Connect with us

Jamiyat

15 may – Xalqaro iqlim kuni. Bu qanday kun?

Published

on


15 may butun dunyoda Xalqaro iqlim kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sanada insoniyat e’tibori zamonamizning eng jiddiy tahdidlaridan biri – global iqlim o‘zgarishi muammosiga qaratiladi. Bugungi kunda ekologik muvozanatni saqlash, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish hamda barqaror rivojlanishga o‘tish masalalari xalqaro kun tartibining ustuvor yo‘nalishlariga aylanmoqda.

Ko‘plab mamlakatlarda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, o‘rmonlarning kesilishini kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda.

Bizning hissamiz

O‘zbekiston ham global iqlim kun tartibida faol ishtirok etib, barqaror rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirib kelmoqda. Joriy yilning 22 aprel kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ekologik barqarorlikni shakllantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi” rezolyusiyasi qabul qilindi. Bu esa mamlakatning ekologiya sohasidagi sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda e’tirof etilganining muhim tasdig‘iga aylandi.

Davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri «yashil» energetikani rivojlantirish bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda quyosh va shamol energetikasi jadal rivojlanmoqda, xalqaro investorlar ishtirokida yirik infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilmoqda hamda an’anaviy uglerod talab qiluvchi energiya manbalariga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda mamlakat generatsiya quvvatlarida «yashil» energetikaning ulushi 30 foizga yetdi, 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkichni 50 foizdan oshirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, mamlakatda energiya samaradorligini oshirish va sanoatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish energiya iste’molini kamaytirish, issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish va barqaror iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Metan chiqindilarini kamaytirish, «yashil» moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda uglerod tartibga solish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Iqlim siyosati

Iqlim siyosatining muhim tarkibiy qismlaridan biri chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirishdir. Yaqin yillarda aholining qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish xizmatlari bilan qamrovi 95 foizga yetishi, chiqindilarning bir qismidan esa energiya ishlab chiqarishda foydalanilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda ekologik toza transport faol rivojlantirilmoqda, elektrotransportdan foydalanish kengaymoqda hamda zararli chiqindilarni kamaytirish va shahar muhiti sifatini yaxshilashga qaratilgan «yashil» shahar koridorlari yaratilmoqda.

Iqlim o‘zgarishi sohasidagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonda issiqxona gazlari tashlamalarini hisobga olish, monitoring qilish va hisobot yuritishning zamonaviy tizimi shakllantirilmoqda, milliy iqlim infratuzilmasi rivojlantirilmoqda hamda xalqaro ekologik boshqaruv standartlari joriy etilmoqda.

Ekotizim

Ekotizimlarni tiklash va Orolbo‘yi ekologik inqirozi oqibatlariga qarshi kurashish alohida yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Hududda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va Orol dengizi qurishi oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan yirik o‘rmon-melioratsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” tashabbusi doirasida 6,1 million gektar maydonda, jumladan, Orolbo‘yining 2,3 million gektar hududida o‘rmonlarni tiklash ishlari olib borilmoqda, shuningdek, 1 milliard daraxt ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar allaqachon mintaqadagi eng yirik ekologik tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etilgan.

Toza energetika hajmining ortishi va «yashil» sanoatning rivojlanishi nafaqat atrof-muhitga tushadigan yuklamani kamaytirmoqda, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush sifatini yaxshilash va yanada qulay shahar muhitini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Ayniqsa, iqlim xavflariga moyil hududlar aholisi uchun olib borilayotgan islohotlar muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va boshqa iqlim xatarlariga bardoshlilikni oshirishga yordam bermoqda.

E’tirof

Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning iqlim siyosati borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholamoqda. Jahon banki BMT Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro tashkilotlar mamlakatning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va ekologik investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratishdagi barqaror taraqqiyotini e’tirof etmoqda. O‘zbekistonning Parij kelishuvi doirasida yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissasi (HDC 3.0)ni taqdim etgani munosabati bilan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ijrochi kotibi Simon Stiyell tomonidan yo‘llangan minnatdorlik maktubi xalqaro e’tirofning yana bir muhim tasdig‘i bo‘ldi.

Yangi majburiyatlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2035 yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010 yil darajasiga nisbatan 50 foizga qisqartirish va 2055 yilga qadar uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan. Ushbu maqsadlar mamlakatning nafaqat xalqaro majburiyatlarni bajarishga, balki uzoq muddatli barqaror va past uglerodli rivojlanish modelini shakllantirishga intilayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalarida faol va mas’uliyatli pozitsiyani namoyon etmoqda. Izchil ekologik siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va xalqaro hamkorlik mamlakatning ekologik xavfsizlik hamda kelajak avlodlar uchun barqaror kelajakni ta’minlashga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini tasdiqlamoqda.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Published

on


Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi. 

Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

​Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.

​Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

​Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi

Published

on


«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.

Mukofotlanganlar ro‘yxati:

“Do‘stlik” ordeni bilan

Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari

Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi

Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori

Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori

Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri

II darajali “Salomatlik” ordeni bilan

Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri 

Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari 

“Shuhrat” medali bilan

Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi

Published

on


Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.

Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.

Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.

Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi

Published

on


Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.

Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.

Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.

Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?

Published

on


Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.

Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.

Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.

Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.

Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.

Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.

Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.

Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.

Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.