Jamiyat
Bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmal tajribasi joriy etiladi
Prezident Jizzaxdagi yig‘ilishda qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratdi.
Viloyatdagi jami 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ularda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bog‘larini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi. Jizzaxdagi yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Shu bilan birga, keyingi yildan yaylovlarda yer egalari yuqori daromadli ekinlar ekib, yerdan maqsadli foydalansa, ularga yer solig‘i 2 karra kamaytirib beriladi.
Shuningdek, viloyatdagi ko‘plab chorvador va fermerlar ozuqa va meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyani har oyning boshida to‘lab berishni so‘ragan.
Mutasaddilarga butun respublikada ushbu subsidiyalarni oy boshida beradigan tizim qilish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirda Baxmaldagi 14 ming gektar bog‘larning 4 ming gektari eskirgan, ulardan olinayotgan hosil esa gektariga 10 tonnaga ham yetmaydi.
Shu bois, eski bog‘larni intensivga o‘tkazish, hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash bo‘yicha Baxmal tajribasini joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.
Baxmalda 2026 yilda 1,5 ming gektar eski bog‘larga faqat sertifikati bor ko‘chatlarni ekish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Buni qo‘llab-quvvatlash uchun aholi va fermerlarga ko‘chat sotib olish xarajatining yarmi qoplab beriladi.
Bundan tashqari, tumandagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun yana bir qator yangiliklar e’lon qilindi.
Xususan, intensiv bog‘ tashkil qilishda 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan subsidiya to‘lanadi.
Umuman, kelasi yili bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.
Aniq mahsulot ekish sharti bilan auksionga chiqarilgan 10 ming gektar yer bir yildan buyon sotilmayotgani qayd etildi. Shu bois, keyingi yildan boshlab ekin yerlarini ijaraga berishning yangi tizimi joriy qilinadi.
Endilikda yerni ijaraga olgan dehqon unga nima ekishini o‘zi mustaqil hal qiladi. Shuningdek, auksionda takroriy savdoga qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi 10 foizgacha pasaytiriladi.
Yer ijarasidan tushgan mablag‘lar to‘liq sanoatlashgan bog‘larga suv, elektr, yo‘l tarmoqlarini tortish kabi infratuzilma ob’yektlari uchun sarflanadi.
AQShlik hamkorlar bilan Zominda parranda bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 million dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu unikal loyiha respublikada parrandachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Jamiyat
Surxondaryo orqali Afg‘oniston va Tojikistonga o‘tadigan magistral yo‘l kapital ta’mirlanadi
Yig‘ilishda Surxondaryodagi eng og‘riqli masalalardan biri yo‘l va transport infratuzilmasi ekani qayd etildi.
Ikki yil oldin Osiyo taraqqiyot banki bilan 183 million dollar hisobiga Boysun va Denovni bog‘lovchi yo‘lning 111 kilometr qismini sement-beton qoplamaga o‘tkazish loyihasi boshlangan. Bu yo‘l ishga tushsa, yuk hajmi 2 karra oshadi, tashish vaqti 3 soatdan 1,5 soatga qisqaradi.
Yurtimizni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 kilometrli magistral yo‘l 30 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan. Mutasaddilarga qurilish ishlarini uch oy ichida boshlash topshirildi.
Toshkent – Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd 14 soatdan ko‘p harakatlanadi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlar olib kelish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. «Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on» uchastkasini tezyurar poyezdga moslash bo‘yicha loyihani shu yil boshlash, 103 kilometr bo‘lgan «Qumqo‘rg‘on – Quduqli» temir yo‘lini elektrlashtirish ishlariga kirishish topshirildi.
Jamiyat
Marhum Hosilbek Eshnazarov «Jasorat» medali bilan mukofotlandi
25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov avtomashinada yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan, keyinchalik u og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etgan edi. Mukofotlash to‘g‘risidagi prezident farmonida inspektorning «qasamyodiga sodiq qolgan holda o‘z burchini sidqidildan va yuksak sharaf bilan ado etib, mardlik va fidoyilik namunasini ko‘rsatgani» qayd etilgan.
Foto: Ichki ishlar vazirligi
Prezident farmoniga ko‘ra, marhum kichik serjant Eshnazarov Hosilbek Beknazar o‘g‘li «Jasorat» medali bilan mukofotlandi.
«Ichki ishlar organlaridagi fidokorona mehnati, yurtimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligi va xalqimiz osoyishtaligini saqlash, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qoidabuzarliklar profilaktikasini samarali amalga oshirish borasidagi katta xizmatlari, muqaddas qasamyodiga sodiq qolgan holda o‘z burchini sidqidildan va yuksak sharaf bilan ado etib, mardlik va fidoyilik namunasini ko‘rsatgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori, marhum kichik serjant Eshnazarov Hosilbek Beknazar o‘g‘li «Jasorat» medali bilan mukofotlansin», deyiladi farmonda.
