Jamiyat
Jeffri Epshteyn fayllarini ko‘rish ruhiy salomatlikka jiddiy xavf
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Jeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liq juda og‘ir kontentlar tarqalayapti va bu asab tizimingiz uchun juda xavfli.
Vikar jarohati nima?
Psixologiyada “vikar jarohati” tushunchasi mavjud, soddaroq aytganda bu boshqalarning azob-uqubatlari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish yoki eshitish orqali siz olayotgan ruhiy jarohat. Siz bevosita qurbon bo‘lmasangiz ham, miyangiz xuddi o‘zingiz boshdan kechirayotgandek reaksiya beradi. Bu fantaziya yoki haddan ortiq ehtiyotkorlik emas, ko‘plab ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan nevrologik jarayon.
Bunday kontentni tomosha qilganda miyada stress gormonlari oshib ketadi, ya’ni kortizol va adrenalin. Buning natijasida esa uyqu buziladi va vahimali, xavotirli tushlar ko‘rish boshlanadi, doimiy qo‘rquv va bezovtalik hissi paydo bo‘ladi. Yaqinlarga, ayniqsa bolalarga ortiqcha xavotir bilan qarash, odamlarga ishonchning yo‘qolishi, depressiya belgilarining paydo bo‘lishi, hamda “empatiya charchog‘i” yuzaga keladi.
“Bilishim kerak” tuyg‘usi — bu psixologik tuzoq.
Ko‘pchilik “hamma ko‘rayaptiku, men ham haqiqatni bilishim kerak”, deb o‘ylaydi. Bu psixologiyada FOMO deb ataluvchi hodisa. Lekin, bu fayllarni ko‘rish sizning hayotingizga hech qanday foyda keltirmaydi. Siz uni ko‘rganingiz bilan adolat tezroq qaror topib ham qolmaydi, eng achinarlisi esa qurbonlarga yordam ham bermaydi. Afsuslar bo‘lsinki, faqatgina psixologik salomatligingiz jiddiy zarar ko‘rgani qoladi.
Oqibatlari qanday?
Bunday og‘ir kontentlarni ko‘rish va qiziqish ta’siri bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar orqali mijozlarda nafaqat uyqu va tushlarning buzilishi yoki bezovtalik, xavotir, depressiv belgilar kuzatilgan, balki tasvirlarni miya uzoq muddat saqlashi aniqlangan. Siz xohlasangiz ham uni unutolmaysiz, eng yomoni esa ular eng kutilmagan paytlarda, turmush o‘rtog‘ingiz bilan tinch suhbatlashib o‘tirganingizda, bolangizni quchoqlaganingizda, tinch dam olayotganingizda xayolga kelaveradi.
Birinchi va eng muhim qoida: bu fayllarni hech qachon ochmang. Bu zaiflik emas, aksincha donolik va o‘z psixologik salomatligingizni qadrlash intizomi. Siz o‘z oilangiz, ishingiz, jamiyat uchun ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lishingiz kerak.
Agar allaqachon ko‘rgan bo‘lsangiz o‘zingizni ayblamang.
Yaqinlaringiz bilan gaplashing (lekin tafsilotlarsiz, faqat hissiyotlaringiz haqida gaplashing). Jismoniy faollik bilan shug‘ullaning, yugurish, sport zaliga borish, tabiatda yurish orqali, bu stress gormonlarini kamaytiradi. Uxlashdan oldin telefonga qaramang, tinchlantiruvchi musiqa tinglang. Agar yuqoridagi belgilar davom etaversa mutaxassisga murojaat qiling, bu uyatli narsa emas.
Ijtimoiy tarmoqlaringizni tozalash vaqti kelganini yana bir bor o‘ylab ko‘ring. Shov-shuvli, shokli kontent tarqatuvchi sahifalarni, blogerlarni o‘chiring. Ekran vaqtini kamaytiring (kuniga 2 soatdan oshmasin). Ishonchli, ijobiy kontentga obuna bo‘ling. Bolalaringizni ham bunday kontentlarni ko‘rishdan himoya qiling — bu juda muhim.
