Siyosat
Xitoy Xalq ozodlik armiyasining 99 yilligi Toshkentda nishonlandi
Xitoy Xalq ozodlik armiyasi tashkil topganining 99 yilligi munosabati bilan Toshkentda tantanali qabul marosimi tashkil etildi. Unda XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashesi Xan Vey nutq so‘zladi. Uning ta’kidlashicha, “o‘tgan 99 yil davomida Xitoy Kommunistik partiyasining kuchli rahbarligi ostida Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Xitoy xalqini ozod qilish, milliy mustaqillikka erishish hamda Xitoy millatining buyuk tiklanishi yo‘lida ulkan tarixiy xizmatlarni amalga oshirdi”. Xitoy armiyasi mashaqqatli, shu bilan birga shonli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. “O‘tmishga nazar tashlar ekanmiz, Xitoy Xalq ozodlik armiyasi zaif qo‘shindan qudratli armiyaga aylandi, bir g‘alabadan ikkinchisiga erishib, mamlakat milliy xavfsizligining ishonchli tayanchi hamda jahon tinchligini himoya qilishdagi muhim kuchga aylandi”, dedi Xan Vey.
Uning qayd etishicha, bugungi kunda xalqaro vaziyat murakkab va beqaror bo‘lib, dunyoning turli hududlarida qurolli mojarolar ketma-ket yuz bermoqda. Ana shunday sharoitda Xitoy Xalq ozodlik armiyasi harbiy islohotlarni izchil chuqurlashtirib, milliy xavfsizlikni ta’minlash, Vatanning to‘liq birlashish huquqini ro‘yobga chiqarish hamda mamlakatning tinch taraqqiyot huquqini himoya qilish salohiyatini muntazam oshirib bormoqda.
Shu bilan birga, global tinchlik va mintaqaviy xavfsizlikning muhim hamda ishonchli himoyachisi sifatida Xitoy Xalq ozodlik armiyasi BMT tinchlikparvarlik operatsiyalari, dengizdagi eskort operatsiyalar, gumanitar qutqaruv ishlari va terrorizmga qarshi xalqaro hamkorlikda faol ishtirok etmoqda. Butun dunyoda tinchlik, adolat va barqarorlikni saqlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kunda Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari orasida tinchlikparvar kuchlarni eng ko‘p yuborgan davlat hisoblanadi. Xitoy Xalq ozodlik armiyasi BMTning 29 ta tinchlikparvarlik missiyasida ishtirok etib, 50 ming nafardan ortiq harbiy xizmatchini yubordi. Hozirgi vaqtda ham qariyb 1700 nafar xitoylik tinchlikparvar harbiy xizmatchi o‘z vazifalarini bajarishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, Xitoy harbiy-dengiz kuchlari Adan qo‘ltig‘i va Somali qirg‘oq bo‘yi suvlariga shu kungacha 45 ta eskort flotiliyasi tarkibini yubordi. Ularning tarkibida 150 dan ortiq harbiy kema va 35 mingdan ziyod harbiy dengizchi xizmat qilgan bo‘lib, ular Xitoy va xorijiy kemalar uchun 1600 dan ortiq eskort missiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Mazkur vazifalarni bajarish jarayonida Xitoy Xalq ozodlik armiyasi doimo “Taqdiri mushtarak insoniyat hamjamiyati” konsepsiyasiga qat’iy amal qiladi. “Biz mamlakat, irq yoki teri rangidan qat’iy nazar, barcha xalqlarga birdek munosabatda bo‘lamiz hamda butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida izchil sa’y-harakatlarni davom ettiramiz”, dedi Xan Vey.
“Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tobora ko‘proq umumiy taqdir bilan chambarchas bog‘langan hamjamiyatga aylanmoqda. Xitoy har doim mojarolarni muloqot orqali, kelishmovchiliklarni esa muzokaralar yo‘li bilan hal etish tarafdori bo‘lib kelgan. Tinchlik umumiy ravnaqning asosidir, hamkorlik esa o‘zaro manfaat keltiradi.
Ma’lumki, ikki davlat rahbarlarining strategik rahbarligi ostida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar “yangi davrda har tomonlama strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi. Shu bilan birga, ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi hamkorlik va amaliy aloqalar ham izchil chuqurlashib, kengayib bormoqda.
Qurolli kuchlarimiz o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikni muntazam kengaytirish va mustahkamlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni birgalikda ta’minlash hamda mintaqa davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun xavfsiz va barqaror muhit yaratish.
Kelgusida ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlaymiz, qurolli kuchlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishda davom etamiz hamda Markaziy Osiyo va butun dunyoda barqarorlik hamda taraqqiyotni ta’minlashga yanada katta hissa qo‘shishda davom etamiz”, deya so‘zlarini yakunladi XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashesi Xan Vey.
