Jamiyat
Toshkentda turfirma odamlarni chuv tushirdi
Chet elga sayohat qilish maqsadida “Lastochka Planeta” MChJga (“Drujba Travel”) to‘lov qilgan o‘nlab fuqarolar aldandi: firma mansabdorlari na pulni qaytargan, na sayohatni tashkillashtirib bergan. Aldanganlar orasida sayohat uchun 15 ming dollardan ortiq pul to‘laganlar ham bor. Pulini qaytarib berishni so‘raganlar hatto tahdidga uchraganini, firma vakillari “ko‘cha bolalarini olib kelib bosim qilganini” aytmoqda.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Toshkent shahridagi “Lastochka Planeta” MChJ chet elga sayohatga jo‘natish va’dasi bilan o‘nlab odamlarni aldadi. “Drujba Travel” nomi ostida faoliyat yuritgan turagentdan jabrlangan fuqarolar Kun.uz’ga murojaat qildi. Ular sayohat uchun to‘lagan pullari qaytarib berilmayotganini aytmoqda.
Murojaatchilardan biriga ko‘ra, u Sharm ash-shayxga 22 kishi sayohatga borishi uchun “Drujba Travel”ga 15 700 dollar to‘lagan. Biroq firma xodimlari turli bahonalar bilan ularni sayohatga yubormay, aldab kelgan.
“18 iyul kuni “Drujba Travel” turfirmasi xodimi Nigora Azizovaga 22 kishiga Sharm ash-shayxga tur qilib berishi uchun 15 700 dollar berdik. Shundan keyin turimizni qilib bergani yo‘q. Mana, 2 oy bo‘libdiki qo‘ng‘iroqlarimizga ham javob bermaydi. 19 avgust kuni Sharm ash-shayxga uchishimiz kerak edi, uchmadik. Telefonimizni ko‘tarmasdan qochib yuribdi. Pulimizni qaytarib ber desak, qaytarib bermayapti. Birinchi 7 300 dollarni berganman, keyin 4 200 dollardan 2 marta to‘lov qilganmiz. Nigora Azizovaga shaxsan o‘zim qo‘lim bilan berganman”, deydi fuqaro Saidamir Asqarxo‘jayev.
“Drujba Travel”ga aldanib qolgan fuqarolarning ayrimlari do‘stlari, ba’zilari oila a’zolari, ota-onasi va farzandlari bilan sayohatga bormoqchi bo‘lgan. Ammo bu orzu-havas va xursandchilik uzoqqa cho‘zilmagan.
“Drujba Travel”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari faol ravishda yuritilgan. Hatto firma o‘z xizmatlarini taniqli bloger va san’at sohasi vakillariga ham reklama qildirgan. “Biz ana shu reklamalarga ishonib borgandik”, demoqda murojaatchilar.
“Avgust oyining boshida 8 kishi Sharm ash-shayxga oilaviy bormoqchi bo‘ldik. Ijtimoiy tarmoqlarda “Drujba Travel”ning reklamasini ko‘rib, 12 avgustda Yakkasaroydagi filialiga bordik. U yerda operator Sevinch Nosirova bizga tur paket taklif qildi. O‘sha tur paket bo‘yicha biz 8200 dollarga shartnoma imzoladik. Avans sifatida 5 000 dollar berdik. Keyin 3 sentabr kuni qolgan summani berish uchun Shayxontohurdagi filialiga borib, direktor Nigora Azizovaga 3 200 dollar berdik. 7 sentabr kuni uchishimiz kerak edi, lekin 6 sentabr kuni ham bizga bilet bilan voucher taqdim qilishmadi. 6 sentabr kuni filialga borganimizda operator qiz Sevinchning o‘zi o‘tirgandi. Soat tungi 1:00 gacha kutdik, na direktor aloqaga chiqdi, na operator bizga vaucher taqdim qildi”, deydi fuqaro Abror Mirzaxo‘jayev.
To‘lov qilib, dam olishga ketolmayotgan fuqarolar pullarini qaytarib olish maqsadida “Dujba Travel” ofisiga borishganida bir nechta erkak ularga tahdid qilganini ham aytmoqda.
“Ikki oydan beri sarsonmiz, qayerga borishni bilmayapmiz. Bolalarimiz kutib-kutib umidlarini uzishdi. Ta’til ham o‘tib, maktablar boshlanib ketdi. Pullarimizni so‘rab, qayta-qayta ofisiga bordik. U yerda bizni chiqarib yuborish uchun ko‘cha bolalarini jo‘natishni boshlashdi. Qo‘rqdik, chunki u yerda ayollar edik. O‘sha yerda Sevinch degan menejer o‘tirgandi. Nigora opa kelsin, pulimizni qaytarsin yoki turimizni qilib bersin, shuncha odam kutyapti, desak ko‘chadan uchta bola kelib “Sizlarni sayohatga ketadigan kuningiz hali kelmadi, nimaga keldingiz?” deyishdi. Biz sizlarni chiqarib yuborish uchun keldik, deb tahdid qilishdi. Shundan keyin biz 102 ga qo‘ng‘iroq qildik, ammo ular bizga hech qanday javob bermadi. “Uchastkavoy”ni chaqirdik, u ham chiqmadi. Ular tomonidan 102 ga qilinganidan keyin 6-7 nafar PPX xodimi keldi. Ular ham bizga qarshi bo‘ldi. Shundan beri qo‘rqib, o‘zimizga kela olmayapmiz”, deydi Munisa Asqarxo‘jayeva.
