Mahalliy
U yerda men ham bor edim! (Esse)
“Urush — bu dunyodagi eng katta va eng shafqatsiz be’manilikdir. Uni boshlaganlar, birinchi kuniyoq o‘z farzandlarining jasadini ko‘rganlarida edi, urush darhol to‘xtagan bo‘lardi.”
(Ernest Xeminguey)
U yerda men ham bor edim. Bahor eshik qoqib turgan sururbaxsh kunlar edi. Quyosh yanada charaqlab bor saxiyligini ulashar, undan minnatdor daraxtlar, ko‘kalam o‘t-o‘lanlar qulochini keng yoyib, chuqur-chuqur nafas olishayotgan, tuproq-zamin ham o‘tgan yildan qolgan changu g‘uborlarini quyosh taftida eritib, bahoriy epkin bilan artib tozalab, qayta tug‘ilmoq uchun ko‘pchib tayyorgarlik ko‘rayotgan ajib pallalar edi. Qushlarni aytmaysizmi, moviy osmonda suzib yurgan pag‘a bulutlardan uchib tushayotgandek ozod va baxtiyor qanot qoqishar, shodon chug‘urlarini ta’riflashga manaman degan shoirning ham tili ojiz qolardi.
Ayniqsa, bu go‘zalliklarga jo‘r bo‘layotgan bolalar kulgusi, shavq-zavqqa to‘lgan qiyqiriqlar atrof-olamga jon bag‘ishlar, ko‘p qavatli maktabga olib boradigan yo‘l chetidagi nimpushti o‘rik gullari, yuzidan nur taratib turgan jajji quyosh nusxalari bo‘lmish qoqigullar ham ularga ergashib maktabga borgisi kelayotgandek xiyol egilib, nozik qo‘llarini cho‘zib turishardi. Navnihol o‘g‘il-qizlar maktab sumkalarini yelkalariga ilib olishganicha saf-saf bo‘lib o‘tishar, qaysilari sho‘xlik qilib quvlashmachoq o‘ynasa, boshqalari o‘zaro gurunglashib ketishardi. Chamamda 8-9 yoshlar atrofida bo‘lgan qizaloq yonidagi tengdosh dugonasiga yo‘l bo‘yidagi andizlar orasidan sariq bo‘yog‘ini sachratib jilmayib turgan qoqigullarni ko‘rsatib, qo‘lidan tortqilaydi:
— Yur, gullardan terib olaylik, ustozga olib borardik!
— Yo‘q, darsga kech qolamiz. Kel, yaxshisi maktabdan qaytishda onamiz uchun terib olamiz. Ustozga ertaga olib boramiz, bo‘ladimi?
— Mayli! — deydi-da, uzun ikki o‘rim sochiga taqilgan oppoq shoyi tasmalarini silkitganicha yuguradi. — Qani, meni tutib ol-chi!
Ikkinchi qizaloq dugonasining ortidan chopqillay turib gap qotadi:
— To‘xtasang-chi, sen karra jadvalini yodladingmi?
— Haa, yodladiim! — degan shodon ovoz shundoqqina ro‘paradagi maktab binosiga urilib, aks-sado beradi. — Ikki karra bilan uch karrani yod oldim. Sen-chi?!
— Men yaxshi yodlay olmadim, to‘xtasang-chi, menga yordam berib yubor! Birga takrorlaylik!
— Kelaqol, tez yetib ol! Ikki karra ikki — to‘rt, ikki karra uch — olti!
Ortidan yugurayotgan qizaloq davom ettiradi:
— Ikki karra to‘rt — sakkiz, ikki karra besh — o‘n…
Shu tariqa ovozlar maktab bag‘riga singib ketadi. Ko‘klam osmonida qanot qoqib, shodon kuylayotgan qaldirg‘ochlarga jo‘r bo‘lib, darsga shoshilayotgan katta-kichik o‘quvchilar ham maktab binosiga kirib ketishadi. Yakkam-dukkam kechikuvchi bolalar uchrab qolmasa, maktab yo‘li tinib qoladi. Endi g‘ala-g‘ovur maktab binosining derazalaridan eshitila boshlaydi.