Siyosat
Eron Islom Respublikasi — iqtisod, siyosat va ideologiya (video)
Eronda 1978-1979-yillarda Shoh Muhammad Rizo Pahlaviyning xorijga qochishi va shoh rejimi ag‘darilishi ortidan 1979 yil aprel oyida tashkil etilgan Eron Islom Respublikasi ijtimoiy fanlar va xalqaro munosabatlar mutaxassislari tomonidan tushunish va tahlil qilish qiyin bo‘lgan ijtimoiy hodisa sifatida baholandi. Eron “islom inqilobi” G‘arbdagi inqiloblardan va Eronda 1905-1911-yillarda yuz bergan “konstitutsion inqilob”dan mafkuraviy jihatdan farq qiluvchi tuzilma edi.
1978-79-yillarda Eronda sodir bo‘lgan voqealar, shohning ag‘darilishi kutilmagan hodisa bo‘ldi. Eng muhimi, inqilob jarayonida Mehdi Bozirgon va Bani Sadr o‘z ta’sirini yo‘qotgandan keyin mullalarning hokimiyatni qo‘lga olishi va diniy reaksion mafkuraning jamiyatga hukmron bo‘lishi kutilmagan holat sifatida baholandi.
Inqilob jarayonida chap kuchlar faol qatnashgan bo‘lsa-da, hokimiyatning mullalar qo‘liga o‘tishi noto‘g‘ri strategiyalar, chap kuchlarning tarixiy davr mobaynida doimiy ravishda ezilib kelgani va mullalar kuchini to‘g‘ri baholay olmaslik bilan izohlandi. Shuningdek, anti imperializmga ortiqcha urg‘u berilishi va chap harakatning o‘zini islomiy harakatdan ajrata olmasligi ham bu muvaffaqiyatsizlik sabablaridan deb hisoblanadi.
1980-yillar boshida yangi rejimning zaif tomonlarini ko‘rsatgan va chap kuchlar kuchayishi mumkinligini taxmin qilgan qarashlar mavjud edi. Biroq Eron-Iroq urushi davrida oyatulloh Humayniy rahbarligida rejim mustahkamlandi, 1978-83-yillarda shohga qarshi birgalikda kurashgan liberal va chap kuchlar tazyiq va zo‘ravonlik orqali yo‘q qilindi. Bu jarayon diniy ulamolar hukmronligi ostida siyosiy va mafkuraviy jihatdan reaksion va bosimli tuzilma shakllanishiga olib keldi.
Inqilobdan oldingi yillar
Eronda neft zaxiralari nisbatan erta — 1908-yilda topilgan. 1901-yilda, neft topilmasidan oldin, uning konsessiyasi (davlat tomonidan ma’lum bir faoliyatni amalga oshirish huquqi xususiy shaxs yoki kompaniyaga ma’lum shartlar asosida berilishi) ingliz Uilyam Noks Darsiga berilgan.
XX asr boshlaridan mamlakatga kapitalistik munosabatlar kirib kela boshladi. Neft sanoatida band mehnatkashlar hisobiga ishchi sinfi shakllandi. 1905-yilgi Rossiya inqilobidan keyin Eronda 1905-1911-yillarda Konstitutsion inqilob amalga oshirildi.
Bu davrda kasaba uyushmalari paydo bo‘lib, mutlaq monarxiyaga qarshi konstitutsion harakat yuzaga keldi. Keyinchalik Eron chap harakati kuchayib borayotgan paytda qattiq bosimga uchradi.
1921-yilda Qajar sulolasi ag‘darilib, Pahlaviylar davri boshlandi. Shoh Rizo mamlakatda modernizatsiya va markazlashtirish siyosatini olib bordi.
1941-yilda, Ikkinchi jahon urushi davrida Germaniyaga yaqinlashgani uchun, Rizo shoh AQSh va Britaniya yordami bilan taxtdan tushirildi va o‘rniga o‘g‘li Muhammad Rizo Pahlaviy keltirildi. Shu bilan Eronda G‘arbga, ayniqsa AQShga yaqin rejim o‘rnatildi.
1953-yilda bosh vazir Muhammad Musaddiq AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) qo‘llab-quvvatlagan davlat to‘ntarishi orqali ag‘darildi. Bu voqeadan keyin mamlakatda avtoritar boshqaruv kuchaydi. 1960-yillarda “Oq inqilob” deb atalgan islohotlar amalga oshirildi. Uning asosiy qismi yer islohoti edi. Bu jarayon iqtisodiy o‘zgarishlarga olib keldi, lekin ijtimoiy tengsizlik va ziddiyatlarni ham kuchaytirdi.
Eron inqilobi jarayoni
1978-79-yillarda mamlakat bo‘ylab ommaviy qo‘zg‘olonlar boshlandi. Bu harakat AQSh imperializmi va shoh despotizmiga qarshi qaratilgan edi.
1979-yil 1-fevralda Humayniy Eronga qaytdi. 1-aprel 1979-yilda referendum orqali Eron Islom Respublikasi rasman e’lon qilindi.
Inqilobdan keyin liberallar, chap kuchlar va boshqa muxolif guruhlar o‘rtasida ichki kurash boshlandi. Oxir-oqibat mullalar barcha raqiblarni yo‘q qilib, hokimiyatni to‘liq egalladi.
Tizimning mustahkamlanishi
1980-88 yillardagi Eron-Iroq urushi rejimni mustahkamlashda muhim rol o‘ynadi. Urush muxolifatni yo‘q qilish uchun bahona sifatida ham ishlatildi.1989 yilda, Humayniy vafotidan so‘ng iqtisodiy va siyosiy islohotlar boshlandi. Prezident Hoshimiy Rafsanjoniy bozor iqtisodiga yo‘naltirilgan siyosat yuritdi.
Eronning asosiy xususiyatlari
Eron Yaqin Sharqdagi muhim davlatlardan biri. Aholining katta qismi yoshlardan iborat. Mamlakatda turli etnik guruhlar yashaydi: forslar, turklar, kurdlar, arablar va boshqalar. Rasmiy til — fors tili.
Davlat tizimida diniy rahbar asosiy siyosiy kuch hisoblanadi.
Iqtisodiyot
Eron iqtisodiyoti asosan neft daromadlariga tayanadi. Inqilobdan keyin iqtisodiyot jiddiy tanazzulga uchradi. Davlat katta sanoat tarmoqlarini milliylashtirdi, lekin bu barqaror iqtisodiy o‘sishga olib kelmadi. 1989 yildan boshlab xususiylashtirish, bozor iqtisodiyotiga o‘tish va tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish siyosati olib borildi.
Xulosa
1978-79-yillar inqilobi Eronda monarxiyani ag‘darib, siyosiy tuzumni tubdan o‘zgartirdi. Biroq iqtisodiy tizim asosan kapitalistikligicha qoldi. Mullalar hokimiyatni qo‘lga kiritgach, barcha muxolif kuchlar yo‘q qilindi va qattiq nazorat o‘rnatildi. Bugungi kunda Eron tashqi siyosatda pragmatik yo‘l tutib, iqtisodiy jihatdan G‘arb bilan hamkorlikni kengaytirishga intilayotgan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Siyosat
TIV rahbari qator davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi
O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov qator elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Dastlab vazir Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Rashad Mamedov janoblaridan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.
Uchrashuvda siyosiy muloqotning yuqori sur’atini yuksak darajada davom ettirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport va logistika sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng, vazir Argentinaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Enrike Ignasio Ferrer Viyeyradan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Kun davomida shuningdek, Gambiyaning O‘zbekistondagi elchisi Alkali Fanka Kontex, Portugaliyaning O‘zbekistondagi elchisi Sara Martinsh, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Yoxanna Mariya Ogren va Qozog‘istonning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Yerali Tugjanovdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olindi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Belarus delegatsiyasini qabul qildi: tafsilotlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimiz yetakchisining shu yil 8-9 iyul kunlari Minsk shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada samarali natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida qabul qilingan chora-tadbirlar rejasini o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Yurtimizda birinchi atom elektr stansiyasi va turdosh infratuzilmani barpo etishda Belarus tajribasidan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak atom elektr stansiyasini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, soha uchun milliy kadrlarni tayyorlash hamda tegishli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.
Siyosat
Prezident Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Alisher Usmonov ishdan haydaldi
Prezident Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Alisher Usmonov ishdan haydaldi.
O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi Alisher Usmonov lavozimidan ozod etilgan.
Alisher Usmonov ushbu lavozimda 2020-yil dekabridan buyon faoliyat yuritib kelgan.
U 2007-yilda II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirlangan.
Siyosat
O‘zbekiston va Ozarbayjon yangi qo‘shma loyiha paketi bilan savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazmoqchi
Toshkentda boʻlib oʻtgan Hukumatlararo qoʻmitaning 15-yigʻilishi va Ishbilarmonlar kengashining 1-yigʻilishidan soʻng ikki davlat oʻrtasida qator shartnomalar imzolandi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida sarmoyaviy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi, loyihalarni moliyalashtirish, geologiya-qidiruv, mineral resurslarni oʻzlashtirish va moliyaviy mexanizmlar kabi qator bitimlar imzolandi, deya xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (MIIT).