Ularning telefonlarida ota-ona nazorati funksiyasini faollashtiring. Yosh me’yoriga mos ilovalar va brauzerlarni o‘rnating. Internetda xavfsizlik qoidalari haqida ochiq gaplashing. Bu masalada o‘zingiz namuna bo‘ling, bolalar oldida telefonga kamroq qarang.
Qachon tezda psixologik yordam kerak?
Ruhiy buzilishlarni tashxislash uchun xalqaro standartga ko‘ra, agar siz yoki yaqinlaringiz quyidagi belgilarni ikki haftadan ortiq sezsangiz, kechiktirmang: uyqu buzilishida, doimiy qo‘rquv, vahima xurujida, bolalaringizdan ajralib qolishdan qattiq qo‘rqishda, hamma odamlarga birday ishonsizlikda, depressiya belgilari kuzatilsa, ya’ni hech narsaga qiziqmaslik, kulgu va zavqning kelmasligida, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish fikrlarida, ya’ni bu holatlar kuzatilganida mutaxassis yordami shart!
Xullas, dunyoda yaxshilik ham, yomonlik ham bor. Biz bundan to‘la xalos bo‘lolmaymiz. Chunki, bu bizning nazoratimizda emas, ya’ni aynan faqat sizning nazoratingizda emas. Biz dunyodagi barcha yomonliklar haqida bilishimiz bizning xavfsizligimizni ta’minlamaydi va barcha yomonlikni ko‘rish yoki bilish shart emas.
Adolatni, insoniylik va ezguliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zingizni azoblashingiz, jarohatlashingiz kerak emas. Haqiqiy kuchingiz ruhiy salomatligingizni saqlash, hayotning nurli tomonlarga e’tibor berish, yaqinlaringizga g‘amxo‘rlik qilishda…
Madina Miytan, psixolog
Jamiyat
Muzrabotning jinoyatda gumonlangan sobiq hokimi davlat ishiga qaytdi
2018-2022 yillarda Muzrabot tumaniga rahbarlik qilgan Erkin Alimov yangi lavozimga tayinlandi. 2022 yilda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Sobiq hokim 1,7 mlrd so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib berishda va boshqa jinoyatlarda ayblangan. Ushbu jinoyat ishi yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmagan.
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Bugun, 6 iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Jovdatxon Inagamov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda Erkin Jo‘rayevich Alimov uyushmaning Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangani e’lon qilingan.
Erkin Alimov tayinlovga qadar xususiy sektorda faoliyat yuritib kelgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Erkin Alimov 2018 yil iyulidan 2022 yil sentabrga qadar Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimi lavozimida ishlagan.
2022 yil noyabrida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Sobiq hokim Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddalari (mansab soxtakorligi) bilan ayblangandi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida sobiq hokim Muzrabot tumanidagi umumiy qiymati 1,7 mlrd so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib bergani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, tumandagi banklar Erkin Alimovning yaqin qarindoshlari nomiga 166 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratgan bo‘lib, ularning katta qismi muammoli kreditga aylangan.
«Hozir bank muassasalari tomonidan o‘z vaqtida to‘lovlari amalga oshirilmagan 121 mlrd 406 mln. so‘mlik kredit mablag‘larini undirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda», – deyilgandi xabarda.
Bundan tashqari, «Surxondaryodonmahsulotlari» AJda olib borilayotgan taftish davomida sobiq hokim ishtirokida qiymati 35 mlrd so‘mlik 9,6 ming tonna don talon-toroj qilingani aniqlangan.
Ushbu jinoyat ishi yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar berilmagan.
Jamiyat
1 kilogramm palov qanchaga tushadi?
Jamiyat | 10:36
2016
2 daqiqa o‘qiladi
Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston hududlarida 1 kilogramm palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar qiymatini hisoblab chiqdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, eng yuqori qiymat Toshkent shahrida, eng past ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan.
