Mahalliy
Dunyoni uyg‘ota olgan Amanda yoxud tez unutilayotgan fojealarimiz
Amanda Toddni shaxsan tanimayman. U qo‘shnim emas, millatdoshim emas, internet orqali tanishganim ham emas. Lekin… u mening xotiramda tirik. Uning fojeasini unuta olmayman. Ijtimoiy tarmoqlarda u haqidagi ma’lumotlargami yoki filmgami ko‘zim tushsa vaqti-vaqti bilan yuragimda «uxlab yotgan» alam uyg‘otadi.
Nega uni yaxshi taniyman va begona qiz menga qadrdondek bo‘lib qolgan?
Amanda Mishel Todd 15 yoshli kanadalik qiz o‘z joniga qasd qilish oqibatida halok bo‘lgan kiberbulling qurboni edi. U internetda tanishgan notanish odamning shantaj va ta’qibi oqibatida maktabda o‘quvchilar tomonidan qilingan mazaxlarga chiday olmagan. O‘limidan bir oy oldin, Todd YouTubeda video joylashtirgan, unda u jonli efirda flesh -kartalardan foydalangan (qog‘ozga nima uchun o‘z joniga qasd qilganini birma-bir yozib chiqqan 9 daqiqalik video). Video uning o‘limidan keyin virusga aylandi, xalqaro ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi. Video 2012-yil 7sentyabrda yuklangan, 2025-yil 4 iyul holatiga ko‘ra 15,5 million marta ko‘rilgan. Toddning o‘z joniga qasd qilishi xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan. Todd va boshqa zo‘ravonlik qurbonlarini xotirlash maqsadida Kanada bo‘ylab va xalqaro miqyosda bir qator hushyorlik marosimlari o‘tkazilgan – yakuniy vidolashuv marosimida 600 kishi yig‘ildi. Kerol Todd yig‘ilishga qizi Amanda «dunyoni hayratda qoldirgan va uning ko‘zlarini, quloqlarini va qalblarini ochishga majbur qilgan hayotdan ham kattaroq xabarni» qoldirganini aytdi. Kerol Todd, bugungi kunda ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan yoshlar uchun zo‘ravonlikka qarshi ma’lumot va dasturlarni qo‘llab-quvvatlash uchun xayr-ehson fondiga rahbarlik qiladi.
foto: THE CANADIAN PRESS
«Vankuvyer» jurnali Todd haqidagi maqolani «Dunyoni uyg‘otgan qiz» deb nomladi. 2012 yilda u Google eng ko‘p qidirilgan uchinchi odam edi va 2013-yilga kelib shu qiz tufayli 38 ta davlatda hushyorlik marosimlari o‘tkazilgan.
2015-yil 9 martda Kanadada kiberbullingga qarshi qonun kuchga kirdi. U asosan voyaga yetmaganlarni himoya qilish sifatida ilgari surilgan, biroq barcha yoshdagilar uchun amal qiladi.
Yana o‘sha savolni qaytaraman: men nima uchun butunlay o‘zim bilmagan qizning fojeali o‘limiga achindim va u menga qadrdon? Chunki uni angladim. Hujjatli filmlar, u haqdagi ma’lumotlar va hali hamon uni eslab marosimlar o‘tkazilayotgani tufayli u menga yaxshi tanish. U o‘zini qanday his qilganini, qanday yolg‘iz bo‘lganini, nimadan qo‘rqqanini, nimaga umid bog‘laganini ko‘rdim. Shu sabab, men uni yaxshi ko‘rib qoldim. Menda uni unutish imkoni yo‘q – chunki u inson sifatida qalbimga kirib ulgurdi.
Yana o‘sha savol: qanday qilib dunyoning u chekkasidagi bu qiz mening qalbimdan joy oldi?
Chunki uning jamiyatidagilar «boshqa Amandalar bo‘lmasin» deya harakat qilishmoqda, unutmasligim uchun to‘xtamayapti…
Yoki Jeysi Li Dyugar deb internetga yozsangiz, qator ma’lumotlar chiqib keladi. 11 yoshida o‘g‘irlanib 18 yil asirlikda yashagan bu qiz ozod bo‘lganidan so‘ng kitob yozdi, odamlar u orqali zo‘ravonlikning yuzaga kelish mexanizmlarini anglashdi. U tashkil qilgan fond minglab jabrlanuvchilarga yordam bermoqda.
