Connect with us

Mahalliy

«Yangi O‘zbekiston yoshlari–2030» strategiyasi taqdimoti doirasida «TOP-100 kitobxon» tanloviga start berildi

Published

on


Yurtimizda yoshlar siyosati izchil yangilanib, amaliy natijalarga yo‘naltirilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Ana shu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida bugun Yoshlar ishlari agentligi tomonidan «Yangi O‘zbekiston yoshlari–2030» strategiyasining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tadbir yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim platformaga aylandi.

«Yoshlar ijod saroyi» hududida tashkil etilgan maxsus maydonda ishtirokchilar tadbirkorlik, startaplar, zamonaviy kasblar, ta’lim markazlari va xorijiy tillar bo‘yicha imkoniyatlar bilan tanishishdi. Shuningdek, «TOP-100 kitobxon» tanloviga start berilib, mutolaa madaniyatini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev strategiyaning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Qayd etilganidek, mazkur hujjat mamlakatda yoshlarga oid ilk yaxlit strategik dastur hisoblanadi.

Strategiya doirasida har yili 600 ming yoshni ish bilan ta’minlash, 900 ming nafarini volontyorlikka jalb qilish, 450 ming yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajaga yetkazish kabi vazifalar belgilangan. Ta’lim sohasida chekka hududlarda o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash va soliq imtiyozlari berish rejalashtirilmoqda.

Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida grantlar ajratish, yoshlarni davlat tashkilotlarida amaliyotga jalb qilish, ijodkorlar uchun maxsus mukofotlar joriy etish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, yoshlar salomatligini mustahkamlash, psixologik xizmatlarni rivojlantirish va sport bilan shug‘ullanish ko‘rsatkichlarini oshirish ham ustuvor vazifalardan sanaladi.

Xalqaro yo‘nalishda esa 100 ming nafar yoshlarning global dasturlarda ishtirokini ta’minlash, nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.

Umuman olganda, «Yangi O‘zbekiston yoshlari–2030» strategiyasi yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan, mamlakat kelajagini belgilab beruvchi muhim dastur sifatida namoyon bo‘lmoqda.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Ko‘kdalada payhon bo‘lgan lolami yoki lolaqizg‘aldoq?

Published

on


Yaqinda Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanidagi qizg‘aldoqzorning payhon qilinishi katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ammo bu voqeada bir muhim jihat e’tibordan chetda qoldi: deyarli barcha nashrlar va blogerlar qizg‘aldoqzorni «lolazor» deb atashdi. Bu shunchaki tilshunoslikdagi xato emas, balki mohiyatning va huquqiy mas’uliyatning butunlay o‘zgarishidir. Mashinalarning qizg‘aldoq o‘sgan dala o‘rtasida yurgan videosini dastlab oddiy odamlar tarqatdi, lolazor deya. Keyin Qashqadaryo viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi «e, to‘xta bu lolazor emas, balki qizg‘aldoq o‘sadigan joyku», deb xatoni to‘g‘irlash o‘rniga «lolazor»ni payhon qilganlarga qanday chora ko‘rilgani haqida rasmiy munosabat chiqardi.

  

Undan keyin barcha-barcha nashrlar qizg‘aldoqni lolaga aylantirib butun dunyo bo‘ylab tarqatdi. Va aprelning bir sanasi qizg‘aldoq lolaga aylangan kun hisobida tarixga muhrlandi.

Nima farqi bor, har qanday o‘simlikni payhon qilish noto‘g‘ri-ku, demoqchisiz. Ammo o‘simlik turlari chalkashtirilib «payhon» bo‘lishi-chi? Agar jamoatchilikka har qanday qizil gul «lola» deb tanishtirilaversa, odamlarda haqiqiy yovvoyi lolalar (masalan, Greyg yoki Kaufman lolalari) va oddiy lolaqizg‘aldoq o‘rtasidagi farq yo‘qoladi. Lola va lolaqizg‘aldoq bir-biriga o‘xshasada ular turli oilalarga mansub, mutlaqo boshqa-boshqa o‘simliklar.  

