Mahalliy
Mobiuz “Mehribon” imtiyozli tarif rejasini taqdim etdi
Pensionerlar va kam ta’minlangan fuqarolar uchun maxsus ishlab chiqilgan tarif rejasining abonent to‘lovi atigi 25 ming so‘mni tashkil etadi.
Mobiuz doimo ijtimoiy mas’uliyat falsafasiga amal qiladi va o‘z abonentlariga yaqinroq bo‘lishga intiladi. “Mehribon” tarifini ishga tushirish shunchaki tijorat taklifi emas, balki keksa avlod vakillari va moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotganlarga g‘amxo‘rlik va hurmat ko‘rsatishdir.
Zamonaviy dunyoda, ayniqsa pensionerlar va kam ta’minlangan fuqarolar uchun aloqaning muhimligini anglab, Mobiuz ularga barqaror va arzon aloqa kanalini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. “Mehribon” tarifi ushbu toifadagi abonentlar ehtiyojlarini chuqur tahlil qilish natijasida yaratildi.
“Mehribon” abonentlarga oyiga 5 GB mobil internet, O‘zbekiston bo‘yicha 500 daqiqa suhbat va 500 ta SMS-xabarni taqdim etadi. Bundan tashqari, o‘z-o‘zini rivojlantirish va o‘rganishga intilayotganlar uchun ayniqsa muhim bo‘lgan ta’lim resurslaridan cheksiz foydalanish imkoniyati beriladi. Bularning barchasi oyiga 25 000 so‘mlik ramziy abonent to‘lovi evaziga taqdim etiladi.
“Mehribon” tarifiga ulanish imkon qadar soddalashtirilgan: faqatgina eng yaqin Mobiuz ofislaridan biriga kelib, imtiyozli huquqni tasdiqlovchi hujjatlar (pensiya guvohnomasi yoki my.gov.uz portalidan Ijtimoiy himoya yagona reyestrida mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma) bilan murojaat qilish kifoya. Kompaniya xodimlari ulanishni rasmiylashtirishda ko‘maklashadi va barcha savollarga javob beradi.
Bundan tashqari, Mobiuz mamlakatning eng chekka hududlarida ham sifatli aloqani ta’minlash uchun o‘z infratuzilmasini rivojlantirishda davom etmoqda. Bu, ayniqsa zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyati cheklangan qishloq joylarida istiqomat qiluvchi aholi uchun muhimdir.
Mobiuz keksa avlodga g‘amxo‘rlik qilish va ijtimoiy himoyaga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniya vazifasining ajralmas qismi ekanligiga ishonadi. “Mehribon” tarifi yanada adolatli va inklyuziv jamiyat qurish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.
Qurbon hayiti arafasida Mobiuz barcha abonentlariga tinchlik, farovonlik va mustahkam sog‘lik tilaydi. Har bir qo‘ng‘iroq va xabar qalblarni bog‘laydigan va muloqot quvonchini keltiradigan ko‘prik bo‘lsin!
«Mehribon» tarifi va ulanish shartlari haqida batafsil ma’lumot olish uchun Mobiuzning www.mobi.uz rasmiy saytiga () tashrif buyuring yoki kompaniyaning eng yaqin ofisiga murojaat qiling. Mobiuz sizga yaqinlaringiz va dunyo bilan aloqada bo‘lishingizga yordam berishdan mamnun.
Mahalliy
Buxoroda saksovurfurushlar aniqlanib mahkamaga tortildi
Buxoro viloyati Shofirkon tuman Chandir mahallasidagi ustaxonalardan birida sodir etilgan voqea ko‘pchilikni sergak torttirdi. Voqeaga ko‘ra, bir nechta fuqarolar ochiqdan-ochiq tuman ekologiya bo‘limi xodimi hamda IIB inspektorning qonuniy talablariga bo‘ysinishmagan. Jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, mayda bezorilik harakatlarini sodir etishgan.
