Mahalliy
Joriy etilgan «ijtimoiy norma» qancha gaz va «svet»ni iqtisod qilgani aytildi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2024-yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy iste’mol normasiga asoslangan yangi tarif siyosati doirasida uy xo‘jaliklarining energiya iste’moliga ta’sirini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi.
Tadqiqotda respublikaning barcha hududlaridan 3516 ming uy xo‘jaliklari ishtirok etdi. Shuningdek, 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining iste’mol ma’lumotlari tahlil qilindi. Bu esa, energiya iste’moli tarkibi va tariflar o‘zgarishiga aholining munosabatini tushunish imkonini beradi.
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2024-yilning may-dekabr oylarida elektr energiyasi iste’moli 2023 yilning shu davriga nisbatan 10,6 foizga kamayib, 1,3 mlrd kVt/soat tejalgan.
Ilgari oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilgan uy xo‘jaliklari soni ayniqsa sezilarli darajada kamaydi. 2023-yilda bunday oilalarning soni 80 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 15 mingtaga kamaydi.
Qizig‘i shundaka, aksariyat aholi odatdagi me’yorlar doirasida energiya iste’molidan foydalanishni davom ettirdi. Oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi istemol qilgan abonentlar ulushi 2023-yilda 71 foizni va 2024-yilda 72 foizni tashkil etib, barqarorligicha qoldi.
Tabiiy gaz iste’molida ham shunday tendensiya kuzatildi, 2024-yilda abonentlarning 58 foizi 500 kub metrgacha tabiiy gaz ishlatgan bo‘lsa, 2023-yilda 54 foizni tashkil etgan. Shunday qilib, tariflarning oshishi asosiy iste’mol hajmining keskin o‘zgarishiga olib kelmadi.
Eng sezilarli pasayish dastlabki iste’moli nisbatan yuqori bo‘lgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatildi. Yuqori iste’mol darajasi (oyiga 10 000 kVt/soatdan ortiq) bo‘lgan uy xo‘jaliklari soni sezilarli darajada kamaydi, bu esa, energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga o‘tishdan dalolat beradi.
Shu bilan bir qatorda energiya ta’minoti sifati ham yaxshilanmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi.
Uy xo‘jaliklarining 47 foiz, xususan, Surxondaryo (78 foiz), Sirdaryo (70 foiz) va Namangan (67 foiz) viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti yaxshilangani qayd etildi.
Respondentlarning 39 foizida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi, eng yuqori ko‘rsatkichlar Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har biri 68 foiz) hamda Jizzax viloyatida (60 foiz) qayd etildi.
Aholining 45 foizini, xususan, Sirdaryo (73 foiz), Surxondaryo (62 foiz) va Namangan (59 foiz) viloyatlarida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash yaxshilandi. Shunday qilib, davom etayotgan islohotlar natijasida asosiy energiya xizmatlaridan foydalanish yaxshilanganligini ko‘rsatadi.
Ijobiy o‘zgarishllardan yana biri uy xo‘jaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish bo‘ldi. Respondentlarning 90 foizdan ortig‘i energiya xarajatlarini kamaytirish uchun kamida bitta chora-tadbir amalga oshirilganligini ma’lum qildi.
Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘lib, uy xo‘jaliklarining 87 foizi svetodiodli yoritishga o‘tgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respubilkasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90 foizdan oshdi.
Uy xo‘jaliklarining 44 foizi, ayniqsa, Qashqadaryo (84 foiz), Buxoro (69 foiz) va Xorazm (54 foiz) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan.
31 foiz uy xo‘jaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60 foiz), Navoiy (59 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston (54 foiz) Respublikasida kuzatildi.
Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.
Respublikadagi 64 ming uy xo‘jaliklarida umumiy quvvati 223,4 MVt/soat bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Yillik ishlab chiqarish qariyb 313 mln kVt/soatni tashkil etadi, bu orqali 104 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.
Quyosh panellarini o‘rnatgan uy-xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini ko‘paytirishga qiziqish bildirishgan. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, respublikada 1,9 mln uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjud, bu esa 2,3 mlrd dollardan ortiq ichki bozorni shakllantirish istiqbollarini ochadi.
Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo‘lgan gaz kotellari va qo‘lbola pechka orqali yuqori energiya iste’moli saqlanib qolmoqda, bu uy-joy infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish zarurligini ko‘rsatadi.
Mahalliy
Muzaffar Jalolov: Komfort zonadan chiqishni xohladim
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi so‘nggi yillarda chuqur o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Raqamli texnologiyalar, xalqaro standartlar, sun’iy intellektning kirib kelishi va global raqobat sharoitida oliygohlar oldiga tamoman yangi vazifalar qo‘yilmoqda.
Ana shunday murakkab, ammo imkoniyatlarga boy davrda ta’lim boshqaruvi, raqamli transformatsiya va innovatsion yondashuvlari bilan tanilgan mutaxassis — Muzaffar Jalolov faoliyati yana bir bor e’tibor markaziga chiqdi.
U bir necha yillar yillar mobaynida INHA Universiteti rektori sifatida o‘zining texnologik boshqaruvga asoslangan modeli, xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslari va zamonaviy ta’lim standartlarini joriy etishdagi sa’y-harakatlari bilan tanildi.
Bugun esa u mutlaqo yangi mas’uliyat — Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiyasi Universitetida raqamli transformatsiya bo‘yicha prorektor vazifasini bajarmoqda.
Muzaffar Jalolovning INHAdagi faoliyatini yakunlagani ko‘pchilikda savollar tug‘dirgani tabiiy, ammo uning yangi yo‘nalishga o‘tishi tasodif emas.
U oliy ta’limni yangicha tamoyillar asosida boshqarish, diplomatik maktabni global standartlarga mos raqamli ta’lim modeli bilan boyitish, eng asosiysi, yoshlarning fikrlash doirasini kengaytirish — bugungi kunda eng zarur bo‘lgan yo‘nalishlardan biri ekanligini alohida ta’kidlaydi.
Ushbu intervyu orqali Muzaffar Jalolovni nafaqat o‘z sohasining yetuk mutaxassisi, balki oddiy bir shaxs sifatida ham yaqindan taniysiz.
Uning o‘ziga xos qarashlari va JIDUda olib borayotgan yondashuvlari shuni ko‘rsatadiki, raqamli transformatsiya endi shunchaki texnik jarayon emas — bu butun ta’lim falsafasining yangilanishidir.
Mahalliy
Ko‘zi to‘q odamning yashash falsafasi yoxud mulkdan bosh tortish quvonchi…
Oshxonamda bir idish bor, ko‘k shishali, meva soladigan idish. Uni hayotimizning qiyin kunlarida bir onaxon bergandi. U paytda bolalarimiz kichkina, ishimizning tayini yo‘q, qornimizni amallab to‘ydirgan davrlar edi. Onaxon meni o‘sha lahzalarda mana shu bir oddiy idish bilan quvontirgandi. Oradan yillar o‘tdi, keyinchalik ko‘plab meva soladigan idishlar sotib oldim, ba’zilari sinib yo‘q bo‘lib ketdi, ba’zilari ishlatilmay oshxona javonida terilib turdi. Lekin mehmon kelsa ham, kundalik hayotimda ham mana shu ko‘k shisha idish doimo xizmatimda bo‘ldi… Har gal uni qo‘limga olganimda, o‘sha ayol — kamtar, tozalikni yaxshi ko‘radigan onaxon ko‘z o‘ngimda gavdalanadi.
Foto: shaxsiy arxiv (o‘sha ko‘k idish)
Esse ko‘k idish haqida emas…
Shaharda hayot shoshqaloq. Har qadamda reklamalarga ko‘zing tushadi: “Shu divanni olsang, uying uyday bo‘ladi!”, “Yangi telefon senga baxt olib keladi!”, “O‘zingga eng yaxshi narsalarni ravo ko‘r, shunda seni odamlar hurmat qiladi!” Ularning har biri go‘yo baxtni katta qopda tutib, eshik oldida turgandek. Biz ham shoshib, shu baxtni sotib olishga urinamiz. Har bir yangi buyum go‘yo yangi hayotning kalitidek. Aslida-chi, bu buyumlar bilan birga uyimizga yana nimalar to‘planadi?
