Jamiyat
Yo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yo‘l talashgan va ayol haydovchini haqorat qilgan erkak ma’muriy jazoga tortildi.
Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea 8 iyun kuni sodir bo‘lgan. 41 yoshli haydovchi M.Sh. (erkak) hamda 34 yoshli T.F. (ayol) o‘rtasida yo‘l harakatidagi kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqan. So‘ngra erkak uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.
Holat yuzasidan M.Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ayblanib, 15 sutkaga qamaldi. Ayolga himoya orderi berildi.
«Bundan battar so‘kinishlar, haqoratlar bo‘lgan, telefonimni qo‘limdan yulib olib, telefonni bermasliklar… Men ertalabdan beri titrab, o‘zimga kela olmayapman», dedi ayol suddagi ko‘rsatmasida.
«Men kechirim so‘rayman. Boshqa qaytarilmaydi bunaqa narsa. Hurmat qilib, to‘g‘ri yuraman. Jahlni jilovlab, keyin ko‘chaga chiqishni o‘rganaman. Bunaqa narsa boshqa bo‘lmaydi», dedi haydovchi.
Jamiyat
Prezident O‘zbekistondagi yangi elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi
28-iyul kuni Ko‘ksaroy qarorgohida xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilarining ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Italiya, Falastin, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Jazoir, Malayziya, Pokiston, Ozarbayjon va Qozog‘istonning favqulodda va muxtor elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlat rahbari diplomatlarni Yangi O‘zbekistondagi faoliyati boshlangani bilan tabriklar ekan, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda diplomatiyaning o‘rni va ahamiyati har qachongidan ham ortib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, har bir mamlakat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga alohida to‘xtaldi.
Jumladan, Italiya bilan «yashil» energetika, metallurgiya, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, ta’lim va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar yuqori baholandi. Shuningdek, Lombardiya va Toskana hududlari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Falastin elchisi bilan muloqotda O‘zbekiston Isroil–Falastin mojarosini «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida hal etish tarafdori ekani yana bir bor tasdiqlandi. Shuningdek, mamlakatimiz Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida G‘azoni qayta tiklashga ko‘maklashishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik namunaviy darajaga chiqqanligi, ikki davlat o‘rtasida umumiy qiymati 25 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllangani qayd etildi. Tibbiyot, farmatsevtika va «yashil» energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Haj va Umra ziyoratlari uchun yaratilayotgan sharoitlar yuksak baholandi.
Kuvayt bilan investitsiya, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, neft-kimyo tarmog‘i hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Jazoir bilan neft-gaz, energetika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, Hukumatlararo qo‘shma komissiya tashkil etish hamda Imtiyozli savdo bitimini imzolash muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Malayziya bilan yarim o‘tkazgichlar sanoati, neft-kimyo, islom moliyasi va ziyorat turizmi kabi istiqbolli sohalarda sheriklikni kengaytirish bo‘yicha katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Pokiston bilan strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, Toshkent–Karachi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarini rivojlantirish, Transafg‘on transport yo‘lagini amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi, energetika, to‘qimachilik, farmatsevtika va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Ozarbayjon bilan munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga chiqqanligi, savdo aylanmasi 40 foizga oshgani, qo‘shma korxonalar soni qariyb 450 taga yetgani ma’lum qilindi. Tomonlar investitsiya portfelini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Qozog‘iston bilan ham savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish, qiymati 8 milliard dollarlik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda «Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini to‘liq ishga tushirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Marosim yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilarga diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilab, ularni O‘zbekiston hududlari va xususiy sektor bilan faol ishlashga, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda bunyodkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishishga chaqirdi. Elchilar esa O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun bor imkoniyatlarini safarbar qilishlarini bildirdilar.
Jamiyat
O‘zbekistonda Bolalar farovonligi indeksi ishlab chiqiladi
O‘zbekistonda bolalarning hayot sifati va huquqlarini baholashga xizmat qiladigan Bolalar farovonligi indeksi joriy etiladi.
«Inson huquqlari – 2030» strategiyasiga muvofiq, Bolalar ombudsmani, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi 2027-yil 1-aprelga qadar mazkur indeksni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Hujjatda qayd etilishicha, indeksni joriy etishdan maqsad mamlakatda «Bolaning eng yaxshi manfaatlari» prinsipini hayotga tatbiq etish va bolalarning farovonlik darajasini tizimli baholash mexanizmlarini shakllantirishdan iborat.
Jamiyat
Ichimlik suvi narxlarini tasdiqlash vakolati Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimi yanada yaxshilanadi.
«Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–140-son, 24.07.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan «O‘zsuvta’minot» AJ (Jamiyat)ga foydalanish uchun topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari «Dasturlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va manzilli ro‘yxatlarni kelishishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi» elektron platformasida aks ettiriladi.
Jamiyat va uning tizim korxonalari o‘rtasida shartnomaviy munosabatlarni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tor doiradagi malaka oshirish, o‘qitish va ekspluatatsiyaga oid shartnomaviy munosabatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi.
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XMI/XHMT) qarz va grant mablag‘lari oldindan xarid, retroaktiv va shu kabi boshqa moliyalashtirish usulini tanlagan holda jalb qilinadi.
2027-yil 1-yanvardan:
-markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki o‘zini oqlamaydigan hududlarda xizmat ko‘rsatish alohida yondashuv asosida (maxsus texnikalarda suv yetkazib berish, shoxobchalarni tashkil etish va shu kabilar) amalga oshiriladi.
