Jamiyat
Xalqaro qidiruvga berilgan ayol BAAdan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi
O‘zbekiston Interpol milliy markaziy byurosi xalqaro qidiruvda bo‘lgan ayolni Birlashgan Arab Amirliklaridan chiqarib yuborishga erishdi.
Interpol Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida Interpol kanallari orqali xalqaro miqyosda qidiruv e’lon qilingan ayolni deportatsiya qilish masalasi hal etildi.
Samarali axborot almashinuvi va qo‘shma tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish natijasida, shuningdek, Interpol xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti tomonidan tashkil etilgan tadbirlardagi ikki tomonlama uchrashuvlarda avvalgi kelishuvlar tufayli, jamoat tartibiga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs mamlakatdan chiqarib yuborildi.
Tezkor tadbirlar natijasida qidiruvdagi M.K.ning iziga tushildi va uning Birlashgan Arab Amirliklari hududida ekanligi tasdiqlandi.
BAA vakolatli organlarining ijobiy qaroridan so‘ng, jinoyatchi ayol Amirliklar migratsiya politsiyasi xodimlari kuzatuvida deportatsiya qilindi va Toshkent xalqaro aeroportida javobgarlikka tortish maqsadida O‘zbekiston Interpol milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.