2026 yil 25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov avtomashinada yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan edi. Keyinchalik inspektor og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etdi. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingan. U Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi) va 104-moddasi 3-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi) “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Jamiyat
Xayrulla Asadov jarimaga tortilib, yuzta kitobi musodara qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda “tirik kitob” sifatida tanilgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangani uchun jarimaga tortildi. U 20 ming so‘mga xarid cheki bermagan va kunlik savdodan tushgan 20 ming so‘m pulni onlayn nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritmagan. Toshkent shahar sudlari ma’naviyat va savdo o‘rtasida farq borligini, kitob ma’naviyat vositasi bo‘lishi barobarida sotuvda u tovar hisoblanishini bildirdi.
Ko‘chada kitob sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan, ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlar orqali “tirik kitob” sifatida taniydigan Xayrulla Asadov ma’muriy jazoga tortildi. Bunga uning tadbirkorlik faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullangani sabab bo‘lgan.
Kun.uz tanishgan sud qarorida keltirilishicha, 2025 yil 23 sentabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari Xayrulla Asadovga tegishli ko‘chma savdo nuqtasida tekshiruv o‘tkazgan. Jarayonda u xaridorga 20 ming so‘mga xarid cheki bermagani va kunlik savdodan tushgan 20 ming so‘m pulni onlayn nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritmagani, shuningdek, tegishli hujjatlarsiz faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Xayrulla Asadov qilmishidan pushaymon ekanini, bu kabi harakatlarni boshqa sodir etmasligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2026 yil 6 yanvardagi qarori bilan Xayrulla Asadov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirish huquqbuzarligini sodir qilgan deb topilgan. Unga BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.
Shuningdek, Xayrulla Asadovning narxi 1 mln 520 ming so‘m bo‘lgan 3 turdagi 100 dona kitobi tegishli tartibda musodara qilingan.
Toshkent shahar sudlari holat yuzasidan munosabat bildirdi.
“Ma’naviyat va savdo o‘rtasida farq bor. Kitob – ma’naviyat vositasi ekani to‘g‘ri, biroq u sotuvda tovar hisoblanadi, sotuvchi esa savdo qoidalariga rioya etishi kerak. Bu masalaning huquqiy tomoni. Masalaning ijtimoiy-ma’naviy tomonlari ham bor, albatta. Bu, ish holatidan kelib chiqib, yuqori sud instansiyasida muhokama qilinishi mumkin”, deyiladi munosabatda.
Qo‘shimcha qilinishicha, qonun sud qaroridan norozi tarafga shikoyat qilish imkoniyatini beradi. Buning uchun yuqori sud instansiyasiga murojaat etish lozim.
Jamiyat
Toshkent shahrida IIBBning ikki tezkor xodimi qo‘lga olindi
Tezkor vakillardan biri yonidan narkotik modda topilgan fuqaroni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga undan 2 200 dollar talab qilgan. Shundan ming dollarini muqaddam olib, qolganini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlangan. Uning sherigi ham qo‘lga olingan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Toshkentda IIBning ikki tezkor vakiliga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Olmazor tumanida yashovchi 44 yoshli fuqaroning yonidan 3 gr gashish narkotik moddasi topilgan va holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatiga kirishilgan. Shayxontohur tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi katta tezkor vakili bilan kelishgan holda ushbu fuqarodan uni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga 2 200 dollar talab qilgan. U kelishilgan puldan muqaddam ming dollar olgan.
Tezkor vakil qolgan 1 200 dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Shuningdek, Toshkent shahar IIBB JQB katta tezkor vakili ham protsessual tartibda ushlangan.
Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur katta tezkor vakillarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha qo‘llangan 276 mln so‘mlik jarimani “tanishlari orqali hal qilib berish” va chora ko‘rilmasligini ta’minlash evaziga 9 ming dollar talab qilgan prokuratura xodimi qo‘lga olingandi.
Jamiyat
Sovg‘a deb berishdi, keyin “to‘la” deyishdi
Surxondaryolik bir guruh nogironlar najot izlab Toshkentga kelishdi. Ularga bir paytlar davlatdan sovg‘a deb berilgan xonadonlar aslida kredit bo‘lgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bu insonlar kreditni qanday to‘laydi?
Kun.uz bu masalani avvalroq bir guruh boshqa qumqo‘rg‘onliklar misolida yoritgan edi. O‘shanda, 2025 yil dekabrida Unicon-Soft kompaniyasi homiy sifatida 8 kishining kreditini yopib bergan edi.
Kuni kecha murojaat bilan kelgan vatandoshlarga quloq tutamiz.
“Oilada uch nogironmiz, kreditni qanday to‘laymiz?”