Qolaversa, «lola» so‘zida katta jarima va javobgarlik yuki bor. O‘zbekistonning yovvoyi lolalari aksariyat hollarda «Qizil kitob»ga kiritilgan, kamyob va davlat muhofazasidagi o‘simliklar hisoblanadi. Ularni uzish yoki payhon qilish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka olib keladi. Qizg‘aldoq esa  tabiatda keng tarqalgan, hatto begona o‘t hisoblangan o‘simlikdir. Ammo uni begona o‘t bo‘lgani uchun bosib yanchish ham tabiatga bo‘lgan zo‘ravonlik. Buni albatta inkor qilmaymiz. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlar jurnalistning «lolazor payhon bo‘ldi» degan xabariga asoslanib ish ochsa-yu, ekspertiza u yerda oddiy qizg‘aldoq o‘sganini aniqlasa, bu OAVning, ekolog mutaxassislarning professionalligi va obro‘siga qattiq putur yetkazadi. Yana bir tomoni qizg‘aldoqzorni lolazor deb atash orqali OAV jamoatchilikda «ekologik fojia yuz berdi» degan vahimani uyg‘otadi. Bu jurnalistikadagi sensatsiya ketidan quvish illatining bir ko‘rinishi bo‘lib, axborotning aniqlik tamoyiliga ziddir. Natijada madaniyatsizlik va tartibsizlik holati og‘ir ekologik jinoyatdek ko‘rsatiladi.

Ikkinchidan, atamaning «payhon» qilinishi — taqiqning mohiyatini susaytiradi. Jurnalist «Lolazor payhon bo‘ldi» deb bong urganda, o‘quvchi «Demak, lola shunchalik ko‘p va arzon ekan-da, u yerda mashina haydasa ham bo‘laverarkan» degan noto‘g‘ri tushunchaga boradi. Vaholanki, haqiqiy yovvoyi lola tog‘ bag‘ridagi noyob xazina bo‘lib, u yerga nafaqat mashina, balki odamning kirishi ham qat’iy nazoratda bo‘lishi kerak. Nomlarni aralashtirish odamlarda haqiqiy noyob turlarga nisbatan beparvolikni shakllantiradi.

     

Uchinchidan, bu kasbiy bepisandlik natijasidir. Nega biz «lolaqizg‘aldoqzor» so‘zidan qochamiz? So‘z uzunligi uchunmi yoki lola desak maqola ko‘proq o‘qiladi, yuki og‘irroq bo‘ladi, deb o‘ylaymizmi? Oddiy aholi botanik farqlarni mukammal bilishi shart emasdir, lekin jurnalist yoki ekolog mutaxassislar o‘simlik turini noto‘g‘ri aytishga umuman haqqi yo‘q. O‘rikni shaftoli, olmani olxo‘ri deb atash qanchalik mantiqsiz bo‘lsa, qizg‘aldoqni lola deyish ham katta xato hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llamaslik shunchaki lingvistik xato emas, balki atrof-muhitga bo‘lgan yuzaki munosabatning ko‘rinishidir. Qizg‘aldoq va lolani chalkashtirish orqali biz noyob tabiat boyliklarimizning qadrini pasaytiramiz va jamiyatda noto‘g‘ri tushuncha shakllanishiga sabab bo‘lamiz. Haqiqiy madaniyat va tabiatni asrash — har bir narsani o‘z nomi bilan atash, har bir so‘z uchun mas’uliyatni his qilishdan boshlanadi.

Unutmang lola boshqa, lolaqizg‘aldoq boshqa, xuddi shaftoli va o‘rikdek…

Yana unutmang, lolazorniyam, qizg‘aldoqzorniyam, oddiy ko‘k o‘t o‘sadigan dalaniyam na mashinada na oyoqlar ostida toptashga hech kimning haqqi yo‘q…

Barno Sultonova

 

 

 



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Bugun tushlik qildingizmi?

