Jamiyat
O‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish doirasida yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari joriy etiladi. Bu Prezidentning 13-aprelda qabul qilingan qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment sifatida mazkur tizim amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, rezident va norezidentlar jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron platformalar orqali sotish uchun bond omborlarida vaqtincha saqlaydi.
Qarorga muvofiq, bond omborlari litsenziya asosida tashkil etiladi. Ular erkin ombor faoliyati tartibida ish yuritadi. Tovarlarni sotish faqat maxsus elektron savdo platformalari orqali amalga oshiriladi. Bunda platformalar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuritadigan reyestrga kiritilgan bo‘lishi shart.
Shuningdek, bond omborlariga joylashtirilgan tovarlar erkin ombor bojxona rejimida saqlanadi va ularni jismoniy shaxslarga chakana sotishga ruxsat beriladi. Eksperiment doirasida bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtiriladi. Xususan, tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, bond omboridan chiqarilayotgan tovarlarga nisbatan muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati talablari qo‘llanmaydi.