Jamiyat
Xalqaro qidiruvga berilgan ayol BAAdan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi
O‘zbekiston Interpol milliy markaziy byurosi xalqaro qidiruvda bo‘lgan ayolni Birlashgan Arab Amirliklaridan chiqarib yuborishga erishdi.
Interpol Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida Interpol kanallari orqali xalqaro miqyosda qidiruv e’lon qilingan ayolni deportatsiya qilish masalasi hal etildi.
Samarali axborot almashinuvi va qo‘shma tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish natijasida, shuningdek, Interpol xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti tomonidan tashkil etilgan tadbirlardagi ikki tomonlama uchrashuvlarda avvalgi kelishuvlar tufayli, jamoat tartibiga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs mamlakatdan chiqarib yuborildi.
Tezkor tadbirlar natijasida qidiruvdagi M.K.ning iziga tushildi va uning Birlashgan Arab Amirliklari hududida ekanligi tasdiqlandi.
BAA vakolatli organlarining ijobiy qaroridan so‘ng, jinoyatchi ayol Amirliklar migratsiya politsiyasi xodimlari kuzatuvida deportatsiya qilindi va Toshkent xalqaro aeroportida javobgarlikka tortish maqsadida O‘zbekiston Interpol milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.
Jamiyat
O‘zini o‘zi band qilganlarga ijtimoiy soliq to‘lash majburiy bo‘lishi mumkin
Hozir o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ixtiyoriy ravishda soliq to‘lamoqda. Keyinchalik bu majburiy bo‘lishi mumkin.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ijtimoiy soliq to‘lashni majburiy qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Hozir 2,8 million nafar o‘zini o‘zi band qilgan fuqarodan 800 mingga yaqini ixtiyoriy ravishda soliq to‘laydi. Pensiya jamg‘armasiga bazaviy hisoblash miqdorida (412 ming so‘m) to‘lov qilsa, ularga bir yillik ish staji avtomatik hisoblanadi. Mana shuni rag‘batlantirish maqsadida majburiy tartibda belgilash tizimini joriy qilmoqchimiz», dedi u.
Unga ko‘ra, fuqarolarning to‘lagan pullaridan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga ajratmalar joriy qilinadi. Yangi tizimda kelgusida bola parvarishi yoki kasallik sabab nafaqa ta’tiliga chiqqanlarga nafaqa olish imkoniyati yaratiladi.
«Davlat rahbari shu bo‘yicha alohida topshiriqlar berdi, takliflarimizni ma’qulladi», dedi vazirlik rasmiysi.
Ta’kidlanishicha, hozir Pensiya jamg‘armasidan moliyalashtiradigan pensionerlar soni 4,3 milliondan oshgan. Ularga 2026 yilda jami 86 trillion so‘m to‘lash belgilangan. Bu jon boshiga oyiga o‘rtacha 1,66 million so‘mdan to‘g‘ri keladi.
Jamiyat
Toshkentda bekatlar yana almashmoqda: odamlar rozimi?
Poytaxtda avtobus bekatlari buzilib, o‘rniga yangi tipdagilari o‘rnatilmoqda. Yangi bekatlar qishning sovuq, yozning jazirama kunlarida yo‘lovchilarga nima bera oladi? Soyasi yetmaganidan quyoshdan pana izlab o‘zini har yonga urayotgan odamlar bu yangilik haqida qanday fikrda? Kun.uz odamlarga mikrofon tutdi.
Toshkent shahrida jamoat transporti infratuzilmasini yaxshilash maqsadida boshlangan avtobus bekatlarini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Poytaxt hokimligiga ko‘ra, hozirga qadar 1000 dan ortiq bekat yangilangan.
Joriy yil mart oyi boshida Toshkent shahar hokimi barcha bekatlarni yagona standart asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, poytaxtdagi jami 2717 ta bekatdan 1185 tasi yangilanishi, shuningdek, ulardagi noqonuniy savdo shoxobchalari olib tashlanishi belgilangan.
Loyiha Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTeM) tomonidan muvofiqlashtirilib, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida amalga oshirilmoqda. Rasmiylarning ta’kidlashicha, yangi bekatlar platformalari tekis va to‘siqsiz bo‘lib, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham moslashtiriladi. Shahar bo‘ylab kunlik yo‘lovchilar oqimi hozirda 1,4 million kishini tashkil etmoqda va yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 2 million kishiga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa bekatlarning sig‘imi va qulayligiga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.
Rasmiy ma’lumotlar ortida qanday amaliy holat mavjudligini aniqlash maqsadida Kun.uz muxbiri bir nechta bekatda bo‘lib, yo‘lovchilar fikri bilan qiziqdi.
So‘rovnoma davomida respondentlarning aksariyati yangi bekatlarning “ochiq” va “yupqa” konstruksiyaga ega ekanidan shikoyat qildi. Shuningdek, bekatlarning quyosh, yomg‘ir va boshqa noqulay ob-havo sharoitlaridan yetarli darajada himoya qila olmasligi asosiy muammolardan biri sifatida qayd etildi. Aksariyat yo‘lovchilar bekatlar zamonaviy dizaynga ega bo‘lsa-da, amaliy foydalanish nuqtayi nazaridan yetarlicha qulay emasligini ta’kidladilar. Ayniqsa, yoz oylaridagi yuqori harorat sharoitida soyabon maydonining kichikligi yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirayotgani ta’kidlandi.
«Quyoshli kun, issiq kunlari quyoshni qop ketayotganligini sababli, sal kengaytirish ham kerak. Naves bo‘lsa yaxshi, odamlarga qulay bo‘ladi-da», — deya izohladi yo‘lovchilardan biri.
Yana bir respondent bekat konstruksiyasining amaliy jihatlariga e’tibor qaratib, shunday dedi:
«Bekatni orqa tarafiga o‘tib, avtobusni kutishga majbur bo‘lyapmiz. Bu ostanovkalar bittasi ham yaramas bo‘ladi, yomg‘ir-qorda odamlar hammasini urib tashlaydi».
So‘rovnoma ishtirokchilari tomonidan ko‘tarilgan yana bir muhim masala — bekatlarning raqamli axborot tizimlari bilan to‘liq jihozlanmaganidir. Xususan, GPS asosidagi real vaqt rejimida avtobuslarning harakatini ko‘rsatuvchi elektron monitorlarning yetishmasligi yo‘lovchilarda noaniqlikni yuzaga keltirib, kutish vaqtining ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa jamoat transportidan foydalanish qulayligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Bu yerda GPS yo‘q, bu yerda o‘zbekchilik, mana shu yo‘lga qarab, tomosha qilib o‘tirishadi».
Bekatlarda o‘rindiqlar sonining kamligi ham yo‘lovchilar tomonidan dolzarb muammo sifatida tilga olindi. Ayniqsa, yoshi katta fuqarolar, homilador ayollar hamda yosh bolalar bilan harakatlanayotgan yo‘lovchilar uzoq vaqt tik turishga majbur bo‘layotgani qayd etildi. Bu esa bekatlarning inklyuzivlik va qulaylik talablariga to‘liq javob bermayotganini ko‘rsatadi.
«Skameykalar ham ko‘paytirish kerak, chunki bu yerda yoshi katta odamlar qiynaladi, ko‘p oyoqda qolib ketishadi».
Intervyular davomida ayrim bekatlarda sanitariya holati va tozalik masalalari ham ko‘tarildi. Respondentlarning ta’kidlashicha, chiqindi qutilarining o‘z vaqtida bo‘shatilmasligi hamda bekat hududining muntazam tozalanmasligi umumiy muhit sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holat nafaqat estetik ko‘rinishni, balki yo‘lovchilarning jamoat transporti tizimi haqidagi umumiy taassurotini ham yomonlashtirmoqda.
«Birinchidan, hozir bu yerni ko‘rganda holi kayfiyat tushib ketadigan darajada. Musur idishlari yo‘lida qaralmagan, toza emas».
Jamiyat
Qashqadaryoda uchta bankka oid firibgarlik holati aniqlandi
Qashqadaryo viloyatida tijorat banklari faoliyati bilan bog‘liq uchta firibgarlik va mablag‘larni o‘zlashtirish holati fosh etildi. Tergovga qadar tekshiruvlarda bank xodimi va sobiq mahalla agentlari fuqarolarni aldab, omonat va kredit mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Kitob tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda tijorat banklaridan birining hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi D.Sh. fuqarolarga bankda yuqori foizli omonat mavjudligini aytib, ularning ishonchiga kirgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruvlarga ko‘ra, u ikki nafar fuqarodan jami 19 ming AQSh dollari va 300 million so‘mni qabul qilib, mablag‘larni bankka omonat sifatida joylashtirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Ko‘kdala tumanida aniqlangan holatda esa tijorat banklaridan birining Ko‘kdala bank xizmatlari markazi sobiq mahalla agenti A.B. yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 60 million so‘m kredit ajratib berishni va’da qilib, fuqarodan 300 AQSh dollari va 1 million so‘m olgan.
