Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
Jizzaxda qurilishi boshlangan kam quvvatli AES loyihasi Rossiya korxonalariga 2 trln rublgacha buyurtmalar olib keladi, deya e’lon qildi “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov. Bu mablag‘ – RF Markaziy bankining bugungi kursi bo‘yicha 24,7 mlrd dollarga teng. Bir yil oldin “O‘zatom” rahbari Azim Ahmadxo‘jayev kichik AESni qurish xarajati 2 mlrd dollardan oshmasligiga va’da bergandi.
Kotlovan qazish ishlariga start berish marosimi. 2025 yil 9 oktyabr
24 mart kuni “O‘zatom” va “Rosatom” rahbarlari O‘zbekistonda birinchi AESni qurish bo‘yicha yana ikkita hujjatni imzoladi. Forish tumanidagi qurilish maydonchasida yadroviy energoblok uchun beton quyish ishlari boshlandi.
Shu paytga qadar obektning moliyaviy tomonlari: loyiha-smeta parametrlari, stansiyalarning umumiy qiymati, ishlab chiqarilgan elektr energiyasining tannarxi qancha bo‘lishi va qanday narxda sotib olinishi ochiqlanmagan.
Mavhumlik hukm surayotgan bir sharoitda, “O‘zbekistondagi faqat kichik atom elektr stansiyasi loyihasi Rossiya korxonalariga 2 trln rublgacha buyurtmalar olib keladi”, deya e’lon qildi “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov. Bu – Rossiya Markaziy bankining bugungi kursi bo‘yicha 24,7 mlrd dollarga teng mablag‘.
“Rossiyada ham xususiy, ham davlat ishtirokidagi kompaniyalar orasida juda ko‘p hamkorlarimiz bor. Faqat kichik blokni qurishning o‘zi 2 trln rublgacha buyurtmalar hajmini beradi. Bandlik nuqtayi nazaridan esa bu Rossiyaning o‘zida to‘g‘ridan to‘g‘ri taxminan 1000 ta ish o‘rni yaratilishini anglatadi.
Makroiqtisodiy samaradorlik nuqtayi nazaridan qaralganda, qurilish bosqichida kiritilgan har bir rubl uchun Rossiyaga 1,5 rublgacha, AESdan foydalanish bosqichida esa 2 rublgacha qaytishni ta’minlaydi”, – dedi “Rosatom” rahbari TASS muxbirining savoliga javoban.
Spot xabariga ko‘ra, “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev ham AES bo‘yicha ayrim jihatlarni ochiqlagan. Uning aytishicha, “Rosatom” bilan stansiyani qurish uchun zarur materiallarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ishlarning joriy bosqichida mahalliylashtirish darajasi kamida 29−30 foizni tashkil etishi kutilyapti.
Aleksey Lixachyov va Azim Ahmadxo‘jayev O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESni qurish bo‘yicha shartnomaga doir kelishuvni imzolash marosimida. 2026 yil 24 mart, Toshkent / Foto: “O‘zatom” matbuot xizmati
Eslatib o‘tamiz, Azim Ahmadxo‘jayev 2025 yil mart oyidagi intervyusida kam quvvatli AESni qurish xarajati 2 mlrd dollardan oshmasligini aytgandi.
So‘nggi kelishuvlarga ko‘ra, Forish tumanidagi tanlangan maydonda RITM-200N reaktorlariga ega ikkita kam quvvatli energoblok (har biri 55 MVt) hamda VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita an’anaviy yirik energoblok barpo etiladi.
AES xronologiyasi
O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish haqidagi gap-so‘zlar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu masala 2017 yildan beri turli davralarda muhokama qilib kelinadi. Xususan, 2018 yilning iyul oyida Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi bilan hamkorlikda har biri 1200 megavatt quvvatga ega 2 ta energoblokdan iborat AES qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi. O‘shanda stansiyani 2028 yilgacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgandi.
2018 yilning oktyabr oyida AES uchun Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l suv ombori hududi tanlab olingani haqida xabarlar chiqdi. Bir muddat o‘tib, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov O‘zbekistondagi AES loyihasining taxminiy qiymati 11 mlrd dollarga baholanayotganini ma’lum qildi. “O‘zatom” loyiha to‘liq ishga tushirilsa, mamlakat energiya ehtiyojlarining 15 foizgacha qismini qoplashini aytgandi.
2020-2023 yillar oralig‘ida pandemiya va Ukrainadagi urush fonida O‘zbekistonda AES qurish masalasi faol kun tartibida bo‘lmadi. 2024 yilga kelib, bu mavzu yana muzokara stoliga qo‘yildi. Jizzaxdagi tanlangan maydonda 6 reaktorli quvvati 330 megavattlik kam quvvatli stansiya qurish bo‘yicha bitim imzolandi. Keyinchalik, loyiha konfiguratsiyasi yana o‘zgardi: kichik stansiya quvvati 330 MW emas, 110 MW bo‘ladigan bo‘ldi. Ya’ni AESda har biri 55 MW quvvat beradigan oltita emas, ikkita RITM-200N reaktorlari bo‘ladi.
Kam quvvatli AESning energobloki joylashadigan obektga beton quyish ishlari boshlandi. 2026 yil 24 mart, Jizzax viloyati Forish tumani / Foto: “O‘zatom” matbuot xizmati
Bundan tashqari, 2025 yilning yozida katta AES masalasida ham bitim imzolandi. Kelishuv kichik stansiyaning yonida an’anaviy o‘lchamdagi katta AESni ham qurishni ko‘zda tutadi. Katta stansiya har biri 1 GW quvvatli ikkita energoblokni o‘z ichiga oladi, energiya bloklari sonini keyinchalik to‘rttaga oshirish imkoniyati nazarda tutiladi.
Shu tariqa, Jizzax viloyatida Rossiya tomonidan ham kam quvvatli, ham an’anaviy katta quvvatli atom elektr stansiyalari quriladigan bo‘lyapti. Bu – O‘zbekistonni ikki xil stansiya loyihasini bitta maydonga joylashtirgan dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi. Integratsiyalashgan AESlar majmuasining umumiy quvvati 2,1 GW bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Qariyb 525 gektarlik maydondagi qo‘shma stansiya 2035 yilga borib yiliga 15,2 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu – O‘zbekistondagi bugungi kundagi umumiy iste’molning qariyb 15 foiziga teng, deya ma’lum qilgan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat23 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