Hujjat Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Ozarbayjon hukumatlararo qoʻmitasining 15-yigʻilishi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishidan soʻng imzolandi. Ushbu sessiyalarni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Raziz Qudratov va Ozarbayjondan Iqtisodiyot vaziri Mixail Djabarov hamraislik qildi.
O‘sha kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Mixail Jabarovni qabul qilib, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomini yetkazdi.
Muzokaralar chog‘ida har ikki tomon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2025-yilda 15 foizga, joriy yil boshidan esa qariyb 40 foizga oshishi kutilayotganini ta’kidladi. MIIT ma’lumotlariga ko’ra, 2025 yilda savdo hajmi 307,2 million dollarni tashkil etadi, bu o’tgan yilga nisbatan 14,6 foizga o’sadi va savdo hajmi yanvardan maygacha taxminan 40 foizga o’sadi.
Prezident Mirziyoyev, shuningdek, Hukumatlararo qoʻmita va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari yakunlarini yuqori baholab, boʻlajak oliy darajadagi maslahatlashuvlar oldidan iqtisodiy kun tartibini har tomonlama puxta tayyorlash muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, vazirlik sanoat kooperatsiyasi doirasida rejalashtirilgan yirik qoʻshma loyihalar roʻyxatini ham eʼlon qildi. Qoraqalpog‘iston, Terenquduq, Bayterek, Qurbo‘y, Birko‘li va Haloy neft-gaz investitsiya zonalarini rivojlantirish, Toshkent shahrida Ritz-Carlton mehmonxonasi va rezidenslarini, Toshkent viloyati Chorvoq shahrida Seabreeze Uzbekistan sayyohlik majmuasini, shuningdek, Tashkent Luxury Residence va Tashkent Luxury Residence New Tashkent uy-joylarini qurish shular jumlasidandir.
Oʻzbekistonda Ozarbayjon bogʻi va Bokuda “Oʻzbekiston” bogʻini barpo etish, paxta toʻqimachilik klasterini tashkil etish, Qashqadaryo viloyatida yangi quruq qurilish aralashmasi va gipsokarton ishlab chiqarish korxonasi, Hojigʻabulda avtomobil ishlab chiqarishni kengaytirish, sut sanoati sohasida kooperatsiya, Oʻzbekistonda zargarlik buyumlari ishlab chiqarish kabi loyihalar ham rejalashtirilgan.
O‘zaro tovar ayirboshlashni kengaytirish muzokaralarning markaziy mavzularidan biri bo‘ldi. Ikki mamlakat ustuvor tovarlarni, amalga oshirish jadvallarini va mas’ul institutlarni belgilaydigan maxsus dastur orqali yillik savdo hajmini 1 milliard dollarga oshirish maqsadini yana bir bor tasdiqladi.
Uchrashuvda koʻchmas mulkni rivojlantirish, energetika, geologiya, logistika, toʻqimachilik sanoati va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari, jumladan, qoʻshma investitsiya kompaniyalari ishtirokidagi tashabbuslar koʻrib chiqildi. Ishtirokchilar farmatsevtika, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va qurilish materiallari sanoatida ilgari tuzilgan shartnomalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, hamkorlik bo‘yicha yangi takliflar tayyorlash muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, ikki davlat avgust oyida Oʻzbekiston-Ozarbayjon IV mintaqalararo forumini oʻtkazish va 2026-2027-yillarda mintaqa rahbarlarining oʻzaro tashriflari jadvalini tasdiqlashga kelishib oldi. Uchrashuv Hukumatlararo qoʻmita bayonnomasini imzolash, erishilgan kelishuvlarni rasmiylashtirish va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha keyingi qadamlarni belgilash bilan yakunlandi.
-
Jamiyat4 days ago
Namanganda qarzdorning qimmatbaho avtomashinasi xatlandi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Bank depozitlari bir yilda 118 trln so‘mga ko‘paydi
-
Dunyodan5 days agoRossiya jinoiy javobgarlikka tortilgan muhojirlarga fuqarolikni rad etadi
-
Dunyodan2 days ago
Yaponiyalik ayollar 41 marta rekord o’rnatdilar
-
Sport4 days ago
Abduqodir Husanov «Manchester City» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirdi
-
Dunyodan4 days ago
Afg‘onistondagi suv toshqinlarida 20 kishi halok bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Bir necha kun ko‘tarilgan dollar birdan keskin pastladi
-
Jamiyat22 hours agoIchimlik suvi narxlarini tasdiqlash vakolati Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi
