Jamiyat
May oyida qanday ob-havo kutiladi? «O‘zgidromet» izoh berdi
Kelayotgan may oyida kutilayotgan ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi.
Bu yil may oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Birinchi besh kunlikda respublika hududi bo‘yicha ba’zi joylarda momaqaldiroq va kuchli shamol bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi. Havo harorati asosan kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 22-27 daraja bo‘ladi.
Keyinchalik, oyning oxirigacha harorat kechalari 13-18 darajadan 18-23 darajagacha, kunduz kunlari 25-30 darajadan 30-35 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 36-38 darajagacha o‘zgarib turadi. Ushbu davrning ayrim kunlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.
2026-yil may oyida o‘rtacha oylik harorat iqlimiy me’yordan 1,5-2 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Iqlimiy xususiyatlarga ko‘ra (ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha qiymatlar), may oyi aprel oyiga nisbatan 4–6 darajaga iliqroq bo‘ladi.
Respublika hududining katta qismida kunduzgi o‘rtacha harorat oyning birinchi yarmida 24-27 darajani, ikkinchi yarmida esa 28-31 darajani tashkil etadi. Deyarli har yili may oyida yozga xos issiq davrlar harorat 34-37 darajagacha ko‘tarilishi kuzatiladi.
Meterologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun may oyi haroratining mutlaq maksimumlari 38-41 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa ba’zi joylarda 43-45 darajani tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari va Navoiy viloyati cho‘l hududlarida may oyidagi harorat rekordlari yaqin orada – 2020, 2021 va 2025-yillarda yangilandi.
May oyida yomg‘irlar, ko‘pincha, qisqa muddatli tavsifga ega bo‘lib, deyarli har doim momaqaldiroq va kuchli shamol bilan kuzatiladi.
Jamiyat
Zo‘ravonlik qurbonlariga qo‘shimcha huquqiy kafolatlar berildi
O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimi yanada kuchaytirildi. Yangi qonun bilan jabrlanuvchilarning huquqlarini sudda himoya qilish, ularga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish hamda bolalarning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qator o‘zgartishlar kiritildi.
2026 yil 1 iyulda qabul qilingan O‘RQ–1156-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunga muvofiq, milliy qonunchilikka «bolaning eng ustun manfaatlari» tushunchasi hamda uni ta’minlash kafolatlari kiritildi. Ushbu tushuncha bolaning oila muhitida tarbiyalanishi, xavfsizligi, sog‘lig‘i, ta’lim olishi, har tomonlama kamol topishi, shaxsiy daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmati, shuningdek, uning fikrini inobatga olgan holda belgilanadigan boshqa manfaatlarni qamrab oladi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tashkilotlar, jumladan, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlar manfaatlarini ko‘zlab davlat boji to‘lamasdan sudlarga da’vo arizalari kiritish hamda sud majlislarida ularning vakili sifatida ishtirok etish vakolati berildi.
Qonun bilan yana bir muhim yangilik joriy etildi. Endi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs maxsus markazga joylashtirilgan taqdirda, bu holat unga bir oygacha bo‘lgan muddatga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Jamiyat
Toshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yuqori tezlikda harakatlangan Malibu rusumli yengil avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qahvaxona binosiga borib urildi. Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi 2 iyul kuni soat 05:40 larda Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Malibu rusumli transport vositasi haydovchisi katta tezlikda harakatlanayotgan vaqtda rul boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda avtomobil Caffelito qahvaxonasi binosiga borib urilgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilarni belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilishga hamda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
Jamiyat
Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
Buxoro viloyatida fuqarolarni Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan qariyb 20 ming AQSh dollari hamda 2 million so‘m olganlikda gumonlanayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro B.R. uch nafar fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zini ko‘p yillardan buyon Germaniyada ishlab kelayotgan shaxs sifatida tanishtirgani aniqlandi.
U, go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqarolarni Germaniyaga ishga yuborishini va’da qilib, ulardan 19 ming 800 AQSh dollari hamda 2 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
714 tup kannabis yetishtirilgan issiqxona aniqlandi
Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hovlisidagi issiqxonada 714 tup kannabis yetishtirib kelgan shaxs fosh etildi. Boshqa holatda esa Toshkentda qariyb 2 kilogramm gashishni sotishni rejalashtirgan shaxs qo‘lga olindi.
«Qoradori – 2026» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Shahrisabz shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaroning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, u o‘z yashash xonadoni hovlisidagi 5,3 sotix yer maydonida issiqxona tashkil qilib, sotish maqsadida 714 tup kannabis o‘simligini ekib, parvarishlab kelgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan kannabis o‘simliklarining sof og‘irligi 201 kilogrammni tashkil etgan.
Yana bir tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs poytaxtning Yunusobod tumanida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirildi.
Tekshiruv davomida uning qo‘lidagi sellofan paketdan 1 kilogramm 994 gramm «gashish» giyohvand moddasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur giyohvand modda qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan bo‘lib, uni Toshkent shahrida sotish rejalashtirilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Mustaqillik shohko‘chasining bir qismi 13 iyulgacha yopiladi
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shohko‘chasida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va ta’mirlash ishlari munosabati bilan 13 iyulga qadar transport vositalari harakatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi.
Foto: Toshkent shahar YHTEM
Ma’lum qilinishicha, yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish, transport oqimini tartibga solish hamda jamoat transporti harakati uchun qulay sharoit yaratish maqsadida Mustaqillik shohko‘chasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan 2026 yil 2 iyul soat 01:00 dan 13 iyul soat 06:00 ga qadar Mustaqillik shohko‘chasining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishidagi qatnov qismi transport vositalari harakati uchun yopiladi.
Qayd etilishicha, yo‘ldagi yuklamani kamaytirish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida qurilish ishlari davomida qarama-qarshi qatnov qismida transport oqimiga qarab vaqti-vaqti bilan ikki tomonlama harakat tashkil etilishi mumkin.
Mas’ullar haydovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, harakat yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni so‘radi.
-
Dunyodan3 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Jamiyat4 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Iqtisodiyot5 days ago
12 ta tarmoqqa 37 ta sohaviy ilmiy institut va OTM biriktirildi
-
Sport5 days agoo‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
-
Sport4 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonning 24 ta oliy ta’lim muassasasi top-1000 talik ro‘yxatga kiritildi