Maktab qo‘ng‘irog‘i bilan bir paytda qayerdandir kelib qolgan daydi shamol uvillab, bezovta aylanib, daraxt shoxlari, o‘t-o‘lanlarni tortqilab o‘tdi-yu, bor bezovta ruhini hamda qoramtir kulrang bulutlarini qoldirib ketdi. O‘riklar beixtiyor gulbarglarini to‘kib yuborishdi, qoqio‘tlar seskanib yuzlarini yopib olishdi. Qushlarning bezovta chinqirig‘i butun olamni tutgandek bo‘ldi. Ular nima bo‘layotganini anglab, o‘zlarini o‘nglab ulgurmaslaridan avvaliga chiyillagan, keyin gumburlagan tovushdan oyoqlarim ostidagi yer zir titrab, go‘yoki qiyomat qo‘pdi: quloqlar tom bitdi, hushim boshimdan uchdi. Portlash zarbidan tanam qayoqlargadir uloqtirildi va hushimga kelib o‘rnimdan turganimda, vayron bo‘lib, o‘radek o‘yilib ketgan maktab xarobalari qa’ridan qora tutun buruqsib, oh-vohlar hamda dahshatli chinqiriqlarga guvoh bo‘ldim. Nima bo‘layotganini idrok etolmay qanchadir vaqt merovsirab turdim. Keyin shang‘illayotgan qulog‘im, karaxt miyam ochila turib, maktab tomon yugurayotgan odamlar, yordam chaqiriqlari, dod-faryodlar ortidan gandraklaganimcha ketaverdim…
Sizga rostini aytaman, bugun ilk bor yozuvchi bo‘lganimdan o‘kindim. Yozib boshlaganimga besh yilcha vaqt bo‘lib qolgan bo‘lsa, o‘sha qo‘qqisdan ijod qila boshlagan kunlarimdan uyqu degan hayotiy sokinlik, ruhiy hamda jismoniy orom olish jarayoni meni butkul tark etdi. Xuddi butun dunyo dardi, g‘am-tashvishlari boshimga kelgan-u, kiprik qoqmasdan o‘ylayversam bartaraf etilib, bu bedavo dunyo charog‘on, odamlari baxtli bo‘lib ketadigandek. Kun bo‘yi jonsarakman. Go‘yoki boshimdagi tinimsiz aylanayotgan tegirmon toshining g‘uvillashi har aylanada miyamni ezib o‘tib azob beradi: boshim, balki butun tanam toshmetindek qotib og‘irlashib, ruhimni pachoqlaydi. O‘zim barpo etgan ruhiyat olamim vayronalarida yashashga mahkumman. Dunyoda sodir etilayotgan har bitta adolatsizlik, xunrezlik hamda shafqatsizlik fonida bevosita men borman — qashshoqlar va och-nahor bechoralar kulbasida ochlik, chorasizlikdan azob chekaman. Voz kechilgan yetim go‘dak, qariyalar uyida mo‘ltirab yo‘l qarayotgan ota-ona, umuman, jaholat qurbonlari bo‘lmish — tutday to‘kilayotgan mahkumlar hukmi mening yuragimda ijro etiladi.
Ishonavering, bu ayni haqiqatki, Albert Kamyu o‘zining “Isyonkor odam” asarida aytgan: “Men dunyoning qayeridadir bir bolaning azob chekayotganini bilar ekanman, o‘zimni baxtiyor his qilishga haqqim yo‘q!” kalomi bilan hamohang tarzda eshitiladi. Shu tariqa, kashkulini yo‘qotgan devonadek qalbim vayronalari labirintida adashib yuraveraman.