“Drujba Travel”ga aldanganlar mazkur holatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat qilishganini, ammo natijasi bo‘lmaganini aytishdi. Ularga ko‘ra, ushbu firmaga aldanib qolganlar soni 30 nafardan ortiq.
Kun.uz jurnalisti holatga oydinlik kiritish maqsadida “Drujba Travel” ofislariga bordi. Biroq firma ofislari yopiqligi, ish faoliyati to‘xtatilgani, telefon raqamlari ishlamayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Lastochka Planeta” MChJ 2023 yil yanvarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Turistik agentliklar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJning rahbari va ta’sischisi Azizova Nigora Abzalovna.
Jabrlanuvchilarning ta’kidlashicha, hozirda firma mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov haraktlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
Jamiyat
Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi
Hukumatning 18-avgustdagi 443-son qarori bilan turistik startaplarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi.
Reglamentga ko‘ra, subsidiya Turizm qo‘mitasi tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.
Startapni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda qoplanadi. Mablag‘ har yili eng yaxshi 10 tagacha turistik startap uchun ajratiladi.
Subsidiya olish uchun loyihalar maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Komissiya tarkibi Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan shakllantiriladi.
Talabgorning arizasi kelib tushganidan keyin komissiya unga 5 ish kuni ichida suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboradi.
Suhbatdan so‘ng komissiya 10 ish kuni davomida talabgorning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi. Bu jarayonda startapning turizm sohasi uchun ahamiyatiga alohida e’tibor beriladi.
Xususan, loyihaning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, bu xizmatga turistlar ehtiyoji va talabining dolzarbligi baholanadi.
Shuningdek, startap avval mavjud bo‘lmagan yoki mavjud yechimni sezilarli darajada takomillashtirgan yangi xizmatni taklif etayotgani ham hisobga olinadi.
Xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng Turizm qo‘mitasi mablag‘ni talabgorning xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga o‘tkazadi. Mablag‘lar qaror qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kuni ichida ajratiladi.
Jamiyat
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Turkiyaning yetakchi media tuzilmalari bilan memorandum imzoladi
Turkiyaning tarixiy va go‘zal shaharlaridan biri — Balikesirda «Madaniyat yo‘nalishidan raqamli kelajakka: madaniyatlar, media va sun’iy intellekt» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro mediaforum doirasida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi va Turkiya media tuzilmalari vakillari ishtirokida mazmunli muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda ikki mamlakat jurnalistika sohasining bugungi holati, zamonaviy media muhitida yuzaga kelayotgan yangi imkoniyat va chaqiriqlar, jurnalistlar o‘rtasida professional aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlarning muhim natijasi — O‘zbekiston va Turkiya media tuzilmalari o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanganidir. O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi raisi Shuhrat Oripov, Turkiya jurnalistlar federatsiyasi raisi Yilmaz Karaja va Turkiya Internet Media Birligi boshqaruvi raisi Sulaymon Basa tomonidan imzolangan hujjatlar ikki mamlakat jurnalistlari va media tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli va amaliy asosda rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi bilan hamkorlik jurnalistlar delegatsiyalari almashinuvi, mahalliy matbuotni rivojlantirish tajribasini o‘rganish, raqamli jurnalistika, sun’iy intellekt va media savodxonlik bo‘yicha qo‘shma seminarlar tashkil etish, jurnalistlar malakasini oshirish hamda xalqaro media forumlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya jurnalistlari o‘rtasida professional tarmoqni kengaytirish masalasi ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi 1996 yilda tashkil etilgan bo‘lib, jurnalistlarning kasbiy manfaatlarini himoya qilish, matbuot va so‘z erkinligi masalalarida jurnalistik hamjamiyatning umumiy pozitsiyasini ifoda etish, mahalliy va mintaqaviy matbuotni qo‘llab-quvvatlash hamda professional hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Federatsiya Turkiyaning 81 viloyatidagi jurnalistlar uyushmalarini o‘zida birlashtiradi.
Turkiya Internet Media Birligi (TİMBİR) bilan imzolangan hamkorlik memorandumi esa ushbu jarayonning raqamli media yo‘nalishini yanada boyitadi. Mazkur tashkilot internet jurnalistikasi, raqamli media va onlayn axborot platformalarini birlashtiruvchi xalqaro maqomdagi professional media tashkilot bo‘lib, uning tarmog‘i Turkiyaning 81 viloyati va dunyoning 25 mamlakatidagi hamkorlik aloqalarini qamrab oladi. Tashkilot tarmog‘iga 800 dan ortiq media tashkiloti va 1000 dan ziyod axborot platformalari kiradi.
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi TİMBİR bilan hamkorlik doirasida raqamli jurnalistika, internet media, jurnalistlar malakasini oshirish, media savodxonlik, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ta’lim dasturlari, seminar va treninglar orqali media xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli muhitda axborot ishonchliligi va jurnalistik etika masalalarida tajriba almashishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Balikesirdagi hamkorlik kelishuvlarini ikki mamlakat jurnalistlari o‘rtasida yangi muloqot maydonini shakllantiruvchi muhim tashabbus, yangi tajriba va yangi qo‘shma loyihalar uchun muhim qadam sifatida baholash mumkin. Bu hamkorlik O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni axborot makonida yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
-
Mahalliy4 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Mahalliy5 days agoXorazmda yoshlar uchun Kasblar shaharchasi tashkil etildi
-
Jamiyat5 days ago
Markaziy Osiyo bo‘ylab uzilishlar ro‘y berdi
-
Iqtisodiyot6 hours ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Mahalliy1 day ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
