Jamiyat
“Kadisheva”da shov-shuv: bozor buzilyaptimi?
Toshkent shahridagi Aviasozlar bozorida hududni tartibga solish sababli savdo rastalari buzilgani aytilmoqda. Tadbirkorlar bu ish ogohlantirilmay boshlanganini, oqibatda ayrim mahsulotlari sotishga yaroqsiz holga kelganini aytib, norozi bo‘lmoqda. Bozor ma’muriyati ularga bozor ichidan joy ajratilganini, ammo o‘zlari u yerga kirishni istashmayotganini, muammo tez orada bartaraf etilishini ma’lum qildi. Kun.uz holatni joyiga borib o‘rgandi.
Yashnobod tumanida joylashgan, xalq tilida “Kadisheva” deb ataladigan Aviasozlar dehqon bozorida bir necha kun avval qurilish ishlari boshlangan. Sotuvchi va tadbirkorlar holatdan norozi bo‘lib, Kun.uz’ga murojaat yo‘lladi.
Tadbirkorlar nimadan norozi?
Kun.uz holatni joyiga borib o‘rgandi. Sotuvchilarning aytishicha, bozor ma’muriyati buzish va qurilish ishlarini ularni ogohlantirmagan holda boshlagan. Oqibatda qulupnay, sabzavot va boshqa iste’mol mahsulotlari sotishga yaroqsiz holatga kelgan. Bir oy avval patent va hujjatlarni rasmiylashtirgan tadbirkorlar endilikda o‘z joylarida savdo qilolmayotganini aytmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, ularga bozor ichidan joy ajratilgan.
“Bizga berilgan joy 80 sm, mahsulotimiz sig‘mayapti. Patent oldik, to‘lovlarni amalga oshirib keldik, lekin ogohlantirmasdan joyimiz buzildi. Qulupnaylarimiz yaroqsiz holatga keldi”, deydi tadbirkorlardan biri.
Tadbirkorlarning ko‘pi uzoq yillardan beri shu bozorda ishlab kelgan. Ularga ko‘ra, ilgari o‘rtacha ikki metrli joylarda savdo qilgan, hozir berilayotgan joylar esa juda kichik. Ba’zi savdogarlar esa joy yetishmovchiligi sababli ko‘chaga chiqib, vaqtincha noqonuniy savdo qilmoqda.
“10 kunda joyiga qaytishadi”
Kun.uz Aviasozlar dehqon bozori direktori o‘rinbosari Ismatulla Inoyatovdan holat bo‘yicha izoh oldi. Uning ma’lum qilishicha, muammolar tez orada bartaraf etiladi.
“Bozorning 1-, 2- va 3-pavilonlarida bo‘sh rastalar to‘ldirilgan, ortiqcha joylar tadbirkorlar orasida taqsimlangan. Tadbirkorlar ajratilgan joyga kirmay, ko‘chaga chiqib savdo qilmoqda. Ularni belgilangan joylariga qaytarish va tartibga solish rejasini bir hafta, o‘n kunda amalga oshiramiz”, deydi u.
Ismatulla Inoyatovning qo‘shimcha qilishicha, tadbirkorlarning murojaatlariga ko‘ra, berilgan, va’da qilingan joylar bo‘yicha tekshiruv o‘tkaziladi hamda muammolar bartaraf etiladi.Konets formy
“Noqonuniy savdo qilib kelishgan”
Holat yuzasidan Yashnobod tumani hokimligi ham rasmiy munosabat bildirgan. Hokimlikka ko‘ra, olib borilayotgan ishlar bozorning rasmiy savdo rastalariga taalluqli emas.
“Gap bozor atrofi va unga tutash hududlarda tashkil etilgan betartib savdo nuqtalari haqida bormoqda.
Mazkur hududda ayrim fuqarolar tegishli ruxsatnomalarsiz hamda sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilmagan holda o‘zboshimchalik bilan meva-sabzavot savdosini amalga oshirib kelgan.
Hozirda hududni tartibga keltirish, noqonuniy savdo nuqtalarini bartaraf etish hamda tadbirkorlar faoliyatini qonuniy asosda maxsus ajratilgan savdo rastalariga joylashtirish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Qo‘shimcha qilinishicha, bozorning asosiy savdo qismi o‘z faoliyatini odatiy tartibda davom ettirmoqda.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat5 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat3 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport4 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Jamiyat5 days ago
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