-tarif siyosatini takomillashtirish maqsadida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi.
Jamiyat
Nukusdagi barcha ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy obyektlar markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi qozonxonani kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror issiqlik bilan ta’minlash, tizimda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish – muhim vazifa.
Bugungi kunda Nukus shahridagi 47 ta ko‘p qavatli uy markaziy isitish tizimiga ulangan, yana 270 ta uy lokal isitish tizimidan foydalanmoqda. Qolgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar turli qo‘lbola isitish vositalari orqali isitilmoqda. Bunday vositalar ko‘p energiya sarflashi bilan birga odamlar salomatligi va hayoti uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Shahardagi mavjud markaziy qozonxona 1976-yilda qurilgan bo‘lib, hozirda asosan ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatmoqda. Uning uskunalari ma’nan va jismonan eskirgan, energiya samaradorligi esa past.
Hozirgi qozonxonada 1 gigakaloriya issiqlik ishlab chiqarish uchun qariyb 153 kub metr tabiiy gaz va 30 kilovatt-soat elektr energiyasi sarflanmoqda. Uning amaldagi quvvati soatiga atigi 1,6 gigakaloriyani tashkil etadi.
Taqdimotda ushbu qozonxonani davlat-xususiy sheriklik asosida kogeneratsiya texnologiyalari bilan modernizatsiya qilish loyihasi ko‘rib chiqildi.
Kogeneratsiya texnologiyasi bitta yoqilg‘i manbaidan bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu resurslardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlari va atrof-muhitga chiqariladigan zararli moddalarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida soatiga 34,4 gigakaloriya issiqlik va 21,5 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy majmua barpo etiladi.
Shuningdek, 28 kilometr issiqlik tarmog‘i tortilib, 189 ta individual issiqlik punkti o‘rnatiladi. Ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy obyektlarning ichki isitish tizimlari tiklanadi, zarur gaz va elektr infratuzilmasi yangilanadi.
Birinchi bosqichda 136 ta ko‘p qavatli uydagi qariyb 6 ming xonadon, ya’ni 23 ming nafar aholi hamda 40 ta ijtimoiy soha obyekti markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan qamrab olinadi. Keyingi bosqichlarda Nukus shahridagi barcha ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarini markazlashgan issiqlik tizimiga ulash ko‘zda tutilgan.
Loyihaning dastlabki bosqichiga 20 million dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinib, majmuani 2028 yil fevral oyida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Modernizatsiya natijasida qozonxonaning foydali ish koeffitsiyenti 80 foizdan 91 foizga oshadi. Issiqlik ishlab chiqarish hajmi bir necha o‘n barobar ko‘payib, yiliga 172 ming megavatt-soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Yiliga 12,2 million kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi ham sezilarli qisqaradi.
Yangi majmuada 19 ta ish o‘rni yaratiladi. Soha xodimlarining zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va uskunalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha malakasi oshiriladi.
Davlatimiz rahbari loyihani amalga oshirishda, eng avvalo, aholi uchun barqaror, xavfsiz va sifatli issiqlik ta’minotini yaratish, qurilish ishlarini belgilangan muddatda va yuqori sifatda bajarish zarurligini ta’kidladi.
Loyiha ijrosini muvofiqlashtirish va barcha infratuzilma masalalarini o‘z vaqtida hal qilish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar qo‘yildi.
Shuningdek, Nukus shahridagi mazkur tajriba asosida keyinchalik Buxoro, Samarqand, Urganch va Zarafshon shaharlaridagi qozonxonalarni ham kogeneratsiya va trigeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Jamiyat
Toshkentdagi «Chinor» metrosi yana ochiladi — bekatda nimalar o‘zgardi?
Toshkent metropolitenining rekonstruksiya ishlari sabab vaqtincha yopilgan «Chinor» metro bekati 29 iyul kuni soat 05:00 dan boshlab yana yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Bekatda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30 apreldagi topshirig‘i asosida keng ko‘lamli rekonstruksiya va kengaytirish ishlari amalga oshirildi.
Rekonstruksiya jarayonida bekatning kirish va chiqish qismlari sezilarli darajada kengaytirildi. Turniketlar soni 6 tadan 13 taga yetkazildi. Shuningdek, avval yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirgan o‘tish yo‘laklari qayta loyihalashtirilib, bekatdan bekatga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tish imkoniyati yaratildi.
Bekat avval kuniga o‘rtacha 15 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkich 35–40 ming nafarga yetishi kutilmoqda.
Toshkent metropoliteni rekonstruksiya ishlari yakunlangani munosabati bilan yo‘lovchilarga qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni davom ettirishini ma’lum qildi.
-
Jamiyat4 days ago
Namanganda qarzdorning qimmatbaho avtomashinasi xatlandi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Bank depozitlari bir yilda 118 trln so‘mga ko‘paydi
-
Dunyodan5 days agoRossiya jinoiy javobgarlikka tortilgan muhojirlarga fuqarolikni rad etadi
-
Dunyodan2 days ago
Yaponiyalik ayollar 41 marta rekord o’rnatdilar
-
Sport4 days ago
Abduqodir Husanov «Manchester City» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirdi
-
Dunyodan4 days ago
Afg‘onistondagi suv toshqinlarida 20 kishi halok bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Bir necha kun ko‘tarilgan dollar birdan keskin pastladi
-
Jamiyat21 hours agoIchimlik suvi narxlarini tasdiqlash vakolati Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi
