Mahalliy

«Yangi O‘zbekiston yoshlari–2030» strategiyasi taqdimoti doirasida «TOP-100 kitobxon» tanloviga start berildi

Published

on


Yurtimizda yoshlar siyosati izchil yangilanib, amaliy natijalarga yo‘naltirilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Ana shu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida bugun Yoshlar ishlari agentligi tomonidan «Yangi O‘zbekiston yoshlari–2030» strategiyasining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tadbir yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim platformaga aylandi.

«Yoshlar ijod saroyi» hududida tashkil etilgan maxsus maydonda ishtirokchilar tadbirkorlik, startaplar, zamonaviy kasblar, ta’lim markazlari va xorijiy tillar bo‘yicha imkoniyatlar bilan tanishishdi. Shuningdek, «TOP-100 kitobxon» tanloviga start berilib, mutolaa madaniyatini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev strategiyaning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Qayd etilganidek, mazkur hujjat mamlakatda yoshlarga oid ilk yaxlit strategik dastur hisoblanadi.

Strategiya doirasida har yili 600 ming yoshni ish bilan ta’minlash, 900 ming nafarini volontyorlikka jalb qilish, 450 ming yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajaga yetkazish kabi vazifalar belgilangan. Ta’lim sohasida chekka hududlarda o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash va soliq imtiyozlari berish rejalashtirilmoqda.

Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida grantlar ajratish, yoshlarni davlat tashkilotlarida amaliyotga jalb qilish, ijodkorlar uchun maxsus mukofotlar joriy etish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, yoshlar salomatligini mustahkamlash, psixologik xizmatlarni rivojlantirish va sport bilan shug‘ullanish ko‘rsatkichlarini oshirish ham ustuvor vazifalardan sanaladi.

Xalqaro yo‘nalishda esa 100 ming nafar yoshlarning global dasturlarda ishtirokini ta’minlash, nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.

Umuman olganda, «Yangi O‘zbekiston yoshlari–2030» strategiyasi yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan, mamlakat kelajagini belgilab beruvchi muhim dastur sifatida namoyon bo‘lmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version