortib qo‘ydi-da, o‘zini tutib olish uchun shiftga qaradi. Direktor gap nimada ekanini taxminan angladi. Biror xulosaga kelish uchun bu taxmin yetarli emasdi, shu sababli boladan yana so‘radi:
– Oqiljon o‘g‘lim, o‘jarlik qilma. Uyingda nima gap bo‘lganini menga ochiq aytaver. Biz seni xafa qildirib qo‘ymaymiz.
Oqil direktorga «rost aytyapsizmi?» deganday bir qarab oldi-da, nigohini derazaga qadab gap boshladi:
– O‘zim eshitdim, – dedi u yana burnini tortib qo‘yib. – Anovi… yangi oyim dadamga «o‘g‘lingiz katta yigit bo‘lib qoldi-ya, endi yoningizga olsangiz ham bo‘ladi», – dedi. Tag‘in men uni…
Oqil gapini tugata olmadi. Eshik ochilib, bir yoshlar chamasidagi shiringina bolani ko‘tarib olgan ko‘hlikkina juvon kirib keldi.
– Mumkinmi, voy, xayriyat-yey! – dedi u ostona hatlab ichkariga kirgach. – «Oqiljonni maktablariga chaqirib olib ketishdi», deyishsa, nima gap ekan, deb jonimni hovuchlab yugurib kelaveribman. Tinchlikmi o‘zi?
Juvonning salomlashishni ham unutib kirib kelishi uning g‘oyat xavotirda ekanidan darak berib turardi. Direktor buni tushundi. Uning kim ekanligini ham hayajonli so‘zlaridan angladi. Shu sababli gapni aylantirmay muddaoga o‘tishni ma’qul ko‘rdi.
– Tinchlik, – dedi u xotirjam ohangda so‘ng bolaga yuzlandi: – Oqiljon o‘g‘lim, sen tashqariga chiqib tur-chi!
Oqil qovog‘ini uyganicha «xo‘p», dedi. Chiqayotganida ayolning qo‘lidagi bola «atta!» deb unga osildi…
Direktor Oqilning bir necha kundan beri maktabga kelmayotgani, bugun darsdan keyin uyidan toptirib chaqirtirgani va nihoyat, bolaning oxirgi gaplarini aytib berdi.
Ayol ko‘ylagining yengi bilan ko‘z yoshlarini artib, piq-piq yig‘ladi. Keyin «Voy, gapirmaygina men o‘layin», dedi-da, tashqariga chiqib Oqilni olib kirdi.
– Voy, gapirmaygina men o‘layin, bolajonim. Men seni katta bo‘lib qolganingni aytib erkalatmoqchiydim-a! Sen o‘qib olim bo‘lsang, ukang ham izingdan boradi, deb doim duo qilaman-ku? Gapga no‘noq onangni kechir, bolajonim… – Ayol shu gaplarni takror-takror aytib, Oqilni quchoqlab olganicha yuz-ko‘zlaridan o‘paverdi…
Oqilning qo‘lidagi ukasi bu holatdan ajablanib hayron bo‘lb turdi Avvaliga sal qo‘rqdi ham. Keyin bir akasini, bir onasini o‘pa ketdi…
4. Ko‘zlari ochiq edi
Bo‘yniga chekich urilganday «cho‘tir» bo‘lib qolgan musicha qayerdandir ovqat topib, iniga uchib keldi. U har galgidek bolalarining inlaridan bosh chiqarib, og‘izlarini katta-katta ochib, chiyillashlarini kutgan edi. Biroq, inda bolalari ko‘rinmadi. Onaning ko‘zlari olazarak bo‘ldi. O‘zini har tomon urib, jigargo‘shalarini axtardi. Topdi! Hali parvozga yaxshi shaylanmagan jajji musichalar sho‘xlik qilib pastga tushishgan ekan. Ular hovli ro‘yasida bir-birlari bilan quvalashib, bamaylixotir o‘ynab yurishardi. Ona musicha ularni ko‘rib quvonganday bir-ikki qanot qoqib qo‘ydi. Pastak bir shoxga qo‘nib, bo‘ynini xiyol qiyshaytirib, ularning o‘yinini kuzatdi…
Birdan ona bezovtalandi. Bolalarining oldiga tushib, qanotini patillata ketdi: u burchakda pusib yotgan mushukni ko‘rib qolgan edi. Mushuk musichaning payqab qolganini sezib, o‘ljasiga sapchidi. Qushchalar qanot qoqishib pana tomonga o‘tishdi. Lekin yuqoriga, bexavotir inlariga uchib chiqishga qanotlari zaiflik qildi. Mushuk qushchalarni quva boshladi. Ular qancha urinishmasin, qanot qoqishmasin, yuqoriga ko‘tarilishga qurbilari yetmasdi. Onalari atrofida aylanishdan o‘zga choralari yo‘q edi.