Shuningdek, u ajratilgan 60 million so‘m kredit mablag‘ini ham o‘zlashtirgani aniqlangan. Tergov davomida mazkur mablag‘ hisobidan 2 million so‘m protsessual tartibda qaytarilgan.
Muborak tumanidagi holatda esa tijorat banklaridan birining filialida sobiq mahalla agenti bo‘lib ishlagan G.A. fuqaroning ishonchiga kirib, qalbaki hujjatlardan foydalangan holda uning nomiga 47 million so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirib, mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Tekshiruv jarayonida ushbu kredit mablag‘i bankka to‘liq qaytarilgan.
Har uchala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Chimyon tog‘ida adashib qolgan 4 nafar fuqaro qutqarildi
Toshkent viloyatidagi Chimyon tog‘ida sayr vaqtida yo‘ldan adashib qolgan to‘rt nafar fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan qidirib topilib, xavfsiz hududga olib chiqildi. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan xabar Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga 112 yagona dispetcherlik xizmati orqali kelib tushgan.
Murojaatga ko‘ra, to‘rt nafar fuqaro Chimyon tog‘iga sayrga chiqqan. Ortga qaytayotganda yo‘lni qisqartirish maqsadida asosiy marshrutdan chetga chiqqani sababli adashib qolgan va qutqaruvchilar yordamiga muhtoj bo‘lgan.
Xabar olinishi bilan Chimyon maxsus qutqaruv otryadi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Natijada adashib qolgan fuqarolar topilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida fuqarolarning hech biri tan jarohati olmagan.
Vazirlik tog‘li hududlarga sayohat qiluvchilarga yo‘nalishni oldindan rejalashtirish, ob-havo sharoitini inobatga olish hamda belgilangan marshrutdan chetga chiqmaslikni tavsiya qildi.
Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab ko‘chalar sovitilmoqda, daraxtlar muntazam sug‘orilmoqda
O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiqlar munosabati bilan respublika bo‘ylab yashil hududlarni asrash va aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirildi. Daraxt va butalar tong, kechqurun hamda tungi soatlarda sug‘orilmoqda, maxsus texnikalar yordamida esa ko‘chalar sovitilmoqda.
Foto: Ekologiya vazirligi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, respublika hududiga o‘ta issiq havo massalarining kirib kelishi va havo haroratining 44–46 darajagacha ko‘tarilishi munosabati bilan hududiy bosh boshqarmalar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda kompleks tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Mamlakatning barcha hududlarida daraxtlar, butalar va manzarali o‘simliklar namlikning bug‘lanishi eng kam bo‘ladigan tong, kechqurun va tungi vaqtlarda sug‘orilmoqda. Shuningdek, maxsus texnikalar yordamida shahar ko‘chalari va jamoat joylarini sovitish ishlari ham tashkil etilgan.
Buxoro viloyatida yashil hududlarni parvarishlash ishlari kuchaytirilib, favvoralar ishga tushirilgan. Markaziy ko‘chalar va yashil zonalar muntazam sug‘orilmoqda. Konimex tumanida esa havo haroratini pasaytirish hamda chang miqdorini kamaytirish maqsadida ko‘chalarga suv sepilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida ekologiya xodimlari daraxt va butalarning qurib qolishining oldini olish maqsadida tungi sug‘orish ishlarini amalga oshirmoqda.
Xonobod va Andijon shaharlarida maxsus texnikalar yordamida ko‘chalar sovitilmoqda. Bu tadbirlar havo sifatini yaxshilash va chang ko‘tarilishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyatida tasdiqlangan grafik asosida ko‘chalar, daraxtlar va yashil maydonlar sug‘orilmoqda. Termiz shahrida esa kunning eng issiq vaqtlarida aholiga yuqori harorat ta’sirini yumshatish maqsadida ko‘chalarga suv sepilmoqda. Shu bilan birga, viloyatning bir qator hududlarida maysazor va gulzorlarni uzluksiz suv bilan ta’minlaydigan zamonaviy sug‘orish tizimlari joriy etilgan.
Navoiy viloyatida daraxtlar, gulzorlar va boshqa yashil maydonlarni muntazam sug‘orish ishlari davom ettirilmoqda. Namangan viloyatida esa anomal issiq oqibatlarini yumshatish maqsadida shahar ko‘chalariga qo‘shimcha suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish ishlari kuchaytirilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi fuqarolarni ham yashillikni asrashga hissa qo‘shishga chaqirib, jazirama kunlarda sug‘orilgan har bir daraxt mamlakat ekologik barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport3 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Jamiyat4 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
-
Dunyodan4 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