Yoki Googlega Sabina Dardenn, deb izlang. Belgiyalik Sabina 12 yoshida o‘g‘irlab ketilgan va «12 yoshimda vileosipedimga o‘tirdim va maktabga ketdim» degan kitobi 22 tilga tarjima qilingan. Gabbi Petito esa sayohatga chiqqanda o‘ldirilib ketiladi, u haqda seriyali hujjatli film ishlab chiqariladi – «Gabbi Petito tarixi».
«Gabbi Petito tarixi» filmidan kadr.
Ha shunday, ularning har biri haqida hujjatli filmlar, ilmiy tadqiqotlar, hatto san’at asarlari yaratildi, albatta xorijda…
Ha shunday, G‘arbda fojealar jamiyatni uyg‘otadi – so‘nggi 20-30 yillik tarixda juda ko‘p ayanchli voqealar faqat shaxsiy dard bo‘lib qolmadi. Ular tarixga aylandi, jamoatchilik harakatiga aylandi, hatto qonun o‘zgarishini keltirib chiqardi.
Bizda ham shunday fojealar bo‘layapti: yaqinginada hujrada oyoqlari momataloq ko‘kargan bola, bog‘chada qiynoqqa solingan va og‘ir ahvoldagi bola, tunov kuni ikki o‘smir qizning quchoqlashib yuqori qavatdan o‘zini tashlashi. Lekin ulardan hech biri mening xotiramda qolmaydi. Chunki men ularni tanimayman. Ikki qizning o‘zini birdaniga tomdan tashlashi, aslida juda katta fojea, ammo bu qizlarni biz tez unutib yuboramiz. Yoki bolajonlarning boshqalar tomonidan o‘lasi qilib kaltaklanishi, agar G‘arbda bo‘lganida allaqachon kinoga aylanardi. Ammo bizda ota-ona, maktab, tizim, hech kim hech nima demaydi. Faqat xabar, sovuq fakt, e’tiborsiz o‘tgan inson hayoti.
Sabablar ko‘p, lekin men uchun asosiysi biz inson haqida emas, fojea haqida gapiramiz. Biz inson xarakterini to‘liq berolmaymiz, dardini his qildirolmaymiz. Axir his qilmasak, xotira ham bo‘lmaydi.
G‘arbda fojealar tasvirlanadi – batafsil, hissiy. Shuning uchun ham men u insonni «his qilaman», nafaqat men, balki butun dunyo ularni his qiladi va yaxshi ko‘radi, unutmaydi. Bizda esa faqat «sodir bo‘ldi», «o‘ldi», «suiqasd qildi» – hissiyot yo‘q.
Xotira insoniylikdan tug‘iladi, achinmasang eslamaysan, eslamasang hech narsa o‘zgarmaydi. Fondlar-chi, ular nima uchun kerak, o‘sha fojening oldini olish va unutmaslik uchun kerak. Jeysi Dyugar yoki Amanda Toddning fojeasi orqasidan tashkil etilgan fondlar – ularning shaxsiy «dardni darsga aylantirish» harakatidir.
Meksikalik Miriam Rodrigesning 17 yoshli qizi narkokartellar tomonidan o‘g‘irlanadi. Politsiya harakat qilmaydi. Ammo qizning onasi Miriam, politsiyaga har bir jinoyatchini tutish uchun yordam beradi. «O‘g‘irlangan bolalar ota-onalari» fondini ochadi – maqsadim, boshqa qizlar o‘g‘irlanmasin, deydi o‘z intervyularida. Atrofi to‘la jinoyatchilar bo‘lgan jamiyatda yashayotgan bu ayol maqsadiga ozmi ko‘pmi erishadi, afsuski u 10 may Meksikada nishonlanadigan «Onalar kuni»da otib ketiladi.
Ha, shunday G‘arbda bir inson boshidan kechirgan zo‘ravonlik, tazyiq, suiqasd jamiyat uchun ogohlikka aylanadi.