Buxoro viloyati sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, qoidabuzar fuqarolarning xatti-harakatlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Holatga ko‘ra, 4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda saksovul kesib, tabiatga nisbatan huquqbuzarlik harakatini sodir qilishgan. Voqeadan xabar topgan Ekologiya bo‘limi xodimi hamda IIB inspektori ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatini o‘z vaqtida payqab, ularga nisbatan tegishlicha bayonnomalarni rasmiylashtirayotganida mazkur shaxslar ularning qonuniy talablariga bo‘ysinmasdan, baqir-chaqir qilishgan, jamoat tartibini buzishgan.
Bu ham yetmagandek, fuqaro A.S.ning xatti-harakatlari xavfli tus olgan. U o‘ziga tegishli «Ford Tranzit» avtomashinasini haydab qochib, ekologiya bo‘limi xodimini avtomashinasiga majburan olib kirgan. Va qo‘pollik bilan avtomashina eshiklarini qulflab, uni Chitgaron qishlog‘igacha kuch ishlatib olib kelgan. Manzilga yetgach, ekologiya bo‘limi xodimining oyog‘idan tortib, sudrab tushirgan. A.S. cho‘ntagida g‘ilofsiz holda bir dona «oshxona pichog‘i»ni ham olib yurgan bo‘lgan. U ekologiya bo‘limi xodimini qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlab, kuch ishlatib, unga nisbatan zo‘ravonlik ko‘rsatgan.
Holat yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida A.S.ning ilgari ham ma’muriy javobgarlikka tortilgani aniqlangan.
«Qonun talablariga bo‘ysinmagan, davlat organi xodimlariga nisbatan kuch ishlatib, huquqbuzarliklar sodir etgan to‘rtala shaxs ham javobgarlikka tortildi. Har bir aybdor o‘z qilmishiga ko‘ra, sud oldida javob berishdi. Qonun oldida hech kim imtiyozli emas. Davlat organi xodimiga bo‘ysinmaslik, uni mensimaslik va unga qarshi kuch ishlatish jinoyat sanaladi», – dedi Feruz Sharopov.
Mahalliy
Turkistonning yuragida ikki kun…
YuNESKOning 43-bosh sessiyasida Turkiya Respublikasi nomidan ishtirok etish uchun Turkiston zaminining markazi bo‘lgan O‘zbekistonga tashrif etishdan benihoya xursand bo‘ldik.
Turkistonning har bir go‘shasi biz uchun muhim, ammo Samarqand va Buxoroni bag‘rida jamlagan O‘zbekistonning o‘rni juda boshqacha. Oramizda ildizlari teran do‘stlik bor, chuqur qardoshlik rishtalari mavjud. Bilge Xoqon tomonidan O‘rxun yodgorliklarida «Sabim tuketi eshitg‘il!» ya’ni «So‘zimni boshidan oxirigacha eshitgin!» degan so‘zlar bilan boshlangan bu shodlikda va g‘amda birlik tuyg‘usi ming yillik tarixga hamda boshimizdan kechirgan musibatlarga qaramay kundan-kunga kuchayib bormoqda. Turklarga xos bo‘lgan bu vijdon va rahm-shafqat ideali bugungi kunda dunyoga o‘rnak bo‘ladigan qadriyatlarimizning ham ramzidir.
Hazrat Navoiy,
Odami ersang, demagil odami,
Aning ki, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
degan misralarida aynan shu ideal kuylanadi. Yoki, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning birlik va hamjihatlikka, Vatanga muhabbatga urg‘u bergan quyidagi misralari:
Birligimizning tebranmas tog‘i,
Umidimizning so‘nmas chirog‘i.
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin endi Turkiston bog‘i.
