Connect with us

Mahalliy

Dunyoni uyg‘ota olgan Amanda yoxud tez unutilayotgan fojealarimiz

Published

on


Amanda Toddni shaxsan tanimayman. U qo‘shnim emas, millatdoshim emas, internet orqali tanishganim ham emas. Lekin… u mening xotiramda tirik. Uning fojeasini unuta olmayman. Ijtimoiy tarmoqlarda u haqidagi ma’lumotlargami yoki filmgami ko‘zim tushsa  vaqti-vaqti bilan yuragimda «uxlab yotgan» alam uyg‘otadi.

Nega uni yaxshi taniyman va begona qiz menga qadrdondek bo‘lib qolgan?

Amanda Mishel Todd 15 yoshli kanadalik qiz o‘z joniga qasd qilish oqibatida halok bo‘lgan kiberbulling qurboni edi. U internetda tanishgan notanish odamning shantaj va ta’qibi oqibatida maktabda o‘quvchilar tomonidan qilingan mazaxlarga chiday olmagan. O‘limidan bir oy oldin, Todd YouTubeda video joylashtirgan, unda u jonli efirda flesh -kartalardan foydalangan (qog‘ozga nima uchun o‘z joniga qasd qilganini birma-bir yozib chiqqan 9 daqiqalik video). Video uning o‘limidan keyin virusga aylandi,  xalqaro ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi. Video  2012-yil 7sentyabrda yuklangan, 2025-yil 4 iyul holatiga ko‘ra 15,5 million marta ko‘rilgan. Toddning o‘z joniga qasd qilishi xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan. Todd va boshqa zo‘ravonlik qurbonlarini xotirlash maqsadida Kanada bo‘ylab va xalqaro miqyosda bir qator hushyorlik marosimlari o‘tkazilgan – yakuniy vidolashuv marosimida 600 kishi yig‘ildi. Kerol Todd yig‘ilishga qizi Amanda «dunyoni hayratda qoldirgan va uning ko‘zlarini, quloqlarini va qalblarini ochishga majbur qilgan hayotdan ham kattaroq xabarni» qoldirganini aytdi. Kerol Todd, bugungi kunda ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan yoshlar uchun zo‘ravonlikka qarshi ma’lumot va dasturlarni qo‘llab-quvvatlash uchun xayr-ehson fondiga rahbarlik qiladi.

foto: THE CANADIAN PRESS

«Vankuvyer» jurnali Todd haqidagi maqolani «Dunyoni uyg‘otgan qiz» deb nomladi. 2012 yilda u Google eng ko‘p qidirilgan uchinchi odam edi va 2013-yilga kelib shu qiz tufayli 38 ta davlatda hushyorlik marosimlari o‘tkazilgan.  

2015-yil 9 martda Kanadada kiberbullingga qarshi qonun kuchga kirdi. U asosan voyaga yetmaganlarni himoya qilish sifatida ilgari surilgan, biroq barcha yoshdagilar uchun amal qiladi.  

Yana o‘sha savolni qaytaraman: men nima uchun butunlay o‘zim bilmagan qizning fojeali o‘limiga achindim va u menga qadrdon? Chunki uni angladim. Hujjatli filmlar, u haqdagi ma’lumotlar va hali hamon uni eslab marosimlar o‘tkazilayotgani tufayli u menga yaxshi tanish. U o‘zini qanday his qilganini, qanday yolg‘iz bo‘lganini, nimadan qo‘rqqanini, nimaga umid bog‘laganini ko‘rdim. Shu sabab, men uni yaxshi ko‘rib qoldim. Menda uni unutish imkoni yo‘q – chunki u inson sifatida qalbimga kirib ulgurdi.

Yana o‘sha savol: qanday qilib dunyoning u chekkasidagi bu qiz mening qalbimdan joy oldi?  

Chunki uning jamiyatidagilar «boshqa Amandalar bo‘lmasin» deya harakat qilishmoqda, unutmasligim uchun to‘xtamayapti…

Yoki Jeysi Li Dyugar deb internetga yozsangiz, qator ma’lumotlar chiqib keladi. 11 yoshida o‘g‘irlanib 18 yil asirlikda yashagan bu qiz ozod bo‘lganidan so‘ng kitob yozdi, odamlar u orqali zo‘ravonlikning yuzaga kelish mexanizmlarini anglashdi. U tashkil qilgan fond minglab jabrlanuvchilarga yordam bermoqda.