Ha, ishonavering, o‘sha XXI asrning eng yirik va qonli fojialaridan biri bo‘lib tarixga kirgan, qurbonlari soni 30 mingdan oshib (shundan 13 mingdan ortig‘i bolalar), chinakamiga bolalar qabristoniga aylangan G‘azo urushida men ham bor edim. Vayronalar shahrida och bo‘ridek uvillab, betonlar ostida qolib ketgan minglab qavmdoshlari va bolalarini chiqarib olish uchun tirnoqlari sinib, panjasi qon qotgan abgor ona bo‘ri men bo‘laman. Yetmish mingdan ortiq yaradorlarga yordam ko‘rsatish uchun tun-u kun jon berib yugurgan, ammo tibbiy yordam yetishmasligi tufayli qo‘lidan hech narsa kelmay yig‘lagan, bolakaylar va qizaloqlarni biror tibbiy muolajalarsiz, og‘riq qoldiradigan malhamsiz jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan ilojsiz va beburd shifokor ham mendan boshqa hech kim emas! Men o‘sha pichoq ostida chinqirayotgan go‘daklarning ko‘zlarida Xeminguey aytgan “itdek o‘lib ketish” qismatini ko‘rdim. Adib haq edi: “Urush qanchalik “adolatli” niqobini kiymasin, u baribir eng katta jinoyat bo‘lib qolaveradi”. Ruhim hamda tanam havoda vizillayotgan o‘qlar, qonli osmondan yog‘ilayotgan surobsiz bombalar, dimoqni yoradigan porox hamda kuyindi hidlar orasida qo‘rquvdan esini yo‘qotib chinqirib tasdiqlaydi: oilasidan biror kimi tirik qolmagan yarador bolani kunpayakun bo‘lgan G‘azo, balki yuragim vayronalarini oralaganimcha uvvos tortib yetaklab yurgan chorasiz bandai bechora — o‘zimman…
O‘zimga kelganimda maktab hovlisidagi yarmi kuyib qorayib ketgan o‘rindiqda omonatgina o‘tirardim. Karaxtligim atrofimda bo‘layotgan harakatlarni kinolardagi sekinlashtirilgan kadrlar kabi ko‘rsatar, jahannam qa’ridan kelayotgan ovozlar ham cho‘zilib guvillab eshitilardi. Ko‘zlarim ko‘rayotganlariga ishonmas, urush haqidagi kinokartinani suratga olish maydonchasida turibman-u, ro‘y berayotgan sahna dekoratsiyalari aktyorlar ijrosidan keyin yig‘ishtirib olinadigandek tuyular, balki shuni istardim. Boshlarini qay devorga urishini bilmay har tarafga yugurib, alam va azobdan ko‘ksiga mushtlab faryod chekayotgan ota-onalar, xarobalar ostidan sug‘urib olinayotgan qizaloqlar, bolakaylarning majaqlangan tanalari: “Olindi! Bugun yaxshi ishladik, hammaga rahmat!” deyilishi bilan jilmayishib, ust-boshini qoqib o‘rinlaridan turib ketishsa-da… “Vahimamni qara, juda ta’sirchanman-da, axir bu kino-ku! Qoyil, bolalar soxtalikni bilishmaydi, juda samimiy ko‘rsatib berishadi, ularga aktyorlikning ham keragi yo‘q!” deganimcha mamnun jilmayib qo‘ysam qanday soz bo‘lardi-ya, deb o‘ylayman.
Yo‘q! Bundayin vahshiylikni, gunohsiz bolalarni qonga botirib, farishta vujudlarini jasadlarga aylantirib, polietilen qoplarga joylab qo‘yishni kinochilar eplay olishmaydi! Bundayin qonli sahna ko‘rinishlarini qonxo‘r siyosatdan boshqasi amalga oshirolmaydi va hech narsa bo‘lmagandek bamaylixotir, kamiga qonli panjasida g‘alaba bayrog‘ini hilpiratganicha yo‘lida davom etolmaydi. Bu kostyumli po‘rim jallod urushlarni adolatli yechim, o‘limlar ro‘yxatini statistika, vayronalarni g‘alaba deb ataydi va boshi uzra ko‘targan zafar qadahi ham begunoh odamlar qoni bilan to‘latilgan bo‘ladi.
