Iqtisodiyot
“Quyoshli xonadon” doirasida fuqarolarga pul to‘lanmayapti. Rasmiy idoralar sukutda
Quyosh panellarida ishlab chiqarilib, umumiy elektr tarmoqlariga uzatilgan energiya uchun fuqarolarga subsidiyalar vaqtida to‘lab berilmayapti. Na Energetika vazirligi na Iqtisodiyot va moliya vazirligi vaziyatga tayinli izoh bergani yo‘q. 2026 yil uchun tasdiqlangan budjetnomada ushbu turdagi xarajatlarni moliyalashtirishga 100 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu real ko‘rsatkichga nisbatan 3 barobar kamroq mablag‘ bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda 2023 yil 1 apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi joriy etilgan. Unga ko‘ra, umumiy quvvati 50 kilovatt-soatgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga o‘z ehtiyojidan ortib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Masalan, oy davomida siz elektr tarmog‘idan 100 kilovatt-soat elektr energiyasi oldingiz, siz o‘rnatgan panellar esa aytaylik 500 kilovatt-soat tok ishlab chiqardi. Agar oy yakunlari bo‘yicha siz tarmoqqa uzatgan tok miqdori tarmoqdan olingan tok miqdoridan ko‘p bo‘lsa, ana shu o‘rtadagi ijobiy farqning har bir kilovatt-soati uchun davlat 1000 so‘mdan subsidiya to‘laydi. Pul “Soliq” ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-kunigacha to‘lab berilishi shart.
To‘lov kechikyapti
Fuqarolar hukumatning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Kimdir yig‘ib qo‘ygan puliga, yana kimdir esa qarzga quyosh panellari xarid qildi. Kun.uz bilan bog‘langan murojaatchilarning ta’kidlashicha, ularga aprel oyi uchun kafolatlangan pul to‘lab berilmayapti. Xususan, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yashovchi Islomjon Sobirjonovning ta’kidlashicha, u 32 mln so‘m pul sarflab quyosh panellari o‘rnatgan, ammo to‘lovga kelganga kechikishlar kuzatilayotganidan norozi bo‘lyapti.
«Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan Islomjon Sobirjonovman. 2025 yilning noyabr oyida 32 mln so‘mga 10 kilovatt-soatlik pannel o‘rnatgandim. Maqsad — qishda o‘zimning ehtiyojimni qoplash va yozda 4-5 so‘m daromad qilish edi. Pul tushishi shu yilning fevral oyidan boshlandi. Fevral oyida 20 ming so‘m, mart oyida 200 ming so‘mdan ziyodroq pul oldim. Aprel uchun pul yo‘q, lekin panelim ishlab yotibdi. Aprel oyida 900 kilovatt-soatdan ziyod, may oyiga 1100 kilovatt-soatdan ziyod sotganman. Ro‘zg‘orga 1-2 so‘m foyda bo‘lsin deb, yig‘ib-terib olgan pulim edi, o‘zim ham oylikka qaragan odamman”, deydi Sobirjonov.
Budjetdan ajratilgan pul tugab qoldimi?
2026 yilning yanvar-mart oylarida 45,2 ming nafar jismoniy shaxs o‘z xonadonlarida o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotib, 73,9 mlrd so‘mdan ortiq daromad olgan.
Taqqoslash uchun, 2025 yilning I choragida 12,7 ming nafar fuqaroga 8 mlrd 147 mln so‘m subsidiya ajratilgandi. Shu tariqa, bir yil ichida subsidiya oluvchilar soni qariyb 3,5 barobarga, to‘langan mablag‘ hajmi esa 9 barobarga ko‘paygan.
2026 yil uchun tasdiqlangan budjetnomaga ko‘ra, ushbu turdagi xarajatlarni moliyalashtirishga 100 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Birinchi chorakdagi natijalardan kelib chiqilsa, bu yillik ko‘rsatkichga nisbatan taxminan 3 barobarga kamroq mablag‘ bo‘lishi mumkin.
Kun.uz Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bog‘landi.
Energetika vazirligi matbuot kotibi Kun.uz’ga bergan izohida ushbu subsidiyalar davlat budjetidan moliyalashtirilishi, mablag‘larni ajratish va to‘lash bilan bog‘liq masalalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatiga kirishini ma’lum qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati esa masala yuzasidan tegishli ishlar olib borilayotgani, yaqin vaqt ichida rasmiy ma’lumot taqdim etilishini bildirdi.
Ta’kidlash lozimki, subsidiyalarning kechikishi faqatgina moliyaviy muammo emas, balki tizimga nisbatan ishonsizlikni ham kuchaytiradi. Agar fuqaro elektr energiyasi uchun to‘lovni oldindan amalga oshirmasa, darhol tarmoqdan uzib qo‘yiladi. Ushbu qoida to‘lovlarni amalga oshirishda ham ishlashi kerak. “Quyoshli xonadon” loyihasi O‘zbekiston energetika tizimi uchun juda kerakli va istiqbolli dastur. Ijrodagi mas’uliyatsizlik esa shunday zo‘r g‘oyani ham obro‘sizlantiryapti.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot
Fermer va klasterga har bir tonna paxta uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksport logistikasi xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi. Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilandi.
Paxtani birja orqali sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya berish belgilandi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa har gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblar tayyorlanadi. Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi o‘rganiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar ham belgilandi.
«Agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, bahorga qadar 4–5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarish qilinib, aholiga tayyor holda taklif etiladi.
Bu maqsadlarga 30 mln dollar, adirlarga suv chiqarish ishlariga esa 200 mlrd so‘m ajratiladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 16 foizdan 30 foizga yetkazish va eksportni 500 mln dollarga oshirish vazifasi ham qo‘yildi.
Meva-sabzavotchilikda «gektardan — maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tish belgilandi. Kichik qayta ishlash uskunalarini aholiga lizing asosida berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchi tumanida 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona loyihasini respublika bo‘ylab ommalashtirish belgilandi. Bu maqsadga 300 mlrd so‘m, shu jumladan, Andijon uchun 50 mlrd so‘m ajratiladi.
