Jamiyat
Turkiyada ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
Ular O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Foto: Istanbuldagi bosh konsulxona
Turkiyada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulligi xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, 40 yoshli T.R. va 38 yoshli F.A. O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Ular Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan qabul qilinib, sud oldida javobgarlikka tortilishi uchun O‘zbekistonga qaytarilgan.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Ushbu yo‘nalishda jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish borasida samarali natijalarga erishilmoqda.
“Hozirgi kunda ham mamlakatimiz hududida turli jinoyatlar sodir etib, Turkiya hududida yashirinib yurgan boshqa shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tegishli tezkor-qidiruv hamda huquqiy choralar davom ettirilmoqda”, deyiladi konsullik xabarida.
Jamiyat
Qamchiq dovonida avtomobil jarlikka tushib ketdi
Qamchiq dovonida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida «Spark» rusumli avtomobil yo‘l chetidagi jarlikka ag‘darilib ketdi. Hodisa joyiga yetib kelgan FVV qutqaruvchilari avtomobilni maxsus texnika yordamida jarlikdan olib chiqdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa 10 iyun kuni soat 07:25 da xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan «Toshkent – O‘sh» avtomobil yo‘lining 163-kilometrida, Qamchiq dovoni hududida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Spark» rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi natijasida transport vositasi ag‘darilib, yo‘l chetidagi jarlikka tushib ketgan.
YTH oqibatida haydovchi jiddiy tan jarohatlari olmagan.
Voqea joyiga FVVning «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari tezkorlik bilan yetib kelib, maxsus qutqaruv krani yordamida avtomobilni jarlikdan olib chiqqan. Shundan so‘ng transport vositasi evakuator orqali belgilangan manzilga yuborilgan.
Jamiyat
“Plomba” ipini lezviyeda kesdim” – Farg‘onada bank mansabdori bankomatlardan katta miqdorda pul o‘g‘irladi
Milliybankning Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan shaxs bankomatlardan 7 ta holatda 845 mln so‘m o‘g‘irlagan. U bankomat seyfini o‘zida bo‘lgan kalit yordamida ochib, himoya ipini lezviyeda kesgan hamda pulni olgach, ipni superkley yordamida yopishtirib qo‘ygan.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Farg‘onada bankomatlardan pul o‘g‘irlagan bank mansabdori jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
O‘g‘rilik bor, iz yo‘q
Sud hukmiga ko‘ra, 1976 yilda tug‘ilgan D.I. Milliybankning Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi chakana amaliyotlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
U o‘zi va bo‘lim mutaxassislariga biriktirilgan logindan foydalanib, 2019-2024 yillar davomida 113 nafar mijozga tegishli bank kartalarini UzCard’dan Humo’ga almashtirish jarayonida aslida mavjud bo‘lmagan 641 mln so‘m pul mablag‘ini hosil qilgan. So‘ngra bu pullarni boshqa plastik kartalarga mobil ilovalar orqali o‘tkazib, bankomatlardan naqdlashtirib olgan.
Shuningdek, D.I. 2023 yil aprel-dekabr oylari davomida 7 ta holatda bankomatlardan 845 mln so‘m pulni o‘g‘irlagan. Buning uchun u o‘zida bo‘lgan kalitdan foydalangan holda bankomat seyfini ochgan. Keyin lezviye yordamida himoya ipini kesib, kassetadan pullarni olgan hamda himoya ipini superkley yordamida qayta bir-biriga yopishtirib qo‘ygan.
U o‘ziga biriktirilgan login va “dostup”dan foydalanib, bankning ABT dasturiy ta’minotida “Bankomatning operatsion kuni ochildi” amaliyotini bajargan hamda bankomat ma’lumotlar bazasini yangilab qo‘ygan. Sobiq mansabdor shu yo‘l bilan bankomatdan pul mablag‘lari o‘g‘irlaganini yashirgan.
“Shaxsiy ehtiyojlarimga pul zarur edi”
D.I. sudda aybiga iqror bo‘lgan.
“Bankning viloyat bosh boshqarmasi va uning quyi filiallariga Toshkent shahridan bankomatlar olib kelindi. Chakana amaliyotlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lganim sababli bankomatlarning olib kelinishi, belgilangan joylarga qo‘yilishi, foydalanishiga va belgilangan tartibda ishlashiga mas’ul bo‘lganman. Bankomatlar korpuslari hamda seyflari kalitlarining 1 nusxasini o‘zimga olib qoldim.
