Mahalliy
Vaqt uvolining badali: uni to‘lashga tayyormisiz?
Vaqtning qadr-qimmati haqida o‘ylaganimda Fransuz yozuvchisi Mark Levining “Osmon va zamin o‘rtasida” nomli asaridagi ikki qahramon dialogi esimga keladi. Uning qisqacha mazmuni shunday: tasavvur qiling, har tong hisobingizga 86 400 dollar tushadi. Sharti ularni kun oxirigacha ishlatish, aks holda qoldiq kuyib ketadi. Eng yomoni, bu “o‘yin” istalgan soniyada to‘xtashi mumkin. Shu pullarni kuyib ketmasligi uchun albatta oxirgi tiyinigacha ishlatgan bo‘lardingiz…
Endi keling, o‘sha pul bankini vaqt banki deb tasavvur qilamiz. Har tong uyg‘onganimizda bizga 86 400 soniya hayot krediti beriladi va har oqshom ishlatilmagan lahzalar mangulikka g‘oyib bo‘ladi. Kun davomida nimani yashab o‘tmagan bo‘lsak — hammasi boy beriladi. Bu har tong takrorlanadi. Biroq biz shunday qoida asosida o‘ynaymizki, uni chetlab o‘tishning iloji yo‘q: bank istalgan daqiqada, ogohlantirishsiz hisobimizni yopib qo‘yishi, hayot har soniyada to‘xtashi mumkin. Biz o‘zimizning har kunlik 86 400 soniyalarimizni nimaga sarflayapmiz? Axir hayotning bir soniyasi dollardan ko‘ra muhimroq, shunday emasmi?
Biz uvol qilgan vaqtimiz uchun qanday badal to‘laymiz?
Vaqt isrofi, deganda avvallari shunchaki bo‘sh o‘tirishni tushunardik. Endi esa bekorchilikka vaqt yo‘q, uning o‘rnini maqsadsiz “virtual olam”da kezish istagi egallagan. Afsuski, bugungi kunda vaqt isrofi “diqqatning parchalanishi” qiyofasida namoyon bo‘lmoqda.
Agar inson kuniga atigi ikki soat vaqtini ijtimoiy tarmoqlardagi mazmunsiz videolarga, behuda bahslarga sarflasa, 70 yillik umr davomida bu raqam olti yilni tashkil etadi. Bu olti yil ichida inson bitta chet tilini mukammal o‘rganishi, bir kasb egasi bo‘lishi yoki o‘z sohasining dunyo miqyosidagi ekspertiga aylanishi mumkin ekan.
Zamonaviy texnologiyalar bizga vaqtni tejash uchun xizmat qilishi kerak edi, ammo ular vaqtni eng ko‘p yutadigan “qora tuynuk”ka aylandi.
Misol uchun birgina “qisqa videolar” algoritmi shunday tuzilganki, inson miyasi arzon dofamin olish ilinjida vaqt chegarasini yo‘qotadi. Bu yerda isrof bo‘layotgan narsa faqat soatlar emas, balki insonning diqqat jamlash qobiliyatidir. Diqqati parchalangan odam murakkab ilmiy va strategik muammolarni hal qila olmaydigan “yuzaki iste’molchi”ga aylanadi.
Ilm-fanda “Raqamli gipnoz” deb ataluvchi holat shunchaki irodasizlik bilan bog‘liq jarayon emas. Bu dunyodagi eng aqlli algoritmlarning inson psixologiyasi ustidan qozongan g‘alabasidir. Psixologiyada “Alisa mo‘’jizalar mamlakatida” sindromi bejiz tilga olinmaydi. Biz biror muhim ma’lumotni izlab yoki shunchaki bir daqiqaga ijtimoiy tarmoqqa kiramiz ya’ni quyon izidan tushamiz. Ammo algoritm bizni shunday devor bilan o‘rab oladiki, vaqt va makon tuyg‘usi yo‘qoladi. “Alisa devori”ning eng xavfli oqibati u insonni chuqur fikrlash qobiliyatidan mahrum qiladi. Alisa quyonning izidan yurib ajoyibotlar dunyosiga tushgan bo‘lsa, biz ijtimoiy tarmoqlar orqali “quyon uyasi”ga tushib, o‘z hayotimizni boy beryapmiz. Farqi shundaki, Alisa uyg‘onganida bu shunchaki tush edi, biz uyg‘onganimizda esa boy berilgan yillar va sovurilgan umr haqiqatiga duch kelamiz.