Ortiqcha chang, tig‘iz joy, bu ko‘zga ko‘rinmas zulm emasmi? Chunki buyumlar vaqtimizni, e’tiborimizni va quvvatimizni yutadi. Har bir buyum hayotimizdagi bir bo‘lak vaqtni tortib oladi. Masalan ularni tozalash uchun sarflangan daqiqalar, bir kiyimni tanlash uchun ketkazilgan asab, gadjetlar uchun sarflangan soatlar. Va bizning hayotimizning qanchadan qanchasi buyumlar orasida “adashib” ketgan ekan-a?
Nimadir yetishmayapti…
Netflix kompaniyasi tomonidan ishlangan “Minimalistlar: Hozir kamroq va yaxshiroq” hujjatli filmi minimalist turmush tarzi mashhurligining ortib borayotganiga oydinlik kiritadi.
Ko‘rsatuv ishtirokchilari minimalistlar Joshua Filds Milbern va Rayan Nikodim minimalizm hayot tarziga qanday ega bo‘lganlari haqida hikoya qiladi.
Joshua Milbern va Rayan Nikodim xira yoritilgan kinostudiyada dastlab minimalizmgacha bo‘lgan hayotini ko‘rsatishadi. Kirish hujjatli filmga o‘ziga xoslik bag‘ishlaydi, chunki ikki kishining qiziqarli hikoyalarisiz film shunchaki bashoratdan iborat bo‘lib qolar edi.
Joshua Milbern kulrang kostyum kiyib, o‘zini juda obro‘li ishdan tortib ajoyib kvartiraga qadar hamma narsaga ega qilib ko‘rsatadi. Lekin, qovog‘ini solib, to‘xtab qoladi. Nimadir yetishmayapti — Milbern haqiqatan ham baxtlimi?
Onasining o‘limidan keyingina u bu narsalarni yig‘ish baxtning kaliti emasligini tushunadi. U sahnalashtirilgan uyiga qadam qo‘yadi — befoyda, esda qolmaydigan narsalar bilan to‘ldirilganligini ko‘radi, pul yig‘adigan cho‘chqachadan tortib kumush idishlargacha.
Hujjatli film mezbonlarning hayoti haqida so‘zlaydi, ammo filmning asosiy g‘oyasi Milbern va Nikodim minimal hayot tarzining qulayligini tomoshabinga yetkazish. Ya’ni ular qimmat uylar, brend kiyimlar va yaxshilikni unutib qo‘yish kabi “charchaydigan hayot”dan qanday voz kechishganini so‘zlaydi. Oxirida minimalist turmush tarzini olib borish usullari keltirilgan, masalan, kuniga bitta — keraksiz deb hisoblagan narsalarni tashlab yuborish…
Ha, hayotimizning ko‘p qismi xarid qilish va sotib olishga sarflanadi. Ha, aynan mana shu imkon qadar ko‘proq narsalar to‘plash baxt tuyg‘ularini osongina yo‘qotishimizga sabab bo‘ladi.
Agar odamlar hamma narsadan voz kechsalar, hayot qanday bo‘lar edi?
“Minimalizm” degani faqat xonadagi divan bilan shkafni sotib yuborish va xonanini bo‘shatish emas — bu dunyoqarashni yangilash! Kamroq narsaga ega bo‘lib, ko‘proq hayotni his qilish, insonlarni va vaqtni qadrlash demakdir.
Har kuni yangi kiyim, yangi gadjet, yangi xohish… Lekin shu shovqin ichida ko‘pchilik chindan ham nimani xohlashini unutib qo‘ygan. Bir tomonda ortiqcha narsalar botqog‘iga cho‘kkan odamlar, ikkinchi tomonda shularning yarmiga ham erisha olmaganlar. Shunda minimalizm nafaqat oddiylik, balki ortiqcha narsadan voz kechib kimningdir ehtiyojini to‘ldirish ekanligini his qilasan.