Bizda-chi, axir har bir unutilayotgan fojea – jamiyatning «men bunga chiday olaman» degan imzosidir. Kimdir bolani uradi, kimdir qizaloqqa zo‘rlik qiladi, kimdir o‘quvchini kamsitadi. Va… javobgarlik yo‘q.
Chunki jamoatchilik unutadi, juda tez esdan chiqaradi. Axir faqat zo‘ravon emas, biz jim turganlar ham javobgar emasmizmi? Jabrni yashirish, jamiyatning haqiqatdan qochishi emasmi? Jabrlanuvchilarni unutib yashaydigan jamiyat o‘zining kelgusi qurbonlarini tayyorlayotgani emasmi?
Nima uchun G‘arbdagi ayanchli voqealar faqat bir martalik «fojea» bo‘lib qolmaydi? Nega ular tarixga aylanadi, film bo‘ladi, adabiyotga kiradi, jamiyatni o‘zgartiradi, yodga olinadi? Nega bizda esa har bir fojea bir kunlik shov-shuv, ertasi kun unutilgan xabar bo‘lib qoladi?
Chunki G‘arbda fojealar orqali insonni to‘liq obraz sifatida tasvirlaydi.
Bizning muhokamalar esa faqat sovuq faktlardan iborat. Shuning uchun ham jamiyatda ta’sir kuchi yetarli emas.
Nima qilish kerak?
Jabrlanuvchilarni himoya qiluvchi fondlar – bolalar va ayollar huquqini himoya qiluvchi, psixologik va huquqiy yordam beruvchi markazlar tuzish kerak, to‘g‘ri bor ammo natija kam. Birorta ota yoki ona jabrlanuvchining haqiqat uchun yugurganini, kitoblar yozganini ko‘rmadim, axir zo‘ravonlik ko‘rgan ayol kitob yozsa, tajribalari boshqalarga asqotmaydimi? Farzandi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ona fond ochsa boshqa onalar sergak tormaydimi?
Yana bir muammomiz, har bir fojea yuzasidan ochiq tahlillar tayyorlanmaydi. Maktablarda, OAVda, huquq idoralarida tahlil va hisobot mexanizmlarini joriy etish, axborot madaniyatini yangilash, ya’ni jurnalistlar va OAVlarda faqat sensatsiya emas, foydali axborot berish majburiyatini shakllantirish kerak…
Maqolani yozish asnosida shu mavsumda 7 nafar bolaning cho‘kib ketgani haqidagi xabarga ko‘zim tushdi, ikkitasi vafot etibdi, besh nafari esa og‘ir ahvolda, xabarning oxirida esa avvalroq Parkentda uch nafar voyaga yetmagan bolaning cho‘kib ketgani haqida xabar bergandik, degan ma’lumot… Axir bular ham tarixga kiradigan, internetni kovlasang chiqib keladigan unutilmas fojea emasmi?
Nima uchun bizda bunday voqealar tez unutiladi? Nega bizning jamiyat qayg‘uni ochiq muhokama qilolmaydi? Nega har bir fojea «minglardan biri»ga aylanib ketaveradi? Bu savollar javobsiz qolsa, ertaga yana boshqa bola, boshqa qiz, boshqa go‘dak – jamiyatning e’tiboridan chetda qoladi. Bunday jamiyatda har kuni yangi fojea yangilik bo‘ladi, lekin hech biri tarix bo‘lmaydi, unutiladi va fojealar ko‘paygandan ko‘payaveradi.
Men nima uchun Amandani yaxshi ko‘rib qolganman yoki nega Jeysi Li Dyugarni unutolmayman… Sababi ular haqida kinofilmlar, kitoblar, fondlar bor. Sababi ularni unutishimizga yo‘l qo‘ymaydigan doimo harakatda, haqiqat uchun kurashuvchi ota-onalari bor, jamiyati bor.
Barno Sultonova
Mahalliy
O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi
Bugungi kunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarga respublikamizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, xususan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb etildi.
Joriy yilning 24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.
Ochilish marosimida ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til – bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til – xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim,” – dedi Sherzod Karimov.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozimligini ta’kidladi.
”Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz.” – dedi Shuhrat Sirojiddinov.
Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.
Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Mazkur platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.
Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhi uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan.
Mazkur resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdi.
Mazkur seminar ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradi.
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
-
Siyosat5 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport13 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport2 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat2 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