Ona bezovta. Ona ilojsiz! Bolalari ucholmaydi… Shunda u allaqanday ovoz chiqarib yuqoriga ko‘tarildi-yu, so‘ng birdan qanotlari singanday yerga gup etib tushdi. U «siniq» qanotlarini yerga shap-shap urgancha parvozga uringanday bo‘lib mushukning atrofida aylana boshladi. Mushuk qushchalarni quvib yurishdan ko‘ra tayyor turgan o‘ljani yeyishni ma’qul ko‘rib, uni tappa bosdi.
Musicha esa hamon qanotlarini patillatadi. G‘alati ovoz bilan faryod chekib, bolalarini uchishga undaydi…
Mushuk uning hiqildog‘ini tishlab, chekkaga sudradi. Onaning so‘niq ko‘zlari yarim ochiq: «bolalarim qochdimi?» deganday ularni izlaydi. Qanotlarini ahyon-ahyonda majolsiz silkitadi. Go‘yo ochqab qolgan bolalari oldiga uchib borib, hozirgina topib kelgan ovqatini bermoqchi bo‘ladi…
Pastak butoqqa uchib chiqib qo‘nib olgan musichalar esa qo‘rquvdan dir-dir titrashadi…
5. Yovvoyi mushuk
Yana o‘sha yovvoyi mushuk paydo bo‘ldi. Avvallari odam sharpasini eshitib, junini hurpaytirganicha baqrayib turadigan, keyin qochib qoladigan mushuk negadir oldimizda bemalol yurishga odatlandi. Bu juda qiziq hodisa edi.
Men mushukning sirini bilishga oshiqdim. Unga bir bo‘lak go‘sht tashladim. U saxiyligimga ishonqiramaganday bir menga, bir go‘shtga qarab qo‘ydi. Keyin chaqqonlik bilan go‘shtni tishlab olib, uydan chiqib ketdi. Har gal yemish topsa yemay, olib chiqib ketishi ham ajablanarli hol edi. Mushukning izidan chiqdim. U hovli burchagidagi o‘tin turadigan bostirmaga kirib ketdi. Cho‘chitib yubormaslik uchun tirqishdan mo‘raladim: mushuk chalqancha yotib olgan, to‘rt mushukcha esa uni emardi… Mushukning birdan ko‘rinmay qolgani-yu, keyin begonasiramay qo‘ygani sababini endi angladim.
«Bitta bolasini jiyanlarimga olib bersammikin?» degan fikrda eshikni ochib, ichkari kirdim. Mushuk sapchib o‘rnidan turdi. Junini hurpaytirdi. Ko‘zlari yondi. Xunuk ovoz chiqardi. Yana bir qadam qo‘ysam menga tashlanishi turgan gap edi. Bunday holatda u o‘zini boqayotgan odamni ham tanishni istamasdi. Chunki yonida o‘z jonidan ham aziz bo‘lgan bolalari bor edi!