Minimalizm — bu “hamma narsadan voz kechish” emas. Bu nafaqat joyingni, balki ongingni ham ortiqcha o‘y-xayollardan, yukdan tozalash. Minimalizm “menga shundan boshqasi kerak emas”, “Shunisi ham yetarli” degan qaror. Aslida bu so‘zning bizda ham muqobili bor, shukr va qanoat, ko‘zi to‘qlik. Demak, minimalizm yo‘lini tanlagan odamni biz bemalol ko‘zi to‘q odam desak ham bo‘ladi.
Axir moddiy buyumlar soni kamaygan sari, inson qalbida boshqa narsalar uchun joy ochiladi: sukut, nafas olayotganingni his qilish, fikrlash va ichki xotirjamlik. Bu oddiy, ammo g‘oyat qimmatbaho ne’matlar bizga oddiy hayot yo‘lini tanlashimiz orqali beriladi.
Oddiylikni istash jamiyatga qanday ijtimoiy ta’sir qiladi?
Agar ko‘pchilik “kamroq istash” g‘oyasini qabul qilsa, isrofgarchilik kamayadi, muhtojlarga resurslar yetadi, tabiat nafas oladi. Aslida minimalizm shaxsiy emas, ijtimoiy inqilob ham.
Xonangizda jim o‘tirgancha atrofni kuzating. Har tarafda narsalar: bir marta kiyilgan liboslar, “bir kuni kerak bo‘lar” deb saqlangan idishlar, chang bosgan kitoblar – qadrsizlangan mulk. Har biri go‘yo sizga qarab turibdi, lekin birortasi hech narsa bermayotgandek. Minimalistlarning ko‘pchiligi shunday hislarni boshidan kechirishgan va hashamatli hayotni ortda qoldirib, shkaflarini bo‘shatishgan, keraksiz buyumlarni hadya qilishgan va shunda ilk bor chuqur nafas olishgan.
Joshua va Nikodim aytganidek: “Oldingi hayotni — narsalarni yig‘ishni to‘xtatganimizda, bu hayot bizga “so‘zlay” boshladi”.
Foto: The Minimalists ikki chekkada Joshua Milbern va Rayan Nikodem
Gap Joshua Milbern va Rayan Nikodem haqida ketayotganini esdan chiqarmaylik. Joshua bilan bog‘liq kurtka voqeasi qanchadan-qancha odamlarning turmush tarzini o‘zgartirmadi deysiz. Voqea mana shunday syujetdan iborat. Bir kuni ko‘chada notanish odam Joshuaning kurtkasini ko‘rib: “Voy, bu juda zo‘r ekan!” deydi. Minimalist esa o‘ylamay turib, javob berdi: “Aslida bu mening mulkim emas — bu vaqtincha ustimda turgan buyum xolos.” Va u kurtkani yechib notanish odamga berib yuboradi. Bu juda kichik, lekin juda kuchli lahza bo‘lgan. Chunki uning uchun bu kurtka endi mulk emasdi, balki bir paytda zarur bo‘lgan buyum. Qolaversa bu harakati unga mulkdan bosh tortish quvonchini his ettirgan. Va bu voqea butun falsafaning ramziga aylangan.
Joshua keyinchalik shunday izoh bergan: “Bizning jamiyatda mulk odamni himoya qiladi, kuchli ko‘rsatadi, deb o‘ylaymiz. Aslida esa mulk odamni bog‘lab qo‘yadi. Bir narsani hadya qilgan paytingda sen mulkdan emas, unga bog‘liqlikdan ozod bo‘lasan.”
Joshua uchun ham bu kurtka shunday narsa edi. U hadya qilganida, nafaqat bir odamni quvonch berdi, balki o‘zini ozod qildi. Bu voqea keyinchalik uning ma’ruzalarida “Giving as Freedom” (Hadya bu erkinlik) shioriga aylandi. Qanchadan-qancha odamlar ortiqcha narsalaridan voz kechishga, hadya qilishga o‘rgandi. Hayotimizdagi ichidagi eng oliy ne’mat boshqalarga bera olgan mehrimiz emasmi?