Zuhra Eshmamatova: Biz Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidan kelganmiz. Xo‘jayinim birinchi guruh nogironi, uning pensiyasini olib qo‘yishyapti. Buning ortidan “davleniya” orttirib olgan. Uchta voyaga yetmagan farzandimiz bor, biri nogiron. Oilada uchta nogironmiz. Bolamning ukol-dorisini qilaymi, kommunal to‘lovlarini to‘laymi, qanday kun ko‘ramiz? Uydan chiqarib yuborsa, uchta nogiron qayerga sig‘amiz? Yordam berishlarini so‘raymiz. Ukol-dorimizdan orttira olmayapmiz.
Oyiga 1,87 million so‘m to‘lov chiqib kelgan. 14 million 800 ming mebelga ham chiqib kelgan. To‘lolmaganimiz uchun mebelimizni olib ketib qoldi. Ikkita gilamga ham mana, chiqib o‘tiribdi, gilamga ham sudga oshib ketgan. 4 million 800 mingni to‘laysan deb o‘tiribdi. Uyga to‘laylikmi, gilamga to‘laylikmi?
“Plastikdagi pullarni bir so‘m qoldirmay yechib olyapti”
Nurbek Rahmonov: Biz Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidan kelganmiz, Bog‘ora mahallasidan. Bizga ham shu 2018 yil sovg‘a deb uy berildi. Keyin “to‘la” deyishdi. O‘zim ko‘z bo‘yicha birinchi gruppaman, ayolim ikkinchi gruppada. Voyaga yetmagan ikkita farzandimiz bor. Pensiyalarimizni ham kesib ketyapti. Plastikdagi pullarni ham kesib ketyapti, bir so‘m qoldirmay.
“Sovg‘a deb berishgan edi”
Ra’no Ablametova: Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani Bog‘ora mahallasidan keldik. Bizga 2018 yil namunali uylardan sovg‘a sifatida berilgan edi. Xo‘jayinim ikkinchi guruh nogironi, qizim birinchi guruh nogironi, men ularga qarovchiman. Uch oy-besh oydan beri kredit chiqarib qo‘ydi, uni to‘lay olmayapmiz.
Bizga sovg‘a deb berilgan edi. Bir oyga 2 million 700 chiqarib qo‘yibdi. Uni qanday to‘laymiz? Biz o‘zi 1 million pensiya olsak, 500 mingini olib qoladi. Dori-darmonimizga bo‘lsinmi, produktamiz, kommunal to‘lovimizga bo‘lsinmi?
“Uyni tortib olsa, boradigan joyim yo‘q”
Gulnigor Nishonova:
— 2018 yilda nogiron turmush o‘rtog‘im Mirboboyev Ibrohimga uy berilgan edi. U 2019 yilda vafot etdi. Men uchta voyaga yetmagan farzandim bilan shu uyda qoldim, shu uyda yashab kelyapmiz. Uy uchun 2023 yilgacha to‘lov qilib kelindi, endi esa yo‘q (hokimliklar tomonidan tadbirkorlar homiy sifatida biriktirib kelingan – tahr.). 1 million 260 ming so‘m nafaqa olaman. Kechadan beri Toshkentdamiz, sarson bo‘lib yuribmiz. Vazirliklarga bordik, ular arizamizni qabul qilmadi. Uyni tortib olsa, boradigan joyim yo‘q.
“Ko‘p joylarga murojaat qildik…”
Hosiyat Normurodova:
Ikkinchi guruh nogironiman. Menga ham 2018 yilda sovg‘a tariqasida uy berilgan edi. Hamma qatori men ham shu joyga kirgan edim. Hozir qarzim 56 million bo‘lib ketgan. 178 millionlik uy berishgan. Ko‘p joylarga murojaat qildik. Viloyat hokimiga ham kirdik, u yordam qilaman deyapti, lekin homiy tashkilotlar to‘lab berolmayapti.
“Pensiya yetmayapti…”
Xushmuhammad Xo‘jaqulov:
Men Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi Bog‘ora mahallasidan keldim. Uyning kreditini to‘lolmayapmiz. Yordam bersangiz. Kelishimizning sababi shu. Buyog‘i, pensiyadan ham olinadi. Xullas, pul yetkazolmayapmiz. Pensiya ham yetmayapti. Shunga bizga ijobiy yordam beringizlar. Bir homiy biriktirdi, uch yilcha homiy to‘ladi, keyin yo‘q bo‘lib ketdi. 100 million pul – qarz.
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp oʻzining eski “hiylasini” takrorladi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Jamiyat4 days ago10:10 “Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi
-
Jamiyat4 days ago
55 metrli shokoladli poyezd Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
-
Jamiyat4 days ago1200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini yagona to‘lov tizimi bilan tartibga soladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mart oyidan dollar qanchaga yetish ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat5 days ago2025-yilda O‘zbekistonga Hindiston sarmoyasi 135 foizga oshadi – Elchi