Izimga qaytdim. Shu-shu, mushuk meni ko‘rsa bostirma tomon qochadigan bo‘lib qoldi. Mushukning bolalaganini eshitgan jiyanlarim bugun uning bostirmadan nari ketishini poylab turib, oladan kelgan chiroyli bolasini olib chiqishibdi.
Qosh qorayganda mushuk bostirmadan o‘qday otilib chiqdi. Nimanidir axtara boshladi. Keyin eshigimiz tagiga kelib, mendan ham hayiqmay zorlanib, cho‘zib-cho‘zib miyovlay boshladi. Eshikni ochdim. U uyga otilib kirdi. Dam o‘tmay bolasini tishlab olib chiqdi. Bostirma tomon ketdi.
Mushuk bizga o‘rganib qolgan bo‘lsa ham bolalarini ishonmas edi…
Tohir Malik
Jamiyat
Senatda yoşlarning ekologik jarayonlardagi iştirokini kengaytiriş masalalari muhokama qilindi
Özbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Butunjahon bolalar kuniga bağişlab yoş ekofaollar bilan oçiq muloqot taşkil etildi. Unda Senat Raisi Tanzila Narbayeva, Yoşlar parlamenti vakillari, UNICEFning Özbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijio, Ekologiya va iqlim özgarişi milliy qömitasi raisi örinbosari Jusipbek Kazbekov, “Zamin” xalqaro jamoat fondi ijro etuvçi organi rahbari Aziz Ğaniyev, Taʼlim va ilm-fan vazirligi hamda Yoşlar işlari agentligi rahbariyati qatnaşdi. “Bizning huquqimiz, bizning ovozimiz” şiori ostida ötkazilgan uçraşuv Senat Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan ötgan yili yoşlar bilan muloqot çoğida ilgari surilgan taşabbusning mantiqiy davomi böldi. Tadbirda “Eco-Schools Uzbekistan” loyihasi va Butunjahon yoşlar ofisi vakillari nomidan 350 nafar ekofaol qatnaşdi. Yana 300 nafardan ortiq yoşlar uçraşuvga onlayn tarzda qöşildi.
Tadbir davomida Özbekistonning turli hududlaridan taşrif buyurgan yoş ekofaollar yil davomida atrof-muhitni muhofaza qiliş, ekologik madaniyatni oşiriş va yaşil taşabbuslarni ilgari suriş borasida amalga oşirgan işlari haqida maʼlumot berdilar. Şuningdek, yoşlarning COP31 konferensiyasidagi iştiroki va xalqaro maydonda ilgari surgan taşabbuslari yuzasidan fikr almaşildi.
Suhbat davomida bolalarning soğlom va xavfsiz atrof-muhitda yaşaş huquqini taʼminlaş, ekologik taʼlimni rivojlantiriş hamda yoşlarning ekologik jarayonlardagi iştirokini kengaytiriş masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Yoşlar tomonidan ilgari surilgan yangi taşabbuslar, ularni hayotga tatbiq etiş imkoniyatlari va qöllab-quvvatlaş mexanizmlari ham muhokama qilindi.
Tadbirning muhim voqealaridan biri Qaşqadaryo viloyati Yakkaboğ tumanidagi 37-maktabda bölib ötdi. Senatdagi muloqot iştirokçilari uşbu marosimni jonli efir orqali kuzatib bordilar. Maktabda xalqaro “Eco-Schools” dasturining eng muhim ramzi va oliy eʼtirofi hisoblangan Yaşil bayroq tantanali ravişda kötarildi.
Tadbir doirasida “Green School” respublika tanlovi ğoliblarini taqdirlaş marosimi ham ötkazildi. “Eco-Schools Uzbekistan” dasturiga aʼzo 62 ta maktabdan 600 nafardan ziyod öquvçi iştirok etgan tanlovda 1-örinni Toşkent şahri Yaşnobod tumanidagi 255-sonli maktab, 2-örinni Namangan viloyati Namangan şahridagi Prezident maktabi, 3-örinni Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 74-sonli umumiy örta taʼlim maktabi jamoalari egallaşdi.