Chakana amaliyotlar bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlab yurgan vaqtimda shaxsiy ehtiyojlarimga pul zarur bo‘lib qoldi. 2023 yil aprel oyidan dekabr oyiga qadar Farg‘ona shahri hududiga qo‘yilgan bankomatlarga borib, o‘zimga biriktirilgan login va paroldan foydalangan holda bankomatning shu kungi ish holatini yopish uchun “Bankomatning operatsion kuni yopildi” amaliyotini bajardim. Keyin hech kimga sezdirmay yashirib qo‘ygan kalitlar yordamida bankomatlar va ularga o‘rnatilgan seyflarni ochdim. Bankomatlar seyfidagi pul qo‘yish kassetalaridan 50 mln so‘m, 80 mln so‘m va 100 mln so‘m pul mablag‘larini olib keldim”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.
D.I. yetkazilgan zararni qoplashga imkoni yo‘qligini aytib, qilmishiga pushaymonlik bildirgan.
Jazo
Farg‘ona shahar sudining 2025 yil 2 may kungi ajrimi bilan D.I.ga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. U 2025 yil 31 dekabr kuni ushlanib, qamoqqa olingan.
JIB Farg‘ona shahar sudining 2026 yil 18 maydagi hukmi bilan D.I. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan. Unga 8,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, D.I. 3 yil muddatga bank tizimida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan. Undan bank foydasiga 1 mlrd 486 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
Jamiyat
O‘simliklar karantini agentligida milliardlab so‘mlik korrupsion sxema fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida import hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsion sxema fosh etildi. Tergov davomida milliardlab so‘mlik shubhali mablag‘ aylanmalari ham aniqlangan.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Ma’lum bo‘lishicha, agentlikning ayrim mas’ul xodimlari tadbirkorlik sub’yektlariga tovarlarni import qilish uchun rasmiylashtiriladigan hujjatlar bo‘yicha norasmiy “stavka”lar belgilab olgan.
Tezkor tadbir davomida fuqaro G.U. agentlikda ishlovchi tanishlari orqali Turkiyaning “Y.T.” korxonasini xorijiy eksportyorlar reyestriga kiritib berish evaziga 1 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvlarda G.U. va agentlikning bosh mutaxassisi M.G. til biriktirib, bir nechta mahsulotlarni import qilish uchun karantin ruxsatnomalarini rasmiylashtirib berish evaziga pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.
Shuningdek, G.U.ga tegishli ikki bank kartasi orqali fuqarolardan P2P shaklida 10,9 milliard so‘m mablag‘ kelib tushgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu mablag‘ning katta qismi naqdlashtirilgan bo‘lib, bir qismi agentlik xodimlariga berilgani, qolgan qismi esa shaxsiy ehtiyojlarga sarflangani qayd etilgan.
Tahlillar davomida agentlik va uning quyi tashkilotlari hisob raqamlariga tushgan 91,7 milliard so‘mlik to‘lovlarning 14,9 milliard so‘mi 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilgani, ularning bir qismi agentlik xodimlari va ularning yaqin qarindoshlari ekani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berishga oid moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Mashinada unutib qoldirilgan bog‘cha bolasi dimiqib vafot etdi. Bu Qashqadaryoda bir yil ichidagi ikkinchi shunday hodisa
Qamashi tumanida sodir bo‘lgan fojia bir oilani farzand dog‘ida qoldirdi. Endigina uch yoshga to‘lgan Madina Zayniddinova ertalab o‘ynab-kulib bog‘chaga ketgandi. Oqshomga yaqin uning jonsiz tanasi onasiga topshirildi: Qizaloq bog‘chaga tashiydigan avtomashina ichida unutib qoldirilgan va soatlar davomida yopiq salonda qolib ketgan. U havo yetishmasligi va issiq urishi oqibatida vafot etgan.
Madina Zayniddinova tumandagi yakka tartibdagi tadbirkor Abdurahmon Ochilovga tegishli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi bo‘lgan.
Fotima Musulmonovaga ko‘ra, 4 iyun kuni ertalab qizini bog‘cha uchun xizmat qiluvchi KIA Carnival rusumli avtomashina olib ketgan. Transport vositasida haydovchi Aziz Ochilov va tarbiyachi Nodira Jo‘rayeva bo‘lgan.
Qizaloq har kuni ushbu tartibda bog‘chaga olib borilgan va kechqurun yana uyiga qaytarilgan.
Fotima Musulmonovaning aytishicha, soat 17:00 lardan keyin qizining kelmagani unda xavotir uyg‘otgan.
«Qo‘shnimizning bolalari kelgan, lekin mening qizim yo‘q edi. Bog‘chadagilarga qo‘ng‘iroq qila boshladim, telefonni ko‘tarishmadi. Keyin bilsam, qizim allaqachon shifoxonaga olib ketilgan ekan», deydi u.
