Connect with us

Jamiyat

Bolalikdan illat botqog‘ida «sug‘orildik» yoki ichimizdagi «poraxo‘r»

Published

on


«Korrupsioner», «korrupsionizm» – lug‘atdagi yangi so‘z emas! Tarjimasiz ham bu so‘zning ma’nosini tushunmaydigan odam yo‘q. Ko‘pchiligimiz sovet jamiyatining korrupsion «tuzum»ida yashab, o‘z davrining moddiy manfaatdorlariga aylanib ulgurganmiz. Aslida esa buni tan olgimiz kelmaydi.

Bolaligimizdan shu og‘u girdobida ulg‘aydik.

***

Maoshi kesilishidan qo‘rqqan otam

1979-yil. 6 yoshdaman. Otam «kolxoz»da tabelchi. Aslida, dalashiyponda o‘tirib, hisob-kitobini qilishi kerak bo‘lgan otam uzzukun kolxozchilarga qo‘shilib, dala ishchilarigayam ko‘maklashadi: egatlarga egilib, paxtani o‘tash, yagonalash, chekankalashga qarashadi. Paxta ham teradi. Kolxoz dalasida ishlagani yetmagandek uyimiz tomorqasidayam ter to‘kadi. Tomorqada yetishtirganlari hosil bersa, yog‘och darvozamiz tagida rais bovayu, meshqorin brigadir amakilarning mashinasi tiziladi. Otam ularga zomcha (handalak, -shev.), qovun-tarvuz, uzumu noklar beradi.

– Ota, bizgayam qolsin, – deyman.

– Ko‘p gapirma, hammaga yetadi, oyoq ostiga o‘ralashma! – deydi otam ham achchiq, ham kulgi aralash.

– Hamma yaxshilarini berayapsiz, faqat o‘zimizga chiriganlari qoladi, – deyman yana tumshayib.

– Bu tirranchang balo chiqdi-ku! – deydi brigadir amaki.

Ular tomorqamizdagi eng sarxil hosillarni mashinasiga solib, ke-ye-yetishadi.

Ko‘p o‘tmay, otam keladi. Rahmatli buvim otamning oldiga chiqadi.

– Ha-a, bolam, berdingmi-i? – deydi xafahol.

– Hm. Bular olishmasa, ertaga maoshimni kesishadi. Keyin qiynalib qolamiz-da, ona, – deydi otam o‘ychan.

6 yoshimda «korrupsiya», «poraxo‘rlik», degan so‘zni eshitmaganmanu ammo bir nima undirmasa, otamning oyligini kesadigan rais bovayu brigadir amakidan nafratlanib ketgandim.

– Baloni yesin ular! – dedim jimjiloqday qiz tumshayib, – hali katta bo‘lsam, hamma haqimizni qaytarib olaman, – dedim qo‘shimchasiga.

Otam miyig‘ida kulib, patalak sochimni «aposh»lab, «qayerdan o‘rganadi-ya, bu qiz bunday gaplarni?» deya yana ishiga qaytadi.

***

Xurmo va iris qand evaziga «pishgan» reja

…1-sinfga borishimga ikki oycha vaqt qolgan. Rais bova va brigadir amakidan qasdimni olishim kerak. Robiya, Sherali, Orzigul ismli o‘zimni katta-kichik qishloqdosh tengdoshlarim bilan bir joyga to‘plandik. Reja tuzdik: «brigadir bovaning dala yeridagi hamma qovun-tarvuzlarni uzib, kolxozchilarning egatiga tashlab chiqamiz. Ular maza qilib yeyishsin!»

– E-e, man bormayman, qo‘rqaman, meshqorin ushlab olsa, o‘ldiradi, – deydi Sherali.

Jahlim chiqdi:

– O‘ldirolmaydi. O‘ldirsa, qamaladi. O‘lmaysan, yur! – deyman qo‘rslik bilan.

Oraga biroz sukut cho‘mdi.

– Hay, senlarga bir nima beraman, keyin man bilan borasizlar. Otam kecha xurmo va iris qand keltirgandi. Uchovlaringizgayam bir hovuchdan beraman. Ammo, onamga aytmanglar, yo‘qsa, yeya olmaysanlar, buvim yaxshi, buvimdan so‘rayman, «yo‘q» demaydi, – deyman labimni burib.

Xurmo va iris qandni eshitgan bolalar «rejam»ga rozi bo‘lishdi: brigadir amakining yeridagi qovun-tarvuzlarni o‘g‘irlab, kolxozchilarning egatlariga tashlab chiqdik.

Xurmo va iris qand evaziga reja amalga oshdi…

Ha, qandaydir maqsadni amalga oshirish uchun kimga nimadir berish kerak ekan, degan o‘yda o‘sdik.