Ğolib va sovrindorlar pul mukofotlari hamda sertifikatlar bilan taqdirlandi. Pul yutuqlari ğolib va sovrindorlikni qölga kiritgan maktablarning ekologiya sohasidagi infratuzilmasini rivojlantiriş hamda öquvçilar uçun innovatsion şaroitlar yaratişga sarflanadi.
Mazkur tadbir yoşlarning ekologik taşabbuslarini qöllab-quvvatlaş, ularning ovozini eşitiş va atrof-muhitni muhofaza qiliş borasidagi saʼy-harakatlarini yanada kuçaytirişga xizmat qiladi.
Jamiyat
Sayyoramizdagi eng badavlat ayollar
Asrlar davomida katta sarmoya va yirik sanoat imperiyalari faqat erkaklar qölida bölgan, degan qaraş hukmron edi. Ammo XXI asr bu stereotiplarni butunlay parçalab taşladi. Forbes eʼlon qilgan 2026-yilgi jahon milliarderlari reytingiga köra, sayyoramizdagi 3428 nafar milliarderning 481 nafari (14 foizi) aynan ayollardir. Eng eʼtiborlisi, bu yil tarixda ilk bor bir vaqtning özida ikki nafar ayol «100 milliard dollarlik klub» aʼzosiga aylandi.
Ularning baʼzilari bobolari va otalari qurgan ulkan saltanatlarni munosib davom ettirayotgan bölsa, boşqalari bor-yöği bitta kema sotib oliş uçun olingan qarz bilan boşlangan biznesni jahon gigantiga aylantirgan. Keling, bugungi kunda jahon iqtisodiyotida katta taʼsirga ega bölgan eng badavlat 15 ayol va ularning muvaffaqiyat sirlari bilan tanişamiz.
Elis Uolton (AQŞ) – 134 milliard dollar
Dunyodagi eng yirik çakana savdo tarmoği – Walmart asosçisi Sem Uoltonning yagona qizi ketma-ket ikkinçi yil sayyoramizning eng boy ayoli maqomini saqlab turibdi. Sönggi bir yil içida Walmart aksiyalarining 41 foizga qimmatlaşişi uning boyligini rekord darajaga olib çiqdi. Akalaridan farqli ölaroq, Elis kompaniya boşqaruviga aralaşmaydi. U hayotini sanʼatga bağişlagan bölib, Arkanzas ştatida dunyoga maşhur «Crystal Bridges» Amerika sanʼati muzeyiga asos solgan.
Fransuaza Bettankur-Mayers (Fransiya) – 100 milliard dollar
Siz yoki yaqinlaringiz foydalanadigan L’Oréal kosmetika vositalari ortida turgan eng yirik aksiyador. Kompaniya asosçisi Ejen Şuellerning nabirasi bölgan Fransuaza uzoq yillar dunyoning eng badavlat ayoli bölib kelgan. U dabdabali hayot va matbuot eʼtiboridan uzoqroq yurişni afzal köradi, fortepiano çaladi va diniy-falsafiy mavzularda kitoblar yozadi.
Juliya Kox va oilasi (AQŞ) – 81,2 milliard dollar
AQŞdagi eng yirik xususiy korporatsiyalardan biri – neft, kimyo va sanoat giganti Koch, Inc. kompaniyasining 42 foiz aksiyasi Juliya Kox va uning uç farzandiga tegişli. U 2019-yilda turmuş örtoği Devid Kox vafot etgaç, uşbu ulkan merosga ega böldi.
Bugungi kunda Juliya Nyu-Yorkdagi nufuzli tibbiyot markazlari va sanʼat muassasalariga yuzlab million dollar xayriya qiluvçi eng saxiy metsenatlardan biridir.