Maktab xarobalari orasida qancha vaqt o‘tirganimni bilmayman: balki soatlar, balkim kunlar, balki yillardir — bilmadim. Shu vaqtlar oralig‘ida dod-faryodlar, vayronalar yo‘qlikka singib, maktab o‘rni la’nat tekkandek qorayib ketgan ulkan o‘raga aylanibdi. Uvillagan sovuq shamol kitob-daftarlarning kuygan parchalari, qon yuqi tekkan soch tasmalar, singan qalam bo‘laklarini uchirib o‘ynaydi. Bo‘m-bo‘sh yuragim bilan yolg‘iz huvillab qolaveraman…
Uch kundan buyon yomg‘ir tinay demaydi. Anchayin achchiq, alamli izg‘irini ham bor. Yomg‘ir emas, bolaginasi kuyigidan dunyolarga sig‘may ketayotgan alamzada onaning faryodli ko‘z yoshlariga o‘xshaydi. Odatda, yomg‘irli ob-havodan qandaydir ruhiy sokinlik his etar, ayniqsa, soyabon ostida yolg‘iz sayr qilishni yoqtirardim. Ammo bugungi yomg‘ir badanimni junjiktirdi va o‘z navbatida bu sovuqlik ichkariga o‘rlab, yuragimni uvishtirdi. Uncha-bunchaga ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaydigan toshmetin diydam ham yig‘ilib turgan achchiq yomg‘irini qo‘yib yubordi. Go‘yoki yomg‘ir va men ko‘z yoshlarimiz bilan begunoh bolalar qoni bo‘yagan tuproqni yuvib, ularni ortga qaytarishni ahd qilganga o‘xshaymiz. Qaniydi, ko‘z yoshlar xunrezliklar, besabab to‘kilgan qonlarni yuvib, barchasini ortga qaytara olganida edi, butun dunyo ayollari to‘xovsiz uvvos solib ko‘z yosh to‘kardik. Qaniydi, adabiyot qalami bilan beshavqat siyosatni yenga olganimda edi, umrim yetgunicha, uyqu nimaligini bilmay beto‘xtov yozishga kuch topar edim. Qaniydi… Qaniydi…
Esladim, 13-14 yoshlarda edim. Otamning kutubxonasidan sevimli adibim O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asarini topib oldim-u halovatim yo‘qoldi. O‘sha paytda ilk marta noming o‘chgur urush bilan yuzlashgan edim. Robiyani ota-onasiz qoldirgan, minglab otalar, bahodir o‘g‘lonlarni bag‘rimizdan yulib ketgan, ayollarni beva, bolalarni yetimlikka mahkum etgan, front ortida qolgan xalqni ham zulm va ochlikdan abgor qilgan la’nati maxluqni bolalarcha duoibad qilgandim. “Seni o‘ylab topganlarni Xudoyim jazosini bersin! Urush bo‘lishini, odamlar o‘lishini hecham xohlamayman!” deb ko‘z yosh to‘kardim. Robiya hamda Kimsanning endigina kurtak ochib kelayotgan muhabbati haqqi, ota-onasining chekkan zahmatlari haqqi, Kimsan urushdan tirik qaytsin derdim. Robiya bilan yonma-yon, kunu tun, goh shirin xayollar surib, goh ro‘molcha chetiga “K” harfidan kashta tikib, ko‘zlarim to‘rt bo‘lib Kimsanni kutgan edim. Maktabga borardim, qaytardim, xayolim asar davomi bilan band bo‘lar va bir gapni pichirlardim: “Nima bo‘lsa bo‘lsin, Kimsan qaytib kelsin! Mayli, bir oyog‘idan ayrilar yo bo‘lmasa qo‘lini yo‘qotar, lekin tirik qaytsin!”