Ma’lum bo‘lishicha, qizaloq bog‘chaga olib kelinganidan keyin avtomashina ichida qolib ketgan. Bolalar tushirilgandan keyin transport vositasi tashqi tomondan qulflangan va bog‘cha hovlisida qoldirilgan. Shu tariqa qizaloq bir necha soat davomida yopiq salonda qolib ketgan.
Otasi Doston Amonovga ko‘ra, voqeadan keyin ayrim qo‘shni bolalar bog‘chada hodisaning oqibatlariga guvoh bo‘lgan.
Bolalar avtomashina oynasi sindirilgani, qizaloqni chiqarib olishga urinishgani va kattalarning sarosimaga tushganini gapirib berishgan.
Ota hodisaga aloqasi bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ramoqda.
«Boshqa insonlar ham bizdek kuyib qolmasin. Holat bo‘yicha adolatli qaror chiqarilishini istaymiz», deydi u.
Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur holatni Kun.uz’ga tasdiqladi.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor Abdurahmon Ochilovga tegishli oilaviy nodavlat ta’lim tashkiloti bilan tuzilgan bitim 10 iyun kuni bekor qilingan.
Ayni vaqtda mazkur muassasa faoliyati to‘xtatilgan.
Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Qamashi tumanida 2023 yilda tug‘ilgan qizchaning vafoti bilan bog‘liq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida 2026 yil 5 iyun kuni gumonlanuvchi sifatida avtotransport haydovchisi protsessual tartibda ushlangan. Ayni vaqtda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, Qashqadaryoda xususiy bog‘chalar bilan bog‘liq bolalar o‘limi holati avval ham kuzatilgandi. Xususan, 2025 yil iyun oyida Koson tumanidagi xususiy bog‘chada 2,5 yoshli Zarina Izzatillayeva vafot etgandi. Qizaloqning yaqinlari bola avtomashina ichida qolib ketib, dimlanish oqibatida vafot etganini bildirgan va o‘shanda ham bog‘cha faoliyati to‘xtatilgandi.
Bir-biriga o‘xshash ikki fojia orasida bir yil ham o‘tmadi. Bu holat xususiy maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligi, ularni tashish tartibi va nazorat mexanizmlari qay darajada ishlayotgani haqida jiddiy savollarni yana kun tartibiga olib chiqmoqda.
Jamiyat
Andijondagi poliklinikada fojia: 4 kishi vafot etdi
Marhamatdagi Markaziy poliklinikada – chiqindi suvlar to‘planadigan nasos agregatorini tozalash vaqtida 57 yoshli santexnik gazdan zaharlangan. Uni qutqarishga harakat qilgan yana 3 kishi – qorovul, elektrik va chiqindi mashinasi haydovchisi ham zaharlanib vafot etdi.
10 iyun kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi markaziy poliklinikada insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan fojia yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda dastlab poliklinika xodimi hojatxonani tozalash uchun chuqurga (kolodets) tushib ketgani aytiladi.
Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, Markaziy poliklinika hududida joylashgan tozalash inshooti – chiqindi suvlar to‘planish sig‘imi nasos agregatorini tozalash vaqtida 57 yoshli santexnik N.I. gazdan zaharlangan. Uni qutqarishga harakat qilgan yana 3 kishi – qorovul, elektrik va chiqindi mashinasi haydovchisi ham zaharlanib vafot etgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati Marhamatdagi holatda qutqaruvchilar 4 jasadni chiqarib olgani tasdiqladi.
Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Andijon viloyati IIB matbuot kotibi tez orada rasmiy munosabat berilishini ma’lum qildi.
Andijon viloyat hokimligining ma’lum qilishicha, Shuhrat Abdurahmonovning topshirig‘iga asosan voqea joyiga zudlik bilan viloyat hokimining ikki nafar o‘rinbosari yetib borgan.
«Vafot etganlarning har bir xonadoniga borilib, oila a’zolariga viloyat hokimi nomidan chuqur hamdardlik bildirildi hamda dafn marosimini tashkil etish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar hal etildi», deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Tergov natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi. Holat mutasaddi tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan», deya qo‘shimcha qilgan hokimlik.
-
Mahalliy5 days ago
So‘z mulkining so‘nmas chirog‘i Ibrohim G‘afurov vafot etdi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda avtobus orqaga yurayotgan payti piyodani bosib ketdi
-
Mahalliy5 days ago
Media haftalik yangi ufqlarni ochmoqda
-
Iqtisodiyot3 days ago«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
-
Jamiyat4 days agoOlti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
-
Jamiyat4 days agoMurojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzgan 19 nafar xodim ishdan olindi
-
Dunyodan4 days ago
Aktyor Jeyms Handi qotillik qurboniga aylandi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkorlar sayyohlar uchun sug‘urta xizmatlarini soddalashtirishni taklif qildilar