Iris Fontbona va oilasi (Çili) – 52,6 milliard dollar
Lotin Amerikasining eng badavlat ayoli. U 2005 yilda vafot etgan turmuş örtoği Androniko Luksiçdan qolgan toğ-kon va moliya imperiyasini farzandlari bilan birgalikda boşqaradi. Oila dunyodagi eng yirik mis qazib oluvçi Antofagasta kompaniyasini, şuningdek, Çilining eng yirik banklari va pivo zavodlarini nazorat qiladi.
Jaklin Mars (AQŞ) – 49,1 milliard dollar
Dunyoga maşhur M&M’s, Snickers, Twix şokoladlari hamda uy hayvonlari uçun Pedigree va Whiskas ozuqalarini işlab çiqaruvçi Mars kompaniyasining uçdan bir qismi Jaklinga tegişli. Bobosi Franklin Klarens Mars tomonidan asos solingan uşbu korporatsiyada u qariyb 20 yil davomida faol işlagan. Hozirgi kunda nafaqada bölib, ot sporti va xayriya loyihalari bilan şuğullanadi.
Rafaela Aponte-Diamant (Şveysariya) – 44,5 milliard dollar
Uşbu reytingdagi eng ilhomlantiruvçi şaxs! Rafaela top-10 talikdagi boyligini meros qilib olmagan, balki noldan özi qurgan (self-made) yagona ayoldir. 1970 yilda u turmuş örtoği Janluiji Aponte bilan bor-yöği bitta eski yuk kemasini sotib oliş uçun 200 ming dollar qarz oladi. Bugun esa ular asos solgan Mediterranean Shipping Company (MSC) dunyodagi eng yirik dengiz yuk taşiş imperiyasiga aylangan. Rafaela hanuzgaça kompaniya kemalarining intereri va dizayniga şaxsan masʼul.
Savitri Jindal va oilasi (Hindiston) – 39,1 milliard dollar
Hindistonning eng badavlat ayoli. Pölat, energetika, sement va infratuzilma sohalarida faoliyat yurituvçi Jindal Group konglomerati rahbari. 2005-yilda turmuş örtoği Om Prakaş Jindal aviahalokatda vafot etganidan söng, töqqiz farzandning onasi bölgan Savitri ulkan sanoat guruhi boşqaruvini öz qöliga oldi va kompaniya daromadlarini bir neça barobar oşirişga erişdi.
Miriam Adelson va oilasi (AQŞ / Isroil) – 37,5 milliard dollar
Kasbi şifokor bölgan Miriam Adelson dunyodagi eng yirik qimorxona va haşamatli mehmonxonalar tarmoği – Las Vegas Sands kompaniyasining asosiy aksiyadori hisoblanadi. 2021-yilda turmuş örtoği Şeldon Adelson hayotdan köz yumgaç, Miriam nafaqat yirik biznes imperiyani, balki AQŞ siyosati va tibbiy tadqiqotlarni moliyalaştirişdagi faol xayriyaçilik anʼanalarini ham davom ettirmoqda.
Ebigeyl Jonson (AQŞ) – 33,2 milliard dollar
Uoll-stritning eng qudratli ayoli. 1946-yilda bobosi tomonidan asos solingan Fidelity Investments moliyaviy gigantini 2014 yildan buyon boş direktor (CEO) sifatida boşqarib kelmoqda. Uning rahbarligi ostida kompaniya boşqaruvidagi aktivlar trillionlab dollarga yetdi va Fidelity kriptovalyutalar sohasiga birinçilardan bölib kirib borgan yirik anʼanaviy moliya institutiga aylandi.
Çjen Şulyan va oilasi (Xitoy) – 33,2 milliard dollar
Xitoyning eng badavlat ayoli. U marhum turmuş örtoği Çjan Şipin asos solgan, dunyodagi eng yirik alyuminiy işlab çiqaruvçi China Hongqiao Group kompaniyasining yirik aksiyadori. Oila, şuningdek, töqimaçilik sanoatida ham ulkan aktivlarga ega.