Uyg‘on xalqim, bitsin ortiq buncha zulumlar!
misralari yoki bu qardoshlikka eng ko‘p ehtiyoj sezganimiz ozodlikni tariflarkan ishlatgan bu misralari birlik va birdamlik ideallarimizga hamohangdir:
Ey Inonyu, ey Sakarya, ey istiqlol erlari,
Milli Misak olingancha to‘xtalmasin, ilgari!
…
Bilolmac kim «madaniyat» beshigiga o‘lturg‘on,
Jallodlarning hamma ta’ma va xirslari sizlarda
…
Ey istiqlol, ey Sakarya, ey Inonyu erlari,
Yur, mazlumlar to‘fonining o‘ch olg‘uvchi sellari!
Turkiya-O‘zbekiston qardoshligini yoki mening bu zaminga bo‘lgan muhabbatimni tariflash uchun shu kabi minglab misollar keltirishim mumkin. Oramizda ana shu yuqorida keltirilgan shodlikda ham, g‘amda ham birlik va birdamlikning namunasi bo‘lmish birodarlik rishtalari bor.
Milliy ta’lim vaziri sifatida bizning burchimiz ham shu do‘stlikni mustahkamlash va kelajak avlodlarning bu qardoshlik atrofida yanada kuchliroq jipslashishini ta’minlashdan iboratdir. Safarimiz davomida bu borada juda muhim qadamlar tashladik. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova bilan do‘stligimizni mustahkamlash yo‘lidagi hamkorligimiz doirasida o‘zbek qardoshlarimiz uchun Istanbulda ochiladigan maktab va Toshkentdagi Turk maktabi uchun ajratiladigan yer maydoni haqida juda samarali suhbatlar o‘tkazdik.
Biz, Turkiyada Prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rahnamoligida kelasi asrni ta’limda Turk asriga aylantirish yo‘lidagi eng muhim qadamlarimizdan biri bo‘lgan, yangilangan o‘quv dasturimizdagi turli o‘zgarishlar va azaliy do‘stligimizni mustahkamlash yo‘lida qilgan ishlarimiz haqida gapirib berdik. Ayniqsa, innovatsion jismoniy va texnologik infratuzilma, o‘qituvchi kadrlar yetishtirish jarayonlari, kasb-hunar va texnik ta’lim, raqamli texnologiyalar va ta’limdagi sun’iy intellekt ilovalari, darsliklar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan sohalarning ko‘pligini va bu hamkorlikni tezroq boshlashning qanchalik zarurligini ko‘rdik.
Shu doirada Turkiya davlati sifatida olib borayotgan siyosatimizni ta’lim diplomatiyasi shakliga aylantirish uchun olib borayotgan ishlarimizni muhokama qildik. Shu nuqtai nazardan, biz ta’lim diplomatiyasini nafaqat jismoniy yoki virtual sinflarda o‘qitiladigan darslar, balki xalqlarning umumiy taqdirini belgilovchi strategik bir jarayon, bir jamiyatning muvaffaqiyat hikoyasini boshqa jamiyatlarga yetkazish usuli sifatida ko‘ramiz. Ta’lim sohasida o‘rnatgan har bir xalqaro hamkorligimiz negizida o‘z asosiy qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga yetkazish maqsadi yotadi.
Yusuf Tekin,
Turkiya Milliy ta’lim vaziri
Mahalliy
Turkiya Samarqandda qabul qilingan tarixiy qarorni olqishladi
Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Burhoniddin Duran Samarqandda o‘tayotgan YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasida 15 dekabr sanasi Butunjahon turkiy til oilasi kuni (World Turkic Language Family Day) deb e’lon qilinganini olqishladi.
“Til – millatning xotirasi va madaniyatining muhofizidir. Biz bepoyon jug‘rofiy hududlarga yoyilgan turkiy til oilasining birlashtiruvchi kuch-salohiyatidan hamisha g‘urur tuyamiz”, – dedi siyosiy fanlar doktori Burhoniddin Duran.