Masalan ortiqcha kiyimlarni kimgadir hadya qilsangiz ehtiyojmand uchun quvonch, bir texnika boshqa bir xonadon uchun qulaylik.
Oddiy hadya ham ba’zan kimgadir “men ham muhimman” degan hisni beradi. Chunki biz moddiy boylikka cho‘mganimiz sari, qalbimiz torayadi. Aslida esa haqiqiy boylik — ortiqchasini ulashishda.
Ko‘p odamlar minimalizmni faqat bo‘sh xona, oq devorlar, minimal mebel va intererlar bilan bog‘laydi. Lekin men uchun minimalizm oddiy bir ko‘k shisha idish, shunchaki xotira emas, balki hayotiy falsafa. Ya’ni qancha kam narsaga ega bo‘lsak shuncha ko‘proq yaxshilik qilish imkonimiz bo‘ladi.
Menga idish bergan ayol xonadonida ortiqcha narsa saqlamasdi. Uyi hamisha havodek toza va ozoda ko‘rinardi. Hozir anglayapmanki, u o‘zi bilmagan holda nafaqat ozoda yoki kamtarona, balki minimalizm g‘oyasida yashagan ekan. U menga qilgan kichkina hadyasi orqali g‘oya ham bergandi: boring bilan bo‘lish…
Minimalizm bu nafaqat ko‘p narsalarni istamaslik, oz narsalarga qanoat qilish balki, in’om qilish madaniyati. Kamroq narsa bilan ko‘proq nafas olish hissi.
Har safar ko‘k idishni ko‘rsam o‘sha onaxonni eslayman, hozir yanada tiniqroq xotirlayapman u o‘shanda: “Ortiqcha narsalarni yig‘ishni xohlamayman, yuk bosib turgandek bo‘ladi, ortiqcha narsa qo‘limga ilinsa birovga ulashgim keladi, narsa to‘plashga hushim yo‘q…” degandi.
Shisha idish ham, Joshua Milbern hadya qilgan kurtka ham – bu oddiy buyum emas. Ya’ni uy ichi havodek yengil, bo‘m-bo‘sh onaxon ham, kurtkasini notanish odamga bergan Joshua ham bir xil hayot falsafasini tanlagandi — minimalizmni. Bu falsafa narsalarni yo‘qotish emas, balki oz narsa orqali ko‘proq qiymat yaratish haqida. Ularda bitta umumiy ma’no bor: qo‘lingdagi ortiqchani ulash, yengil nafas ol.
Ortiqcha buyumlarni to‘plash ko‘zga ko‘rinmas yuk. Ana shu yerda biroz to‘xtab tin oling, siz o‘sha ortiqcha narsalar uchun ko‘p pul ishlab topishni istamayapsizmi?
Har birimizda “ko‘k shisha idish” bor, uni topish o‘zingdagi ortiqcha buyumni ko‘rish, uni ulashish esa va yengil nafas olishni qayta o‘rganish demak. Minimalizm shunday go‘zal va shunday sodda falsafa.
Barno Sultonova
Mahalliy
Maktablarda qishki ta’til 28 dekabrdan boshlanadi
Maktablarda qishki ta’til 28 dekabrdan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Hukumatning 2017 yil 15 martdagi 140-sonli qaroriga muvofiq, 2025-2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki ta’til 28 dekabrdan (boshlang‘ich 1-4-sinflarda 27 dekabr — shanba kunidan) boshlanadi.
Ta’til 2026 yil 10 yanvargacha (14 kalendar kun) davom etadi.
2026 yil 11 yanvar yakshanba dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani bois, III chorak darslari 2026 yil 12 yanvardan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, kuzgi ta’til 10 noyabr kuni nihoyasiga yetgan edi.