Merilin Simons va oilasi (AQŞ) – 32,5 milliard dollar
Maşhur matematik va miqdoriy investitsiyalar asosçisi, 2024 yilda vafot etgan Jim Simonsning bevasi. Ular birgalikda dunyodagi eng muvaffaqiyatli va sirli hej-fondlardan biri – Renaissance Technologies orqali ulkan boylik töplaşgan. Merilin bugungi kunda ilm-fan, matematika va autizmni örganiş tadqiqotlarini moliyalaştiruvçi «Simons Foundation» jamğarmasiga rahbarlik qiladi.
Eleyn Marşall va oilasi (AQŞ) – 30,9 milliard dollar
Reytingning uçinçi poğonasida turgan Juliya Koxning biznes şerigi. Eleyn Marşall va uning oilasi Koch, Inc. korporatsiyasining taxminan 16 foiz aksiyasiga egalik qiladi. U kompaniya direktorlar kengaşi aʼzosi bölib, Texasdagi taʼlim va sanʼat loyihalarini faol qöllab-quvvatlaydi.
Melinda Frenç Geyts (AQŞ) – 30,3 milliard dollar
Bill Geyts bilan 27 yillik turmuşidan söng ajraşgaç, Melinda nafaqat yirik kapitalga ega böldi, balki dunyodagi eng nufuzli mustaqil xayriyaçilardan biriga aylandi. U özining Pivotal Ventures taşkiloti orqali butun dunyo böylab ayollarning iqtisodiy huquqlarini kengaytiriş, onalik va bolalikni muhofaza qiliş loyihalariga milliardlab dollar sarmoya kiritmoqda.
Lindal Stivens Gret va oilasi (AQŞ) – 30,0 milliard dollar
Texaslik neft magnati Otri Stivensning qizi. 2024 yilda otasi asos solgan Endeavor Energy Resources neft va gaz kompaniyasi Diamondback Energy tomonidan 26 milliard dollarga sotib olingaç, Lindal va oilasi AQŞning eng badavlat sulolalari qatoridan mustahkam joy oldi.
Syuzanna Klatten (Germaniya) – 29,7 milliard dollar
Germaniyaning eng boy ayoli. Ota-onasidan meros qolgan maşhur BMW avtokonsernining qariyb 19 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Bundan taşqari, Syuzanna özining Altana kimyo va farmatsevtika korporatsiyasini muvaffaqiyatli boşqarib, şamol energetikasi va yuqori texnologiyali startaplarga faol investitsiya kiritib kelmoqda.
Yuqoridagi 15 nafar ayolning umumiy boyligi 760 milliard dollardan oşadi – bu köplab rivojlangan davlatlarning yillik yalpi içki mahsulotidan ham köp demakdir. Ularning hayot yöli şuni körsatadiki, bugungi kunda ayollar nafaqat anʼanaviy oilaviy biznesni saqlab qoliş, balki eng murakkab sanoat, moliya va logistika tarmoqlarida ham dunyo öyin qoidalarini belgilaşga qodirdir.
Akbar Fathullayev
Jamiyat
Non qadri — boşoq qilmagan avlodga xat
Sobiq ittifoq vaqtida harbiy xizmatga borgan akalarimizning aytib berişlariça, baʼzan sovet armiyasida oşxonaga navbatçilikka tuşgan soldatlar stol ustini artiş uçun buxanka nondan foydalanişgan. Yaʼni, nonni şunçaki olişgan, örtasidan piçoq bilan bölişgan va stol ustini artişgan.
Öşanda eşitganlarimizdan biroz dahşatga tuşganmiz. Çunki biz nonni yerga taşlamaydigan, uvol bölmasin deb uni köziga surtadigan xalqmiz. Nonni şunçalik eʼzozlaymizki, hatto uni teskari qöyişni ham istamaymiz. Dasturxonda teskari turgan nonni töğrilab qöymaydigan odam oramizda topilmasa kerak. Ammo bugun şu gözal odatimiz özgarib borayotgandek. Keçagi non qadri ortida bugun dahşatli bir manzara yaşiringan: Toşkent şahrida bir kunda örtaça 3 tonna non isrof bölib, axlat qutilariga uloqtirilmoqda. Bu borada töy va restoranlarning uluşi yuqori ekanini aytmasak ham bilib turibsiz.