Rasmiy Anqaraning yuqori martabali mulozimi Turkiya hamda turkiy davlatlar tomonidan hozirlangan ushbu muhim qaror turkiy tilni asrab-avaylash, mushtarak tarixiy merosni avlodlarga yetkazish hamda qardosh o‘lkalar o‘rtasidagi robitalarni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidlagan.
Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida esa ushbu hodisa olqishlanar ekan, Butunjahon turkiy til oilasi kuni sanasi turkiy dunyoning ko‘hna shaharlaridan biri Samarqandda e’lon qilingani ramziy ma’no kasb etishi urg‘ulangan.
Turkiyaning YuNESKOdagi doimiy vakili Gulnur Aybet ham til nafaqat muloqot vositasi, balki millatning xotirasi, o‘zligi va donishmandligini avloddan avlodga yetkazuvchi xazina ekanini ta’kidlagan. Diplomat ta’kidicha, ulkan jug‘rofiy hududdagi 200 milliondan ziyod kishi so‘zlashayotgan turkiy til oilasi o‘zida ko‘p asrlik qadriyatlarni mujassam etgandir.
Ma’lumot o‘rnida: Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on joriy yil 7 oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Gabalada bo‘lib o‘tgan sammitida 15 dekabrni Butunjahon turkiy til oilasi kuni etib belgilashni taklif qilgan edi. Xalqaro sana sifatida 15 dekabr tanlangani bejiz emas. Dunyo ahli 1893 yilning ayni shu sanasida turkiy ellarning eng qadimgi umumiy yodgorligi – O‘rxun bitiklari tabdil qilinganidan voqif bo‘lgan edi.
Mahalliy
Nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomi belgilandi
Joriy yil 3-noyabrdagi O‘RQ–1093-son qonun bilan «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritildi.
Mazkur qonunga muvofiq, «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga quyidagilarga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritildi:
nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomini belgilash;
kitobxonlik madaniyatini rag‘batlantirish.
Qonun bilan kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, bosh muharrir lavozimiga oliy ma’lumotga va noshirlik faoliyatida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tayinlanadi.
Bosh muharrir tashkilotning muassisi (muassislari) yoki rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Nashriyot nashrlarini chiqarish to‘g‘risidagi qaror bosh muharrir tomonidan qabul qilinadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mahalliy
O‘zbek yosh tadqiqotchi Garvardda nimani o‘rganmoqda?
Ba’zi yoshlarning dunyoqarashini ko‘rib, «aql yoshda emas – boshda» degan gapning naqadar to‘g‘riligini yana bir bor his qilaman. Faoliyatim davomida olimlar, ziyolilar, amaldorlar va eng oddiy insonlar bilan suhbatlashdim. Ba’zida ziyolilar bilan suhbatdan ko‘nglim yorishgan, ba’zi olimman degan odamdan kutgan javobimni ololmagan paytlarim ham bo‘lgan…
Andijonlik 26 yoshli Sherzodbek Omonov 2022-yil Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qib yurgan paytida Global UGRAD dasturi grantini qo‘lga kiritgan. Suhbatdoshim savollarga javob berish asnosida yana bir haqiqatni esga soldi: inson o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa, nafaqat ilmiy salohiyati oshadi, balki ichki dunyosi ham rivojlanadi. Ochig‘ini aytsam, yo‘llagan javoblarida birorta imlo xatosi yo‘q bo‘lgan ilk suhbatdoshga duch kelib turibman. Ana shunday serqirra, tartibli va maqsadli yoshlar borligi esa odamni xursand qiladi.
– G‘arbiy Virjiniya universitetida o‘qish hayotingizni qanday o‘zgartirdi?
– Global UGRAD dasturi menga mutlaqo yangi, moslashuvchan va shaxsiy qiziqishlarga asoslangan yondashuvni taklif etdi. Ilk bora o‘z o‘quv dasturimni mustaqil ravishda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lgandim – qiziqqan yo‘nalishim asosida fanlarni o‘rganish, o‘qituvchilarni belgilash, dars jadvalini o‘zimga qulay tarzda tuzish tanlovi meni juda hayratda qoldirgandi.