Yoki Googlega Sabina Dardenn, deb izlang. Belgiyalik Sabina 12 yoshida o‘g‘irlab ketilgan va «12 yoshimda vileosipedimga o‘tirdim va maktabga ketdim» degan kitobi 22 tilga tarjima qilingan. Gabbi Petito esa sayohatga chiqqanda o‘ldirilib ketiladi, u haqda seriyali hujjatli film ishlab chiqariladi – «Gabbi Petito tarixi».

 «Gabbi Petito tarixi» filmidan kadr.

Ha shunday, ularning har biri haqida hujjatli filmlar, ilmiy tadqiqotlar, hatto san’at asarlari yaratildi, albatta xorijda…

Ha shunday, G‘arbda fojealar jamiyatni uyg‘otadi – so‘nggi 20-30 yillik tarixda juda ko‘p ayanchli voqealar faqat shaxsiy dard bo‘lib qolmadi. Ular tarixga aylandi, jamoatchilik harakatiga aylandi, hatto qonun o‘zgarishini keltirib chiqardi.

Bizda ham shunday fojealar bo‘layapti: yaqinginada hujrada oyoqlari momataloq ko‘kargan bola, bog‘chada qiynoqqa solingan va og‘ir ahvoldagi bola, tunov kuni ikki o‘smir qizning quchoqlashib yuqori qavatdan o‘zini tashlashi. Lekin ulardan hech biri mening xotiramda qolmaydi. Chunki men ularni tanimayman. Ikki qizning o‘zini birdaniga tomdan tashlashi, aslida juda katta fojea, ammo bu qizlarni biz tez unutib yuboramiz. Yoki bolajonlarning boshqalar tomonidan o‘lasi qilib kaltaklanishi, agar G‘arbda bo‘lganida allaqachon kinoga aylanardi. Ammo bizda ota-ona, maktab, tizim, hech kim hech nima demaydi. Faqat xabar, sovuq fakt, e’tiborsiz o‘tgan inson hayoti.

Sabablar ko‘p, lekin men uchun asosiysi biz inson haqida emas, fojea haqida gapiramiz. Biz inson xarakterini to‘liq berolmaymiz, dardini his qildirolmaymiz. Axir his qilmasak, xotira ham bo‘lmaydi.

G‘arbda fojealar tasvirlanadi – batafsil, hissiy.  Shuning uchun ham men u insonni «his qilaman», nafaqat men, balki butun dunyo ularni his qiladi va yaxshi ko‘radi, unutmaydi. Bizda esa faqat «sodir bo‘ldi», «o‘ldi», «suiqasd qildi» – hissiyot yo‘q.  

Xotira insoniylikdan tug‘iladi, achinmasang eslamaysan, eslamasang hech narsa o‘zgarmaydi. Fondlar-chi, ular nima uchun kerak, o‘sha fojening oldini olish va unutmaslik uchun kerak. Jeysi Dyugar yoki Amanda Toddning fojeasi orqasidan tashkil etilgan fondlar – ularning shaxsiy «dardni darsga aylantirish» harakatidir.

Meksikalik Miriam Rodrigesning 17 yoshli qizi narkokartellar tomonidan o‘g‘irlanadi. Politsiya harakat qilmaydi. Ammo qizning onasi Miriam, politsiyaga har bir jinoyatchini tutish uchun yordam beradi. «O‘g‘irlangan bolalar ota-onalari» fondini ochadi – maqsadim, boshqa qizlar o‘g‘irlanmasin, deydi o‘z intervyularida. Atrofi to‘la jinoyatchilar bo‘lgan jamiyatda yashayotgan bu ayol maqsadiga ozmi ko‘pmi erishadi, afsuski u 10 may Meksikada nishonlanadigan «Onalar kuni»da otib ketiladi.

Ha, shunday G‘arbda bir inson boshidan kechirgan zo‘ravonlik, tazyiq, suiqasd  jamiyat uchun ogohlikka aylanadi.