BMT maʼlumotlariga köra, dunyoda işlab çiqariladigan barça oziq-ovqat mahsulotlarining uçdan bir qismi — qariyb 1.3 milliard tonnasi har yili isrof qilinadi. Bu isrofgarçilik zanjirida non va don mahsulotlari eng yuqori poğonalardan birini egallaydi.
Çiqindixonada çiriyotgan ovqat — şunçaki oddiy organik qoldiq emas. U global issiqxona gazlarining qariyb 8 dan 10 foizigaça qismini işlab çiqaradigan yirik manbadir. Agar «oziq-ovqat isrofi» alohida davlat bölganida, issiqxona gazlarini atmosferaga çiqariş hajmi böyiça AQŞ va Xitoydan keyin dunyoda uçinçi örinda turardi.
Toşkentdagi kundalik isrof tufayli bir kunning özidan atmosferaga 3,2 tonnadan 4 yarim tonnagaça karbonat angidrid gazi ajralib çiqadi. Çiqindixonalarga taşlanayotgan 3 tonna nonni tayyorlaş uçun tabiatga şunça zarar yetkaziladi. Bu bitta maşina 25 000 kilometr yurganda hosil böladigan gazdir. Ammo bu hali hammasi emas, non çiqindixonada çiriganda, karbonat angidriddan köra xavfliroq va global isişni tezlaştiruvçi metan gazi hosil böladi.
Endi suv isrofiga kelsak.
Özbekistonning issiq iqlimi va anʼanaviy suğoriş tizimidagi yöqotişlar tufayli bir dona oddiy nonni tayyorlaş uçun — buğdoy ekişdan boşlab, suğoriş, yiğib oliş, yançiş va pişirişgaça 800 litr çuçuk suv sarflanadi. Toşkentda bir kunda isrof bölayotgan 3 tonna non tufayli 4 800 000 litr suv behuda oqib ketmoqda.
Intensiv qişloq xöjaligi yer resurslarini ayovsiz çarçatmoqda. Isrof bölayotgan non uçun yiliga yuzlab gektar yer haydab, buğdoy ekiş kerak böladi. Unga tonnalab kimyoviy öğit solinadi. Öğit tuproq va yer osti suvlarini zaharlaydi.
Toşkentda bir yilda isrof bölayotgan nonni yetiştiriş uçun taxminan 15 tonna mineral öğit va kimyoviy moddalar sarflanadi. Tasavvur qilişingiz uçun: bu uçta yuk maşinasi demakdir.
Yana buğdoyni zang kasalligi, zararkunanda haşarotlar va begona ötlardan himoya qiliş uçun yiliga 270 kilogramm pestitsid, fungitsid va gerbitsid sepiladi. Pestitsidlar juda kiçik dozalarda ham tirik organizmlar uçun xavfli hisoblanadi.
Endi neft mahsulotlariga ötsak.
Toşkentda bir yilda isrof böladigan nonni tayyorlaş uçun — buğdoy ekişdan tortib isteʼmolçiga yetib borgunga qadar 30 000 litrgaça neft mahsulotlari sarflanadi.
Şunça dizel yonilğisi yoki benzin oliş uçun tabiatdan 60 tonna xom neftni suğurib oliş kerak. Neftni yer ostidan qazib olişdan boşlab, uni qayta işlagunga qadar tabiat tölaydigan aççiq “ekologik tölov” zanjiri quyidagi raqamlarda namoyon böladi:
– 150 000 litr suv
– 18 tonna karbonat angidrid CO₂
– 150 kvadrat metr “ölik yer”
Yurtimizda sönggi yillarda aholi farovonligi va daromadi darajasi oşdi. Biroq, töy va maʼrakalarda dasturxonga keragidan 3 baravar köp non tortiş — aslo saxovat emas, balki madaniyatsizlikdir.