Bundan tashqari, butunlay yangi madaniy muhit, o‘zga qadriyatlar va mutlaqo notanish ijtimoiy me’yorlar orasida yashash, insonni o‘zini qayta kashf etishga undarkan. Va albatta til borasida ham ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Ingliz tilidagi muloqot ko‘nikmalarim sezilarli darajada yaxshilandi va aynan shu davrda men Garvard Huquq maktabiga hujjat topshirish qaroriga kelgandim.
O‘qishni tugatgach, bu tajribani uch yillik yuridik loyihalar menejeri sifatidagi amaliy faoliyatim orqali mustahkamlashni boshladim. Murakkab loyihalarni boshqarish va turli jamoalar – mahalliy, xalqaro ekspertlar bilan ishlash menga muammolarni ijodiy hal etish, muloqot va hamkorlikning ahamiyatini chuqur tushunishga yordam berdi.
Talabalik yillarimda huquq va texnologiya o‘rtasidagi bog‘liqlikka qiziqishim kuchli bo‘lgan. Shu sababli bakalavr bitiruv ishimni ham aynan shu yo‘nalishda yozgan edim. Amaliy faoliyatim davomida esa turli hil sun’iy intellekt vositalarini sinab ko‘rdim va bu texnologiyalar yuridik jarayonlarga – hujjatlarni avtomatlashtirishdan tortib tahlilga asoslangan qarorlarni qabul qilishgacha, qanchalik faol kirib kelayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
– Garvard huquq maktabi ta’limi faqat nazariya emas, balki fikrlash madaniyatini ham o‘rgatadi, deyishadi, shu fikrga qo‘shilasizmi?
– Garvard huquq maktabining o‘qitish uslubi ko‘proq tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv va masalaning tub sabablarini tahlil qilishga qaratilgan. Darslar ko‘pincha Suqrot usulida olib boriladi – professorlar talabalarni kutilmaganda savollar bilan muloqotga chorlaydi. Bu usul yoshlarni tezroq fikrlashga, pozitsiyasini asoslab berishga va tahliliy mulohaza yuritishga undaydi. Masalan, hozirda o‘qiyotgan Konstitutsiyaviy huquq fanida professor nafaqat sud qarorini tushuntirib berishni, balki «Nega aynan shunday qaror chiqarilgan?» yoki «Qanday alternativ qaror bo‘lishi mumkin edi?» kabi savollar orqali chuqurroq fikrlashga undaydi.
Garvardda yana bir muhim jarayon – bu moslashuvchanlik. Professorlar dars o‘tish va baholash shaklini o‘zlari belgilaydilar, ya’ni kimdir yakuniy imtihon o‘tkazsa, boshqasi ilmiy maqola, sinfdagi ishtirok yoki amaliy mashg‘ulotlarga urg‘u beradi. Yana bu yerda darsdan tashqari ko‘shimcha mashg‘ulotlar va amaliy imkoniyatlar soni nihoyatda ko‘p, ilmiy tadqiqotga bo‘lgan e’tibor ham juda sinchkovlik bilan yo‘lga qo‘yilgan. Buni «subciting», ya’ni maqolalarda keltirilgan manbalarni tekshirish, havolalar to‘g‘riligini aniqlash va ularning Bluebook qoidalariga muvofiq rasmiylashtirilganini tasdiqlash jarayoni orqali ko‘rish mumkin. Men hozirda Harvard Journal of Law and Technology (JOLT) jurnalida tahrirchi sifatida volontyorlik qilmoqdaman. Har semestr boshida barcha ilmiy jurnallar talabalarni ushbu jarayonda ishtirok etishga taklif qiladi. Bu tajriba ilmiy tadqiqot sifatiga qay darajada e’tibor berilishini ko‘rsatuvchi yaqqol misoldir.