Afsuski, buni urush deydilar: ko‘zlarimiz to‘rt bo‘lib kutgan Kimsanimiz begona yurtlarda halok bo‘ldi, Robiya Ra’no kelinoyisi tashlab qochgan erga xotin, o‘g‘liga ona bo‘ldi, Muzaffar o‘z singlisini sevib qoldi, Munavvar zilzila tufayli devor ostida qoldi. Yuzi qora urush hech kimni ayab o‘tirmadi. Asarni tugatib shunchalar umidsiz bo‘lib qolgandimki, yuragimda paydo bo‘lgan bo‘shliqni urushga la’natlar yog‘dirish bilan to‘ldirishga harakat qilardim. Yosh bo‘lishimga qaramay, o‘shandayoq urushning ma’no-mantiqsiz qirg‘in ekani, o‘lat keltiruvchi panjalari bilan asrlar osha nechalab odamlar umrini zavol etishdan to‘xtamasligini yuragimdan his etgandim.
Endi-chi, kasofat urush domiga tortib ketgan bolalar, ayollar, umuman, odamlarni kutishimdan biror mantiq bormi? Yo‘q, yana xuddi o‘sha Kimsanni intizorlik bilan kutgan va o‘limini eshitgan og‘riqli vaqtlardagidek umidsizlik hamda tushkunlik botqog‘iga botib ketaveraman.
Mana, men shu yerdaman: hali tuprog‘i sovib ulgurmagan son-sanoqsiz qabrlar oralab ketyapman. Ularni sanay olmayman, tishimni tishimga bosib, jimgina quloq tutib boraveraman.
— Karra jadvalini yod oldingmi? — deydi qizcha shivirlab.
— Ha, yodladim, sen-chi? — deydi ikkinchi qizaloq yanada shivirlab.
— Men yodlay olmadim, kelaqolinglar, birga yodlay qolaylik!
— Ikki karra ikki — to‘rt! Qaytaramiz!
— Besh karra besh — yigirma beyesh! — jo‘r bo‘lishadi hammasi.
— Yo‘q, bu kamlik qiladi! Ortimdan takrorlang: o‘n karra o‘n — yuuuz!
— Bu ham kamlik qiladi! — shivirlaydi uchinchi qizaloq. — Yuz karra yuu-uz…
Qulog‘imni kaftlarim bilan yopaman. Ammo shivirlar hamda sanoqlar tinay demaydi…
O-o, bu shivirlar biz katta odamlarni tinch qo‘yarmikin? Go‘daklarni o‘limga mahkum etayotgan qo‘llarimiz qonini ming yil yomg‘ir yog‘sa ham ketkazolmasligimizni anglab turgan holimizda mantiqsiz va “adolatli” qirg‘inlarni yana va yana davom ettiraverishimizni nima deb atasak bo‘ladi? Biz shafqatsiz odamzot gunohlarimizni qanday yuvamiz? Undan ko‘ra, abgor etgan dunyomizga oddiygina qoqio‘t bo‘lib kelsak bo‘lmasmidi? Qizaloqlar terib olishib, boshlariga gulchambar yoki onajonlariga guldastalar yasab quvonishardi. Daraxt bo‘lsak-chi, bahorda go‘zal gullarimiz, yozda mevalarimiz bilan ularni xursand qila olardik. Urushlar bo‘lmas edi. Bolalar ham o‘lmas edi.
Endi o‘zimni tushunib yetgandekman: aslida yozuvchi emas, odam bo‘lganimdan o‘kinayotgan ekanman. Ha, xuddi shunday, odam bo‘lib dunyoga kelganimdan!
Men hamon shu yerdaman…
Mastura Abduraimova
Mahalliy
O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi
Bugungi kunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarga respublikamizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, xususan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb etildi.
Joriy yilning 24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.
Ochilish marosimida ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til – bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til – xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim,” – dedi Sherzod Karimov.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozimligini ta’kidladi.
”Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz.” – dedi Shuhrat Sirojiddinov.
Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.
Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Mazkur platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.
Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhi uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan.
Mazkur resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdi.
Mazkur seminar ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradi.
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
-
Siyosat5 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport10 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