Mana şu kiçik matnni yoziş men uçun jurnalistik faoliyatimdagi eng oğir işlardan biri böldi. Raqamlarni qoğozga tuşiriş maşaqqatini söz bilan tariflab beriş qiyin. Yoziş asnosida ötgan asrning 90-yillari yodimga tuşdi. Öşa vaqtlarda makkajöxori unidan ham zoğora non yopib yedik. Endi esa, şukrki, donimiz köp. Hatto keragidan ortiq.
Xalqimizda nonni közga surtiş odati bor, töğri. Ammo keling, bugundan boşlab nonni közimizga surtmaylik, uni şunçaki isrof qilmaylik.
Hozirgi avlodga “boşoq qiliş” nima ekanini tuşuntirib bera olmaysiz. Bu Yaratgan tomonidan bizga qilingan eng katta muruvvatdir. Biz buning şukrini ado eta olyapmizmi? Asosiy savol şunda.
Jamiyat
Toşkentda har qanday ob-havoda körinadigan proyeksion piyodalar ötiş joyi örnatildi
Toşkent şahrida yomğir, qor va tumanli ob-havoda ham yaxşi körinadigan proyeksion piyodalar ötiş joyi sinov tariqasida örnatildi. Ilk şunday «zebra» Qumariq köçasida paydo böldi. Bu haqda Yöl harakatini taşkil etiş markazi xabar berdi.
Proyeksion piyodalar ötiş joyi oddiy «zebra»dan farqli ravişda böyoq bilan çizilmaydi, balki maxsus yoritiş qurilmasi yordamida yöl yuzasiga tuşiriladi. Şu sababli uni yomğir yuvib ketmaydi, qor bosib qolmaydi va avtomobillar ğildiragi iz qoldirmaydi.
Texnologiyaning asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat:
Har qanday ob-havoda körinadi. Qoronğida, yomğir va tuman paytida, şuningdek, höl asfaltda ham piyodalar ötiş joyi aniq körinadi.
Qor ostida qolmaydi. Qalin qor yoqqanidan keyin ham yöl çiziği körinib turadi.
Öçib ketmaydi. Avtomobillar ğildiragi uning körinişiga taʼsir qilmaydi, şuningdek, çiziqlarni muntazam qayta böyaş talab etilmaydi.
Haydovçilarga oldindan ogohlaniş imkonini beradi. Piyodalar ötiş joyi uzoqdan köringani sababli haydovçilar tezlikni oldindan pasaytirişi mumkin.
Qayd etilişiça, texnologiyaning asosiy maqsadi piyodalar xavfsizligini oşirişdir. Haydovçilar ötiş joyini va undagi piyodalarni ertaroq payqaş imkoniga ega böladi.
Agar sinov jarayonida texnologiya turli ob-havo şaroitlarida özini yaxşi körsatsa, bunday yoruğlikli piyodalar ötiş joylari Toşkentning boşqa tumanlarida ham örnatilişi mumkin.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
-
Sport2 days ago
Özbekiston Jahon yelkanli sport federatsiyasiga tölaqonli aʼzo böldi
-
Jamiyat2 days ago
Sayyoramizdagi eng badavlat ayollar
-
Mahalliy2 days ago
Birinçi sinf öquvçilari 2027-yildan yangi alifboda öqiydi – loyiha
-
Mahalliy2 days ago
jahlni bir yarim daqiqada qanday «öçiriş» mumkin?
-
Sport2 days ago
Anzur Ismoilov futbolçilik faoliyatini yakunladi
-
Jamiyat2 days agoNon qadri — boşoq qilmagan avlodga xat
-
Siyosat2 days ago
Özbekiston «beşinçi havo erkinligi» rejimi asosida aviaqatnovlarni kengaytirmoqçi
-
Sport2 days ago
Şavkat Mirziyoyev Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidentini qabul qildi: tafsilotlar