Garvardda yirik xalqaro yuridik firmalar vakillari, sudyalar, siyosatchilar va soha yetakchilari bilan bevosita uchrashish imkoniyati deyarli har kuni mavjud. Hafta davomida 7–10 tagacha tushlik paytiga belgilangan uchrashuv yoki ma’ruzalarda AQSh Oliy sudi sudyalari hamda yetakchi yuristlar talabalar bilan tushlik yoki kofe ustida suhbatlashadilar.
– Yurtimizda «katta dunyoga chiqish» orzusida bo‘lgan yoshlar juda ko‘p, ammo bu yo‘lda qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy…
– Men uchun bu jarayonda eng katta haqiqat – faqat ishtiyoqning o‘zi yetarli emasligini anglash bo‘lgan. Uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun tizim, qat’iyat va doimiylik yanada muhimroq ekanini tushundim. Katta orzular va maqsadlar qo‘yish, albatta, kerak, lekin katta natijalarga ko‘pincha har kuni bajariladigan mayda, hatto ba’zan zerikarli ishlar orqali erishiladi.
Masalan, yaxshi kitob o‘qish, har kuni o‘nta yangi so‘z yodlash, yozish mahoratini har kuni ozgina yaxshilab borish yoki kichik loyihalarni yakunlash kabi oddiy qadamlar vaqt o‘tishi bilan mustahkam poydevor yaratadi. Ayniqsa, nufuzli universitetlarga ariza topshirish jarayonida bu yaqqol namoyon bo‘ladi – bu katta harakatning emas, balki kundalik, doimiy va odatda zerikarli mehnatning natijasidir.
– Sun’iy intellekt yuridik jarayonlarda, xususan shartnoma huquqida insonning rolini qisqartirishi mumkinmi? Ya’ni AI vositalari shartnomalarni tahlil qilish va tuzishda faol qo‘llanilyaptimi? Agar shunday bo‘lsa, bu huquqshunoslar mas’uliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Sun’iy intellekt (AI) huquqshunoslarning shartnomalar bilan ishlash uslubini sezilarli darajada o‘zgartirmoqda, biroq hozircha ushbu sohada insonning o‘rnini to‘liq bosa oladigan darajaga yetgani yo‘q. AQShdagi yirik yuridik firmalari Harvey AI, Spellbook va Kira kabi vositalardan foydalanib, shartnomalarni tuzish, tahlil qilish va ko‘rib chiqish jarayonini ancha tez va qulay amalga oshirmoqda. Shunga qaramay, yuristlar AI tomonidan yaratilgan natijalarni sinchkovlik bilan tekshirib chiqishlari zarur, chunki oxir-oqibat hujjatning to‘g‘riligi va qonuniy jihatdan to‘g‘ri tuzilishiga ular javobgar, dastur emas. Dastur esa faqat yordamchi vosita sifatida xizmat qiladi.
– Izlanish jarayonida sun’iy intellekt va huquq masalasini o‘rganayotgan boshqa tadqiqotchilar bilan ham muloqot qilasizmi?
– Bitiruv ishim sun’iy intellekt tomonidan muzokaralar orqali tuzilgan shartnomalarning boshqa yurisditskiyalarda ijro etilishi masalasiga qaratilgan. Ayniqsa xalqaro yurisdiksiya kontekstida – bunday shartnomalar qanday huquqiy muammolarni keltirib chiqaradi va ularning ijrosi qaysi qonunchilikka asosan amalga oshirilishi kerakligi masalasini ko‘rib chiqyapman. Ushbu izlanishni men huquq va texnologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislardan biri – Kristofer Bavits rahbarligida olib boryapman. Garvarddagi professorlar juda foydali yo‘l-yo‘riq beradi, biroq oxir-oqibat asosiy fikrni ishlab chiqish va uni ilmiy asoslash talabaning zimmasida bo‘ladi. Professorlar odatda mustaqil fikrlash va ijodiy yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydilar, bu esa izlanuvchilarga katta erkinlik beradi.