Bizda-chi, axir har bir unutilayotgan fojea – jamiyatning «men bunga chiday olaman» degan imzosidir. Kimdir bolani uradi, kimdir qizaloqqa zo‘rlik qiladi, kimdir o‘quvchini kamsitadi. Va… javobgarlik yo‘q.

Chunki jamoatchilik unutadi, juda tez esdan chiqaradi. Axir faqat zo‘ravon emas, biz jim turganlar ham javobgar emasmizmi? Jabrni yashirish, jamiyatning haqiqatdan qochishi emasmi? Jabrlanuvchilarni unutib yashaydigan jamiyat o‘zining kelgusi qurbonlarini tayyorlayotgani emasmi?

Nima uchun G‘arbdagi ayanchli voqealar faqat bir martalik «fojea» bo‘lib qolmaydi? Nega ular tarixga aylanadi, film bo‘ladi, adabiyotga kiradi, jamiyatni o‘zgartiradi, yodga olinadi? Nega bizda esa har bir fojea bir kunlik shov-shuv, ertasi kun unutilgan xabar bo‘lib qoladi?

Chunki G‘arbda fojealar orqali insonni to‘liq obraz sifatida tasvirlaydi.
Bizning muhokamalar esa faqat sovuq faktlardan iborat. Shuning uchun ham jamiyatda ta’sir kuchi yetarli emas.

Nima qilish kerak?  

Jabrlanuvchilarni himoya qiluvchi fondlar – bolalar va ayollar huquqini himoya qiluvchi, psixologik va huquqiy yordam beruvchi markazlar tuzish kerak, to‘g‘ri bor ammo natija kam. Birorta ota yoki ona jabrlanuvchining haqiqat uchun yugurganini, kitoblar yozganini ko‘rmadim, axir zo‘ravonlik ko‘rgan ayol kitob yozsa, tajribalari boshqalarga asqotmaydimi? Farzandi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ona fond ochsa boshqa onalar sergak tormaydimi?

Yana bir muammomiz, har bir fojea yuzasidan ochiq tahlillar tayyorlanmaydi. Maktablarda, OAVda, huquq idoralarida tahlil va hisobot mexanizmlarini joriy etish, axborot madaniyatini yangilash, ya’ni jurnalistlar va OAVlarda faqat sensatsiya emas, foydali axborot berish majburiyatini shakllantirish kerak…

Maqolani yozish asnosida shu mavsumda 7 nafar bolaning cho‘kib ketgani haqidagi xabarga ko‘zim tushdi, ikkitasi vafot etibdi, besh nafari esa og‘ir ahvolda, xabarning oxirida esa avvalroq Parkentda uch nafar voyaga yetmagan bolaning cho‘kib ketgani haqida xabar bergandik, degan ma’lumot… Axir bular ham tarixga kiradigan, internetni kovlasang chiqib keladigan unutilmas fojea emasmi?

Nima uchun bizda bunday voqealar tez unutiladi? Nega bizning jamiyat qayg‘uni ochiq muhokama qilolmaydi? Nega har bir fojea «minglardan biri»ga aylanib ketaveradi? Bu savollar javobsiz qolsa, ertaga yana boshqa bola, boshqa qiz, boshqa  go‘dak – jamiyatning e’tiboridan chetda qoladi.  Bunday jamiyatda har kuni yangi fojea yangilik bo‘ladi, lekin hech biri tarix bo‘lmaydi, unutiladi va fojealar ko‘paygandan ko‘payaveradi.

Men nima uchun Amandani yaxshi ko‘rib qolganman yoki nega Jeysi Li Dyugarni unutolmayman… Sababi ular haqida kinofilmlar, kitoblar, fondlar bor. Sababi ularni unutishimizga yo‘l qo‘ymaydigan doimo harakatda, haqiqat uchun kurashuvchi ota-onalari bor, jamiyati bor.

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi

Published

on


Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi. 

Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.

Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi. 



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi

Published

on


Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.

Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi

Published

on


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.

Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.

«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.

Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi

Published

on


2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.

Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.

Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.

Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda 13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi

Published

on


2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonida 13 mingga yaqin nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test topshirmasdan, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.

2026/2027-o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5–25 iyun kunlari davom etdi. Bu davrda 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan fuqarolardir.

Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari erkaklarni tashkil etgan. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan 24 526 ta milliy va xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 64 ta yirik sig‘imli bino tayyorlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.