Sport

Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari yosh grossmeysterimizni O‘zbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom ma’nodagi tarixiy g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.

Ta’kidlanishicha, suhbat chog‘ida Javohir Sindorov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 13 ta o‘yinda 6 marotaba g‘alaba qozongani sport olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida aytib o‘tildi.

Prezident yosh grossmeyster dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli iroda, yuksak intellektual salohiyat va qat’iyat fazilatlarini namoyon etganini qayd etdi. Shuningdek, endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, bo‘lajak o‘yinlarda unga yanada ulkan omad, kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tiladi.

Suhbatda 2026-yil Samarqand shahrida o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Javohir Sindorovning ishtiroki, shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bag‘ishlashi qayd etildi.

Fursatdan foydalanib, davlat rahbari Javohir Sindorovning ota-onasi, yaqinlari, ustoz va murabbiylarini ham ushbu tarixiy g‘alaba bilan chin yurakdan tabrikladi.

Shu jumladan, Javohir Sindorov yuksak e’tibor, samimiy qutlov va bildirilgan ishonch uchun Prezidentga chuqur minnatdorlik bildirdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version