Published

on


Zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda faqat nima yeyish emas, balki qachon yeyish ham salomatlik uchun juda muhim ekani ta’kidlanmoqda. Oxirgi yillarda AQSh va Yevropa olimlari tushlikni vaqtida qilish inson organizmi uchun katta ahamiyatga ega ekanini aniqlashdi.

1. Energiyani tiklaydi va ish qobiliyatini oshiradi

Tushlik kunning o‘rtasida organizmga yangi energiya beradi. Uzoq vaqt och yurish esa charchoq, asabiylik va diqqat pasayishiga olib keladi. Olimlar kun davomida muntazam ovqatlanish ish unumdorligini yaxshilashini qayd etmoqda. 

2. Miya faoliyati va diqqatni kuchaytiradi

Tushlik qilmagan odamlarda tushdan keyin diqqat tarqoqligi, qaror qabul qilishda qiyinchilik va xotira pasayishi ko‘proq kuzatiladi. Miya glyukozaga muhtoj bo‘lgani uchun tushlik uni qo‘llab-quvvatlaydi.

3. Vazn tashlashga yordam beradi

2024 yilda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, kaloriyali taomlarni aynan tushlik vaqtida qabul qilish va ovqatlanish vaqtiga e’tibor berish vazn kamayishiga yordam berishi mumkin. Bu degani tushlikni o‘tkazib yuborish emas, balki uni to‘g‘ri vaqtda qilish muhim. 

4. Qondagi shakar miqdorini barqaror ushlaydi

Tushlikni o‘tkazib yuborish ba’zi odamlarda kechqurun haddan tashqari ko‘p ovqat yeb qo‘yishga sabab bo‘ladi. Bu esa qonda shakar keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Muntazam tushlik metabolizmni barqarorlashtirishga yordam beradi. 

5. Kechki ovqatni me’yordan ortiq yeyishni kamaytiradi

Tushlik qilmagan inson kechqurun qattiq och qoladi va ko‘proq kaloriya iste’mol qiladi. Ilmiy kuzatuvlarda bu holat vazn ortishiga olib kelishi aniqlangan.

6. Asab tizimiga ijobiy ta’sir qiladi

Ochlik gormonlari stressni kuchaytirishi mumkin. Vaqtida tushlik qilish esa kayfiyatni barqaror ushlab turishga yordam beradi.

Mutaxassislar tushlikda oqsilga boy mahsulotlar, jumladan, tovuq, baliq, tuxum, loviya, murakkab uglevodlardan grechka, guruch, qora non, sabzavotlar, foydali yog‘lardan zaytun yog‘i, yong‘oq iste’mol qilishni tavsiya qilishmoqda.

Shuni yodingizda tutingki, tushlik qilish — shunchaki qorin to‘ydirish emas. Bu energiya, miya faoliyati, vazn nazorati va metabolizm uchun nihoyatda muhim odat. Zamonaviy xorijiy tadqiqotlar tushlikni o‘tkazib yuborish o‘rniga, uni to‘g‘ri vaqtda va muvozanatli qilishni tavsiya qilishmoqda.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Ijtimoiy va media loyihalarga start berildi

Published

on


O‘zbekistonda ijtimoiy taraqqiyot, axborot siyosati va jamoatchilik bilan muloqot sohalarida yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Ommaviy axborot vositalari sohasidagi muhim tuzilma hamda yirik nodavlat tashkilot o‘rtasida imzolangan yangi memorandum kelgusi yirik loyihalarga asos bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi hamda nodavlat notijorat tashkiloti — “Renessans” tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish milliy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur kelishuv mamlakatda ijtimoiy, ta’lim va axborot sohalarida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Tomonlar aholi hayot sifati va umr davomiyligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ekologik muammolarga yechim topish hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Shuningdek, memorandum doirasida zamonaviy media va axborot loyihalarini ishga tushirish, davlat organlari bilan samarali kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yish, muhim tashabbuslarni keng jamoatchilikka tezkor va ta’sirchan tarzda yetkazish rejalashtirilgan.