***

«Besh»ga aylangan «uch» baho

1980-yil. 1-sinfga bordim. Maktabning balandligini ko‘rib, hayratda qoldim. Biram o‘qigim kelib ketdi.

«Sening bo‘ying uzun ekan», – deb meni sinfning eng orqadagi partasiga qo‘yishdi. Jahlim chiqib, ichimda sinfdoshchalarni «pakanalar» deb so‘kdim. Usti qirilgan, har xil gul va allambalolar yozilgan partalardan biriga o‘tirdim.

Birinchi o‘qituvchimiz «Kim she’r biladi?» deb so‘radi. Hech kim bilmas ekan.

– Men bilaman! – dedim.

– Ayt-chi!

– «Haylo samolyot, uchib ketopti,

Ichiga Zulayho yig‘lab ketopti.

Yig‘lama, Zulayho, Toshkent borasan,

Toshkent shahrida domlo bo‘lasan… »

Davom ettirmoqchi edim, o‘qituvchi «paqillab» kulib, meni to‘xtatdi:

– Shevada aytish bo‘lmasin! – dedi.

Men bu o‘qituvchining «shevasi» nima ekan, deb angrayib qoldim. She’r so‘raganda, opamdan o‘rgangan she’rimni aytib bergan bo‘lsam…

She’r aytib berganimda, o‘qituvchining ustimdan kulgani alam qildi.

– Ona haqidayam she’r bilaman, lekin, endi sizga aytib bermayman! – dedim qoshlarim chimirilib.

O‘qituvchining og‘zi lang ochildi. Ammo, gapirmadi. Darslariga yaxshi qatnashsam ham qo‘lidagi jurnaliga menga ketma-ket «uch» baho qo‘yaverdi. Darslarda yaxshi qatnashmasa ham o‘qituvchiga sovg‘a olib kelganlar «besh» baho bilan gerdayib yuraverishdi.

Uyga keldim.

– Buvijon, «uch» yomon bahomi? – so‘radim.

Buvim indamadi. Ertalab maktabga borgim kelmayotganini aytdim. Buvim charm papkamga bir latta xaltachaga g‘o‘lin (turshak), mayiz, qand, patir tugib berdi. «O‘qituvchingga ber!» dedi. Buvimning aytganini qildim. Uchinchi soatdan keyin katta tanaffusda o‘zimning yegim kelib turgan bo‘lsa ham buvimning tugunchasini o‘qituvchimga berdim. O‘qituvchimning chehrasi ochilib: «Vuy, kerakmas edi», – deya turib, tugunchani oldi va stolining tagiga yashirib qo‘ydi. Shu kundan boshlab, «uch» baholarim «besh»ga aylandi. Negadir, bola ko‘nglim og‘rigan edi, buni har kuni buvimga kelib, aytib-aytib berar edim.

***

«Sizga pul bermaymiz… »

1987-yil. Yuqori sinfga ko‘tarilganimizda, sinfdoshlar 8-martda xotin-qiz o‘qituvchilar bayramiga pul yig‘ishdi. Bu paytda bizning oilamizdan 7 bola maktabda o‘qirdi. Bizlarni o‘qitish onamga, otamga ancha qiyinchilik tug‘dirayotganini bilardim. Shu bois, onamdan pul so‘ray olmadim. «O‘qituvchimga sovg‘a bera olasizmi, ona?» – dedim. Onam o‘qituvchimga ataylab chiroyli ro‘mol berdi. Hovlimiz o‘rtasidagi bog‘dan bir dasta rayhon gul ham uzib berdi.

– Bu sizga mendan sovg‘a, ustoz, bayramingiz muborak bo‘lsin! – dedim birinchilardan bo‘lib o‘qituvchimni tabriklar ekanman.

O‘qituvchi rayhon gullarni hidlab, stolining ustiga qo‘ydi-yu, sovg‘amni ochib ko‘rdi. Avzoyi o‘zgardi.

– Man tushunmadim. Mani bitta ro‘molga loyiq ko‘rdingmi? Ol, sovg‘angni, menga ro‘mol kerak emas! – dedi u keskin va xuddi yuzimga irg‘itgandek gazetaga o‘rog‘lik ro‘molni shasht bilan qo‘limga qayta tutqazdi.

Turgan joyimda qotib qoldim. Ustimdan muz quyilgandek bo‘ldi. Sinfdoshlar ham angrayib qolishdi.

– Sovg‘aning katta-kichigi bormi, ustoz? Yaxshi ish qilmadingiz, endi biz ham bayram uchun to‘plagan pulimizni sizga, umuman, bermaymiz! – dedi Qahramon ismli sinfdoshim o‘rnidan dadil turib.

Men esa yig‘lagancha, sinfdan chiqib ketdim.

O‘shanda o‘qituvchimiz ham sinfdan so‘zsiz chiqib ketgan ekan. Shu bilan u maktabimizga qaytib ko‘rinmadi.

***

1990-yil. O‘z kuchim va bilimim evaziga talaba bo‘ldim. «Soqqa» bilan talabalikka erishganlar esa 1-2-kursdan nariga o‘tisholmadi. Imtihonlarni pul bilan «yopgan»lar ham ko‘pchilikni tashkil etdi. Guruhimizdagi bir-ikki «ataman»lar poraxo‘rlikka yo‘l qo‘ygan domlani «ochib» tashladik…

***

Illatlar bilan «sug‘orildik»

…Ha, illat botqog‘ini bolalikdan ko‘rib, shuning ichida ulg‘aydik. Kimgadir soqqa berishni istamagani evaziga yillab sohada ishlolmaganlar bor. Musofirlik to‘nini kiyib, xorijga ishlash uchun ketib qolgan zo‘r-zo‘r kadrlar qancha. Cho‘ntakdan-cho‘ntakka qo‘l solib, hamma sohalarda «begonalar» o‘tlab ketganida ham holatni bilib-turib, jimgina kuzatdik.

***

«Ikki yil, deganda, nevaramizni bog‘chaga qo‘yish uchun navbat keldi. Xursand bo‘lib olib bordik. Yangi, zamonaviy bog‘cha. Ko‘rsa, havas qilgulik. Kamchiligi yo‘q. Qo‘limizga uzundan-uzoq «ro‘yxat» tutqazishdi. «Ro‘yxatdan tashqari, 50 dollar ham… bog‘chaga yordam qilishingiz kerak!» – deya shart sifatida bildirishdi. Na iloj, rozi bo‘lmasak, nevaramiz shu bog‘chada, rozi bo‘lsak, buyam korrupsiyaning bir ko‘rinishi… ko‘nishga majburmiz!»

***

«Hozir hamma idora, tashkilotlar kameralashtirilgan. Shifoxonalar ham bundan mustasno emas. Baribir, yo‘lini qilishyapti. Majbur bo‘lyapmiz, to‘g‘rirog‘i, o‘zlari o‘rgatishyapti… ko‘ngildan chiqarib berishimiz kerak pullarni bemorimiz uchun paketlarda olganimiz – oziq-ovqatlar yoniga qo‘shib solib yuborishni. Ayniqsa, bu roddomlarda kuchaygan…»

***

Bunday munosabatlarni ko‘pchilikdan eshitamiz. Har gal bu holatlarga yangilik emasdek qaraganimizning o‘zi jamiyatda muammolar battar urchib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Shifokorga borganda, uning cho‘ntagiga «qo‘l haqi» solib qo‘yishdan, avtomashina boshqarishda yo‘l qoidalarini buzganda, xodimning qornini «g‘amlash»dan, yaqinlarni ishga joylashtirishda kattalarni «ko‘rish»dan tap tortmay, shunday illatlar bilan «sug‘orilib» yashadik. «Poraxo‘rlik azaliy kasallik-ku!» – deya e’tiborsiz qo‘l siltab qo‘yishga ko‘nikdik. Bu tomoshabinlik ham, aslida, bizning «korrupsioner»ligimiz…

Bu illat jamiyatda keng quloch yoyib, dunyoni ostin-ustun qilar darajaga olib kelayotgandagina asli xatolar boshida o‘zimiz va o‘zimizning e’tiborsizligimiz sababchi ekanini tan ola boshladik. Endi esa ichimizdagi korrupsion illatdan qutilish uchun harakatdamiz. Har birimiz ichimizni bu illatdan tozalamas ekanmiz, uning botqog‘ida sug‘orilib yashashda davom etaveramiz.

Bugun ham kech emas! Birgalikda, hamjihatlikda o‘zimiz qurgan va jamiyatni muallaq holatga keltirib qo‘yayotgan korrupsiyaga qarshi kurashdan to‘xtamasligimiz shart! Zero, kelajak avlodning nozik yelkasi bu arosat jamiyatga ustun bo‘la olmaydi. Xatolarimiz jabrini ular tortmasin!

Laylo Hayitova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Toshkentda 1,1 mlrd so‘mlik tibbiy buyumlarning noqonuniy saqlanganlik holati fosh etildi

Published

on


«Toshkent-AERO» IBK Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar idoralari vakillari bilan hamkorlikda poytaxtimizda  sifati kafolatlanmagan tibbiy buyumlarning noqonuniy realizatsiyasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tezkor tadbirda oldindan shubha ostiga olingan shaxsning Yangihayot tumanidagi xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 38 nomdagi 3613 turli tibbiy buyumlar noqonuniy ravishda saqlanayotgani fosh bo‘ldi.

Ushbu holatda olib qo‘yilgan tibbiy buyumlar murakkab jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladigan stent, kateter va yana boshqa turdagi buyumlar inson hayoti uchun juda muhim va shu bilan bir qator yuqori xavf guruhiga kiruvchi buyumlar hisoblanadi.

Masalan, sifati kafolatlanmagan stentning qon tomiri ichida to‘g‘ri ishlamasligi xastalikni kuchaytirishi, bemor organizmiga mos kelmasligi, allergik reaksiyalar, tromb hosil bo‘lishi yoki hatto infarktga olib kelishi mumkin.

Qolaversa, maxsus sharoitlarda tashilishi va saqlanishi talab etiladigan tibbiy buyumlarning oddiy xonadonda saqlanishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra mazkur holatda olib qo‘yilgan tibbiy buyumlarning jami qiymati 1 mlrd 100 mln so‘mdan oshmoqda.

Holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bojxona organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aniqlangan 484 ta holatda qiymati 18 mlrd. so‘mlik dori vositalari va tibbiy buyumlarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasigan chek qo‘yilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonliklar yanvar oyida «import choy»  3,8 mln dollar sarflagan

Published

on


2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonga 14 ta xorijiy davlatdan qiymati 3,8 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 2 570 tonna choy import qilingan. 

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mahsulotning mamlakatga import hajmi 2025-yilning mos davriga nisbatan 421 tonnaga kamaygan.

2026-yilning ilk oyida O‘zbekistonga eng ko‘p choy yetkazib bergan davlatlar:


Xitoy – 2 122 tonna;
Qozog‘iston – 123 tonna;
Eron – 113,4 tonna;
Keniya – 97,6 tonna;
Indoneziya – 41,8 tonna;
Boshqa davlatlar – 72,3 tonna.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Stokgolmda O‘zbekiston va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi

Published

on


Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahri markazidagi «Zayd ibn Sulton al-Nahayyon» masjid-majmuasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Yangi O‘zbekistondagi diniy islohotlar haqida so‘zlab berdi. Ayniqsa, yurtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlar uchun qilingan sharoitlar, turli hududlarda Qur’on kurslari faoliyat ko‘rsatayotgani, mintaqada yagona bo‘lgan Fatvo markazi xizmat ko‘rsatishi, imomlar va qorilarning xorij safarlari shvetsiyalik soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Muftiy hazratlari o‘z so‘zi davomida Ramazon hayiti arafasida Davlatimiz rahbari tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi xalqimizga tuhfa etilganini aytish barobarida mezbon davlat vakillarini mazkur muhtasham majmualar bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etdilar.

Muloqot davomida masjid bosh imomi Mahmud Xalfiy O‘zbekistonning tarixi buyukligi, bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkirlar dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulamolar diniy ilmlar rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lsa, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari olimlar dunyo ilm-fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgani, bugun ham bu diyor taraqqiy etayotganini e’tirof etdi.

Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Kristian Kamil o‘z so‘zida O‘zbekiston va Shvetsiya davlatlarining o‘xshash jihatlari ko‘pligini ta’kidlab, ikki davlat delegatsiyalarining o‘zaro muloqoti davomida katta natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.

Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Turkiyada ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olindi

Published

on


Ular O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.

Foto: Istanbuldagi bosh konsulxona

Turkiyada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulligi xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, 40 yoshli T.R. va 38 yoshli F.A. O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.

Ular Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan qabul qilinib, sud oldida javobgarlikka tortilishi uchun O‘zbekistonga qaytarilgan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Ushbu yo‘nalishda jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish borasida samarali natijalarga erishilmoqda.

“Hozirgi kunda ham mamlakatimiz hududida turli jinoyatlar sodir etib, Turkiya hududida yashirinib yurgan boshqa shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tegishli tezkor-qidiruv hamda huquqiy choralar davom ettirilmoqda”, deyiladi konsullik xabarida.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda 108 tup daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganligi aniqlandi

Published

on


Ko‘chirib o‘tqazilgan daraxtlarning 107 tupi qurib qolgan va tabiatga 881 million 268 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga kelib tushgan murojaat asosida Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Abu Ali ibn Sino ko‘chasi hududida o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish ishlari davomida yopiq kollektor hududida 108 tup daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganligi va ularning 107 tupi qurib qolganligi aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, bu daraxtlar yuzasidan Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasiga murojaat qilingan va boshqarma tomonidan rad javobi berilgan. Ammo daraxtlar noqonuniy tarzda ko‘chirib o‘tqazilgan.

Huquqbuzarlik natijasida tabiatga 881 million 268 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi hisoblandi.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.