Mahalliy
«G‘oyalar» qanday tug‘iladi yoxud tandirga qarshi «ulug‘» jangning boshlanishi
Havo iflos. Osmon xira. U ham bu holatdan qattiq qayg‘uda edi. Qanday qilib buni to‘xtatish, ekologiyani qutqarishga qanday hissa qo‘shish mumkin? U tashabbus ko‘rsatgisi keldi, keyin sakrab o‘rnidan turdi. Bunday «qutqaruvchi» fikrlar odatda odamga oqshom, ko‘zini shiftga tikib, o‘zini hamma narsaga qodir deb o‘ylagan payti keladi.
– Tandir! – deb baqirib yubordi. Topdim, ha-a, mana havo nega iflos!
Hammasiga tandir aybdor!
Shu zahoti uning xayolida ulug‘ reja chaqnab ketdi: «O‘zbekistondagi barcha tandirlarni yo‘q qilaman!»
Qilichini devorga ilib qo‘ygan Don Kixotday g‘urur bilan o‘z-o‘ziga shivirladi: «Bir marta qilichimni ishga solsam, hamma tandir yiqiladi…»
U xayoliga kelgan bu ulug‘vor va g‘ayritabiiy «topilma»dan shunchalar xursand bo‘lib ketganidan paypoqni teskari kiyib, ko‘chaga chiqdi:
– Hoziroq topshiriq berishim kerak!
Uning xayolida shundoq ulug‘ manzara paydo bo‘ldiki, hozirgina insoniyat taqdirini o‘zgartirib yubordi go‘yo. Ko‘zlari yonib, ichida g‘urur bilan yana o‘sha gapni qaytardi:
– O‘zbekistondagi barcha tandirlarni yo‘q qilaman! Qilichimni bir ishga solsam tamom! Havo tozarib ketadi!
Yo‘l-yo‘lakay ketarkan ichida yana bir ovoz unga tinchlik bermaydi: «Eh, qaniydi odamlar mening naqadar aqlli, hech kimnikiga o‘xshamaydigan topqir, kreativ fikrli ekanimni bilishsa edi…»
U xayoliga kelgan bu ulug‘vor va g‘ayritabiiy «kashfiyot»dan shu qadar xursand ediki, go‘yo Nyuton olmani emas, tandirni kashf qilgandek…
U barcha qo‘l ostidagi xodimlariga o‘ylagan g‘oyasini aytdi. «Biz nimalarga qodir ekanligimizni ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak, biz havo ifloslanishiga befarq emasligimizni, tabiatni, insoniyatni ardoqlashimizni isbotlash vaqti keldi»…
Barcha bir ovozdan har doimgidek Uning fikrini ma’qulladi. Hatto bir-biriga qarab: «Juda olijanob odam bilan ishlaymiz, fikrlari har doim kreativ, hech kimnikiga o‘xshamaydi», deya faxrlanib ham qo‘yishdi.
Mana o‘sha tandir bilan kurashga otlanish sahnasi: Qo‘llar cho‘ntakda. Yelkalar kerilgan. Qadamlar og‘ir. Tandirbuzarlar non va somsa pishayotgan, issiq havosi odamning yuragini yumshatib yuboradigan tandirlar qarshisiga g‘olibdek chiqib kelishardi. Ular o‘zlarini topqir, vatanparvar, qo‘rqmas, jasoratli, tarix yaratyapmiz, deb his qilishardi.
Ana biri osmonga qarab xo‘mrayib turibdi – go‘yo u hozirgina asr kashfiyotini qilib qo‘ygandek, ko‘zlarida tantana….
Hammasi bir vaqtda o‘ljasi tashlangan sherdek olg‘a yurdi. Qadamlarida shoshqaloqlik yo‘q, faqat viqor bor. Go‘yo bu tandir emas, butun bir imperialistik tizim edi. Go‘yo bu dev edi. Go‘yo bu asrlardan beri yashab kelayotgan yovuzlik edi, xalqni uzoq yillar «zaharlab kelgan» maxluq edi. Go‘yo ular tandirga emas, butun bir yovuzlikka qarshi borayapti. Ha tandir ularga og‘zini ochib turgan ajdarhodek ko‘rinib ketdi.