“Cheksiz aylantirish” texnologiyasining ixtirochisi Aza Raskin uni “vizual kokain” deb ataydi, keyinchalik u bu ixtirosidan afsuslanishini aytgan.
Odatda, kitob o‘qiganda bob tugashi yoki gazetaning oxirgi sahifasi miyaga “to‘xta!” degan signal beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa bu “to‘xtash signallari” ataylab yo‘q qilingan. Miya keyingi yangilikni kutib, to‘xtovsiz dofamin ajratadi va siz “bank”dan olgan soniyalaringizni bitta-bitta algoritm savatchasiga tashlayverasiz. Agar siz biror kontentda 3 soniya to‘xtasangiz, algoritm sizning diqqatingizni “sotib oladi”. Endi u sizni uyaning ichiga yanada chuqurroq tortadi — o‘xshash mavzularni qalashtirib tashlaydi.
Har tong berilgan 86 400 soniya bu sizning shaxsiy mulkingiz. Lekin sizning diqqatingiz hisobiga iqtisodiyotini boyitayotgan yirik korporatsiyalar uchun vaqtingiz xom ashyo hisoblanadi. Siz “tekin” video ko‘ryapman deb o‘ylaysiz, aslida esa vaqt bankingizdagi eng qimmatli soniyalarni o‘sha videoni yaratgan va reklama berganlarga to‘layapsiz, ya’ni sizning vaqtingiz mahsulotga aylanmoqda!
Microsoft kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, zamonaviy insonning diqqatni bir joyga jamlash davomiyligi 8 soniyagacha tushib ketgan — bu hatto akvariumdagi oltin baliqchaning diqqatidan ham kamroq! Yosh bolalarning miyasi bu tuzoqqa besh barobar tezroq tushadi. Ular “quyon uyasi”ga kirib qolganda, atrofdagi real dunyoni mutlaqo his qilmay qo‘yadi. Bu ma’naviy isrofning eng ayanchli nuqtasi, bolalikning ekran qarshisida yo‘qolishidir.
Har tongda 86 400 soniya hadya etuvchi sehrli bankka kirish yo‘lagida bizni “Alisa ajoyibotlar dunyosida” ertagidagi kabi “aldamchi quyonlar” kutib turibdi. Agar Mark Levining qahramoni har bir dollarni (soniyani) baxt va sovg‘alarga sarflashni orzu qilgan bo‘lsa, biz zamonaviy Alisalar bu xazinani raqamli “quyon uyalari”da qoldirib ketyapmiz va vaqt banki istalgan soniyada ogohlantirishsiz yopilishi mumkinligini unutayapmiz. Bugungi internet rivojlangan zamonda uvol qilingan vaqt badali juda og‘ir. Kun keladiki, siz nafaqat vaqtingizni boy berasiz, balki uni yelga sovurganingizni anglay olmaydigan, irodasi va diqqati algoritmlar tomonidan boshqariladigan raqamli zombiga aylanasiz.
Bugungi vaqt isrofi avvalgi zamonlardagidek shunchaki pushaymonlik emas. Bu ma’naviy o‘z-o‘zini qirg‘in qilishdir. Eng dahshatlisi, nafaqat soniyalarimiz, balki pushaymon bo‘lish tuyg‘ularimiz ham boy beriladi, hissiyotlarimiz birin-ketin karaxtlikka uchraydi. Diqqati titilgan, fikri sochilgan inson uchun boy berilgan umrning hech qanday qadri qolmaydi. Chunki u nimani yo‘qotganini anglay olmaydigan darajada ichki dunyosidan ayriladi. Biz shunchaki vaqtimiz bilan emas, balki inson bo‘lib qolish huquqimiz bilan badal to‘layapmiz. Vaqtning uvoli sizning his-tuyg‘ularingizni yemirib, qalbingizni muzlatgan holda o‘z haqqini olishi muqarrar.
Ayting-chi, siz bunday mudhish badalni to‘lashga haqiqatdan ham tayyormisiz?
Barno Sultonova
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
Mahalliy
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
Oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
2026/2027-o‘quv yilida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida esa:
— 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentyabrdan;
— 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentyabrdan o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
-
Iqtisodiyot23 hours ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Davlat aktivlarini sotib olishda 25 foizgacha chegirma beriladi
