Siyosat
Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi
Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisiga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi hamda O‘zbekiston – Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kelgusi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha darajalarda aloqalar izchil mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada o‘sishiga ishonch bildirildi.
Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.
Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.
Texnologik sheriklikning yorqin namunasi sifatida “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yanada faol ishtirok etish taklif qilindi.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning mamlakatimizdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. O‘zbekiston an’anaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor.
Hududlararo almashinuvlar faol rivojlanmoqda. O‘zbekistonning barcha viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilib, ko‘pgina qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. May oyida Sian shahrida uchinchi Hududlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.
Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.
Ilm-fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik muntazamlik kasb etgan. “Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qo‘shma ta’lim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.
Xitoy tilini o‘rganishni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish hamda yurtimiz yoshlarining Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Kosmosni o‘zlashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayd etildi.
“Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Seulga keldi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Seul shahriga keldi.
Koreya Respublikasi Harbiy-havo kuchlarining Seuldagi aviabazasida oliy martabali mehmonlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, artilleriya to‘plaridan salyut berildi.
O‘zbekiston Prezidentini Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.
Uch kunlik tashrif doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar, Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik, Bosh vazir Xan Son Suk, Koreyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari hamda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Koreya biznes forumining ochilishida nutq so‘zlaydi.
16 sentyabr kuni Prezident birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammitida ishtirok etadi.
Tashrifning siyosiy va iqtisodiy kun tartibidagi tadbirlar bilan bir vaqtda Koreya poytaxti va boshqa shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi.
Tashrif avvalida Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasida mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi.
Davlat rahbari yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashib, ularning faoliyati, o‘qishi va kelajak rejalari bilan qiziqdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar, vatandoshlarimizning orzu-intilishlari hamda tashrif doirasida bo‘lajak tadbirlarning ahamiyati haqida fikr almashildi.
Prezident ularga ish va o‘qishida muvaffaqiyatlar tilab, Koreyada egallanayotgan zamonaviy bilim, ko‘nikma va tajriba kelgusida mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Siyosat
O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga qilingan hujumlarni qoraladi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat yanada keskinlashayotgani, jumladan, Saudiya Arabistoni hududiga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan hujumlar uyushtirilayotganidan chuqur xavotir bildirdi.
Vazirlik bayonotida tinch aholi, fuqarolik va energetika infratuzilmasi obyektlariga qarshi kuch ishlatish, shuningdek, mintaqa davlatlari xavfsizligi va xalqaro kema qatnoviga tahdid soluvchi har qanday harakatlar keskin qoralanishi ta’kidlangan.
O‘zbekiston tomoni xalqaro huquq normalariga, jumladan, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillariga qat’iy rioya etish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, mavjud kelishmovchiliklarni faqat siyosiy-diplomatik vositalar, muloqot va o‘zaro hurmat asosida hal etish lozimligi bildirildi.
O‘zbekiston BMT va mintaqa davlatlarining Yaqin Sharqda keskinlikni yumshatish, mojaroning yanada kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik va barqaror tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning taklifiga binoan 13-16 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari Seul shahrida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar, Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik, Bosh vazir Xan Son Suk, Koreyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va kengaytirish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiyani chuqurlashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Prezidentimiz birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ham ishtirok etadi. Unda savdo, investitsiyalar, infratuzilma, raqamli transformatsiya, ilm-fan, texnologiyalar va boshqa ko‘plab sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Seul deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Nikol Pashinyan bilan muloqot o‘tkazdi: tafsilotlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-sentyabr kuni Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston – Armaniston munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shu ma’noda, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish dolzarb ekani alohida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalarini bog‘laydigan logistika va transport yo‘laklarini rivojlantirish orqali o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Prezidentimiz mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyot uchun mustahkam asos bo‘ladigan Tinchlik shartnomasini tez fursatda imzolash borasidagi sa’y-harakatlarni yuksak baholadi.
Ikki va ko‘p tomonlama, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
Siyosat
Prezidentning Toshkent shahri bo‘yicha yig‘ilishi boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilish avvalida bugungi murakkab sharoitda har bir tuman va mahallaning mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, qo‘shimcha qiymat, investitsiya va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirishga yangicha yondashish zarurligi ta’kidlandi.
Poytaxt tumanlarining har biri o‘z salohiyatidan kelib chiqib, aniq yo‘nalishlarga ixtisoslashishi lozimligi qayd etildi.
Xususan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida Toshkentga kirib kelayotgan yuklarni saralash, qadoqlash, taqsimlash va yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik logistika majmualarini tashkil etish uchun katta imkoniyat bor.
Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida zamonaviy biznes va moliyaviy markazlarni ko‘paytirish orqali 2 milliard dollarlik kapital bozorini shakllantirish hamda 20-25 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Olmazor, Chilonzor va Uchtepada esa ta’lim, tibbiyot, savdo va servis sohalarida kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, 15-20 mingta ish o‘rni yaratish salohiyati mavjud.
Yig‘ilishda Toshkent shahrida investorlar bilan ishlash tizimi samaradorligi ham ko‘rib chiqildi.
Joriy yilda poytaxtning 12 ta tumani bo‘yicha 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Biroq ayrim hududlarda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun ishlarni yanada jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Investorlarning masalalarini idorama-idora yurmasdan, bevosita joyida hal qilish uchun alohida ish tizimi joriy etilishi belgilandi. Respublika va shahar darajasidagi mas’ullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashib, ularning muammolarini tezkor hal qiladi.
Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar bo‘yicha shu kunning o‘zida asoslangan takliflar tayyorlanib, Prezident Administratsiyasiga kiritiladi. Mazkur tartib yil oxiriga qadar alohida nazoratda ishlaydi.
Kelgusi yilda poytaxtga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilish hamda 150-200 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
-
Jamiyat4 days ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonning inklyuziv loyihasi Yevropa mukofoti finaliga chiqdi
-
Jamiyat4 days ago
2030 yilga qadar havoni ifloslantiruvchi moddalar miqdori 10,5 foizga kamaytiriladi
-
Jamiyat4 days ago
Asadjon Xodjayev Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda raqamli valyuta to‘lov vositasi sifatida sinab ko‘riladi
-
Mahalliy4 days ago
«U yoqqa va orqaga» yoxud chirog‘i o‘chmaydigan uy
-
Siyosat3 days agoPrezidentning Toshkent shahri bo‘yicha yig‘ilishi boshlandi
-
Siyosat2 days ago
Shavkat Mirziyoyev Nikol Pashinyan bilan muloqot o‘tkazdi: tafsilotlar