Shuningdek, hozirda Sun’iy intellekt siyosati bo‘yicha men yakunlayotgan dastur (AI policy fellowship) Garvardning turli maktablaridan ishtirokchilarni birlashtiradi, ya’ni sun’iy intellekt bilan bog‘liq masalalarga turli burchaklardan yondashish imkonini beradi. Guruhimizda texnik, siyosiy va biznes sohasida tajribaga ega insonlar bor.
Yana bu yerda Jonatan L. Zitrain kabi yetakchi AI bo‘yicha olimlar va keng ilmiy resurslardan foydalanish imkoniyatining mavjud.
– Ilmiy ishingizda qaysi manbalarga asoslanyapsiz? Qonunchilik, sud tajribalari yoki AI algoritmlarini tahlil qilish…
– Olib borayotgan izlanishimda asosan yuridik tahlilga tayanmoqdaman, ya’ni mavjud sud amaliyoti, xalqaro konvensiyalar hamda ilmiy izohlarni o‘rganish orqali an’anaviy shartnoma huquqi tamoyillarining sun’iy intellekt tomonidan kelishilgan shartnomalarga qanday tatbiq etilishi mumkinligini tahlil qilmoqdaman. Mazkur yo‘nalish hali rivojlanish bosqichida bo‘lgani sababli, sun’iy intellekt orqali muzokara qilingan shartnomalarga oid bevosita sud amaliyoti misollari juda kam. Shu bois, tadqiqotimning muhim qismi avtomatlashtirilgan savdo tizimlari, smart-shartnomalar va vakillik instituti kabi yaqin sohalardan o‘xshashliklar keltirishga qaratilgan.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, OECD va UNCITRAL kabi xalqaro tashkilotlarning siyosiy hujjatlari va me’yoriy takliflarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqdaman, chunki ushbu tashkilotlar sun’iy intellektning javobgarligi hamda shartnomalarning haqiqiyligini tartibga solish bo‘yicha dastlabki huquqiy asoslarni ishlab chiqishni boshlagan.
Texnik jihatdan algoritmik sinovlarni o‘tkazmayman, biroq Pactum AI kabi sun’iy intellekt asosida muzokara olib boruvchi vositalar va shartnoma avtomatlashtirish platformalari amalda qanday ishlashini tahlil qilishga harakat qilayapman – xususan, ular ma’lumotlarni qanday qayta ishlaydi, shartlarni qanday aniqlaydi va kelishuvga qanday erishadi. Ba’zan yuridik texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar tajribasidan foydalanib, ushbu tizimlarning ishlash tamoyillarini hamda ularni qo‘llash jarayonida yuzaga keladigan huquqiy muammolarni aniqlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ilmiy ishingiz natijalarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari haqida nima deya olasiz?
– Kelgusida tadqiqot natijalari bugungi global savdoni shakllantirayotgan texnologik o‘zgarishlarga javoban tegishli qonunlarga o‘zgartirish kiritishda amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilishi mumkin. Ayni paytda aksariyat mamlakatlarda sun’iy intellekt tizimlarining shartnoma tuzish yoki tomon nomidan huquqiy harakatlar amalga oshirish vakolatiga egami yoki yo‘qligi masalasida aniq huquqiy me’yor yo‘q. Ushbu tadqiqot esa mavjud shartnoma huquqlari aynan qaysi jihatlarda, xususan, rozilik, vakillik va javobgarlik tamoyillari qaysi nuqtalarda sun’iy intellektga nisbatan yetarli emasligini aniqlash hamda ushbu an’anaviy talablar qanday rivojlanishi moslashish mumkinligini taklif qilishni o‘z ichiga oladi.
Qonun ishlab chiquvchilar ushbu tadqiqot natijalariga murojaat qilib, sun’iy intellektning rolini tan oladigan, biroq inson mas’uliyatini zaiflashtirmaydigan yangi huquqiy tizimlarni ishlab chiqish jarayonida undan taklif sifatida foydalanishlari mumkin. Amaliy jihatdan esa AI tizimlaridan har bir qaror qanday qabul qilinganini aniq qayd etib borishni talab qilish orqali shaffoflikni, adolatlilikni ta’minlash mumkin. Shuningdek, ushbu tadqiqot xalqaro uyg‘unlashtirish sa’y-harakatlariga, masalan, BMTning Elektron savdo bo‘yicha model qonunini yoki raqamli savdo kelishuvlarini moslashtirishda hissa qo‘shib, sun’iy intellekt tomonidan tuzilgan shartnomalarning turli mamlakatlarda ham yuridik kuchga ega bo‘lishi borasida amaliy natijalar taklif qilishi mumkin.
– Bu tadqiqotlar O‘zbekistondagi huquq tizimiga qanday yangilik kiritadi, ya’ni sun’iy intellekt va huquq sohasi kelajakda qay darajada rivojlanishi mumkin, deb o‘ylaysiz?
– Sun’iy intellekt O‘zbekiston huquq tizimining muhim bir qismiga aylanishi shubhasiz – bu shunchaki vaqt masalasi. Dunyo amaliyotiga nazar tashlasak, yuridik soha allaqachon sun’iy intellekt ta’sirida tubdan o‘zgarib bormoqda va O‘zbekiston ham bu yo‘ldan borishi tabiiy jarayon.
Sun’iy intellekt yanada qulay va mahalliylashgan shaklga ega bo‘lgach, u yuristlarning kundalik ish jarayonining ajralmas qismiga aylanadi – shartnomalarni avtomatik tuzish, katta hajmdagi huquqiy ma’lumotlarni tahlil qilish, qonunlardagi nomuvofiqliklarni aniqlash kabi ko‘plab jarayonlarda ishtirok etadi. Bu faqat yuridik firmalar uchun emas, balki sudlar, vazirliklar va xususiy korxonalar uchun ham tez, aniq va ishonchli huquqiy tahlil tizimini yaratishgaa olib keladi. Yurtimizda elektron hukumat davlat xizmatlarini qanday qilib tubdan o‘zgartirgan bo‘lsa, sun’iy intellekt ham yuridik amaliyotga yangicha, samaraliroq, ma’lumotga asoslangan va shaffof yondashuvni olib keladi.
Menimcha, O‘zbekiston aynan shu yangi bosqich arafasida turibdi va sun’iy intellekt tomonidan tuzilgan shartnomalarning huquqiy holati borasidagi tadqiqotim bu jarayon bilan bevosita bog‘liq.
Shuningdek, O‘zbekistonda sun’iy intellekt va huquq sohasidagi innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, bu yo‘nalishdagi tajribamni yurtimiz foydasiga safarbar qilish – men uchun katta mas’uliyat hamda shaxsiy maqsaddir.
Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi
-
Jamiyat4 days agoIsitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam puli berilishi boshlandi
-
Jamiyat4 days agoBekobodda iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarish sexi aniqlandi
-
Iqtisodiyot3 days agoPokiston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy operatsiyalar yo‘lga qo‘yiladi
-
Dunyodan5 days agoMeksikadagi fojiali olovda 22 kishi halok bo’ldi
-
Sport2 days agoDevid Bekhem ritsar unvonini oldi
-
Dunyodan2 days agoBritaniyaning eng boy odami 85 yoshida vafot etadi
-
Iqtisodiyot1 day agoO‘zbekiston sentabrda dunyoda oltin sotgan yagona davlat bo‘ldi
-
Dunyodan2 days agoDik Cheyining o’limi milliy yo’qotish, deydi Jorj V. Bush