So‘ng barchasi bir vaqtda tishlarini g‘ijirlatdi: «eh, toza havo kushandasi tandiiir»…
Va nihoyat botirlar, shavvozlar, kuchi bilan tog‘ni talqon qiladigan bahodirlar qo‘llariga cho‘kich, bolta, bolg‘a, tosh olib tandirlarni maydalashni boshlashdi. Bahodirlar tandirning issig‘idan, olovdan, achchiq tutunidan qo‘rqmadi, kuchi yetmasa ekskavatorlar gumburlab ishga tushdi.
Ular tandirlarni bo‘laklarga bo‘layotganda har tomondan nafratini oshkor qildi:
– Tandir sen hali havoni iflos qilganingni tan olasan…
– O, tandir, buzib kuningni ko‘rsataman!
– Changingni chiqaraman, tandir!
– O, tandir, sen bilan hisob-kitobim bor!
– Yer bilan yakson qilaman tandir!
Bu oddiy g‘azab emas edi. Bu «mafkuraviy» nafrat edi, bu hojasiga ko‘rsatilayotgan sadoqat, vafo edi. Bu xayoliy dushmanga qarshi haqiqiy jasorat ko‘rsatish zavqi edi.
Yozuvchi Migel Servantesning qahramoni Don Kixotni eslaysizmi? U shamol tegirmonlarini xayolida yovuz dushman deb ular bilan kurashga otlanadi. Tandir ham Don Kixot kurashgan shamol tegirmonlaridek jim edi. Tandirbuzarlar esa Don Kixotdek g‘alabadan masrur edi.
Ular haqida hamma bildi. Shu zahoti mashhur bo‘ldi.
Ular to‘g‘ri, zavodlarni to‘xtatmadi, mashinalarni kamaytirmadi, ko‘mir siyosatiga aralasha olgani yo‘q, chetga ketayotgan gazimizni qaytarish g‘oyasini o‘ylab topmadi…
Ular tandirga qarshi kurash ochgan qahramon sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.
Tandirlar, ya’ni havoni ifloslayotgan ulkan devlar yiqildi, nonlar har yoqqa sochildi. Hisobot tayyor: «Ekologiyani yaxshilash uchun tarixiy kurash olib borildi.»
Ha, «sher»lar g‘alaba qildi, yovuz devlar – tandirlar «o‘ldi».
Faqat osmon hali ham xira…
Barno Sultonova
Mahalliy
O‘zbekistonda eng ko‘p qaysi mamlakatlar fuqarolari ta’lim olmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–oktyabr oylarida jami 33 287 nafar chet el fuqarosi ta’lim olish maqsadida O‘zbekistonga kelgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 11 307 nafarga yoki 51,5 foizga oshgan.
Joriy yilning 10 oyida O‘zbekistonga o‘qish maqsadida kelgan chet el fuqarolari soni mamlakatlar bo‘yicha quyidagicha:
Hindiston — 14 322 nafar
Turkmaniston — 8 348 nafar
Tojikiston — 2 323 nafar
Pokiston — 1 620 nafar
Xitoy — 1 254 nafar
Janubiy Koreya — 806 nafar
Qirg‘iziston — 696 nafar
Misr — 498 nafar
Filippin — 461 nafar
AQSh — 429 nafar
Turkiya — 333 nafar
Afg‘oniston — 280 nafar
Iordaniya — 175 nafar
Rossiya — 158 nafar
Buyuk Britaniya — 153 nafar
Boshqa davlatlar — 1 431 nafar
-
Sport3 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiya Rossiya quvur liniyali gaz ta’minotini bir yil davomida kengaytirmoqda
-
Hayot tarzi5 days agoDemi Xestemanning Jessi Gatikaulaning “Me’blari” ga qanday munosabatda bo’ldi
-
Iqtisodiyot3 days agoXitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoBMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
-
Turk dunyosi5 days agoTüriyatiye: 29 futbolchi o’yinchi janjalida hibsga olingan
-
Jamiyat2 days agoTo‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
-
Jamiyat5 days ago«Samarqand HET» turk kompaniyasi boshqaruviga beriladi