Foto: arbuz.com
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 1 kilogramm palov tayyorlash uchun mahsulotlar qiymati hududlar kesimida quyidagicha:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 105 215 so‘m;
Andijon viloyati — 114 625 so‘m;
Buxoro viloyati — 116 578 so‘m;
Jizzax viloyati — 116 675 so‘m;
Qashqadaryo viloyati — 118 582 so‘m;
Navoiy viloyati — 117 750 so‘m;
Namangan viloyati — 116 536 so‘m;
Samarqand viloyati — 120 721 so‘m;
Surxondaryo viloyati — 118 624 so‘m;
Sirdaryo viloyati — 112 222 so‘m;
Toshkent viloyati — 120 548 so‘m;
Farg‘ona viloyati — 123 759 so‘m;
Xorazm viloyati — 116 010 so‘m;
Toshkent shahri — 126 807 so‘m.
Hisob-kitoblar quyidagi mahsulotlar asosida amalga oshirilgan:
kungaboqar yog‘i — 0,3 litr;
piyoz — 300 gramm;
mol go‘shti — 700 gramm;
sabzi — 1 kilogramm;
lazer guruchi — 1 kilogramm;
no‘xat — 100 gramm;
zira — 10 gramm;
osh tuzi — 20 gramm.
Milliy statistika qo‘mitasi ta’kidlashicha, mazkur qiymatlar palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar narxi asosida hisoblangan. Ular hududlarda tayyor holda sotilayotgan 1 kilogramm palovning bozor narxini ifoda etmaydi.
Jamiyat
Katta Chimyon tog‘ida oyog‘i lat yegan fuqaro qutqarib qolindi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘iga sayrga chiqqan fuqarolardan biri oyog‘idan jarohat olib, mustaqil harakatlana olmay qoldi. Hodisa joyiga yetib borgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari unga amaliy yordam ko‘rsatib, xavfsiz hududga olib chiqdi.
Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa haqidagi xabar kuni kecha soat 16:35 da 112 yagona dispetcherlik xizmati orqali Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga kelib tushgan.
Ma’lum qilinishicha, Bo‘stonliq tumanidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish uchun chiqqan uch nafar fuqarodan birining oyog‘i lat yegani oqibatida u mustaqil harakatlana olmay qolgan va qutqaruvchilar yordamiga muhtoj bo‘lgan.
Xabar olinishi bilan Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirgan.
Qutqaruvchilar jarohatlangan fuqaroga zarur amaliy yordam ko‘rsatib, uni xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonning aksariyat qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 30-35°.
Toshkentda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 30-32° bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘lishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 17-22° bo‘ladi.
Jamiyat
Qaysi holatlarda xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi?
Jamiyat | 12:14
1863
1 daqiqa o‘qiladi
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar va old o‘rindiqdagi yo‘lovchilar harakatni boshlashdan avval xavfsizlik kamarini taqishi shart. Shu bilan birga, ayrim toifadagi shaxslar uchun mazkur talabdan istisnolar belgilangan.
Foto: Getty Images
Qonunchilikka muvofiq, xavfsizlik kamarini taqmaslikka quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:
avtomobilning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga;
o‘quv-mashq transport vositasini o‘quvchi boshqarayotgan vaqtda avtomototransport yoki shahar elektr transportini boshqarishni o‘rgatuvchi amaliy mashg‘ulotlar instruktoriga;
homilador ayollarga hamda sog‘lig‘i tufayli xavfsizlik kamarini taqishi mumkin bo‘lmagan bemorlarga;
xizmat vazifasini bajarayotgan, ko‘k yoki qizil (yoki ikkalasi birgalikdagi) yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan hamda maxsus rangli bo‘yoq sxemasi va yozuvlarga ega transport vositalari haydovchilari va yo‘lovchilariga.
Qolgan barcha holatlarda haydovchi va old o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun xavfsizlik kamarini taqish majburiy hisoblanadi. Bu talab yo‘l-transport hodisalari oqibatida jarohatlanish va halok bo‘lish xavfini kamaytirishga qaratilgan.
-
Dunyodan4 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Siyosat3 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Mahalliy4 days ago
Yosh ixtirochi qizga Prezident sovg‘asi — Volkswagen elektromobili topshirildi