Mutaxassislarning fikricha, bu hamkorlik nafaqat yangi medialoyihalar, balki jamiyat hayotiga real ta’sir ko‘rsatadigan amaliy dasturlarga ham turtki berishi mumkin. Ushbu strategik hamkorlik yaqin vaqt ichida mamlakatda katta o‘zgarishlar va muhim yangiliklarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Qashqadaryoliklar — “Media haftalik“ka marhabo!

Published

on



Qashqadaryoliklar — “Media haftalik“ka marhabo!



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Sigaret tutaydi, miya esa so‘nadi…

Published

on


So‘nggi ilmiy tadqiqotlar chekish nafaqat o‘pka yoki yurakka, balki insonning eng muhim a’zosi — miyaga ham jiddiy zarar yetkazishini yana bir bor tasdiqladi.

Eng xavflisi shundaki, bu jarayon ko‘pincha sezilmasdan, yillar davomida asta-sekin kechadi. Natijada inson o‘z fikrlash tezligi, xotirasi va ruhiy barqarorligini yo‘qota boshlaydi.

Tamaki tutuni tarkibida minglab zaharli moddalar mavjud bo‘lib, ular qon orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri miyaga yetib boradi. Bu moddalar miya hujayralariga zarar yetkazib, neyronlar o‘rtasidagi aloqalarni izdan chiqaradi. Ayniqsa, miyaning muhim qismlari jiddiy zararlanadi.

Masalan, xotira va o‘rganish uchun javob beradigan — «gippokamp» kichrayib boradi, bu esa yangi ma’lumotni qabul qilish va eslab qolishni qiyinlashtiradi.

Hissiyotlar va stressni boshqaruvchi — “amigdala” faoliyati buzilib, insonda doimiy xavotir, asabiylik va tushkunlik holatlari kuchayadi. Harakat va motivatsiya uchun mas’ul «globus pallidus» esa zaiflashib, insonda loqaydlik, tez charchash va harakat sustligi kuzatiladi. Bunday o‘zgarishlar oddiy holat emas. Bu miyaning funksional imkoniyatlari pasayib borayotganining belgisidir.

Chekuvchi insonlarda fikrlash tezligi sekinlashadi, qaror qabul qilish qiyinlashadi, diqqat va reaksiya susayadi. Ko‘pincha bu holatlar stress yoki charchoq bilan izohlanadi, ammo aslida bu miyada kechayotgan jiddiy o‘zgarishlarning natijasidir.

Ilmiy kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, chekuvchi odamlarda miya hajmi chekmaydiganlarga nisbatan kichikroq bo‘ladi. Bu esa neyronlar soni va ularning faolligi kamayganini anglatadi. Shu bilan birga, nikotin qisqa muddatli «yengillik» hissini bergani bilan, stress darajasini yanada oshiradi.

Yana bir muhim jihat — chekish miyada qon aylanishini yomonlashtiradi. Natijada miya kislorod yetishmovchiligiga uchraydi va bu holat uning ishlash samaradorligini yanada pasaytiradi.

Biroq, ijobiy tomoni ham bor. Inson miyasi ma’lum darajada tiklanish qobiliyatiga ega. Agar chekuvchi inson bu odatni tashlasa, bir necha hafta ichida qon aylanishi yaxshilanadi. Bir necha oydan so‘ng esa xotira, diqqat va fikrlash qobiliyati asta-sekin tiklana boshlaydi. Uzoq muddatda esa miya faoliyati sezilarli darajada yaxshilanishi mumkin.

Xulosa shuki, har bir sigaret — bu shunchaki tutun emas. U insonning xotirasi, fikrlash qobiliyati va ruhiy barqarorligi hisobidan “to‘lanadigan” badaldir. Shuning uchun bu odat haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish va to‘g‘ri qaror qabul qilish har bir inson uchun juda muhimdir.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.